“Oʻzbekiston Respublikasida taʼlim sifati va samaradorligini oshirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-152-son)
28.04.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Mamlakatimizda qulay inklyuziv taʼlim muhitini yaratish, oʻqitishning innovatsion uslublarini joriy etish va taʼlim muassasalarining kadrlar salohiyatini oshirish orqali maktabgacha va maktab taʼlimi tizimida sifat va samaradorlikni oshirish maqsadida qaror qilaman:
I. Asosiy maqsadlar
1. Quyidagilar “Oʻzbekiston Respublikasida taʼlim sifati va samaradorligini oshirish” loyihasining (keyingi oʻrinlarda — Loyiha) asosiy maqsadlari etib belgilansin:
(a) Islom taraqqiyot banki (keyingi oʻrinlarda — ITB), Rivojlanish uchun islom birdamlik jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — RIBJ) va Taʼlim boʻyicha global hamkorlik (keyingi oʻrinlarda — TGH) tashkilotidan 200,25 mln AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlarni jalb qilish orqali Oʻzbekistonda taʼlim sifati va samaradorligini oshirish;
(b) 2025 — 2029-yillar davomida zamonaviy standartlar asosida kamida 58 ta maktab qurish va 72 mingtadan ziyod qoʻshimcha oʻquv oʻrinlarini yaratish orqali sohadagi navbatlilik koeffitsiyentini kamaytirish;
(v) kamida 500 nafar nogironligi bor oʻquvchilar uchun inklyuziv taʼlim sharoitlarini yaratish;
(g) davlat taʼlim standartlari va oʻquv dasturlarini xalqaro talablarga muvofiqlashtirish, kompetensiyalarga asoslangan taʼlim tamoyillarini joriy etish, laboratoriya mashgʻulotlarini STEM standartlariga muvofiq tashkil qilish;
(d) xalqaro talablar va yondashuvlar asosida 36 ming nafar pedagog kadrlarning kasbiy rivojlanishini taʼminlash, malaka oshirishning “aralash oʻqitish” modelini joriy qilish.
II. Moliyaviy resurslar
2. Belgilansinki, Loyiha quyidagilar hisobidan amalga oshiriladi:
(a) ITBning 1-bosqichda 5 yillik imtiyozli davr bilan 20 yil muddatga ajratiladigan 55,94 mln AQSH dollari miqdoridagi va 2-bosqichda 4 yillik imtiyozli davr bilan 20 yil muddatga ajratiladigan 94,06 mln AQSH dollari miqdoridagi qarz mablagʻlari;
(b) RIBJning 5 yillik imtiyozli davr bilan 20 yil muddatga ajratiladigan 10,0 mln AQSH dollari miqdoridagi qarz mablagʻlari;
(v) ITBning 0,25 mln AQSH dollari miqdoridagi grant mablagʻlari;
(g) TGHning 40,0 mln AQSH dollari miqdoridagi grant mablagʻlari;
(d) Oʻzbekistonning soliq va bojxona imtiyozlari koʻrinishidagi 20,0 mln AQSH dollari ekvivalentidagi ulushi.
3. Quyidagilar:
(a) “Oʻzbekiston Respublikasida taʼlim sifati va samaradorligini oshirish” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
(b) “Oʻzbekiston Respublikasida taʼlim sifati va samaradorligini oshirish” loyihasi doirasida ITB qarzidan foydalanish va uni qaytarish, qoʻshimcha haq (ustama) toʻlovlarini amalga oshirishning prognoz jadvallari 2a va 2b-ilovalarga muvofiq;
(v) “Oʻzbekiston Respublikasida taʼlim sifati va samaradorligini oshirish” loyihasi doirasida RIBJ qarzidan foydalanish va uni qaytarish, qoʻshimcha haq (ustama) toʻlovlarini amalga oshirishning prognoz jadvali 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
III. Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari uchun yer uchastkalarini ajratish
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi hamda Kadastr agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda 4-ilovaga muvofiq infratuzilmaga ega boʻlgan yer uchastkalarini aniqlab, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining hududiy tizim tashkilotlariga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratsin.
5. Belgilab qoʻyilsinki:
(a) 4-ilovaga muvofiq yerlarni ajratishda quyidagi mezonlar asos qilib olinadi:
(i) ajratiladigan yer uchastkalari aholi zichligi hamda oʻquv oʻrniga boʻlgan talab yuqori boʻlgan hududda joylashishi;
(ii) ajratiladigan yer uchastkalari infratuzilmaga (elektr energiyasi, ichimlik suvi, gaz, yoʻl, oqova suv) ega boʻlishi;
(iii) ijtimoiy soha obyektlarini qurishga moʻljallangan yer maydoni hisobidan yer uchastkalari ajratilishi;
(b) umumiy oʻrta taʼlim muassasalari hududidagi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini koʻchirish, shuningdek, ichimlik va oqova suv taʼminoti, elektr, gaz va aloqa tarmoqlarini tortib kelish tegishliligi boʻyicha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ, “Hududgaztaʼminot” AJ va “Oʻzbektelekom” AK tomonidan mahalliy budjetlarda ushbu maqsadlarga moʻljallangan mablagʻlar hamda ularning qoʻshimcha manbalari hisobidan amalga oshiriladi.
