Davlat moliyasi sohasida xavflarni boshqarish tizimini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (279-son)
29.04.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatida moliyaviy va boshqa xavflarni barvaqt aniqlash, baholash va boshqarishning yaxlit tizimini joriy etish, shuningdek, davlat mablagʻlaridan samarali foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi:
a) Moliyaviy va boshqa xavflarni aniqlash, baholash va boshqarish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq:
respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida moliyaviy va boshqa xavflarni aniqlash, baholash hamda ularning reyestri va monitoringini yuritish;
moliyaviy va boshqa xavflarni kamaytirish (oldini olish, bartaraf etish) boʻyicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
moliyaviy va boshqa xavflarni boshqarish sohasida masʼul xodimlar malakasini oshirib borish;
b) Xavflarni boshqarish qoʻmitasi toʻgʻrisidagi namunaviy nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida Xavflarni boshqarish qoʻmitalarini hamda ularning faoliyatini tashkil etish tartibi;
Xavflarni boshqarish qoʻmitalarining asosiy vazifalari.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025-yil 1-sentabrdan boshlab respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining Xavflarni boshqarish qoʻmitalari aʼzolari hamda tarkibiy boʻlinmalari xodimlari uchun malaka oshirish tizimini yoʻlga qoʻysin.
3. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 29-aprel,
279-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-apreldagi 279-son qaroriga 1-ILOVA
Moliyaviy va boshqa xavflarni aniqlash, baholash va boshqarish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom vazirlik va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari (keyingi oʻrinlarda — respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari) faoliyatidagi moliyaviy va boshqa xavflarni aniqlash, baholash va boshqarish (keyingi oʻrinlarda — xavflarni boshqarish) tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
vazirlik va idoralar — ichki audit xizmati tashkil etilgan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari;
ichki xavf — respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organining faoliyatiga oid va u tomonidan taʼsir oʻtkazish imkoni mavjud boʻlgan xavf turi;
korrupsiyaviy xavflar — respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organida korrupsiyaga oid xavflar toifasi;
maʼmuriy xavflar — respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organining rejalari, asosiy faoliyati yoʻnalishlari, vakolatlari va ularning taqsimoti bilan bogʻliq xavflar toifasi;
moliyaviy xavflar — respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi faoliyatini moliyalashtirishga oid xavflar toifasi;
operatsion xavflar — respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organining doimiy faoliyati bilan bogʻliq xavflar toifasi;
strategik xavflar — respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organining strategik maqsadlari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining qarorlari bilan belgilangan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi faoliyatiga oid maqsadli koʻrsatkichlar bilan bogʻliq xavflar toifasi;
tarkibiy boʻlinmalar — respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organining markaziy apparati, hududiy boʻlinmalari;
tashqi xavf — respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organining faoliyatiga oid va u tomonidan taʼsir oʻtkazish imkoni mavjud boʻlmagan xavf turi;
xavf — maʼlum bir hodisa yoki holatning respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatish ehtimoli;
xavf bahosi — xavf darajasini sifat jihatidan “yuqori”, “oʻrta” va “past” koʻrsatkichlar asosida baholash natijasi;
xavflarni boshqarish — respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida xavflarni aniqlash, baholash, kamaytirish (oldini olish, bartaraf etish) choralarini koʻrish, xavflar monitoringi va xavflar yuzasidan hisobdorlikni oʻz ichiga oluvchi jarayon;
Xavflarni boshqarish qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Qoʻmita) — respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida xavflarni boshqarish maqsadida ularning birinchi rahbarlari boshchiligida kollegial asosda tuziladigan qoʻmita;
xavf darajasi — xavf taʼsiri va ehtimolini oʻzida aks ettiruvchi koʻrsatkich;
xavf matritsasi — xavf darajasini xavf taʼsiri va ehtimoli oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlik asosida ifodalovchi, gorizontal yoʻnalishda xavf taʼsirini, vertikal yoʻnalishda xavf ehtimolini oʻzida aks ettiruvchi matritsa;
xavflar monitoringi — yangi xavflarni aniqlash, mavjud xavflarni qayta baholash, kamaytirish (oldini olish, bartaraf etish) choralarini koʻrish jarayonini doimiy nazorat qilish va kuzatib borish;
xavflar reyestri — xavflar roʻyxati va ularning darajasini oʻzida aks ettiruvchi hamda xavflarning yagona tasnifi asosida tasniflangan xavflar jamlanmasi;
xavf taʼsiri — xavfning respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi faoliyatiga salbiy taʼsirini ifodalovchi qiymat;
xavf egasi — respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organining xavf yuzaga kelishi ehtimoli mavjud boʻlgan tarkibiy boʻlinmasi;
xavf ehtimoli — xavfning maʼlum davr mobaynida yuzaga kelishi ehtimolini ifodalovchi qiymat;
xavflar yuzasidan chora-tadbirlar rejasi (keyingi oʻrinlarda — chora-tadbirlar rejasi) — xavflar reyestriga kiritilgan, “yuqori” va “oʻrta” xavf darajasiga ega boʻlgan xavflarning salbiy taʼsirini kamaytirish (oldini olish va bartaraf etish) yuzasidan ishlab chiqiladigan hujjat;
xavflarning yagona tasnifi — xavflarni xavf turiga (ichki, tashqi), xavf toifasiga (strategik, moliyaviy, maʼmuriy, operatsion, korrupsiyaviy), tashkiliy jihatiga (tashkiliy tasnif) koʻra ajratuvchi tasnif.
