Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ilmiy ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha namunaviy uslubiyotni tasdiqlash toʻgʻrisida (3620-son)
25.04.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 25-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3620]
Oʻzbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-son “Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini taʼminlash, sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 22-yanvardagi 29-son “Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining ilmiy asoslanganlik darajasini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ilmiy ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha namunaviy uslubiyot ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. TASHKULOV
Toshkent sh.,
2025-yil 24-aprel,
8-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2025-yil 24-apreldagi 8-mh-son buyrugʻiga ILOVA
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ilmiy ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha
NAMUNAVIY USLUBIYOT
Mazkur Namunaviy uslubiyot normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ilmiy ekspertizadan oʻtkazishni tashkil etish, unda foydalaniladigan tadqiqot usullari hamda ilmiy ekspertiza natijalari boʻyicha xulosani tuzish va rasmiylashtirish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Namunaviy uslubiyotda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
ilmiy ekspertiza — ilmiy ekspertizani oʻtkazuvchi tashkilot tomonidan mazkur Namunaviy uslubiyotning 2-bandida belgilangan maqsadlarda oʻtkaziladigan ekspertiza turi;
ilmiy ekspertizani oʻtkazuvchi tashkilot — ilmiy ekspertizadan oʻtkazuvchi tashkilotlarning elektron reyestriga kiritilgan va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini (bundan buyon matnda loyiha deb yuritiladi) ilmiy ekspertizadan oʻtkazuvchi davlat ekspertlik ilmiy-tadqiqot muassasalari, davlat ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda davlat oliy taʼlim muassasalari;
ilmiy ekspertiza natijalari boʻyicha xulosa (bundan buyon matnda ekspertiza xulosasi deb yuritiladi) — qonunchilik hujjatlari va ushbu Namunaviy uslubiyot talablariga muvofiq rasmiylashtirilgan hamda oʻtkazilgan ilmiy ekspertiza natijalarini aks ettiruvchi hujjat;
ishlab chiquvchi — loyihalarni ishlab chiquvchi yoki tayyorlashni amalga oshiruvchi organ (tashkilot);
ilmiy ekspertiza usullari — ekspertiza predmetiga kiradigan tegishli elementlarni tadqiq etish (bilish)ning ilmiy usullari va vositalari;
ilmiy ekspertizani oʻtkazuvchi tashkilotlarning elektron reyestri (bundan buyon matnda Reyestr deb yuritiladi) — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan loyihalarni ilmiy ekspertizadan oʻtkazuvchi tashkilotlarning elektron reyestri.
2. Ilmiy ekspertizaning maqsadlari quyidagilardan iborat:
ijtimoiy munosabatlarni belgilashga, oʻzgartirishga yoki bekor qilishga qaratilgan normalarni normativ-huquqiy hujjatda belgilash zarurati, uning samaradorligi, tadbirkorlik faoliyati, atrof-muhit, inson hayoti, huquq va erkinliklariga taʼsirini zamonaviy ilm-fan yutuqlari nuqtai nazaridan ilmiy asoslanganligini oʻrganish;
ijtimoiy munosabatlardan kelib chiqayotgan muammolarga loyihada taklif etilayotgan yechimlar shaklan va mazmunan ilmiy uslublarga muvofiq ishlab chiqilganligini atroflicha baholash;
qonun ijodkorligi, huquqni qoʻllash amaliyoti, islohotlarni huquqiy taʼminlash jarayonlarining samaradorligini oshirish va ilmiy jihatdan asoslanganligini taʼminlash.
2-bob. Ilmiy ekspertizani tashkil etish
3. Ilmiy ekspertiza ilmiy ekspertizani oʻtkazuvchi tashkilotning malakali xodimlari (bundan buyon matnda ekspert deb yuritiladi) tomonidan oʻtkaziladi.
Katta hajmga yoki sohalararo xususiyatga ega boʻlgan loyihalar bir necha ekspertlardan iborat tarkibdagi ekspert komissiyasi tomonidan ilmiy ekspertizadan oʻtkazilishi mumkin. Bunda, ilmiy ekspertizani oʻtkazuvchi tashkilot rahbarining buyrugʻi bilan ekspert komissiyasi tuziladi.
