Birgalikda kino ishlab chiqarish sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida
27.05.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida
Shartnoma
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Rossiya Federatsiyasi Hukumati, bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar,
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida 1993-yil 19-martdagi madaniyat, fan va texnika, taʼlim, sogʻliqni saqlash, axborot, sport va turizm sohasidagi Shartnoma asosida,
Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida qoʻshma kino ishlab chiqarish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashishga intilib,
hamkorlikda kino ishlab chiqarishning kino sanoatini rivojlantirishga, shuningdek, Tomonlar davlatlari oʻrtasidagi iqtisodiy va madaniy aloqalarni mustahkamlashga qoʻshayotgan hissasini hisobga olib,
ikki tomonlama munosabatlarda Tomonlar davlatlarining kinematografiyasini rivojlantirishga hissa qoʻshishi mumkin boʻlgan filmlarni birgalikda ishlab chiqarish va tarqatishga koʻmaklashish istagini bildirgan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Mazkur Shartnoma maqsadlari uchun atamalar quyidagicha tushuniladi:
“film” — badiiy, animatsion, hujjatli-xronikaviy, televizion yoki ijodiy konsepsiyaga asoslangan boshqa shaklda Tomonlar davlatlarining qonunchiligiga muvofiq yaratilgan va kino zallarda, televideniye va boshqa platformalarida translyatsiya qilishga moʻljallangan har qanday davomiylikdagi, har qanday tashuvchidagi istalgan audiovizual asar;
“birgalikda ishlab chiqarilgan film” — ishlab chiqarish Tomonlar davlatlarining hamkorlikdagi ishlab chiqaruvchilari tomonidan amalga oshiriladigan film;
“prodyuser” — tegishli ravishda Oʻzbekiston Respublikasi yoki Rossiya Federatsiyasi fuqaroligiga ega boʻlgan jismoniy shaxs yoki Tomonlar davlatlaridan birining hududida joylashgan, filmni moliyalashtirish, ishlab chiqarish va (yoki) undan foydalanish uchun masʼul boʻlgan yuridik shaxs);
“birgalikda ishlab chiqaruvchilar” — mazkur Shartnomaning ajralmas qismi boʻlgan Ilovada koʻrsatilgan talablarga javob beradigan filmni birgalikda ishlab chiqarish (shu jumladan uni moliyalashtirish) toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha bogʻlangan prodyuserlar;
“vakolatli organlar” — Tomonlar davlatlarining mazkur Shartnomani amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan vakolatli organlari quyidagilardir: Oʻzbekiston tomonidan — Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Rossiya tomonidan — Rossiya Federatsiyasi Madaniyat vazirligi;
Tomonlar oʻzlarining vakolatli organlari tarkibidagi oʻzgarishlar toʻgʻrisida bir-birlarini diplomatik kanallar orqali yozma ravishda xabardor qiladilar.
2-modda
1. Mazkur Shartnoma talablariga javob beradigan birgalikda ishlab chiqarilgan filmlar har bir Tomon davlatining qonunchiligiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasida va Rossiya Federatsiyasida milliy filmlar deb tan olinadi.
2. Tomonlar birgalikda ishlab chiqarilgan filmlarga tegishli Tomon davlati qonunlariga muvofiq milliy filmlarga beriladigan imtiyozlarni beradilar.
3. Rossiya Federatsiyasida hamkorlikda ishlab chiqarilgan filmlar uchun imtiyozlar faqat rossiyalik hamkor prodyuserga, Oʻzbekiston Respublikasida hamkorlikda ishlab chiqarilgan filmlar uchun imtiyozlar esa faqat Oʻzbekistonlik hamkor prodyuserga beriladi.
4. Filmga “birgalikda ishlab chiqarilgan film” maqomini berish tartibi va shartlari mazkur Shartnomaning ajralmas qismi boʻlgan Ilova bilan belgilanadi.
3-modda
1. Agar film mazkur Shartnoma shartlariga mos keladigan boʻlsa, filmga “birgalikda ishlab chiqarilgan kino mahsuloti” maqomini berish toʻgʻrisidagi qaror har bir alohida holatda vakolatli organlar tomonidan qabul qilinadi.
