Mahsulotlar (tovarlar va xizmatlar) yagona elektron milliy katalogini yuritish hamda undan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (263-son)
28.04.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining “2022-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 30-dekabrdagi PQ-73-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, soliq maʼmuriyatchiligini yanada takomillashtirish va avtomatlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi PQ-73-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining barqarorligini taʼminlash va xarajatlarning samaradorligini oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ning 35-bandida soliq imtiyozlarini taqdim etishda tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish boʻyicha aylanmani yoki ularni realizatsiya qilishdan olingan daromadlarni ozod qilishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlarda ozod etiladigan tovarlarning (xizmatlarning) Mahsulotlar (tovarlar va xizmatlar) yagona elektron milliy katalogidagi identifikatsiya kodlarini koʻrsatish tartibini ishlab chiqish belgilanganligi;
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-apreldagi 249-son qarori bilan Mahsulotlar (tovarlar va xizmatlar) yagona elektron milliy katalogi tasdiqlangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Mahsulotlar (tovarlar va xizmatlar) yagona elektron milliy katalogini yuritish hamda undan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
mahsulotlar (tovarlar va xizmatlar) yagona elektron milliy katalogini yuritish hamda undan foydalanish tartibi;
mahsulotlar (tovarlar va xizmatlar) yagona elektron milliy katalogining tarkibi hamda uni qoʻllash maqsadlari;
mahsulotlarni (tovarlarni va xizmatlarni) tasniflash hamda identifikatsiya qilish tartibi;
soliq imtiyozlariga mahsulot va xizmatlarning identifikatsiya kodlarini biriktirish.
3. Belgilansinki:
savdo aylanmasida boʻlgan mahsulotlarning (tovarlarning, xizmatlarning) va bozor ishtirokchilarining hisobini toʻliq yuritish hamda raqamlashtirish, soliq maʼmuriyatchiligi va soliq hisobotlarini avtomatlashtirish, shuningdek, soliq imtiyozlaridan foydalanish maqsadligini oshirish Mahsulotlar (tovarlar va xizmatlar) yagona elektron milliy katalogidan foydalanishning asosiy maqsadi hisoblanadi;
Mahsulotlar (tovarlar va xizmatlar) yagona elektron milliy katalogi Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasining “Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan “tasnif.soliq.uz” rasmiy veb-sayti orqali yaratiladi va yuritiladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ushbu qarorning mazmuni hamda unda belgilangan qoidalar toʻgʻrisida tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida keng tushuntirish ishlarini amalga oshirsin.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi raisi Sh.D. Kudbiyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 28-aprel,
263-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-apreldagi 263-son qaroriga ILOVA
Mahsulotlar (tovarlar va xizmatlar) yagona elektron milliy katalogini yuritish va undan foydalanish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom mahsulotlar (tovarlar va xizmatlar) yagona elektron milliy katalogini yuritish va undan foydalanish, shuningdek, soliq imtiyozlariga mahsulotlarning (tovarlarning va xizmatlarning) identifikatsiya kodlarini biriktirish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
biriktirilgan oʻlchov birliklari — mahsulot va xizmatlarni realizatsiya qilishda foydalanish uchun operator tomonidan belgilangan oʻlchov birliklari;
birlamchi qadoq — koʻp qavatli qadoqlardan iborat boʻlgan tovar bilan bevosita aloqada boʻluvchi ichki qadoq;