4. Zaruratga koʻra, ilmiy ekspertizani oʻtkazuvchi tashkilot ilmiy ekspertizani oʻtkazish uchun boshqa ilmiy-tadqiqot tashkilotlari va muassasalaridan ekspertlarni, shuningdek zarur bilim va malakaga ega boʻlgan xorijiy mutaxassislarni jalb etishi mumkin.
Ilmiy-tadqiqot tashkilotlari va muassasalaridan ekspertlar jalb etilganda, ular oldiga aniq vazifalar qoʻyilishi va oʻz xulosasini berishi lozim boʻlgan masalalar belgilanishi lozim.
5. Loyihani turli ilm-fan sohalari boʻyicha tadqiq etishga zarurat mavjud boʻlsa, loyiha kompleks ilmiy ekspertizadan oʻtkazilishi mumkin.
Kompleks ilmiy ekspertiza, qoida tariqasida, turli sohalardagi ekspertlarni (ekspertlar guruhlarini) oʻz ichiga olgan va ushbu Namunaviy uslubiyotning 3-bandida belgilangan tartibda shakllantiriladigan ekspert komissiyasi tomonidan oʻtkaziladi.
6. Loyiha ilmiy ekspertizani oʻtkazuvchi tashkilotga kelib tushgan kundan boshlab yetti kun ichida ilmiy ekspertizadan oʻtkaziladi hamda ekspertiza xulosasi ishlab chiquvchiga elektron tizim orqali taqdim etiladi.
3-bob. Ilmiy ekspertizani oʻtkazishda foydalaniladigan tadqiqot usullari
7. Ilmiy ekspertiza quyidagi tadqiqot usullaridan foydalangan holda oʻtkazilishi mumkin:
qiyosiy-huquqiy tahlil;
lingvistik tahlil;
tarixiy tahlil;
modellashtirish va vaziyatli tahlil;
intervyu olish;
“aqliy hujum”;
davra suhbati;
soʻrovnoma oʻtkazish.
Loyihani ilmiy ekspertizadan oʻtkazishda boshqa tadqiqot usullaridan ham foydalanilishi mumkin.
8. Qiyosiy-huquqiy tahlil usuli loyihani qonunchilikning oʻxshash yoki umumiy xususiyatga ega boʻlgan huquqiy normalari bilan taqqoslagan holda tahlil qilishni nazarda tutadi.
Loyihani qiyosiy-huquqiy tahlil usuli bilan tadqiq etish yagona huquq ijodkorligi va huquqni qoʻllash amaliyotini taʼminlashga yoʻnaltirilgan boʻlib, nafaqat taqqoslanayotgan huquq normalari, balki ulardagi bayon qilish usullari, tamoyillari va atamalar turkumlarini ham qamrab oladi.
9. Lingvistik tahlil usuli loyihaning matni davlat tili qoidalari va talablariga, shuningdek rasmiy tilning talablariga va bayon etish uslubiyotiga muvofiqligini tekshirishga qaratilgan tadqiqotni nazarda tutadi.
10. Tarixiy tahlil usuli loyihalarni tegishli masala boʻyicha qonunchilikning rivojlanishi va oʻzgarishini siyosiy, iqtisodiy yoki ijtimoiy vaziyatning oʻzgarishi bilan, islohotlarga yoxud tegishli normalarning ishlab chiqilishi yoki ularga oʻzgartirishlar kiritilishiga ehtiyojni keltirib chiqargan boshqa holatlar bilan oʻzaro bogʻliqlikda oʻrganishni nazarda tutadi.
Loyihani tadqiq etishda uning retrospektiv (tarixiy-tadrijiy) tahlili amalga oshiriladi. Bunda koʻrib chiqilayotgan loyihadan oldin qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar va ularning koʻrib chiqilayotgan loyiha mazmuniga qay darajada taʼsir koʻrsatganligini, shuningdek loyihada qoʻllanilayotgan avvalgi huquqiy vositalar hozirgi vaziyatga va jamiyatning dolzarb ehtiyojlariga qay daraja mos kelish-kelmasligini oʻrganish muhim ahamiyat kasb etadi.