3. Xavflar respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida xavflarni aniqlash va baholash, kamaytirish (oldini olish, bartaraf etish) hamda doimiy monitoring qilib borish maqsadida boshqariladi.
Bunda respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi birinchi rahbarining qarori asosida tasarrufidagi davlat muassasalarida xavflarni boshqarish mazkur Nizom talablariga muvofiq tashkil etilishi mumkin.
2-bob. Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida xavflarni boshqarishni tashkil etish
4. Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organida xavflar Qoʻmita tomonidan boshqariladi.
5. Qoʻmita xavflarni boshqarishda:
xavflar reyestrining shakllantirilishi va yangilab borilishini taʼminlaydi hamda uni koʻrib chiqadi va tasdiqlaydi;
har chorak yakuni boʻyicha xavflarning kelib chiqish sabablarini tahlil qiladi hamda ularni kamaytirish (oldini olish, bartaraf etish) yuzasidan tarkibiy boʻlinmalar tomonidan amalga oshirilgan ishlarni hamda chora-tadbirlar rejasini atroflicha muhokama qiladi va tasdiqlaydi;
ichki audit xizmatlari tomonidan amalga oshirilgan xavflarni boshqarish jarayonini oʻrganish va tahlil qilish yuzasidan maʼlumotlarni koʻrib chiqadi;
normativ-huquqiy hujjatlar va huquqni qoʻllash amaliyotidagi xavflarning yuzaga kelishiga imkon beruvchi ziddiyatlarni bartaraf etish, tegishli normalarni takomillashtirish boʻyicha takliflarni tayyorlaydi va koʻrib chiqadi;
xavflarni kamaytirishni (oldini olish, bartaraf etish) nazarda tutuvchi istiqbolli yoʻnalishlarni belgilaydi;
xavflarni boshqarish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobotlarni koʻrib chiqadi va doimiy ravishda muhokama qilib boradi;
davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini taʼminlaydi hamda aniqlangan xavflarni bartaraf etadi;
xavflarni boshqarish bilan bogʻliq qonunchilikda belgilangan boshqa zarur choralarni koʻradi.
6. Tarkibiy boʻlinmalar xavflarni boshqarishda:
oʻz faoliyatiga oid xavflarni mazkur Nizomda belgilangan tartibda aniqlaydi va baholaydi hamda ularning reyestrini shakllantiradi;
xavflarni kamaytirish (oldini olish, bartaraf etish) boʻyicha chora-tadbirlar rejasi loyihasini ishlab chiqadi va uning bajarilishini taʼminlaydi;
xavflar monitoringini yuritadi;
har chorak yakuni bilan chora-tadbirlar rejasining bajarilishi boʻyicha Qoʻmitaga maʼlumotlar taqdim etib boradi;
xavflarni boshqarish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot tayyorlaydi;
normativ-huquqiy hujjatlar va huquqni qoʻllash amaliyotidagi xavflarning yuzaga kelishiga imkon beruvchi ziddiyatlarni bartaraf etish, tegishli normalarni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
xavflarni kamaytirishni (oldini olish, bartaraf etish) nazarda tutuvchi istiqbolli yoʻnalishlarni belgilash borasida takliflar ishlab chiqadi;
Qoʻmita va ichki audit xizmati soʻroviga muvofiq xavflarni boshqarish bilan bogʻliq maʼlumotlarni taqdim etadi.
7. Ichki audit xizmati xavflarni boshqarishda:
aniqlangan xavflarning mazkur Nizomda belgilangan tartibda baholanishini oʻrganadi;
chora-tadbirlar rejasining ishlab chiqilishi va bajarilishi yuzasidan oʻrganishlar oʻtkazadi;
xavflarni boshqarish jarayoni bilan bogʻliq audit tadbirlarini oʻtkazadi hamda har chorak yakuni boʻyicha xavflarning kelib chiqish sabablarini tahlil qiladi.
3-bob. Xavflarni boshqarish jarayoni
8. Xavflarni boshqarish quyidagi bosqichlarni oʻz ichiga oladi:
xavflarni aniqlash;
xavflarni baholash;
xavflar reyestrini shakllantirish;
xavflarni kamaytirish (oldini olish, bartaraf etish) choralarini koʻrish;
xavflar monitoringi;
xavflarni boshqarish yuzasidan hisobot.
