2003 — 2006-yillarda chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat koʻrsatish korxonalari tarmoqlarini rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (78-son)
13.02.2003
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Aholining chakana savdo, umumiy ovqatlanish va maishiy xizmat koʻrsatish korxonalari xizmatlariga boʻlgan ehtiyojini yanada toʻliq qondirish, ularning tarmogʻini, ayniqsa xizmatlar koʻrsatish darajasi respublika boʻyicha oʻrtacha darajadan past boʻlgan mintaqalarda yanada kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, “Oʻzbeksavdo”, “Oʻzbekbirlashuv” kompaniyalari va “Maishiy xizmat markazi” ochiq aksiyadorlik jamiyati tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ishlab chiqilgan 2003—2006-yillarda chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat koʻrsatish korxonalari tarmoqlarini rivojlantirish dasturlari 1—6-ilovalarga muvofiq maʼqullansin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “Maishiy xizmat markazi” ochiq aksiyadorlik jamiyati, “Matlubotsavdo” aholiga maishiy xizmat koʻrsatish uyushmalari, Toshkent shahar hokimligining Savdo, xizmatlar sohasi va xalq isteʼmol tovarlari ishlab chiqarish departamenti ishtirokida koʻrsatilgan dasturlarni amalga oshirish boʻyicha joylarda amaliy ishlar tashkil etilishini taʼminlasinlar.
2. Belgilansinki, dasturlarda nazarda tutilgan chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat koʻrsatish korxonalarini qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash savdo, maishiy xizmat koʻrsatish tashkilotlari va korxonalarining hamda tadbirkorlarning oʻz mablagʻlari, shuningdek tijorat banklari va boshqa moliya tashkilotlarining kreditlari hisobiga amalga oshiriladi.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
“Oʻzbeksavdo”, “Oʻzbekbirlashuv” aksiyadorlik kompaniyalari va “Maishiy xizmat markazi” ochiq aksiyadorlik jamiyati ishtirokida chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat koʻrsatish korxonalari tarmogʻini rivojlantirishning aniq dasturlarini (aholi punktlari boʻyicha) bir oy muddatda ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar, bunda barpo etilayotgan obyektlarni mavjud savdo va xizmat koʻrsatish sohasi aholining koʻrsatilayotgan xizmatlarga boʻlgan ehtiyoji taʼminlanmayotgan tumanlar, shaharlar va qishloq aholi punktlarida joylashtirishga alohida eʼtibor bersinlar;
chakana savdo, umumiy ovqatlanish va maishiy xizmat koʻrsatish obyektlarini joylashtirish (tashkil etish) uchun turar joy va noturar joy binolaridagi mavjud boʻsh maydonlarni belgilangan tartibda xatlovdan oʻtkazsinlar;
chakana savdo, umumiy ovqatlanish va maishiy xizmat koʻrsatish obyektlari qurilishiga aholi uchun qulay joylardagi yer uchastkalarini tadbirkorlarga tanlov asosida bersinlar;
tegishli shaharlar, tumanlar hokimliklari, loyihalash tashkilotlari bilan birgalikda tegishli hududni qurishning bosh rejasiga muvofiq dasturlarda nazarda tutilgan savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat koʻrsatish korxonalarini qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash boʻyicha zarur loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqsinlar;
yilning har choragida 2003—2006-yillarda chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat koʻrsatish korxonalari tarmogʻini rivojlantirish dasturlari bajarilishini koʻrib chiqsinlar va hisobot choragidan keyingi oyning 20-kunigacha Vazirlar Mahkamasiga axborot bersinlar.
4. Vazirlar Mahkamasining Isteʼmol tovarlari ishlab chiqarish va savdo kompleksi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Davlat statistika qoʻmitasi ushbu qaror bilan tasdiqlangan dasturlarda tegishli yillar uchun belgilangan topshiriqlarning bajarilishi yuzasidan muntazam asosda, kelishilgan jadval boʻyicha monitoring olib borsinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari M.Z. Usmonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 13-fevral,
78-son
Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-fevraldagi 78-son qaroriga 1-ILOVA
2003-2006-yillarda oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlarni sotish boʻyicha chakana savdo korxonalari tashkil etish
DASTURI
Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-fevraldagi 78-son qaroriga 2-ILOVA
2003-2006-yillarda umumiy ovqatlanish korxonalari (umumiy foydalanish shoxobchasi) tashkil etish
DASTURI
Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-fevraldagi 78-son qaroriga 3-ILOVA
2003-2006-yillarda umumtaʼlim maktablari, oliy oʻquv yurtlari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarda oshxonalar tashkil etish
DASTURI*
*) — Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining 2001—2006-yillarda umumtaʼlim maktablarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha Dasturiga muvofiq;
— Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining moddiy-texnika bazasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2001-yil 14-avgustdagi 338-son qaroriga 1-1-son, 3-1-son - 3- 14 - son ilovalarga muvofiq
Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-fevraldagi 78-son qaroriga 4-ILOVA
2003—2006-yillarda “GUZAR” turidagi savdo-maishiy xizmat komplekslarini tashkil etish
DASTURI
Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-fevraldagi 78-son qaroriga 5-ILOVA
2003—2006-yillarda aholiga maishiy xizmat koʻrsatish obyektlari tashkil etishning
YIGʻMA DASTURI
Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-fevraldagi 78-son qaroriga 6-ILOVA
2003—2006-yillarda aholiga maishiy xizmat koʻrsatish (xizmat turlari boʻyicha) obyektlarini tashkil etishning
YIGʻMA DASTURI