11. Modellashtirish va vaziyatli tahlil usuli normativ-huquqiy hujjatni muayyan vaziyatlarga qoʻllanila olishini tadqiq qilish hamda normalarning tegishli ijtimoiy jarayonlar bilan qay darajada oʻzaro bogʻlana olishining istiqbollarini aniqlash imkonini beradigan tahliliy yondashuvni nazarda tutib, muayyan munosabatlar tizimini va vaziyat rivojlanishining turlicha ssenariylarini yaratishga qaratilgan.
Loyihani ushbu usul bilan tadqiq etish gipotetik modellarni va turli ssenariylarni qurish orqali huquqni qoʻllash amaliyotidagi ehtimoliy muammolarni tartibga solinayotgan ijtimoiy munosabatlar hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda boʻlishi mumkin boʻlgan ziddiyatlar bilan oʻzaro aloqadorligini aniqlash va tahlil qilishni, shuningdek joriy etilayotgan huquq normalarining amalda qoʻllanila olishini va samaradorligini baholashni nazarda tutadi.
12. Intervyu olish usuli ilmiy ekspertiza maqsadlari uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni toʻplash va sifatli axborotni (miqdoriy koʻrsatkichlar bilan oʻlchab boʻlmaydigan maʼlumotlarni) olishni nazarda tutadi.
Loyihani ushbu usul bilan tadqiq etishda nafaqat tegishli sohada bilim va tajribaga ega boʻlgan olimlar, mutaxassislar va amaliyotchilar, balki loyihaning tartibga solish taʼsiri qaratilgan manfaatdor tomonlar va subyektlar intervyu beruvchi sifatida ishtirok etishi mumkin.
Ushbu usul intervyu beruvchi bilan bevosita muloqot qilish orqali loyihaning muammoli jihatlarini aniqlash, oqibatlarini baholash, shuningdek malakali mutaxassislar va manfaatdor tomonlarning qarashlari, fikrlari va tajribalari bilan tanishish imkonini beradi.
13. “Aqliy hujum” usuli cheklangan vaqt doirasida eng sifatli va tezkor yechim topish uchun maʼlum bir muammoni jamoaviy muhokama qilish orqali gʻoyalar (fikrlar) yaratishni nazarda tutadi.
“Aqliy hujum” ishtirokchilari sifatida ilmiy ekspertizani oʻtkazuvchi tashkilot ekspertlari yoki boshqa mutaxassislar ishtirok etishlari mumkin, bunda ular bilan aniq bir masala boʻyicha oʻzaro qarama-qarshi yechim va fikrlar almashiniladi.
14. Davra suhbati usuli loyihani, undagi muammolar va noaniqliklarni, shuningdek yuzaga kelishi mumkin boʻlgan oqibatlarni har tomonlama va chuqurroq baholash maqsadida mutaxassislar, yuristlar va davlat organlari, biznes, jamoat tashkilotlari vakillari hamda boshqa manfaatdor tomonlar ishtirokida muhokama qilishdan iborat.
Davra suhbati seminar, uchrashuv, forum, konferensiya shaklida yoki ishtirokchilarning bildirilgan mavzu boʻyicha oldindan tayyorlangan maʼruza bilan chiqishlarini hamda muhokama yakunlari boʻyicha tegishli xulosa va tavsiyalarni shakllantirishni nazarda tutuvchi boshqa shakllarda oʻtkaziladi.
15. Soʻrovnoma oʻtkazish usuli loyihaning muhim jihatlariga oid savollar yordamida va ilmiy asoslangan usullar asosida maʼlumotlar yigʻishni nazarda tutadi.
Soʻrovnoma oʻtkazishda respondentlar doirasi, ularga kiritiladigan savollar mohiyati va soni tadqiqot natijalarining ishonchliligini va obyektivligini taʼminlash zaruratidan kelib chiqib belgilanadi.
4-bob. Ekspertiza xulosasini tuzish va rasmiylashtirish
16. Ilmiy ekspertiza natijalari boʻyicha mazkur Namunaviy uslubiyotning ilovasiga muvofiq shaklda ekspertiza xulosasi tuziladi.