9. Xavflar mazkur Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq boshqariladi.
4-bob. Xavflarni aniqlash, baholash va xavflar reyestrini yuritish tartibi
1-§. Xavflarni aniqlash
10. Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida xavflar tarkibiy boʻlinmalar tomonidan aniqlanadi va baholanadi.
11. Xavflar quyidagi maʼlumotlarni tahlil qilish asosida aniqlanadi:
respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organining nizomi, tarkibiy boʻlinma nizomi, vazifalar taqsimoti va lavozim yoʻriqnomalari;
faoliyatga oid ichki va tashqi rasmiy manbalardagi (shu jumladan, axborot texnologiyalari bazalaridagi) maʼlumotlar;
maqsadli koʻrsatkichlar (indikatorlar) ijrosi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
vakolatli tuzilmalar oʻtkazgan nazorat tadbirlari, jumladan, ichki audit tadbirlari, xizmat tekshiruvlari, korrupsiyaga qarshi tuzilmalarning nazorat tadbirlari va davlat moliyaviy nazorat organlari tomonidan oʻtkazilgan nazorat tadbirlari natijalariga oid maʼlumotlar;
faoliyatga oid oʻtgan davrlardagi hisobotlar;
respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi boʻysunuvidagi tashkilotlar va hududiy boʻlinmalar faoliyatiga oid maʼlumotlar;
faoliyatga taalluqli boʻlgan boshqa maʼlumotlar.
2-§. Xavflarni baholash
12. Xavflar quyidagi tartibda baholanadi:
xavf taʼsirini aniqlash;
xavf ehtimolini aniqlash;
xavf taʼsiri va ehtimoli natijalarini oʻzaro bir-biriga koʻpaytirish orqali xavf darajasini hisoblash.
13. Xavflarni baholash natijasi xavf matritsasi shaklida aks ettiriladi.
14. Xavf taʼsirini aniqlashda quyidagi omillarga mazkur Nizomga 2-ilovada keltirilgan mezonlar asosida butun sonlardagi 1 — 3 ball beriladi:
xavfni boshqarish boʻyicha tashkilot nazorati;
tashkilotning ushbu xavf yuzaga kelishi mumkin boʻlgan funksiyasining avtomatlashgani;
xavfning yuzaga kelishida normativ-huquqiy hujjatlardagi boʻshliqlarning mavjudligi.
Bunda 3 ball tegishli xavf taʼsirining eng yuqori darajasini va 1 ball eng past darajasini bildiradi.
15. Xavf taʼsirini hisoblashda har bir omilga ularning muhimlik darajasidan kelib chiqib, quyidagicha vazn belgilanadi:
xavfni boshqarish boʻyicha tashkilot nazorati — 40 foiz;
tashkilotning ushbu xavf yuzaga kelishi mumkin boʻlgan funksiyasining avtomatlashgani — 30 foiz;
xavfning yuzaga kelishida normativ-huquqiy hujjatlardagi boʻshliqlarning mavjudligi — 30 foiz.
Bunda belgilangan vaznlarning umumiy miqdori 1 ga (100 foizga) teng boʻladi.
16. Xavf taʼsirini aniqlashda omilga qoʻyilgan ballni belgilangan vaznga koʻpaytirish orqali omil boʻyicha qiymat hisoblanadi hamda barcha omillarning qiymatlari yigʻindisini hisoblash asosida xavf taʼsiri aniqlanadi.
17. Xavf ehtimoli quyidagi omillarga mazkur Nizomga 2-ilovada keltirilgan mezonlar asosida butun sonlardagi 1 — 3 ball berish orqali aniqlanadi:
xavfning bir yil davomida takrorlanish soni;
xavfni kamaytirish (oldini olish, bartaraf etish) boʻyicha soʻnggi bir yilda tashkilot doirasida tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilgani;
xavf yuzaga kelishi mumkin boʻlgan funksiya va vazifaning bir tarkibiy boʻlinmadan boshqa tarkibiy boʻlinmaga oʻtkazilishi yoki funksiya va vazifaning yangi kiritilishi.
Bunda 3 ball tegishli xavf ehtimolining eng yuqori darajasini va 1 ball eng past darajasini bildiradi.
18. Xavf ehtimolini hisoblashda har bir omilga ularning muhimlik darajasidan kelib chiqib, quyidagicha vazn belgilanadi:
xavfning bir yil davomida takrorlanish soni — 25 foiz;
xavfni kamaytirish (oldini olish, bartaraf etish) boʻyicha soʻnggi bir yilda tashkilot doirasida tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilgani — 40 foiz;
xavf yuzaga kelishi mumkin boʻlgan funksiya va vazifaning bir tarkibiy boʻlinmadan boshqa tarkibiy boʻlinmaga oʻtkazilishi yoki funksiya va vazifaning yangi kiritilishi — 35 foiz.
Bunda belgilangan vaznlarning umumiy miqdori 1 ga (100 foizga) teng boʻlishi kerak.
