Tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-149-son)
22.04.2025
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
QARORI
Mamlakatimizda tibbiyot sohasi uchun oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, aholi salomatligini muhofaza qilishning dolzarb muammolari boʻyicha kompleks ilmiy tadqiqotlar olib borish, oliy taʼlim tashkilotlarining mavjud resurslaridan samarali foydalanish hamda moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Turdosh yoʻnalishdagi oliy taʼlim muassasalarini ularning quvvati, ilmiy salohiyati va boshqa koʻrsatkichlaridan kelib chiqib yiriklashtirish hamda tibbiy taʼlim tizimida kadrlar tayyorlashni samarali tashkil etish ushbu qarorni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsad etib belgilansin.
II. Tibbiyot oliy taʼlim muassasalarini qayta tashkil etish
2. Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining quyidagi takliflari maʼqullansin:
(a) Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va Toshkent davlat stomatologiya instituti negizida Toshkent davlat tibbiyot universitetini (keyingi oʻrinlarda — Universitet) tashkil etish;
(b) Toshkent tibbiyot akademiyasining markaziy ilmiy-tekshirish laboratoriyasi negizida Tibbiyot ilmiy-innovatsion tadqiqot instituti faoliyatini yoʻlga qoʻyish;
(v) Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filialini Urganch davlat tibbiyot instituti etib qayta tashkil etish;
(g) Toshkent tibbiyot akademiyasining koʻp tarmoqli klinikasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi va Toshkent davlat stomatologiya instituti klinikasini Toshkent davlat tibbiyot universiteti klinikalari (keyingi oʻrinlarda — Universitet klinikalari) etib qayta nomlash;
(d) Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz va Chirchiq filiallarini Toshkent davlat tibbiyot universitetining Termiz va Chirchiq filiallari etib qayta nomlash;
(e) Toshkent tibbiyot akademiyasi akademik litseyi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyi va Toshkent davlat stomatologiya instituti akademik litseyini Toshkent davlat tibbiyot universitetining 1-, 2- va 3-son akademik litseylari etib qayta nomlash.
3. Quyidagilar Universitetning asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari etib belgilansin:
(a) tibbiy-kasbiy taʼlim tizimida yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
(b) taʼlim dasturlarini xalqaro tibbiy taʼlim standartlariga muvofiqlashtirib, kompetensiyalarga asoslangan tibbiy taʼlim dasturlarini joriy etish;
(v) oʻquv jarayonini amaliy koʻnikmalarni shakllantirishga yoʻnaltirish, xalqaro taʼlim standartlariga asoslangan ilgʻor pedagogik texnologiyalar, oʻquv dasturlari va innovatsion oʻquv-metodik materiallarni keng joriy etish, klinikalar va oʻquv bazalari faoliyatida nazariy bilim hamda amaliyotning uygʻunligini taʼminlash uchun zarur sharoitlar yaratish;
(g) fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqot ishlarini tibbiyot amaliyotidagi mavjud muammolarning yechimiga qaratish, tibbiy taʼlim, fan, innovatsiya va ilmiy tadqiqotlar natijalarining uzviy bogʻliqligini taʼminlash;
(d) ilmiy salohiyatni muntazam ravishda oshirib borish;
(e) Universitet va uning tizimiga kiruvchi taʼlim muassasalari moddiy-texnika bazasini modernizatsiya qilish va mustahkamlash, simulyatsion markaz, oʻquv va ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarini tashkil etish, zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash hamda faoliyatini muvofiqlashtirish.