17. Ekspertiza xulosasi tavsiyaviy xususiyatga ega boʻlib, xulosa ishlab chiquvchi tomonidan koʻrib chiqiladi.
18. Ekspertiza xulosasida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
1) ekspertiza xulosasining sanasi va raqami;
2) ishlab chiquvchining toʻliq nomi;
3) loyihani ilmiy ekspertizadan oʻtkazish uchun yuborilgan xatning sanasi va raqami;
4) ilmiy ekspertizani oʻtkazgan, shu jumladan qoʻshimcha jalb etilgan ekspertlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (ekspertlarning familiyasi, ismi, otasining ismi, ilmiy darajasi (agar mavjud boʻlsa), ilmiy unvoni (agar mavjud boʻlsa), lavozimi);
5) loyiha toʻgʻrisidagi axborot, jumladan:
normativ-huquqiy hujjatning turi;
loyihaning toʻliq nomi;
loyihaning tarkibiy tuzilishi, shu jumladan qismlar, boʻlimlar, boblar, paragraflar, moddalar, bandlar va ilovalar soni toʻgʻrisidagi maʼlumot;
loyiha ilmiy ekspertizadan oʻtkazish uchun yuborilganda, unga ilova qilingan hujjatlar va tahliliy materiallar roʻyxati;
6) ilmiy ekspertizani oʻtkazishda qoʻllanilgan tadqiqot usuli (usullari);
7) xulosa berishda foydalanilgan manbalar;
8) loyihaning tartibga solish predmeti, shu jumladan loyiha bilan hal etilishi lozim boʻlgan muammoli masalalarning tavsifi;
9) normativ-huquqiy hujjat qabul qilish orqali muammoli masalalarni hal etish boʻyicha maʼlum boʻlgan va samarali hisoblangan, shu jumladan turli tarixiy bosqichlarda yoki xorijiy amaliyotda qoʻllanilgan usullar, mexanizmlar va yondashuvlarning tavsifi;
10) loyiha matnining davlat tili qoidalari va talablariga, shuningdek rasmiy tilning talablariga muvofiqligi;
11) quyidagilarni baholash natijalari:
normativ-huquqiy hujjat qabul qilinishining ilmiy asoslanganligi, shu jumladan tartibga solish usulining normativ-huquqiy hujjat qabul qilish orqali hal etilayotgan muammolarga yechim va yondashuv sifatida toʻgʻri tanlanganligi va maqbulligi (adekvatligi), shuningdek huquqiy tartibga solish shaklining toʻgʻri tanlanganligi;
loyihaning Oʻzbekiston Respublikasi huquqiy tizimidagi boʻlajak oʻrnini, uning tabiati, tamoyillari va tartibga solish mexanizmlariga muvofiqligi, shuningdek loyihada nazarda tutilayotgan masalalarning tegishli sohada mamlakatni rivojlantirish konsepsiya va strategiyalari, zamonaviy yondashuvlarga mosligi;
qonun loyihasining toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilishi imkoniyatlari;
12) quyidagilarni tahlil qilish natijalari:
tegishli sohada qonunchilikning tarixiy rivojlanishini va buni loyiha mazmuniga taʼsiri, shuningdek loyihada qoʻllanilayotgan huquqiy vositalar hozirgi vaziyatga va jamiyatning dolzarb ehtiyojlariga qay daraja mos kelishi;
loyiha matnining mantiqiy-mazmunan toʻkisligi, shu jumladan foydalanilgan soʻzlar, tuzilmaviy birliklar va jumlalarning aniqligi, bir maʼnoliligi va mazmunan tushunarliligi;
13) loyihani, shuningdek loyiha bilan tartibga solinadigan sohadagi qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar;
14) ilmiy ekspertizani oʻtkazish davomida aniqlangan, normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish natijasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan boshqa masalalar tahlili;
15) ilmiy ekspertizadan oʻtkazish natijalari boʻyicha xulosa (ilmiy asoslangan, yetarli darajada ilmiy asoslanmagan, ilmiy asoslanmagan).