19. Xavf ehtimolini aniqlashda omilga qoʻyilgan ballni belgilangan vaznga koʻpaytirish orqali omil boʻyicha qiymat hisoblanadi hamda barcha omillarning qiymatlari yigʻindisini hisoblash asosida xavf ehtimoli aniqlanadi.
20. Aniqlangan xavf taʼsiri va ehtimoli natijalarini oʻzaro bir-biriga koʻpaytirish orqali xavf darajasi hisoblanadi.
21. Xavf darajasi quyidagi formula asosida amalga hisoblanadi:
bunda:
XD — xavf darajasi;
Bxto — xavf taʼsirini hisoblashda qoʻllanadigan omilga berilgan ball;
Vxto — xavf taʼsirini hisoblashda qoʻllaniladigan omilga belgilangan vazn;
i — xavf taʼsirini hisoblashda qoʻllaniladigan omilning tegishli tartib raqami;
n — xavf taʼsirini aniqlash uchun qoʻllaniladigan omillar soni;
Bxte — xavf ehtimolini hisoblashda qoʻllaniladigan omilga berilgan ball;
Vxte — xavf ehtimolini hisoblashda qoʻllaniladigan omilga belgilangan vazn;
j — xavf ehtimolini hisoblashda qoʻllaniladigan omilning tegishli tartib raqami;
m — xavf ehtimolini aniqlash uchun qoʻllaniladigan omillar soni.
22. Xavf darajasi quyidagicha baholanadi:
6 va undan yuqori — “yuqori”;
3 dan (3 ham kiradi) 6 gacha — “oʻrta”;
3 dan past — “past”.
23. Xavflar har bir xavf uchun alohida baholanadi.
24. Xavf taʼsiri va ehtimoli oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni ifodalash uchun mazkur Nizomga 3-ilovada keltirilgan xavf matritsasidan foydalaniladi.
3-§. Xavflar reyestrini shakllantirish
25. Tarkibiy boʻlinmalar tomonidan mazkur Nizomga 2-ilovaga muvofiq Xavflar reyestri shakllantiriladi.
Bunda Xavflar reyestri ushbu ilovada keltirilgan xavflarning yagona tasnifi asosida shakllantiriladi.
26. Xavflar reyestriga quyidagi maʼlumotlar kiritiladi:
xavf turi;
xavf toifasi;
tashkiliy tasnif;
xavf tartib raqami;
xavf nomi;
xavf darajasi;
xavf bahosi;
xavf egasi.
27. Xavflar reyestri tarkibiy boʻlinmalar tomonidan har yili 20-yanvarga qadar Qoʻmitaning ishchi organi hisoblanadigan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining ichki audit xizmatlariga (keyingi oʻrinlarda — Ishchi organ) umumlashtirish uchun taqdim etiladi.
28. Ishchi organ Xavflar reyestrini umumlashtiradi hamda besh ish kuni ichida Qoʻmitaga koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun kiritadi.
29. Xavflar reyestri Qoʻmita tomonidan har yili 1-fevralga qadar koʻrib chiqiladi va tasdiqlanadi.
Bunda tarkibiy boʻlinmalar tomonidan yangi xavflar aniqlangan taqdirda, Qoʻmita qarori asosida Xavflar reyestriga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritiladi.
5-bob. Xavflarni kamaytirish choralarini koʻrish
30. Xavflar reyestriga kiritilgan, “yuqori” va “oʻrta” xavf darajasiga ega boʻlgan xavflarni kamaytirish (oldini olish va bartaraf etish) maqsadida tarkibiy boʻlinmalar tomonidan mazkur Nizomga 4-ilovaga muvofiq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqiladi.
31. Chora-tadbirlar rejasi tarkibiy boʻlinmalar tomonidan Ishchi organga Xavflar reyestri bilan bir vaqtda taqdim etiladi.
Ishchi organ tomonidan chora-tadbirlar rejasi umumlashtirilgan holda, Qoʻmitaga Xavflar reyestri bilan bir vaqtda taqdim etiladi.
32. Chora-tadbirlar rejasi Qoʻmita tomonidan koʻrib chiqiladi hamda Xavflar reyestri bilan bir vaqtda tasdiqlanadi.
33. Tarkibiy boʻlinmalar har chorak yakuni bilan keyingi oyning 10-sanasiga qadar chora-tadbirlar rejasi ijrosi yuzasidan Ishchi organga maʼlumot taqdim etadi.
34. Ishchi organga taqdim etilgan maʼlumotlarning ishonchliligi va toʻgʻriligiga tarkibiy boʻlinmalar javobgar hisoblanadi.
35. Ishchi organ tarkibiy boʻlinmalar tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar asosida xavflarni kamaytirish (oldini olish, bartaraf etish) boʻyicha amalga oshirilgan ishlarni umumlashtiradi.
Bunda chora-tadbirlar rejasida belgilangan har bir xavf boʻyicha uni kamaytirish (oldini olish, bartaraf etish) yuzasidan amalga oshirilgan ishlar va koʻrilgan choralar jamlanadi.