identifikatsiya qilish — mahsulotlar va xizmatlarga ularning brendi va atributlarini hisobga olgan holda, bir subpozitsiyadagi tovarlarni bir-biridan ajratish maqsadida mahsulot va xizmatlarning identifikatsiya kodini biriktirish jarayoni;
tasniflash — mahsulot va xizmatlarga subpozitsiya kodlarini biriktirish jarayoni;
konvertatsiya — bir birliklar tizimida ifodalangan fizik miqdorni (oʻlchamni) boshqa birliklar tizimiga oʻtkazish;
Mahsulotlar (tovarlar va xizmatlar) yagona elektron milliy katalogi (keyingi oʻrinlarda — milliy katalog) — mahsulot va xizmatlarga biriktirilgan mahsulot va xizmatlarning identifikatsiya kodlari yuritiladigan hamda Internet jahon axborot tarmogʻidagi rasmiy veb-saytida (tasnif.soliq.uz) joylashtirilgan katalog;
mahsulot va xizmatlarning identifikatsiya kodi (keyingi oʻrinlarda — MXIK) — har bir mahsulotlar va xizmatlarga biriktirish hamda ularni identifikatsiya qilish uchun moʻljallangan 17 xonali raqamdan (harfdan) iborat boʻlgan noyob kod;
Mahsulotlar (tovarlar va xizmatlar) yagona elektron milliy katalogi operatori (keyingi oʻrinlarda — operator) — Soliq qoʻmitasi huzuridagi “Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazi” davlat unitar korxonasi;
mahsulotlarning (tovarlarning va xizmatlarning) asos kodi — tasniflash jarayonidan oʻtkaziladigan, brend va atributlari mavjud boʻlmagan mahsulotlar va xizmatlarning subpozitsiya kodi;
mahsulotlar toʻplami (komplekti) — soliq toʻlovchilarning biznes jarayonidan kelib chiqib, ikki yoki undan ortiq tovarlarni (alohida MXIKlarga ega boʻlgan) toʻplam (komplekt) shaklida realizatsiya qilish;
mahsulotlarni qadoqlash (agregatsiyalash) — soliq toʻlovchilarning biznes jarayonidan kelib chiqib, biriktirilgan oʻlchov birliklari asosida tovarlarni realizatsiya qilinadigan shaklga keltirish;
tavsiya etilgan oʻlchov birliklari — biriktirilgan oʻlchov birliklari roʻyxatida birinchi boʻlib joylashtirilgan va foydalanishga tavsiya etilgan oʻlchov birligi;
oʻlchov birliklari — MXIKlarga qatʼiy biriktiriladigan va realizatsiya qilinadigan mahsulotning oʻlchovi boʻlib, shartli ravishda bir birlikka teng miqdordagi raqamli qiymatga ega boʻlgan qatʼiy oʻlchamning jismoniy miqdori;
qatʼiy belgilangan oʻlchov birliklari — umumiy qabul qilingan amaliyotdan kelib chiqib, boshqa oʻlchov birliklari tatbiq etilmaydigan holatlarda yagona biriktirilgan oʻlchov birligi.
3. MXIK quyidagi sxema boʻyicha kodlashtiriladi:
Shtrix-kodi mavjud boʻlmagan tovarlarga subpozitsiya kodidan soʻng brend va atribut kodlariga “000000” beriladi.
4. Operator quyidagilarni taʼminlaydi:
milliy katalogni takomillashtirishda vazirlik va idoralar, soliq toʻlovchilar, shuningdek, ularning birlashmalari bilan oʻzaro hamkorlik qilish;
milliy katalokka oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritib borish;
soliq toʻlovchilarning MXIKni yaratish va unga oʻlchov birliklarini biriktirish toʻgʻrisidagi arizalarini koʻrib chiqish;
“tasnif.soliq.uz” rasmiy veb-saytida milliy katalokka kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar yuzasidan axborot xabarlarini eʼlon qilish;
milliy katalog va MXIKlarga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida soliq toʻlovchilarning shaxsiy kabinetiga xabar yuborish;
soliq toʻlovchilarga milliy katalog bilan ishlash va uni qoʻllash masalalari boʻyicha maslahatlar berish.
5. Ishlab chiqariladigan va import qilinadigan tovarlar hamda koʻrsatiladigan xizmatlar milliy katalog obyekti hisoblanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-avgustdagi 489-son qarori bilan tasdiqlangan Hisobvaraq-fakturalarning shakllari hamda ularni toʻldirish, taqdim etish va qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq hisobvaraq-fakturalarda nomoddiy aktivlar va operatsiyalar aks ettirilishi sababli ularga ham MXIK biriktiriladi.
