Sanoat tarmoqlarida faoliyat yuritayotgan yirik korxonalar uchun servis xizmatlarini koʻrsatishda mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish va mutaxassislar malakasini oshirishni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida (259-son)
25.04.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan toʻrtinchi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 30-avgustdagi PF-132-son Farmoniga muvofiq yirik korxonalarga servis xizmatlarini koʻrsatishda mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish va mahalliy mutaxassislar malakasini oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Sanoat tarmoqlarida faoliyat yuritayotgan yirik tadbirkorlik subyektlari tomonidan xorijda ishlab chiqarilgan yuqori texnologiyali uskuna va jihozlarni oʻrnatish, sozlash, ishga tushirish hamda taʼmirlash boʻyicha import oʻrnini bosuvchi servis xizmatlarini koʻrsatishda mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish dasturi 1-ilovaga muvofiq;
Mahalliy mutaxassislarning xorijdagi yuqori texnologiyali uskuna va jihozlar ishlab chiqarish zavodlarida malaka oshirishini tashkil etish hamda korxonaning malaka oshirish xarajatlarini qoplab berish toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tashqi savdo va hududiy sanoatni rivojlantirishda tadbirkorlar birlashmalarining rolini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 14-martdagi PQ-126-son qaroriga 3-ilovada belgilangan tarmoq uyushmalarining (keyingi oʻrinlarda — tarmoq uyushmalari) mahalliy mutaxassislarning xorijdagi yuqori texnologiyali uskuna va jihozlar ishlab chiqarish zavodlarida malaka oshirishini tashkil etishdagi asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
xizmatlar importi tahlili asosida iqtisodiyot tarmoqlari kesimida doimiy talab yuqori boʻlgan xizmatlar roʻyxatini shakllantirib borish;
xorijdagi yuqori texnologiyali uskuna va jihozlar ishlab chiqarish zavodlari, ularning mahsulotlariga oid maʼlumotlar bazasini yaratish;
korxonalarning buyurtmasiga asosan xorijdagi yuqori texnologiyali uskuna va jihozlar ishlab chiqarish zavodi bilan mahalliy mutaxassislarni import oʻrnini bosuvchi xizmatlar koʻrsatishga tayyorlash (oʻqitish, oʻrgatish) va malakasini oshirishni tashkil etish boʻyicha muzokaralar oʻtkazish;
mahalliy korxonalarga xorijda ishlab chiqarilgan yuqori texnologiyali uskuna va jihozlarni oʻrnatish, sozlash, ishga tushirish hamda taʼmirlash boʻyicha import oʻrnini bosuvchi servis xizmatlari koʻrsatishni tashkil etish va yoʻlga qoʻyishda koʻmaklashish;
korxonalarning talablari va ehtiyojlaridan kelib chiqib, berilgan buyurtmanomalariga asosan, xorijdagi yuqori texnologiyali uskuna va jihozlar ishlab chiqarish zavodlarida mahalliy mutaxassislarni tayyorlash (oʻqitish, oʻrgatish) hamda malakasini oshirishni tizimli ravishda tashkil etib borish;
xorijdagi yuqori texnologiyali uskuna va jihozlar ishlab chiqarish zavodlarida malaka oshirib qaytgan mahalliy mutaxassislar tomonidan koʻrsatiladigan import oʻrnini bosuvchi xizmatlarning iqtisodiy samarasini baholab borish.