2. Agar film mazkur Shartnoma shartlariga mos kelishni toʻxtatsa, mazkur moddaning 1-bandida koʻrsatilgan qaror uni qabul qilgan vakolatli organ tomonidan bekor qilinishi mumkin.
4-modda
1. Mazkur Shartnoma Ilovasining 3.3-bandda koʻrsatilgan filmni birgalikda ishlab chiqarishda ishtirok etuvchi shaxslar quyidagi shaxslar doirasiga havola qilinadi:
a) Rossiya Federatsiyasiga nisbatan — Rossiya Federatsiyasi fuqaroligiga yoki Rossiya Federatsiyasi hududida doimiy yashash joyiga ega boʻlgan shaxslar;
b) Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan — Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashash joyiga ega boʻlgan jismoniy shaxslar.
2. Mazkur moddaning 1 bandidagi shartlarga javob bermaydigan shaxslarning, rejissorni bundan mustasno qilgan holda, birgalikdagi film ishlab chiqarishda ishtirok etishiga istisno tariqasida va film bilan bogʻliq talablarni hisobga olgan holda yoʻl qoʻyilishi mumkin.
5-modda
1. Birgalikda ishlab chiqarilgan filmning umumiy qiymatining 20 foizidan 80 foizigacha hamkorlikda ishlab chiqaruvchilarning moliyaviy hissalari ulushi boʻlishi mumkin.
Birgalikda ishlab chiqaruvchilarning texnik va ijodiy hissalari odatda ularning moliyaviy hissalariga mutanosib boʻlishi va kino ijodkorlari, aktyorlari, prodyuser xodimlari, laboratoriyalar va ishlab chiqarish binolarining hissalarini oʻz ichiga olishi kerak.
2. Tomonlar kelishuviga koʻra, vakolatli organlar hamkorlikda ishlab chiqarilgan filmning umumiy qiymatining 10 foizidan 90 foizigacha boʻlgan prodyuserlarning moliyaviy badallari ulushi nisbatiga ruxsat berishi mumkin.
3. Mazkur Shartnoma qoidalariga zarar yetkazmagan holda, uchinchi davlatning boshqa prodyuserining birgalikda ishlab chiqarilishida ishtirok etishga, agar bunday prodyuserning hissasi birgalikda ishlab chiqarilgan filmning umumiy qiymatining kamida 10 foizini tashkil etsa, ruxsat etiladi va Tomonlar davlatlarining hamkor ishlab chiqaruvchilarining har birining hissasidan oshmaydi.
6-modda
Har bir Tomon oʻz davlatining qonunchiligiga muvofiq boshqa Tomon davlatining sanʼat va ishlab chiqarish xodimlarining oʻz davlati hududiga kirishiga, shuningdek, birgalikda film ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan asbob-uskunalar va materiallarini vaqtincha olib kirish va olib chiqishga koʻmaklashadi.
7-modda
1. Agar birgalikda ishlab chiqarilgan filmlar import cheklangan mamlakatga eksport qilinsa, quyidagi tartib qoʻllaniladi:
a) birgalikda ishlab chiqarilgan film, qoida tariqasida, bunday filmning hamkorlikdagi prodyuserlari oʻrtasidagi shartnomada belgilanadigan eng katta ishtirok ulushi boʻlgan davlat kvotasiga kiritiladi;
b) ishlab chiqarishda hammualliflar teng ishtirok etgan taqdirda, kinofilm import qiluvchi davlatga filmni eksport qilish uchun eng qulay shart-sharoitlarga ega boʻlgan Tomon davlatining hamkor ishlab chiqaruvchisiga beriladi;
v) agar mazkur moddaning “a” va “b” bandlari qoidalari qoʻllanilmasa, birgalikda ishlab chiqarilgan film kvotasi birgalikda ishlab chiqarilgan filmning rejissorining davlatiga kiritiladi.
2. Agar birgalikda ishlab chiqarilgan film Tomonlardan birining davlati uchun kvota amal qiluvchi davlat hududida sotilsa, birgalikda ishlab chiqarilgan film davlatiga nisbatan kvota amal qilmaydigan Tomon nomidan sotilishi mumkin.
Agarda import cheklangan davlat hududida birgalikda ishlab chiqarilgan filmning ikkala Tomonlari davlatlariga nisbatan kvota amal qilsa, vakolatli organlar mazkur moddaning 1-bandi “a” va “b” kichik bandlaridan farq qiluvchi qaror qabul qilishlari mumkin.