6. Milliy katalog davlat tilida yuritiladi va zarur hollarda boshqa tillarga tarjima qilinadi. Milliy katalogdagi matn va maʼlumotlar oʻrtasida nomuvofiqliklar aniqlangan taqdirda, davlat tilidagi matn toʻgʻri deb hisoblanadi.
Mahsulotlar va xizmatlarni realizatsiya qilishda onlayn nazorat kassa mashinasi va virtual kassa (keyingi oʻrinlarda — onlayn NKT), shuningdek, marketpleys (elektron toʻlov tizimlari) cheklarida hamda elektron hisobvaraq-fakturalarda mahsulot va xizmatlarning qisqartirilgan (asosiy nomdagi maʼnoga taʼsir koʻrsatmagan holda) nomlaridan foydalanish mumkin boʻladi.
7. Milliy katalog quyidagi holatlarda va maqsadlarda ishlatiladi:
elektron hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirishda;
onlayn-NKT cheklarida;
bojxona yuk deklaratsiyasini toʻldirishda (bojxona chegarasidan birinchi marta olib kirilayotgan tovarlar bundan mustasno);
qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa holatlarda.
8. Mahsulotlar (tovarlar va xizmatlar) yagona elektron milliy katalogidan tartibi ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq foydalaniladi.
Milliy katalogning mahsulotlar (tovarlar va xizmatlar) bazasi quyidagi manbalar hisobidan va holatlarda kengaytirilishi mumkin:
soliq toʻlovchilarning murojaatlari;
shtrix-kodlar biriktirilgan tovarlar hisobidan;
tashqi manbadan keluvchi boshqa maʼlumotlar asosida, shu jumladan, boshqa davlat organlari va tashkilotlarning mahsulotlar (xizmatlar) reyestri asosida;
alohida turdagi tovarlarni (xizmatlarni) batafsil tasniflash va ularning hisobini yuritish zarurati vujudga kelganda.
2-bob. Mahsulotlarni (tovarlar va xizmatlarni) tasniflash hamda identifikatsiya qilish
9. Mahsulotlar (tovarlar va xizmatlar) tavsifi, guruhi, sinfi, pozitsiyasi va subpozitsiyasidan kelib chiqib, operator tomonidan tasniflanadi.
10. Mahsulotlar (tovarlar va xizmatlar) tasniflangach, operator tomonidan mahsulot va xizmatlarning brendi va atributlari hisobga olingan holda identifikatsiya jarayoniga oʻtiladi.
Tasniflash savdo aylanmasida boʻlgan, biroq strategik ahamiyatga ega boʻlmagan va ular boʻyicha maʼlumot toʻplash zarurati boʻlmagan mahsulotlar (xizmatlar) boʻyicha amalga oshiriladi.
11. Mahsulotlar (tovarlar va xizmatlar) operator tomonidan ushbu Nizomning 8-bandida koʻrsatilgan maʼlumotlar asosida identifikatsiya qilinadi hamda ushbu Nizomning 3-bandida koʻrsatilgan shaklda har bir mahsulotga alohida oʻziga xos MXIK yaratiladi.
12. Operator tovarlarga MXIK yaratishda TIF TN tuzilmasini inobatga oladi.
Agar aynan shunday tovar TIF TNda mavjud boʻlmagan taqdirda, tovarning foydalanish maqsadi yoki tayyorlangan materiali asosida shunga oʻxshash tovar joylashgan guruh va pozitsiya kodlaridan foydalanadi.
13. Operator xizmatlarga, shuningdek, boshqa operatsiyalarga MXIK yaratishda milliy katalogdagi mahsulotlar (xizmatlar) guruhi va sinfidan foydalanadi.