3. Belgilansinki, mahalliy mutaxassislarning xorijdagi yuqori texnologiyali uskuna va jihozlar ishlab chiqarish zavodlarida malaka oshirish bilan bogʻliq xarajatlari Savdoga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi mahalliy mutaxassislarning xorijdagi yuqori texnologiyali uskuna va jihozlar ishlab chiqarish zavodlarida malaka oshirishiga masʼul etib belgilansin.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev va Savdo-sanoat palatasi raisi D.A. Vaxabov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 25-aprel,
259-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 25-apreldagi 259-son qaroriga 1-ILOVA
Sanoat tarmoqlarida faoliyat yuritayotgan yirik tadbirkorlik subyektlari tomonidan xorijda ishlab chiqarilgan yuqori texnologiyali uskuna va jihozlarni oʻrnatish, sozlash, ishga tushirish hamda taʼmirlash boʻyicha import oʻrnini bosuvchi servis xizmatlarini koʻrsatishda mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish
DASTURI
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 25-apreldagi 259-son qaroriga 2-ILOVA
Mahalliy mutaxassislarning xorijdagi yuqori texnologiyali uskuna va jihozlar ishlab chiqarish zavodlarida malaka oshirishini tashkil etish hamda mahalliy korxonalarning malaka oshirish xarajatlarini qoplab berish toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom mahalliy korxonalar mutaxassislarining xorijdagi yuqori texnologiyali uskuna va jihozlar ishlab chiqarish zavodlarida malaka oshirishini tashkil etish hamda malaka oshirish xarajatlarini qoplab berish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
import oʻrnini bosuvchi xizmatlar — mahalliy korxona yoki mahalliy mutaxassis tomonidan xorijda ishlab chiqarilgan yuqori texnologiyali uskuna va jihozlarni oʻrnatish, sozlash, ishga tushirish hamda taʼmirlash boʻyicha koʻrsatiladigan servis xizmatlari;
mahalliy korxona — jami daromadi kalendar yil davomida 10 milliard soʻm va undan yuqori boʻlgan oʻrta va yirik tadbirkorlik subyektlari;
malaka oshirish dasturi — mahalliy korxona va xorijdagi yuqori texnologiyali uskuna va jihozlar ishlab chiqarish zavodi bilan hamkorlikda mahalliy mutaxassisning yuqori texnologiyali uskuna va jihozlarni oʻrnatish, sozlash, ishga tushirish hamda taʼmirlash boʻyicha malakasini oshirish yuzasidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar;
malaka oshirish xarajati — mahalliy korxona tomonidan xorijdagi yuqori texnologiyali uskuna va jihozlar ishlab chiqarish zavodi oʻrtasida mahalliy mutaxassisni yuqori texnologiyali uskuna va jihozlarni oʻrnatish, sozlash, ishga tushirish hamda taʼmirlash boʻyicha malaka oshirish dasturiga muvofiq tuzilgan shartnomaga koʻra toʻlab berilgan xarajat;
mahalliy mutaxassis — mahalliy korxona bilan xodim sifatida amaldagi mehnat shartnomasiga ega boʻlgan, xorijdagi yuqori texnologiyali uskuna va jihozlar ishlab chiqarish zavodida malaka oshirishga yuboriladigan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi.
3. Mahalliy mutaxassislarning xorijda malaka oshirishlarini tashkil etish va mahalliy korxonaning malaka oshirish xarajatlarini qoplash Savdoga koʻmaklashish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlari hisobidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Bunda uskunalarni xarid qilish shartnomalariga muvofiq ularni ishga tushirish, xodimlarni oʻqitish va oʻrgatish xizmatlari uskunalarni yetkazib beruvchi hamkor tomonidan amalga oshirilishi belgilab qoʻyilgan holatlar bundan mustasno.
2-bob. Mahalliy mutaxassislarning xorijdagi yuqori texnologiyali uskuna va jihozlar ishlab chiqarish zavodlarida malaka oshirish tartibi
4. Mahalliy korxona tomonidan ishlab chiqarish talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib, xorijdagi yuqori texnologiyali uskuna va jihozlar ishlab chiqarish zavodida mahalliy mutaxassislarni import oʻrnini bosuvchi xizmatlar koʻrsatishga tayyorlash (oʻqitish, oʻrgatish) va ularning malakasini oshirishni tashkil etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tashqi savdo va hududiy sanoatni rivojlantirishda tadbirkorlar birlashmalarining rolini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 14-martdagi PQ-126-son qaroriga 3-ilovada belgilangan tarmoq uyushmasiga (keyingi oʻrinlarda — tarmoq uyushmasi) buyurtmanoma taqdim etiladi.