36. Ishchi organ tomonidan har chorak yakuni bilan keyingi oyning 20-sanasiga qadar Qoʻmitaga chora-tadbirlar rejasining bajarilishi boʻyicha maʼlumotlar taqdim etiladi.
37. Maʼlumotda quyidagi koʻrsatiladi:
chora-tadbirlar rejasining bajarilishi;
xavflarni kamaytirish (oldini olish, bartaraf etish) yuzasidan erishilgan natijalar;
xavflarni kamaytirish (oldini olish, bartaraf etish) yuzasidan taklif va tavsiyalar.
38. Qoʻmita har chorak yakuni bilan keyingi oyning oxiriga qadar chora-tadbirlar rejasining bajarilishi boʻyicha maʼlumotlarni muhokama qiladi va natijalar yuzasidan qaror qabul qiladi.
6-bob. Xavflar monitoringini yuritish tartibi
39. Xavflar monitoringi tarkibiy boʻlinmalar tomonidan doimiy ravishda yuritiladi.
40. Xavflar monitoringi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
yangi xavflarni aniqlash;
baholangan xavflarni har chorakda qaytadan baholash;
xavf darajasidagi oʻzgarishlarni tahlil qilish;
xavflarni kamaytirish (oldini olish, bartaraf etish) yuzasidan amalga oshirilgan ishlar natijasini tahlil qilish;
kamaytirish (oldini olish, bartaraf etish) imkoni boʻlmagan xavflarni doimiy nazorat qilish.
7-bob. Xavflarni boshqarish yuzasidan hisobot
41. Tarkibiy boʻlinmalar tomonidan hisobot yilidan keyingi yilning 1-fevraliga qadar xavflarni boshqarish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan yillik hisobot (keyingi oʻrinlarda — hisobot) tayyorlanadi hamda umumlashtirish uchun Ishchi organga taqdim etiladi.
42. Ishchi organ tomonidan umumlashtirilgan hisobot 10 ish kuni ichida Qoʻmitaga koʻrib chiqish uchun taqdim etiladi.
43. Umumlashtirilgan hisobot oʻz ichiga quyidagilarni oladi:
respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi faoliyatiga oid “yuqori” va “oʻrta” darajadagi xavflar hamda ularni kamaytirish (oldini olish, bartaraf etish) boʻyicha amalga oshirilgan ishlar;
kelgusida xavflarni aniqlash, baholash hamda ularning yuzaga kelishi ehtimolini pasaytirish boʻyicha rejalashtirilayotgan ishlar;
xavflar monitoringi boʻyicha amalga oshirilgan ishlar;
xavflarni kamaytirish (oldini olish, bartaraf etish) boʻyicha oʻrnak koʻrsatgan xodimlarni ragʻbatlantirish toʻgʻrisida takliflar.
44. Umumlashtirilgan hisobot Qoʻmita tomonidan hisobot yilidan keyingi yilning 1-martiga qadar muhokama qilinadi va tasdiqlanadi.
45. Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi tomonidan har chorak yakuni bilan keyingi oyning yakuniga qadar xavflarni boshqarish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida choraklik maʼlumotlar, keyingi yilning 5-martiga qadar yillik hisobot respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
Choraklik maʼlumotlar va yillik hisobotning respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinishi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan monitoring qilinadi.
Bunda xavflarni boshqarish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisidagi choraklik maʼlumotlar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
Xavflar reyestri (mazkur Nizomga 2-ilovada keltirilgan shaklda);
respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organida xavflarni aniqlash, baholash hamda ularni kamaytirish (oldini olish, bartaraf etish) yuzasidan amalga oshirilgan ishlar (mazkur Nizomga 4-ilovada keltirilgan shaklda);
kelgusida xavflarni aniqlash, baholash hamda ularning yuzaga kelish ehtimolini pasaytirish boʻyicha rejalashtirilayotgan ishlar (matn, jadval va/yoki infografika koʻrinishida).
8-bob. Xavflarni boshqarish jarayonini oʻrganish va tahlil qilish
46. Xavflarni boshqarish jarayoni ichki audit xizmati tomonidan oʻrganiladi va tahlil qilinadi.
47. Xavflarni boshqarish jarayonini oʻrganish va tahlil qilish quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
tarkibiy boʻlinmalar tomonidan xavflarni aniqlash va baholash jarayonining belgilangan tartibda amalga oshirilishi;
tarkibiy boʻlinmalar tomonidan Xavflar reyestrining belgilangan tartibda shakllantirilishi;
tarkibiy boʻlinmalar tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar, shuningdek, boshqa maʼlumotlar asosida chora-tadbirlar rejasining ishlab chiqilishi va bajarilishi;
Xavflar reyestridagi xavflar darajasining oʻzgarish dinamikasi;
xavflarni boshqarish bilan bogʻliq boshqa maʼlumotlar.