4. Belgilansinki:
a) Universitet:
(i) tibbiyot sohasi uchun oliy maʼlumotli mutaxassislar va ilmiy kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha yetakchi oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi;
(ii) 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab magistraturada bosqichma-bosqich xorijiy til(lar)da oʻqitiladigan alohida guruhlar tashkil etadi;
(iii) tibbiyot sohasi uchun kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalariga oʻquv jarayonlarini tashkil etishda uslubiy yordam koʻrsatadi;
(iv) Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va Toshkent davlat stomatologiya institutining barcha huquq va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
(v) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blanklarga, mustaqil balansga hamda shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga ega boʻladi;
(vi) Sogʻliqni saqlash vazirligiga idoraviy jihatdan boʻysunadi. Bunda Sogʻliqni saqlash vazirligi Universitet bitiruvchilarining malaka talablarini ishlab chiqish, Universitet moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash hamda talabalarga amaliyot bazalarida zarur shart-sharoit yaratishda kadrlar buyurtmachisi sifatida koʻmaklashadi;
b) ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalari Universitet talabalari uchun klinik amaliyot bazalari etib belgilanadi;
v) Universitetga talabalarni oʻqishga qabul qilish 2025/2026 oʻquv yilidan boshlanadi. Bunda Universitetga davlat granti asosida oʻqishga qabul qilish davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari doirasida belgilanadi;
(g) 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va Toshkent davlat stomatologiya institutida tahsil olayotgan barcha talabalar oʻqishini Universitetda davom ettiradi hamda bitiruvchi kurs talabalariga belgilangan tartibda Universitet diplomi beriladi;
(d) Universitet kengashiga Universitet huzurida tibbiyot ixtisosliklari boʻyicha ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash tuzish va uning tarkibini tasdiqlash hamda mazkur ilmiy kengashga talabgorlarni ilmiy darajalarda mustaqil tasdiqlash boʻyicha qarorlar qabul qilish vakolati beriladi.
5. Universitet klinikalari yuridik maqomini saqlab qolgan holda maʼmuriy va tashkiliy-boshqaruv jihatdan Universitet rektoriga boʻysunadi. Bunda:
(a) Universitet klinikalarini amaldagi moliyalashtirish tartibi saqlab qolinadi;
(b) Universitet kuzatuv kengashining qarorlariga muvofiq, Universitetning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan uning klinikalari va klinik bazalari taʼmirlanishi hamda yangi tibbiy uskunalar va anjomlar bilan jihozlanishi mumkin.
6. Quyidagilar:
(a) Toshkent davlat tibbiyot universiteti kuzatuv kengashining tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
(b) 2025 — 2027-yillarda Toshkent davlat tibbiyot universitetida kadrlar tayyorlash tizimini samarali yoʻlga qoʻyish, ilmiy salohiyatni oshirish va moddiy-texnik bazani mustahkamlash boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq;
(v) Toshkent davlat tibbiyot universitetiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul beriladigan obyektlar roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin..
8. Universitet kuzatuv kengashi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda xorijiy konsultant jalb qilgan holda 2025-yil yakuniga qadar Universitet tizimidagi barcha tashkilotlarga markazlashgan tartibda moliya-buxgalteriya xizmati, moddiy-texnika taʼminoti xizmati, bino va inshootlardan foydalanish xizmatini koʻrsatuvchi yagona markaz tashkil etsin.
9. Universitet tuzilmasida homiylik xayriyalari hisobidan toʻldiriladigan Toshkent davlat tibbiyot universitetini rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etilsin. Bunda belgilansinki:
(a) Universitetga toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushgan mablagʻlarning saqlash va joriy xarajatlardan ortgan qismi Universitetni rivojlantirish jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi;
(b) ushbu bandning “a” kichik bandida koʻrsatilgan mablagʻlar Universitet kuzatuv kengashining qaroriga muvofiq taʼlim jarayonini yaxshilash, moddiy-texnik bazani rivojlantirish uchun ishlatiladi.
10. Sogʻliqni saqlash vazirligi “Sogʻliqni saqlash loyihalari markazi” loyiha ofisi bilan birgalikda:
(a) 2025-yil 1-sentabrga qadar toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish asosida shartnoma tuzish orqali Universitetning boshqaruv kadrlari lavozimlariga yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalarida ish tajribasiga ega boʻlgan mutaxassislarni Universitetning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan jalb qilish chorasini koʻrsin;
(b) Universitet faoliyatini takomillashtirish va taʼlim sifatini taʼminlash maqsadida uch oy muddatda Universitetning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda Universitet huzurida Transformatsiya ofisini tashkil etsin.