14. Tovarlarni toʻliq identifikatsiya qilishda, yaʼni ularga brend (agar mavjud boʻlsa) va atributlar yaratishda faqat shtrix-kodi mavjud tovarlar inobatga olinadi.
Shtrix-kodi mavjud boʻlmagan quyidagi tovarlarga ham brend (agar mavjud boʻlsa) va atributlar yaratiladi:
transport vositalari;
koʻchmas mulklar;
asboblar, uskunalar, liniyalar, texnikalar, qurilmalar va moslamalar;
sement mahsulotlari;
gilam mahsulotlari;
paxta va paxta mahsulotlari;
yogʻoch-taxta;
etil spirti (xom ashyo);
shtrix kodi mavjud boʻlmagan va hisobini yuritish zarur boʻlgan tovarlar.
Tegishli tashkilotlar tomonidan shtrix-kod biriktirilmagan tovarlar faqat tasniflash jarayonidan oʻtkaziladi va ularga subpozitsiya kodidan soʻng “000000” bilan raqamlangan holda asos kod beriladi.
15. Shtrix-kodi mavjud boʻlgan tovarlarni skaner qilish orqali ularning MXIK kodlarini aniqlash uchun alohida texnik imkoniyat yaratiladi.
3-bob. Mahsulotlarning (tovarlarning va xizmatlarning) oʻlchov birliklari
16. Mahsulotlarning (tovarlarning va xizmatlarning) turi va xususiyatidan, shuningdek, soliq toʻlovchilarning biznes jarayonidan kelib chiqib, ushbu Nizomga 2-ilovada keltirilgan bir guruhga mansub (konvertatsiya qilinadigan) oʻlchov birliklaridan foydalaniladi, ushbu Nizomning 4-bobida nazarda tutilgan qoidalar bundan mustasno.
17. Operator tomonidan elektron hisobvaraq-fakturalarda va onlayn-NKT cheklarida foydalanish uchun har bir mahsulotga (tovarga va xizmatga) qatʼiy yoki foydalanish tavsiya etiladigan oʻlchov birliklari biriktiriladi.
Agar bir mahsulot va xizmat uchun bitta oʻlchov birlik biriktirilgan boʻlsa, ushbu oʻlchov birligi qatʼiy hisoblanadi.
Agar bir mahsulot va xizmat uchun ikki yoki undan ortiq oʻlchov birligi biriktirilgan boʻlsa, ulardan biri foydalanish uchun tavsiya etilgan oʻlchov birligi hisoblanadi hamda milliy katalogda birinchi boʻlib qayt etiladi.
Xuddi shunday tartib elektron hisobvaraq-fakturalarni, shuningdek, MXIK aks ettiriladigan boshqa hujjatlarni rasmiylashtirishda amal qiladi.
Agar mahsulotning shtrix-kodi mavjud boʻlsa, qatʼiy oʻlchov birligi sifatida uning nomi va qadoq tarkibi aks ettiriladi hamda dona oʻlchov birligiga tenglashtiriladi. Bunda mahsulotni qadoqdan chiqargan holda sotish mumkin boʻlsa, ushbu mahsulot uchun qoʻshimcha oʻlchov birligi biriktiriladi (qadoq ichida turli shtrix-kodlarga ega boʻlgan holatlar bundan mustasno).
18. Operator tomonidan MXIKlarga qatʼiy oʻlchov birliklarini yaratishda ishlab chiqaruvchi va import operatsiyalarini amalga oshiruvchi soliq toʻlovchilar tomonidan foydalaniladigan (foydalanish ulushi katta boʻlgan) oʻlchov birliklari inobatga olinadi.
19. Elektron hisobvaraq-fakturalarda va onlayn NKT cheklarida ushbu Nizomga 2-ilovada koʻrsatilgan bir oʻlchov birligi guruhiga kiruvchi barcha oʻlchov birliklaridan foydalanish mumkin, ularga qatʼiy oʻlchov birligi biriktirilgan holatlar bundan mustasno.