48. Ichki audit xizmati har chorak yakuni bilan xavflarni boshqarish jarayonini oʻrganish va tahlil qilish boʻyicha Qoʻmitaga maʼlumotlar taqdim etadi.
9-bob. Xavflarni boshqarish yuzasidan malaka oshirishni tashkil etish tartibi
49. Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining Xavflarni boshqarish qoʻmitalari aʼzolari va tarkibiy boʻlinmalari xodimlari Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Moliya organlari va budjet tashkilotlarining moliya-hisob boʻlinmalari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash oʻquv markazi (keyingi oʻrinlarda — Oʻquv markazi) tomonidan tashkil etiladigan xavflarni boshqarish boʻyicha 36 soatlik malaka oshirish kurslarida qatnashadi.
Bunda malaka ekspert va amaliyotchilarni yoki xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda ham oshirilishi mumkin.
50. Malaka oshirish boʻyicha oʻquv dasturi Oʻquv markazi tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
51. Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari malaka oshirish kursida qatnashishi rejalashtirilgan xodimlar roʻyxatini har yili 20-yanvarga qadar Oʻquv markaziga taqdim etadi.
52. Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining malaka oshirishi bilan bogʻliq xarajatlar budjet mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
53. Oʻquv markazi malaka oshirish kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga belgilangan tartibda sertifikat rasmiylashtiradi.
54. Oʻquv markazi malaka oshirish kurslarida qatnashgan shaxslar toʻgʻrisidagi choraklik maʼlumotlarni har chorak yakuni bilan keyingi oyning 10-sanasiga qadar, yillik maʼlumotlarni keyingi yilning 20-yanvariga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etadi.
10-bob. Yakunlovchi qoida
55. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Moliyaviy va boshqa xavflarni aniqlash, baholash va boshqarish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida xavflarni boshqarish
SXEMASI
Moliyaviy va boshqa xavflarni aniqlash, baholash va boshqarish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
* Xavflar reyestrida xavf turi va toifasi quyida keltirilgan Xavflarning yagona tasnifi asosida toʻldiriladi:
Xavflarning yagona tasnifi
** Xavflar reyestrida tashkiliy tasnif kodi sifatida respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining tashkiliy tasnif kodlari qoʻllaniladi.
*** Xavflar reyestrida xavf darajasi quyida keltirilgan Xavflarni baholash jadvali asosida toʻldiriladi:
Xavflarni baholash jadvali
* xavf taʼsiri quyida keltirilgan Xavf taʼsirini hisoblash jadvali asosida hisoblab chiqariladi.
Xavf taʼsirini hisoblash jadvali
** xavf ehtimoli quyida keltirilgan Xavf ehtimolini hisoblash jadvali asosida hisoblab chiqariladi.
Xavf ehtimolini hisoblash jadvali
Izoh. Xavf taʼsiri va ehtimolini hisoblashda qoʻllanadigan omillar quyidagi mezonlar asosida baholanadi:
Xavf taʼsirini hisoblashda qoʻllanadigan omillar
Xavf ehtimolini hisoblashda qoʻllaniladigan omillar
Moliyaviy va boshqa xavflarni aniqlash, baholash va boshqarish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
XAVF MATRITSASI
Izoh. Xavf darajasi 6 va undan yuqori boʻlganda, qizil, 3 dan (3 ham kiradi) 6 gacha boʻlganda sariq, 3 dan past boʻlganda yashil rang bilan ifodalanadi.
Moliyaviy va boshqa xavflarni aniqlash, baholash va boshqarish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
* bitta xavf bir nechta chora-tadbirni yoki bitta chora-tadbir bir nechta xavfni oʻz ichiga olishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-apreldagi 279-son qaroriga 2-ILOVA
Xavflarni boshqarish qoʻmitasi toʻgʻrisida
NAMUNAVIY NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Namunaviy nizom vazirlik va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida (keyingi oʻrinlarda — respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari) Xavflarni boshqarish qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Qoʻmita) faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Qoʻmita oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlari, ushbu Namunaviy nizom va Qoʻmitaning qarorlariga muvofiq amalga oshiradi.
3. Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining Xavflarni boshqarish qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizom ushbu Namunaviy nizomga muvofiq ishlab chiqiladi.
2-bob. Qoʻmita faoliyatini tashkil etish
4. Qoʻmita respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organining birinchi rahbari boshchiligida kollegial asosda tashkil etiladi va respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organining ichki audit xizmati uning ishchi organi hisoblanadi.
5. Qoʻmita faoliyati vazirlik va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida ularning qarorlari bilan yoʻlga qoʻyiladi.
6. Qoʻmita tarkibi respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi rahbarining buyrugʻiga asosan toq sondan iborat kamida 5 nafar aʼzodan, jumladan, Qoʻmita raisi, uning oʻrinbosari va yetarli bilim va tajribaga ega boʻlgan boshqa aʼzolardan iborat tarkibda tuziladi.