IV. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat qilish
6. Belgilansinki:
(a) Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Loyihani oʻz vaqtida amalga oshirish hamda muvofiqlashtirish, shuningdek, ITB va RIBJ qarzlaridan maqsadli va samarali foydalanish boʻyicha masʼul ijro etuvchi organ hisoblanadi;
(b) ITB va RIBJ qarzlarini qaytarish bilan bogʻliq xarajatlar, shu jumladan, qoʻshimcha haq (ustama) Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi;
(v) Loyihani amalga oshirish uchun Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzurida ITB qarzlari va TGHning grantlari hisobidan moliyalashtiriladigan Loyihani amalga oshirish guruhi (keyingi oʻrinlarda — LAOG) tashkil etiladi;
(g) Loyihani amalga oshirish davrida LAOG faoliyatini moliyalashtirish boʻyicha yillik xarajatlar smetasi hamda shtatlar jadvali Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
7. Iqtisodiyot va moliya vaziriga Oʻzbekiston Respublikasi nomidan ITB va RIBJ bilan Loyihani amalga oshirish uchun hadli va agentlik kelishuvlari, qarz va texnik yordam grant bitimlarini imzolash, shuningdek, zarur hollarda, ushbu bitimlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish vakolati berilsin.
8. Tashqi ishlar vazirligi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining talabnomalariga binoan Loyihani amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan chet ellik mutaxassislar uchun kirish vizalarini konsullik yigʻimlari va haqiqiy xarajatlarning oʻrnini qoplash hisobidan yigʻimlar undirilmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirsin.
9. Ichki ishlar vazirligi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi buyurtmasiga asosan Loyihani amalga oshirish uchun jalb qilinadigan chet ellik mutaxassislarga koʻp martalik viza muddatlari uzaytirilishini, shuningdek, vaqtincha turar joyi boʻyicha roʻyxatga olinishini va uning muddati uzaytirilishini taʼminlasin.
10. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov hamda maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri X.U. Umarova belgilansin.
11. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 28-aprel,
PQ-152-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-apreldagi PQ-152-son qaroriga 1-ILOVA
“Oʻzbekiston Respublikasida taʼlim sifati va samaradorligini oshirish” loyihasining asosiy
Texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari
Izoh: soʻnggi qiymat koʻrsatkichlari tovarlar va xizmatlarni yetkazib berish boʻyicha oʻtkaziladigan xalqaro tender savdolari natijalariga asosan aniqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-apreldagi PQ-152-son qaroriga 2a-ILOVA
“Oʻzbekiston Respublikasida taʼlim sifati va samaradorligini oshirish” loyihasi doirasida ITB qarzidan foydalanish va uni qaytarish, qoʻshimcha haq (ustama) toʻlovlarini amalga oshirishning
Prognoz jadvali
Izoh:
* 10 yillik oʻrtacha SWAP koʻrsatkichi qarz mablagʻlari haqiqatda oʻzlashtirilganidan keyin aniqlanadi.
** Asosiy qarzni qaytarish summasi, foizlar, ustamalar va boshqa toʻlovlar, shuningdek, qarz mablagʻlarini qaytarish sanasi qarz mablagʻlari yechilgan kundan boshlab aniqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-apreldagi PQ-152-son qaroriga 2b-ILOVA
“Oʻzbekiston Respublikasida taʼlim sifati va samaradorligini oshirish” loyihasi doirasida ITB qarzidan foydalanish va uni qaytarish, qoʻshimcha haq (ustama) toʻlovlarini amalga oshirishning
Prognoz jadvali
Izoh:
* 10 yillik oʻrtacha SWAP koʻrsatkichi qarz mablagʻlari haqiqatda oʻzlashtirilganidan keyin aniqlanadi.
** Asosiy qarzni qaytarish summasi, foizlar, ustamalar va boshqa toʻlovlar, shuningdek, qarz mablagʻlarini qaytarish sanasi qarz mablagʻlari olingan kundan boshlab belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-apreldagi PQ-152-son qaroriga 3-ILOVA
“Oʻzbekiston Respublikasida taʼlim sifati va samaradorligini oshirish” loyihasi doirasida RIBJ qarzidan foydalanish va uni qaytarish, qoʻshimcha haq (ustama) toʻlovlarini amalga oshirishning
PROGNOZ JADVALI
Izoh: asosiy qarzni qaytarish summasi, foizlar, ustamalar va boshqa toʻlovlar, shuningdek, qarz mablagʻlarini qaytarish sanasi qarz mablagʻlari yechilgan kundan boshlab aniqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-apreldagi PQ-152-son qaroriga 4-ILOVA
“Oʻzbekiston Respublikasida taʼlim sifati va samaradorligini oshirish” loyihasi doirasida hududlarda yangidan qurilishi koʻzda tutilgan umumtaʼlim maktablari soni va quvvati
Izoh: Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari taklifiga asosan yangi maktablar qurilishi soniga va quvvatiga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
