“451-modda. Botanika bogʻlari
Yer uchastkalaridan foydalanish tartibi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-1061-son) · Sana: 05.05.2025 · Amalda
Botanika bogʻlari oʻsimlik dunyosini va uning genetik fondini saqlab qolish, kamyob va yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi holda oʻsuvchi oʻsimliklarning turlarini oʻrganish, iqlimga moslash va takror koʻpaytirish, ilmiy, oʻquv hamda taʼlim ishlarini olib borish, oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish boʻyicha bilimlarni targʻib qilish maqsadida tashkil etiladigan, muhofaza etiladigan tabiiy hududlardir.
Botanika bogʻlari tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori yoki mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarori bilan tashkil etiladigan umumdavlat ahamiyatiga molik botanika bogʻlariga va mahalliy ahamiyatga molik botanika bogʻlariga boʻlinadi.
Botanika bogʻlari hududida ushbu bogʻlarni tashkil etish maqsadlariga muvofiq boʻlmagan va oʻsimlik dunyosining saqlanib qolishiga tahdid soluvchi har qanday faoliyat taqiqlanadi”.
7-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 22-fevralda qabul qilingan OʻRQ-676-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 2, 145-modda; 2022-yil, № 6, 570, 577-moddalar, № 11, 1061-modda; 2023-yil, № 10, 795-modda, № 11, 923-modda, № 12, 1010-modda; 2024-yil, № 8, 830, 831-moddalar, № 9, 961-modda) quyidagi oʻzgartirishlar kiritilsin:
1) 3-moddaning:
oʻn toʻqqizinchi xatboshisidagi “yer uchastkalaridan va boshqa koʻchmas mulk obyektlaridan foydalanish koʻrsatkichlari hamda turlarining” degan soʻzlar “yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlarining, boshqa koʻchmas mulk obyektlaridan foydalanish koʻrsatkichlari hamda turlarining” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
yigirmanchi xatboshisidagi “yer uchastkalaridan foydalanish turlarini belgilash” degan soʻzlar “yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlarini belgilash” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
2) 14-moddaning toʻrtinchi qismidagi “belgilangan maqsadda” degan soʻzlar “ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga muvofiq” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