5. Tarmoq uyushmasi mahalliy korxonaning buyurtmanomasiga koʻra xorijdagi yuqori texnologiyali uskuna va jihozlar ishlab chiqarish zavodi bilan mahalliy mutaxassislarni import oʻrnini bosuvchi xizmatlar koʻrsatishga tayyorlash (oʻqitish, oʻrgatish) va ularning malakasini oshirishni tashkil etish boʻyicha tomonlar ishtirokida muzokaralar oʻtkazishni tashkillashtiradi.
6. Muzokaralar natijasi boʻyicha oʻzaro kelishuvga muvofiq mahalliy korxona hamda xorijdagi yuqori texnologiyali uskuna va jihozlar ishlab chiqarish zavodi oʻrtasida import oʻrnini bosuvchi xizmatlar koʻrsatish boʻyicha mahalliy mutaxassislarning malakasini oshirish maqsadida shartnoma tuziladi.
7. Mahalliy korxona hamda xorijdagi yuqori texnologiyali uskuna va jihozlar ishlab chiqarish zavodi bilan hamkorlikda malaka oshirish dasturi ishlab chiqiladi va ikki tomonlama tasdiqlanadi.
8. Malaka oshirishga yuboriladigan mahalliy mutaxassislarning mahalliy korxona oldidagi huquq va majburiyatlari amaldagi mehnat qonunchiligiga muvofiq tomonlarning roziligi bilan tuzilgan, shuningdek, mehnat qonunchiligiga zid boʻlmagan muayyan shartlar, shu jumladan, import oʻrnini bosuvchi xizmatlar koʻrsatish majburiyati kabilarni oʻz ichiga olgan mehnat shartnomasida belgilanadi.
9. Malaka oshirishga yuboriladigan mahalliy mutaxassislar xorijiy tillarni boshlangʻich darajada bilish va amaliyotdan soʻng oʻzi ishlayotgan korxonada kelgusida kamida 2 yil ishlab berish sharti bilan yuboriladi.
10. Tarmoq uyushmalari xorijda malaka oshirib kelgan mutaxassislar ishtirokida oʻz mutaxassisligi boʻyicha “ustoz-shogird” anʼanalari asosida mahalliy korxonalarda oʻquv kurslarini tashkil etadi.
3-bob. Mahalliy korxonalarga xorijdagi yuqori texnologiyali uskuna va jihozlar ishlab chiqarish zavodlarida malaka oshirgan mahalliy mutaxassislarning malaka oshirish xarajatlarini qoplab berish tartibi
11. Mahalliy korxona tomonidan mahalliy mutaxassisning malaka oshirish xarajatlarini qoplab berish toʻgʻrisida tegishli tarmoq uyushmasiga quyidagi tasdiqlovchi hujjatlar bilan murojaat qilinadi:
mahalliy korxona va mahalliy mutaxassis oʻrtasida tuzilgan mehnat shartnomasi;
mahalliy korxona va xorijdagi ishlab chiqarish zavodi bilan import oʻrnini bosuvchi xizmatlar koʻrsatish boʻyicha mahalliy mutaxassislarning malakasini oshirish maqsadida tuzilgan shartnoma;
toʻlov amalga oshirilganligi, xizmatlar koʻrsatilganligini tasdiqlovchi hujjatlar.
12. Tarmoq uyushmalari tomonidan mahalliy korxonalarning mahalliy mutaxassisi malakasini oshirish xarajatlarini qoplab berish toʻgʻrisidagi murojaatlari umumlashtirilib, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi (keyingi oʻrinlarda — Savdo-sanoat palatasi) orqali Jamgʻarmaga talabnoma taqdim etiladi.
13. Jamgʻarmaning ijro etuvchi organi tomonidan tarmoq uyushmalari taqdim etgan talabnoma kelib tushgan kundan boshlab 2 ish kuni ichida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasiga (keyingi oʻrinlarda — Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi) toʻlov topshiriqnomasi taqdim etiladi.
14. Tarmoq uyushmalari Jamgʻarmaning daromadlar va xarajatlar smetasida koʻzda tutilmagan “oʻquv jarayoni bilan bogʻliq boʻlmagan” mablagʻlarni ajratish uchun talabnoma taqdim etgan taqdirda, Jamgʻarma ijro etuvchi organi tomonidan talabnoma rad etiladi.