8-modda
1. Mazkur Shartnoma doirasida yaratilgan har bir hamkorlikdagi film ikki xil variantda — rus va oʻzbek tillarida ishlab chiqariladi. Agar ssenariy shuni talab qilsa talab qilsa, mazkur versiyalar boshqa tillardagi dialogni oʻz ichiga olishi mumkin.
2. Birgalikda ishlab chiqarilgan filmlar Rossiya ishtiroki ustuvor boʻlgan taqdirda “Rossiya-Oʻzbekiston mahsuloti”, agarda Oʻzbekiston ishtiroki ustuvor boʻlsa “Oʻzbekiston-Rossiya mahsuloti” yozuvi bilan taqdim etiladi. Bunday yozuv ochilish va yopilish titrlarida, reklama mahsulotlarida va birgalikda ishlab chiqarilgan filmlar ishtirok etishi uchun taqdim etiladigan joylarda, shu jumladan, xalqaro kinofestivallarda, boʻlishi kerak.
9-modda
Xalqaro kinofestivallarga taqdim etilgan hamkorlikda suratga olingan filmlar eng koʻp ulush bilan ishtirok etgan prodyuserning ishi sifatida, teng ishtirok etgan taqdirda esa film rejissori taqdim etgan birgalikda ishlab chiqaruvchining ishi sifatida taqdim etiladi.
10-modda
Madaniy almashinuvlar doirasida Tomonlar kino tadbirlarini tashkil etish, kinematografiya sohasida mutaxassislar almashinuvi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi yoki Rossiya Federatsiyasi hududida oʻtkaziladigan xalqaro kinofestivallarda festivallar qoidalari va Tomonlar davlatlarining qonunchiligiga muvofiq oʻzaro ishtirok etishda koʻmaklashadilar.
11-modda
Mazkur Shartnomani qoʻllash yoki talqin qilishda Tomonlar oʻrtasida yuzaga keladigan kelishmovchiliklar ular oʻrtasidagi maslahatlashuvlar va muzokaralar yoʻli bilan hal qilinadi.
12-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra, mazkur Shartnomaga tegishli bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
13-modda
1. Mazkur Shartnoma diplomatik kanallar orqali uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki tartib-qoidalari Tomonlar tarafidan bajarilganligi toʻgʻrisida oxirgi yozma bildirishnoma olingan kundan boshlab kuchga kiradi.
2. Mazkur Shartnoma 5 yil muddatga amal qiladi. Tomonlardan biri dastlabki yoki keyingi muddatlar tugashidan kamida 90 kun oldin diplomatik kanallar orqali boshqa Tomonni mazkur Shartnomani bekor qilish niyati haqida yozma ravishda xabardor qilmagan taqdirda mazkur Shartnoma avtomatik ravishda keyingi 5 yillik davrlarga uzaytiriladi.
3. Mazkur Shartnoma tugatilgandan soʻng, uning qoidalari mazkur Shartnoma doirasida boshlangan va uni tugatish sanasidan oldin tugallanmagan qoʻshma dasturlar va loyihalarga nisbatan qoʻllaniladi.
Toshkent shahrida 2024-yil 27-mayda, ikki nusxada, har biri oʻzbek va rus tillarida tuzildi, bunda ikkala matn bir xil kuchga ega.
(imzolar)
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida birgalikda kino ishlab chiqarish sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida Shartnomaga ILOVA
Filmga “birgalikda ishlab chiqarilgan film” maqomini berish haqida
1. Mazkur ilova Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida hamkorlikda kino ishlab chiqarish sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi Shartnomaga muvofiq yaratilgan filmlarga “birgalikda ishlab chiqarilgan film” maqomini berish tartibi va shartlarini belgilaydi.
2. Filmga “birgalikda ishlab chiqarilgan film” maqomini berish uchun birgalikda ishlab chiqaruvchilar filmni suratga olish davri boshlanishidan kamida 30 kun oldin vakolatli organlarga ariza beradilar.
3. Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
3.1. filmning adabiy ssenariysi va sinopsisi;
3.2. Tomonlar davlatlarining qonun hujjatlariga muvofiq filmda foydalanilganda, shuningdek, bunday filmni ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan huquqlarni qoʻlga kiritgan taqdirda asarlarga mualliflik huquqi mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlar;
3.3. fuqaroligi va bajaradigan ish toifasi koʻrsatilgan maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan suratga olish guruhi aʼzolarining roʻyxati hamda fuqaroligi koʻrsatilgan maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan asosiy va ikkinchi darajali rollar ijrochilari roʻyxati;
3.4. film ssenariysi muallifi va rejissori bilan tuzilgan shartnomalar nusxalari;
3.5. birgalikda ishlab chiqarish filmini yaratish boʻyicha birgalikda ishlab chiqaruvchilar tomonidan imzolangan shartnomaning nusxasi (keyingi oʻrinlarda Shartnoma deb yuritiladi).
4. Shartnoma quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi kerak:
4.1. film nomi;
4.2. birgalikda ishlab chiqaruvchilarning ismlari va joylashgan joyi;
4.3. film ssenariysi mualliflari va rejissorlarining familiyalari va ismlari;
4.4. kino ishlab chiqarish jadvali;
4.5. har bir prodyuserning hissa ulushini koʻrsatgan holda filmni suratga olish qiymati;
4.6. kino ishlab chiqarish xarajatlari smetasi;
4.7. moliyalashtirish manbalarini koʻrsatgan holda filmni moliyalashtirish rejasi;
4.8. filmdan tijorat maqsadlarida foydalanishdan olingan daromadlarni taqsimlash tartibi;
4.9. filmni ishlab chiqarishda har qanday xarajat oshib ketgan yoki iqtisod qilingan taqdirda birgalikda ishlab chiqaruvchilarni jalb qilishni tartibga soluvchi qoida;
4.10. shartnoma shartlarini bajarmaganlik uchun birgalikda ishlab chiqaruvchilarning javobgarligi;
4.11. filmni xalqaro kinofestivallarda taqdim etish tartibi;
4.12. birgalikda ishlab chiqaruvchilarning har biri qayerda saqlanishidan qatʼi nazar, filmning oʻxshash materiallarining (tasvir va ovoz) ham egasi ekanligi toʻgʻrisidagi band. Ularni saqlash boʻyicha imtiyozli huquqqa prodyuseri eng koʻp moliyaviy resurslarni qoʻshgan davlatga tegishli boʻladi.
4.13. birgalikda ishlab chiqaruvchilar oʻzaro kelishuvga koʻra ishlab chiqish va filmning asl materiallarini qayta ishlash uchun laboratoriya tanlashlari mumkinligi haqidagi band;
4.14. birgalikda ishlab chiqaruvchilarning har biri filmning oʻz tilidagi nusxasiga egalik qilish huquqiga ega ekanligini belgilovchi band;
4.15. birgalikda ishlab chiqaruvchilar oʻrtasidagi barcha oʻzaro hisob-kitoblar shartnomada koʻrsatilgan filmni ishlab chiqarish tugagan kundan boshlab 60 kun ichida yakunlanishi toʻgʻrisidagi band.
5. Har bir prodyuserning hissasi kamida bitta tasvirga olish guruhi aʼzosi, bitta bosh rol ijrochisi, bitta yordamchi aktyorni oʻz ichiga olishi kerak. Vakolatli organlarning kelishuvi bilan birgalikda ishlab chiqaruvchilarning badallari miqdorini oʻzgartirishga ruxsat beriladi.
6. Shartnomaga oʻzgartirishlar birgalikda ishlab chiqaruvchilar tomonidan film tugaguniga qadar vakolatli organlarga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.
7. Hamkor ishlab chiqaruvchilardan birini almashtirishga faqat istisno hollarda vakolatli organlar bilan kelishilgan holda ruxsat etiladi.
8. Filmga “birgalikda ishlab chiqarilgan film” maqomini berish toʻgʻrisidagi qaror Tomonlardan birining vakolatli organi tomonidan boshqa Tomonning vakolatli organining roziligi olinganidan keyin qabul qilinadi.
9. Tomonlardan birining vakolatli organi boshqa Tomonning vakolatli organini kelib tushgan arizalar boʻyicha qabul qilingan qarorlar toʻgʻrisida xabardor qiladi.