11. Transformatsiya ofisi quyidagilar uchun masʼul etib belgilansin:
(a) Universitetni 2030-yilga qadar xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar reytingining birinchi 1000 ta oʻrindagi oliy taʼlim muassasalari roʻyxatiga kiritish, shuningdek, Universitet taʼlim dasturlari xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazilishini taʼminlash yuzasidan strategiyani ishlab chiqish;
(b) 2025 — 2028-yillarda xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarida kamida 120 nafar yetakchi professor-oʻqituvchining stajirovkasini tashkil etish;
(v) Universitetda umumtaʼlim fanlarini qisqartirish hisobidan mutaxassislik fanlari va amaliy mashgʻulotlar ulushini oshirish orqali amaliy bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan kadrlarni tayyorlash;
(g) talabalarning barcha yozma ish va dissertatsiyalarini koʻchirmachilikka qarshi tekshirish (antiplagiat) mexanizmini joriy etish;
(d) Universitetda oʻquv va ish jarayonlarini (hujjat aylanmasi, axborot-kutubxona resursi, talaba va xodimlar maʼlumotlari) toʻliq raqamlashtirish, shuningdek, talabalarning oʻzlashtirishi, dars jadvali, maʼruza materiallari va boshqalar aks ettirilgan talabalarning “shaxsiy kabineti”ni yuritish.
12. Universitetga akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqillik berilsin. Bunda:
(a) Universitetga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-dekabrdagi “Davlat oliy taʼlim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-60-son hamda 2021-yil 24-dekabrdagi “Davlat oliy taʼlim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-61-son qarorlarida belgilangan qoidalar tatbiq etiladi;
(b) Universitetga xorijiy oʻquv va ilmiy adabiyotlarni hamda ularni tarjima qilish va tarqatish huquqini xarid qilishda, xorijiy mutaxassislarni jalb qilish uchun rekruting kompaniyalari bilan hamkorlikda ishlashda hamda xorijiy mutaxassislar uchun uy-joy ijarasini rasmiylashtirishda toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzishga ruxsat beriladi;
(v) yangi avlod tibbiy taʼlim adabiyotlari va oʻquv resurslarini yaratish, xarid qilish, tarjima qilish va nashr etish xarajatlari Davlat budjeti va Universitetning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
13. Sogʻliqni saqlash vazirligi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda mazkur qarorga muvofiq Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va Toshkent davlat stomatologiya instituti hamda ularning klinikalari shtatlar sonini maqbullashtirish natijasida ishdan boʻshatiladigan xodimlarni belgilangan tartibda ish bilan taʼminlash va ijtimoiy muhofaza qilish choralarini koʻrsin.
14. Belgilansinki:
(a) Universitet faoliyati Davlat budjeti mablagʻlari, toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar, xoʻjalik faoliyati va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat tashkilotlari grantlari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
(b) Universitet faoliyatini Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish 2025-yilda Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Sogʻliqni saqlash vazirligiga ajratiladigan mablagʻlar doirasida, 2026-yildan boshlab esa Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
III. Qaror ijrosini tashkil etish va nazorat qilish
15. Sogʻliqni saqlash vazirligi:
(a) bir oy muddatda Urganch davlat tibbiyot instituti faoliyatini tashkil etishga oid qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
(b) uch oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
16. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sogʻliqni saqlash vaziri A.A. Xudayarov hamda oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov belgilansin.
17. Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari O.Q. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 22-aprel,
PQ-149-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 22-apreldagi PQ-149-son qaroriga 1-ILOVA
Toshkent davlat tibbiyot universiteti kuzatuv kengashining
TARKIBI
1.A.A. Xudayarov—sogʻliqni saqlash vaziri, Kuzatuv kengashi raisi2.K.A. Sharipov—oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri, Kuzatuv kengashi raisi oʻrinbosari3.E.E. Adilov—“Sogʻliqni saqlash loyihalari markazi” loyiha ofisi direktori5.O.R. Fazilkarimov—iqtisodiyot va moliya vazirining oʻrinbosari6.S.S. Abdullayev—Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining oʻrinbosari7.B.K. Yusupaliyev—Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi raisi8.Duglas Vitman—Vebster universiteti sogʻliqni saqlash boshqaruvi magistratura dasturi rahbari (kelishuv asosida)9.Lavozimi boʻyicha—Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori, Kuzatuv kengashi kotibi
Izohlar:
1. Kuzatuv kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga mazkur lavozimlarga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli vazifalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi;
2. Zarur hollarda, Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Kuzatuv kengashi tarkibiga oʻzgartirish kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 22-apreldagi PQ-149-son qaroriga 2-ILOVA
2025 — 2027-yillarda Toshkent davlat tibbiyot universitetida kadrlar tayyorlash tizimini samarali yoʻlga qoʻyish, ilmiy salohiyatni oshirish va moddiy-texnik bazani mustahkamlash boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 22-apreldagi PQ-149-son qaroriga 3-ILOVA
Toshkent davlat tibbiyot universitetiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul beriladigan obyektlar
ROʻYXATI