20. Qatʼiy oʻlchov birliklari faqat birlamchi qadoqlash yoki mahsulotning bir birligi uchun belgilanadi hamda ushbu Nizomning 6-bobida koʻrsatilgan ravishda qadoqlanishi (agregatsiya qilinishi) mumkin boʻlib, keyinchalik ular elektron hisobvaraq-faktura va onlayn NKT cheklarida foydalaniladi.
4-bob. Milliy katalogdan foydalanish maqsadlarida tovarlarni qadoqlash (agregatsiya qilish)
21. Milliy katalogdan foydalanish maqsadlarida tovarlar soliq toʻlovchilar tomonidan ularning biznes jarayonidan kelib chiqib, shuningdek, zaruratga koʻra “tasnif.soliq.uz” rasmiy veb-saytidagi tizim orqali qadoq (agregatsiya) yaratilishi mumkin.
22. Tovarlarning qadogʻi “tasnif.soliq.uz” rasmiy veb-saytida elektron raqamli imzo (ERI) orqali shaxsiy kabinetga kirgan holda shakllantiriladi.
23. Tovarlarni qadoqlash (agregatsiyalash) quyidagi turlarga boʻlinadi:
isteʼmol qadogʻi — yakuniy isteʼmolchiga tovarlarni realizatsiya qilishda foydalaniladi;
tashqi qadoq — isteʼmol qadoqlarini qadoqlash va mahsulotlarni tashqi omillardan himoya qilish uchun foydalaniladi;
transport qadogʻi — tovarlarni tashish uchun moʻljallangan boʻlib, ishlab chiqaruvchi va ulgurji savdo faoliyati bilan shugʻullanuvchi soliq toʻlovchilar tomonidan foydalaniladi.
24. Qadoqlarni yaratish uchun quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi shart:
tadbirkorlik subyektining faoliyat turi va telefon raqami;
qadoq turi;
qadoqdagi tovarning miqdori va oʻlchov birligi;
qadoqlanayotgan tovarning fotosurati;
tovar haqidagi qoʻshimcha maʼlumotlar.
25. “tasnif.soliq.uz” rasmiy veb-saytidagi “Avval shakllangan qadoqlar” boʻlimida tovarlar boʻyicha mavjud (avval shakllantirilgan) qadoqlar aks ettiriladi.
26. Shtrix-kodi mavjud boʻlgan (xalqaro GTIN tizimida roʻyxatdan oʻtgan) mahsulotlar uchun faqat tashqi va transport qadoqlari yaratiladi.
27. Elektron hisobvaraq-fakturalarda faqat qatʼiy oʻlchov birliklari (agar biriktirilgan boʻlsa) hamda tadbirkorlik subyektining oʻzi tomonidan yaratilgan qadoqlash (agregatsiyalash) turlari aks ettiriladi.
5-bob. Milliy katalogdan foydalanish
28. Milliy katalogdan Internet jahon axborot tarmogʻidagi “tasnif.soliq.uz” rasmiy veb-sayti orqali foydalaniladi.
Ushbu sayt kerakli boʻlgan MXIKlarni bir nechta usullar bilan qidirish imkoniyatlarini (toʻgʻridan-toʻgʻri qidirish tizimi, soʻrovnoma, TIF TN hamda elektron milliy katalog) oʻz ichiga oladi.
Milliy katalogda har bir mahsulot haqida batafsil maʼlumotni (kartochkani), uning QR-kodi, shtrix-kodi hamda boshqa shakldagi kodlarni yuklab olish hamda realizatsiya qilishda ularni skanerlash imkoniyati yaratiladi.