19. Ekspertiza xulosasi aniq va loʻnda bayon etilishi lozim.
Ekspertiza xulosasida bayon etiladigan maʼlumotlar katta hajmda boʻlsa, ular ekspertiza xulosasining ajralmas qismi hisoblangan ilovada keltirilishi mumkin.
Ekspertiza xulosasiga asoslantirilmagan fikr va mulohazalar, shuningdek nazariy (murakkab) mulohazalar hamda loyihani tartibga solish predmeti doirasidan chetga chiqadigan mulohazalardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Xulosalar va tavsiyalar, qoida tariqasida, umumiydan (konseptualdan) xususiyga qarab ketma-ketlikda, shuningdek loyiha matni bayon etilishining ketma-ketligidan kelib chiqib bayon etiladi.
20. Ilmiy ekspertiza natijalariga koʻra ekspert tomonidan quyidagi xulosalardan biri beriladi:
loyiha ilmiy asoslangan;
loyiha yetarli darajada ilmiy asoslanmagan;
loyiha ilmiy asoslanmagan.
21. Ilmiy ekspertiza natijalariga koʻra quyidagidan biri aniqlangan taqdirda, loyiha ilmiy asoslanmagan deb topiladi:
1) normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish zarurati ilmiy asoslanmagan, shu jumladan normativ-huquqiy tartibga solish mexanizmi normativ-huquqiy hujjat qabul qilish orqali hal etilayotgan muammolarga yechim yoki yondashuv sifatida notoʻgʻri tanlangan yoki nomaqbul boʻlsa, shuningdek huquqiy tartibga solish shakli notoʻgʻri tanlangan boʻlsa;
2) loyiha yoki uning ayrim normalari huquqning umumiy asoslariga, insonning umumeʼtirof etilgan huquq va erkinliklarini taʼminlash kafolatlariga va huquq-tartibot asoslariga muvofiq kelmasa;
3) loyiha yoki uning ayrim normalari Oʻzbekiston Respublikasining huquqiy tizimiga (uning asoslari va tartibga solish mexanizmlariga) muvofiq kelmasa va unga joriy etilishi (integratsiya qilinishi) mumkin boʻlmasa yoxud loyiha yoki uning ayrim normalari oʻzi mansub boʻlgan huquq sohasining asoslari, tamoyillari, atamalar turkumi va tartibga solish mexanizmlariga muvofiq boʻlmasa;
4) loyiha yoki uning ayrim normalari Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligini va huquqni qoʻllash amaliyotini rivojlanishi tendensiyalariga muvofiq kelmasa, basharti ushbu nomuvofiqlikni ekspertiza xulosasi tavsiyalariga muvofiq bartaraf etilishi normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish zaruratining yoʻqolishiga yoki loyihaning konseptual oʻzgarishiga olib kelsa;
5) loyihaning qabul qilinishi va amalga oshirilishi u tartibga soladigan ijtimoiy munosabatlarda salbiy oqibatlarga olib kelsa, bundan muammoni boshqacha yoʻl bilan hal etish imkoni boʻlmagan va bunda loyihada taklif etilayotgan huquqiy tartibga solish choralarining afzalliklari kutilayotgan salbiy oqibatlardan ustunligi ishlab chiquvchi tomonidan asoslangan va har bir salbiy taʼsirni kamaytirish yoki yumshatish boʻyicha yetarli chora-tadbirlar ishlab chiqilgan holatlar mustasno;
6) loyihada yangi huquqiy normalarni joriy etish zaruratini asoslantirishga yoki loyiha orqali hal etilayotgan muammo va taklif etilayotgan huquqiy tartibga solish chorasi oʻrtasidagi oʻzaro sabab-oqibat bogʻlanishni aniqlashga imkon bermaydigan boshqa kamchiliklar mavjud boʻlsa yoxud ishlab chiquvchi tomonidan joriy etish taklif etilayotgan yangi normalar davlat va jamiyat rivojlanishining umumiy qonuniyatlariga zid boʻlib, ilmiy jihatdan asoslantirilishi mumkin boʻlmasa.