7. Qoʻmita aʼzolari respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organining asosiy faoliyati, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish, moliya-iqtisod, audit, axborot texnologiyalari, inson resurslarini boshqarish, xavflarni boshqarish hamda yuridik sohalardan birida yetarli bilim va koʻnikmalarga ega boʻlishi lozim.
8. Qoʻmita aʼzolarining tarkibi har ikki yilda kamida bir marta yangilanadi.
9. Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organining birinchi rahbari Qoʻmita raisi hisoblanadi. Qoʻmita raisi ishda boʻlmagan hollarda, uning vazifasi Qoʻmita raisi oʻrinbosari tomonidan amalga oshiriladi.
10. Qoʻmita raisi oʻz faoliyatini tashkil etishda quyidagi vakolatlarga ega:
Qoʻmita faoliyatini tashkil etish;
Qoʻmita yigʻilishlari kunini belgilash, yigʻilish kun tartibini tasdiqlash va yigʻilishlarda raislik qilish;
Qoʻmita aʼzolari oʻrtasida vazifalarni taqsimlash;
Qoʻmita qarorlari bajarilishini nazorat qilish;
Xavflar reyestri, xavflar yuzasidan chora-tadbirlar rejasi hamda xavflarni boshqarish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobotni tasdiqlash;
Qoʻmitaning vakolatlariga kiruvchi boshqa vazifalarni amalga oshirish.
11. Qoʻmitaga yuklangan vazifalarning bajarilishini muhokama qilish hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar boʻyicha har chorakda kamida bir marotaba respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organida yigʻilish oʻtkaziladi.
3-bob. Qoʻmitaning maqsadi va vazifalari
12. Qoʻmita respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatida moliyaviy va boshqa xavflarning oldini olish va boshqarish (keyingi oʻrinlarda — xavflarni boshqarish), shu jumladan, xavflarni aniqlash, baholash, kamaytirish (oldini olish, bartaraf etish) va monitoring yuritilishini samarali taʼminlash maqsadida tashkil etiladi.
13. Quyidagilar Qoʻmitaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
strategik rejalashtirishga masʼul tuzilmalar tomonidan tizim faoliyati va maqsadli koʻrsatkichlarga (indikatorlarga) erishish bilan bogʻliq moliyaviy, operatsion hamda ichki nazoratga oid aniqlangan xavflarning roʻyxati shakllantirilishi va yangilab borilishini taʼminlash;
davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini taʼminlash hamda aniqlangan xavflarni bartaraf etish;
xavflarni aniqlash va bartaraf etish boʻyicha tarkibiy boʻlinmalar faoliyatini samarali tashkil etish;
har chorak yakuni boʻyicha xavflarning kelib chiqish sabablarini tahlil qilish hamda ularning oldini olish, oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan tarkibiy boʻlinmalar tomonidan amalga oshirilgan ishlarni atroflicha muhokama qilish;
normativ-huquqiy hujjatlar va huquqni qoʻllash amaliyotidagi xavflarning yuzaga kelishiga imkon beruvchi ziddiyatlarni bartaraf etish, tegishli normalarni takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash;
xavflarning oldini olishni nazarda tutadigan istiqbolli yoʻnalishlarni belgilash.
4-bob. Qoʻmitaning huquq va majburiyatlari
14. Qoʻmita oʻziga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
Qoʻmitaga yuklangan vazifalarni bajarish maqsadida respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organining tarkibiy boʻlinmalari va tizimidagi tashkilotlardan zarur boʻlgan maʼlumotlar va hujjatlarni elektron, ogʻzaki va yozma shaklda soʻrash va olish;
Qoʻmitaning yigʻilishlariga xavflarni boshqarish boʻyicha maxsus kasbiy bilimlarni talab etadigan masalalarni koʻrib chiqish uchun respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organining tarkibiy boʻlinmalari va tizimidagi tashkilotlar xodimlarini hamda mustaqil ekspertlarni jalb qilish;
respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi tomonidan tashkil etiladigan moliyaviy-iqtisodiy masalalarga tegishli yigʻilishlarda, shuningdek, xavflarni boshqarish boʻyicha ishchi uchrashuvlarda ishtirok etish;
respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi tarkibiy boʻlinmalarining rahbarlaridan muntazam ravishda xavflarning joriy holati, xavflar darajasini kamaytirish mexanizmlari toʻgʻrisida maʼlumot va hisobotlarni olish;
oʻz faoliyatini amalga oshirishda texnik vositalardan, shu jumladan, audio-foto va video qayd etish vositalaridan foydalanish;
respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi tarkibiy boʻlinmalari xodimlarining xavflarni boshqarishga oid savodxonligini oshirishga qaratilgan seminarlar, treninglar va boshqa shu kabi tadbirlarni tashkil etish.