15. Talabnoma rad etilgan taqdirda, bu haqida shu kunning oʻzida tegishli tarmoq uyushmasiga asoslangan xabarnoma yuboriladi.
16. Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi tomonidan Jamgʻarmaning ijrochi organi taqdim qilgan toʻlov topshiriqnomasiga asosan Jamgʻarmaning shaxsiy gʻazna hisobvaragʻidan tegishli tarmoq uyushmasi hisobvaragʻiga belgilangan muddatda mablagʻ oʻtkazib beriladi.
4-bob. Xorijdagi yuqori texnologiyali uskuna va jihozlar ishlab chiqarish zavodlarida malaka oshirib qaytgan mahalliy mutaxassislar tomonidan koʻrsatiladigan import oʻrnini bosuvchi xizmatlarning iqtisodiy samarasini baholash
17. Tarmoq uyushmalari tomonidan xorijdagi yuqori texnologiyali uskuna va jihozlar ishlab chiqarish zavodlarida malaka oshirib qaytgan mahalliy mutaxassislar tomonidan koʻrsatiladigan import oʻrnini bosuvchi xizmatlarning iqtisodiy samarasi quyidagi mezonlar asosida baholanadi:
mahalliy mutaxassis tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar narxining xorijiy davlatdagi (qoida tariqasida mahalliy mutaxassis malaka oshirgan davlat) mutaxassis tomonidan koʻrsatiladigan xuddi shu turdagi xizmatlar narxi bilan solishtirma dalolatnomasi;
mahalliy mutaxassis tomonidan oʻrnatilgan, sozlab ishga tushirilgan yoki taʼmirlangan yuqori texnologiyali uskuna va jihozlarning ishlash muddatining uzluksizligi davri;
korxonada mahalliy mutaxassis faoliyat yuritayotganda alohida shartnoma asosida yuqori texnologiyali uskuna va jihozlarni oʻrnatish, sozlash, ishga tushirish hamda taʼmirlash servis xizmatlari importi amalga oshirilmaganligi;
mahalliy mutaxassis tomonidan tayyorlangan shogird mutaxassislar soni hamda ularning yuqori texnologiyali uskuna va jihozlarni oʻrnatish, sozlash, ishga tushirish hamda taʼmirlash servis xizmatlari koʻrsatishni oʻzlashtirganligi;
mahalliy mutaxassis tomonidan koʻrsatilgan xizmatlarning iqtisodiy samarasi eʼtirof etilgan munosabatlar (korxona tomonidan moddiy-maʼnaviy ragʻbatlantirishlar, tashakkurnoma va boshqalar).
18. Tarmoq uyushmalari tomonidan ushbu Nizomda belgilangan mezonlar asosida baholash natijalari yillik monitoringi yuritiladi.
19. Tarmoq uyushmalari tomonidan yillik monitoring natijasida malaka oshirish xarajatlari qoplab berilgan mahalliy mutaxassislar faoliyatining samaradorligi toʻgʻrisida tahliliy maʼlumotlar tayyorlanadi va Savdo-sanoat palatasiga taqdim qilib boriladi.
20. Tarmoq uyushmalari tomonidan yillik monitoring natijasida mahalliy mutaxassislar faoliyatining samaradorligi toʻgʻrisida qabul qilingan xulosa quyidagilar uchun asos boʻlib xizmat qiladi:
kelgusida xorijdagi yuqori texnologiyali uskuna va jihozlar ishlab chiqarish zavodlarida mahalliy mutaxassislarni tayyorlash (oʻqitish, oʻrgatish) hamda ularning malakasini oshirishni samarali tashkil etishda;
kelgusida malaka oshirishga yuboriladigan mahalliy mutaxassislarni tanlashda;
malaka oshirish dasturlarini ishlab chiqishda;
xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi shartlarini qayta koʻrib chiqishda.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
21. Ushbu Nizomdan foydalanishda kelib chiqadigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
22. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