22. Agar ushbu Namunaviy uslubiyotning 18-bandida nazarda tutilgan barcha holatlarni tekshirish, baholash va tahlil qilish natijalari boʻyicha ekspert ijobiy xulosaga kelsa hamda mazkur Namunaviy uslubiyotning 21-bandida nazarda tutilgan holatlar aniqlanmasa, loyiha ilmiy asoslangan deb topiladi.
23. Agar ushbu Namunaviy uslubiyotning 18-bandida nazarda tutilgan holatlardan hech boʻlmaganda bittasini tekshirish, baholash va tahlil qilish natijalariga koʻra ekspert ijobiy xulosaga kelmasa yoki Namunaviy uslubiyotning 21-bandida nazarda tutilgan holatlardan biri mavjudligi aniqlansa, basharti loyihani ilmiy asoslanmagan deb topish uchun mazkur Namunaviy uslubiyotning 21-bandida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlmasa, loyiha yetarli darajada ilmiy asoslanmagan deb topiladi.
5-bob. Yakuniy qoida
24. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi vazirlik va idoralarning loyihalarni ilmiy ekspertizadan oʻtkazish faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 22-yanvardagi 29-son “Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining ilmiy asoslanganlik darajasini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori va ushbu Namunaviy uslubiyotga asosan muvofiqlashtirib boradi.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ilmiy ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha namunaviy uslubiyotga ILOVA
(Ilmiy ekspertizadan oʻtkazgan tashkilot nomi)ILMIY EKSPERTIZA NATIJALARI BOʻYICHAEKSPERT XULOSASI“___” yil “____” _________dagi“____”-son1. Normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiquvchining toʻliq nomi:_________________________________________________________________________________________2. Normativ-huquqiy hujjat loyihasi toʻgʻrisidagi axborot:_________________________________________________________________________________________3. Normativ-huquqiy hujjat loyihasini ilmiy ekspertizadan oʻtkazish uchun yuborilgan xatning sanasi va raqami:_________________________________________________________________________________________4. Ilmiy ekspertizani oʻtkazgan, shu jumladan qoʻshimcha jalb etilgan ekspertlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (ekspertlarning familiyasi, ismi, otasining ismi, ilmiy darajasi (agar mavjud boʻlsa), ilmiy unvoni (agar mavjud boʻlsa), lavozimi):_________________________________________________________________________________________5. Normativ-huquqiy hujjat loyihasi toʻgʻrisidagi axborot:_________________________________________________________________________________________6. Ilmiy ekspertizani oʻtkazishda qoʻllanilgan tadqiqot usuli (usullari):_________________________________________________________________________________________7. Xulosa berishda foydalanilgan manbalar:_________________________________________________________________________________________8. Normativ-huquqiy hujjat loyihasining tartibga solish predmeti, shu jumladan loyiha bilan hal etilishi lozim boʻlgan muammoli masalalarning tavsifi:_________________________________________________________________________________________9. Normativ-huquqiy hujjat qabul qilish orqali muammoli masalalarni hal etish boʻyicha maʼlum boʻlgan va samarali hisoblangan, shu jumladan turli tarixiy bosqichlarda yoki xorijiy amaliyotda qoʻllanilgan usullar, mexanizmlar va yondashuvlarning tavsifi:_________________________________________________________________________________________10. Normativ-huquqiy hujjat loyihasi matnining davlat tili qoidalari va talablariga, shuningdek rasmiy tilning talablariga muvofiqligi:_________________________________________________________________________________________11. Normativ-huquqiy hujjat loyihasini baholash natijalari:_________________________________________________________________________________________12. Normativ-huquqiy hujjat loyihasini tahlil qilish natijalari:_________________________________________________________________________________________13. Normativ-huquqiy hujjat loyihasini takomillashtirish boʻyicha takliflar:_________________________________________________________________________________________14. Boshqa masalalar tahlili:_________________________________________________________________________________________15. Ilmiy ekspertizadan oʻtkazish natijalari boʻyicha xulosa (ilmiy asoslangan, yetarli darajada ilmiy asoslanmagan, ilmiy asoslanmagan):_________________________________________________________________________________________Ekspertlar:___________________________________________________(lavozimi, ilmiy darajasi)(F.I.O.)Rahbar:___________________________________________________(lavozimi, ilmiy darajasi)(F.I.O.)