29. Milliy katalogdagi mavjud MXIKlarni quyidagi usullar bilan qidirish mumkin:
matn boʻyicha (shu jumladan, kengaytirilgan);
MXIK boʻyicha;
tovarning shtrix-kodi boʻyicha;
brend boʻyicha;
guvohnoma raqami boʻyicha (dori vositalari uchun);
TIF TN pozitsiya kodlari boʻyicha;
soʻrovnomadagi savollarga javob berish orqali;
elektron milliy katalogni (excel formatda) yuklab olish yoki “tasnif.soliq.uz” rasmiy veb-saytining oʻzida bevosita foydalanish, shuningdek, boshqa qidiruv vositalari orqali.
30. Qidiruv tizimida asos (subpozitsiya) kodlar alohida yulduzcha (*) bilan ajratiladi.
31. “Tanlanganlarga qoʻshish” tugmasini bosish orqali belgilangan MXIK “Tanlangan mahsulotlar” boʻlimiga, shuningdek, oʻlchov birligi (yaratilgan qadoq) “Tanlangan oʻlchov birliklari/qadoqlar” boʻlimiga qoʻshiladi. Ushbu operatsiya elektron raqamli imzo (ERI) orqali shaxsiy kabinetga kirgan holda amalga oshiriladi.
32. Agar izlash natijasida kerakli MXIK topilmagan taqdirda, elektron raqamli imzo (ERI) orqali shaxsiy kabinetga kirgan holda soʻrovnoma yuboriladi.
33. Soʻrovnomada quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi shart:
foydalanuvchining telefon raqami;
soʻralayotgan mahsulotga oid boʻlgan guruh, sinf va pozitsiya maʼlumotlari;
mahsulot nomi, brendi va rusumi (atributi) (agar mavjud boʻlsa);
mahsulot haqida batafsil maʼlumot (tayyorlangan materiali, foydalanish sohasi, maqsadi va boshqalar);
TIF TN kodi;
shtrix-kodi (agar mavjud boʻlsa);
oʻlchov birligi va qadogʻi;
tovarning fotosurati;
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi yoki boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga asosan soliq imtiyozlari mavjud yoki mavjud emasligi (hujjat aniq koʻrsatilishi lozim).
34. Yuborilgan soʻrovnoma operator tomonidan 3 ish kuni ichida koʻrib chiqiladi.
35. Koʻrib chiqish natijalariga koʻra operator tegishli MXIK yaratadi yoki asosini koʻrsatgan holda soʻrovnomani rad etadi.
36. Quyidagi holatlarda operator soʻrovnomani koʻrib chiqishni rad etadi:
ushbu Nizomning 33-bandidagi maʼlumotning toʻliq emasligi va xatoligi;
soʻrovnomadagi mahsulot va xizmatni alohida identifikatsiya qilish zarurati boʻlmaganda;
soʻrovnomadagi mahsulot va xizmat uchun MXIK mavjud boʻlganda.
6-bob. Milliy katalogdan foydalanish maqsadlarida tovarlarni toʻplam (komplekt) shaklda realizatsiya qilish tartibi
37. Milliy katalogdan foydalanish maqsadlarida soliq toʻlovchilar tomonidan ularning biznes jarayonidan kelib chiqib, shuningdek, zaruratga koʻra internet jahon axborot tarmogʻidagi “tasnif.soliq.uz” rasmiy veb-saytidagi tizim orqali tovarlarni toʻplam (komplekt) shaklda realizatsiya qilishi mumkin.
38. Tovarlar toʻplam (komplekt) shaklga Internet jahon axborot tarmogʻidagi “tasnif.soliq.uz” rasmiy veb-saytida elektron raqamli imzo (ERI) orqali shaxsiy kabinetga kirgan holda keltiriladi.
39. Tovarlar toʻplami (komplekti) soliq toʻlovchilar tomonidan mustaqil ravishda yaratiladi va yaratilgan toʻplamlar (komplekt) uchun alohida tovarlar guruhidan avtomat ravishda MXIK generatsiya qilinadi, shtrix-kodi mavjud boʻlgan hamda majburiy tartibda markirovkalanishi lozim boʻlgan tovarlar bundan mustasno.