Qoʻmita oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
15. Qoʻmita oʻz faoliyatini amalga oshirishda quyidagi majburiyatlarni bajaradi:
Qoʻmita yigʻilishlarini oʻz muddatlarida tashkil etib borish;
Qoʻmita aʼzolari va uning tarkibiga kirmaydigan jalb qilingan ishtirokchilarga Qoʻmita yigʻilishiga oid hujjatlarning oʻz vaqtida taqdim etilishini tashkil etish;
xavflarni boshqarish boʻyicha amalga oshiriladigan ishlar, yuzaga kelayotgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tarkibiy boʻlinmalar va ichki audit xizmatlariga taklif, tavsiya va koʻrsatmalar yuborish;
ishlarni belgilangan tartibda yuritish, xavflarni boshqarish boʻyicha toʻplangan hujjatlarning qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatda saqlanishi va hisobining yuritilishini tashkil etish;
belgilangan vazifalarni bajarishda korrupsiya holatlarining, shu jumladan, manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish choralarini koʻrish;
faoliyatini amalga oshirish jarayonida olingan davlat siri va boshqa turdagi sirlarni tashkil etuvchi maʼlumot va hujjatlarning maxfiyligini saqlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligiga oʻz faoliyati yuzasidan soʻralgan maʼlumotlarni taqdim etish.
Qoʻmita oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
5-bob. Qoʻmita yigʻilishlarini oʻtkazish tartibi
16. Qoʻmita yigʻilishlari har chorakda hamda mazkur Namunaviy nizomda koʻzda tutilgan holatlarda oʻtkaziladi.
Bunda qoʻmita yigʻilishlari onlayn tarzda oʻtkazilishi ham mumkin.
Qoʻmita yigʻilishi oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi xabarnoma, kun tartibi va yigʻilishga oid maʼlumotlar Qoʻmita aʼzolariga yigʻilishdan kamida 5 ish kuni avval xabar qilinadi.
17. Qoʻmita raisi Qoʻmitaning navbatdagi yigʻilishi chaqirilishi, uning oʻtkazilish sanasi va joyini, kun tartibini hamda Qoʻmita yigʻilishida ishtirok etuvchilar roʻyxatini belgilaydi.
Bunda yigʻilishda koʻrib chiqiladigan masalalardan kelib chiqib, Qoʻmita raisi qarori bilan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organining tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari hamda tashqi organlar vakillari ham ishtirok etishi mumkin.
18. Qoʻmita raisi, Ishchi organ va Qoʻmita aʼzolarining taklif va soʻrovlariga muvofiq zarur hollarda, Qoʻmitaning navbatdan tashqari yigʻilishi oʻtkazilishi mumkin.
Bunda Qoʻmitaning Ishchi organi ushbu Namunaviy nizom talablariga muvofiq Qoʻmitaning navbatdan tashqari yigʻilishi boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
19. Qoʻmita yigʻilishlarida Qoʻmita aʼzolarining kamida toʻrtdan uch qismi ishtirok etganda, yigʻilish vakolatli hisoblanadi.
20. Ishchi organ Qoʻmita yigʻilishlarining tashkil etilishi va oʻtkazilishida:
Qoʻmita yigʻilishi boʻyicha zarur ish materiallarini jamlaydi va tayyorlaydi;
Qoʻmita yigʻilishining oʻtkazilish sanasi, vaqti va joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Qoʻmita aʼzolariga yetkazadi;
Qoʻmita aʼzolarini ish materiallari bilan tanishtiradi;
Qoʻmita yigʻilishlari bayonnomalari loyihasini tayyorlaydi;
Qoʻmita yigʻilishlari bayonnomasidan koʻchirmalarni respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organining barcha manfaatdor tarkibiy boʻlinmalariga yetkazadi;
Qoʻmita faoliyati boʻyicha hujjatlarni tegishli tartibda hisobga oladi va ularning saqlanishini taʼminlaydi;
Qoʻmitaning faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq boshqa ishlarni amalga oshiradi.
21. Qoʻmita yigʻilishi va unda koʻrib chiqilgan masalalar bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
22. Qoʻmita yigʻilishi bayonnomasida quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
Qoʻmita yigʻilishining oʻtkazilgan vaqti va joyi;
Qoʻmita yigʻilishida ishtirok etgan aʼzolar va taklif etilgan boshqa tomonlarning roʻyxati;
yigʻilish kun tartibi;
kun tartibiga muvofiq koʻrib chiqilgan masalalar hamda kiritilgan takliflar;
Qoʻmita yigʻilishida qabul qilingan qarorlar.
23. Qoʻmita yigʻilishi bayonnomasi Qoʻmita raisi tomonidan yigʻilish oʻtkazilganidan soʻng 3 ish kuni ichida tasdiqlanadi hamda Qoʻmitaning aʼzolari va ishchi organi rahbari tomonidan imzolanadi.
24. Qoʻmita yigʻilishlari bayonnomalarining asl nusxasi va ularga ilova qilingan materiallar Ishchi organda saqlanadi.
25. Qoʻmita tomonidan tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasining ijrosi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va xavflarni boshqarish boʻyicha yillik hisobotlar respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
6-bob. Yakunlovchi qoida
26. Ushbu Namunaviy nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