Tovarlar toʻplami (komplekti) tarkibi ikki va undan ortiq tovarlardan (MXIKlardan) iborat boʻladi.
40. Tovarlarga toʻplam (komplekt) yaratishda, toʻplam (komplekt) tarkibidagi har bir tovarning qadogʻi va miqdori koʻrsatilishi shart.
7-bob. MXIKlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish tartibi
41. Yaratilgan MXIKlarga operator tomonidan zaruratga koʻra oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Operator tomonidan amalga oshirilgan mazkur operatsiyalar tarixi “tasnif.soliq.uz” rasmiy veb-saytida saqlanadi va MXIKlar toʻgʻrisidagi umumiy maʼlumotlar soliq toʻlovchilarga koʻrsatiladi.
42. MXIK quyidagi holatlarda nofaol holatga oʻtkaziladi:
sinonim soʻzlar bilan bir-biriga oʻxshash (dublikat) mahsulot aniqlanganda;
soliq toʻlovchilar tomonidan 2 yil davomida foydalanilmaganda;
batafsil kesimda mahsulotlar hisobini yuritish zarurati mavjud emasligi yuzasidan qaror qabul qilinganda.
Mahsulotlar va xizmatlarning subpozitsiya kodlaridan foydalanishga tashqi manba maʼlumotlariga asosan toʻliq identifikatsiya qilishdan soʻng cheklov qoʻyiladi.
43. MXIKlarga quyidagi holatlarda oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritiladi:
operator tomonidan matnda xatolik aniqlanganda;
MXIKlar guruh tuzilmasiga muvofiqlashtirilganda;
TIF TN kodlariga muvofiqlashtirish maqsadida;
soliq toʻlovchilar tomonidan sayt orqali xatolikni aniqlab berish funksiyasi orqali xabar qoldirilganda.
44. Mazkur Nizomning 43-bandiga asosan operator tomonidan MXIK boʻyicha kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar soliq toʻlovchilar tomonidan eski davrda amalda boʻlgan MXIK aks ettirilgan har qanday hujjatlarga taʼsir koʻrsatmaydi.
45. MXIK va unga biriktirilgan oʻlchov birliklari oʻchirilgan va (yoki) oʻzgartirilgan kundan boshlab oʻttiz kun oʻtgandan soʻng kuchga kiradi, yangi identifikatsiya kodlarini yaratish, nomlarini tahrirlash hamda oʻlchov birliklarini biriktirish holatlari bundan mustasno.
8-bob. Milliy katalogdan foydalanish boʻyicha majburiyatlar va javobgarlik
46. Soliq toʻlovchilar tomonidan hisobvaraq-fakturalarda yoki onlayn-NKT cheklarida realizatsiya qilinayotgan mahsulotlarga (xizmatlarga) tegishli boʻlgan MXIK toʻgʻri aks ettirilishi shart.
47. Hisobvaraq-fakturalarda yoki onlayn-NKT cheklarida olingan tovarlar (xizmatlar) nomenklaturasiga yoxud faoliyatning oʻziga xos xususiyatlariga va amalga oshiriladigan turlariga muvofiq boʻlmagan identifikatsiya kodlarini aks ettirish qonunchilik hujjatlarida belgilangan miqdorda jarima solishga sabab boʻladi, operator tomonidan nomenklaturaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish holatlari bundan mustasno.
Bunda tovarlar (xizmatlar) nomenklaturasiga nomuvofiq identifikatsiya kodlari deganda, tovarlarning (xizmatlarning) asos kodlariga (birinchi 11 xonali raqamga) mos kelmaydigan identifikatsiya kodlari tushuniladi, identifikatsiya qilingan mahsulotlar bundan mustasno.
48. Nazorat kassa texnikalariga texnik xizmat koʻrsatish markazlari tomonidan onlayn-NKT xotirasiga faqat milliy katalogda mavjud MXIKlar kiritilishi (mavjud boʻlishini texnik jihatdan taʼminlashi) shart.
Texnik xizmat koʻrsatish markazlari tomonidan kiruvchi elektron hisobvaraq-fakturalarda koʻrsatilgan mahsulot (xizmat) MXIKlarni onlayn-NKTga avtomatik ravishda aks ettirish (kiritish) imkoniyati yaratiladi.
49. Soliq toʻlovchilar mazkur Nizomning 8-bobida nazarda tutilgan oʻzgartirishlar yuzasidan “tasnif.soliq.uz” rasmiy veb-sayti orqali eʼlon qilinadigan yangiliklar bilan tanishib borishlari mumkin.
50. Soliq toʻlovchilar tomonidan tovarlar (xizmatlar) nomenklaturasidagi identifikatsiya kodlarini aks ettirishda munozarali holatlar vujudga kelganda, xulosa taqdim etish yuzasidan operatorga murojaat etish huquqiga ega.
9-bob. Soliq imtiyozlarini MXIKlarga biriktirish
51. Mahsulotlar (tovarlar, xizmatlar) uchun soliq imtiyozlari soliq organlari tomonidan ushbu imtiyozlar nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlarda koʻrsatilgan MXIKlarga biriktiriladi.
Bunda mahsulotlar (tovarlar, xizmatlar) uchun soliq imtiyozlari nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlarda ularning MXIKlari koʻrsatilmaganda, soliq organlari tomonidan ushbu imtiyozlar mahsulotlarning (tovarlarning, xizmatlarning) nomlari yoki turlari boʻyicha MXIKlarga biriktiriladi.
52. Soliq qoʻmitasi tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarga asosan soliq imtiyozlari mavjud boʻlgan mahsulotlarning (tovarlar va xizmatlarning) maʼlumotlar bazasi yuritiladi.
Soliq imtiyozlarining hisobi Soliq qoʻmitasining “E-imtiyoz” AAT orqali yuritiladi.
53. Soliq toʻlovchilar tomonidan qonunchilik hujjatlariga asosan soliq imtiyozi mavjud boʻlgan mahsulotlarning (tovarlarning va xizmatlarning) identifikatsiya kodlariga ushbu imtiyozlar quyidagi tartibda biriktiriladi:
a) MXIKni yaratish boʻyicha murojaat yuborilgan paytda soliq imtiyozini aks ettirish orqali.
Bunda operator tomonidan yangi MXIK belgilangan muddatda yaratiladi, operator esa soliq imtiyozini biriktirish yuzasidan Soliq qoʻmitasiga soʻrovnomani yuboradi. Soliq qoʻmitasi soʻrovnomani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha MXIKlarga soliq imtiyozlarini bir ish kuni muddatda biriktiradi yoki biriktirishni rad etadi;
b) MXIK mavjud boʻlganda — soliq organlarining elektron soliq xizmatlari portalidagi “Soliq imtiyozlaridan foydalanish boʻyicha murojaat” interaktiv xizmatidan foydalanish orqali.
Operator barcha yangi yaratilgan MXIKlarni soliq toʻlovchilar tomonidan imtiyoz koʻrsatilmagan taqdirda ham imtiyozlarni biriktirish maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa olish uchun Soliq qoʻmitasiga yuboradi.
10-bob. Yakunlovchi qoida
54. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Mahsulotlar (tovarlar va xizmatlar) yagona elektron milliy katalogini yuritish va undan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Mahsulotlar (tovarlar va xizmatlar) yagona elektron milliy katalogidan foydalanish
SXEMASI
Mahsulotlar (tovarlar va xizmatlar) yagona elektron milliy katalogini yuritish va undan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Mahsulotlarga (tovarlarga va xizmatlarga) shartli biriktiriladigan oʻlchov birliklari
KLASSIFIKATORI
Izoh. Operator amaliyotdan kelib chiqib, ushbu milliy katalogga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqiga ega.
