Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlikning texnik hamkorlik milliy loyihalarini amalga oshirish samaradorligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida (249-son)
21.04.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlikning texnik hamkorlik milliy loyihalarining amalga oshirilishini tartibga solish, ularni muvofiqlashtirish, shuningdek, amalga oshirilayotgan texnik hamkorlik milliy loyihalarini amalga oshiruvchi vazirlik va idoralarning masʼuliyatini yanada oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Texnik hamkorlik milliy loyihalarini (keyingi oʻrinlarda — milliy loyihalar) ishlab chiqish, amalga oshirish tartibi, ular boʻyicha hisobdorlik, shuningdek, milliy loyihalarning amalga oshirilishini muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasida Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlikning texnik hamkorlik milliy loyihalarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi milliy loyihalarning amalga oshirilishini muvofiqlashtiruvchi vakolatli organ etib belgilansin.
3. Belgilansinki:
milliy loyihalarning tashabbuskori boʻlgan vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu loyihalarning samarali va oʻz vaqtida amalga oshirilishi, milliy loyihani amalga oshirish holatini baholash hisobotini oʻz vaqtida Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlikning maxsus elektron tizimiga kiritilishiga hamda milliy loyihalarda ishtirok boʻyicha xarajatlarning qoplanishiga shaxsan masʼul va javobgardirlar;
vazirlik va idoralarning milliy loyihalarda ishtirok etishi bilan bogʻliq xarajatlari, shu jumladan, milliy loyihalarni amalga oshirish uchun avvalgi milliy loyihalar boʻyicha qarzdorliklari Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlik tomonidan qarzdorliklarni toʻlash boʻyicha soʻrov yuborilgandan soʻng bir oy muddat ichida ularning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
4. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 21-aprel,
249-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-apreldagi 249-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlikning texnik hamkorlik milliy loyihalarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlikning (keyingi oʻrinlarda — AEXA) texnik hamkorlik milliy loyihalarini (keyingi oʻrinlarda — milliy loyihalar) manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqish, amalga oshirish tartibi, shuningdek, ularni amalga oshiruvchi vazirlik va idoralarning masʼuliyati hamda javobgarligini belgilaydi. Milliy loyihalar AEXA tomonidan moliyalashtiriladi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
AEXAning maxsus elektron tizimi — milliy loyihalarning holatini baholash, ularni amalga oshirish va milliy loyihalar boʻyicha hisobotlarni kiritish tizimi;
vakolatli organ — Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi;
verbal nota — AEXA tomonidan yuboriladigan milliy loyihalarni amalga oshirish uchun rejalashtirilgan yangi davr uchun milliy loyihalar konsepsiyalarini ishlab chiqish va taqdim qilish muddatlari koʻrsatilgan xabarnoma;
milliy loyiha boʻyicha masʼul shaxs — milliy loyihalarni amalga oshiruvchi vazirlik va idoralar tomonidan loyihani rejalashtirish, amalga oshirish, monitoring qilish va koʻrib chiqish jarayonlari uchun tayinlangan masʼul vakil;
mamlakatning hadli dasturi — texnik hamkorlik faoliyati orqali AEXAga aʼzo davlatning ustuvor rivojlanish ehtiyojlari va manfaatlarini hisobga olish imkonini beruvchi strategik rejalashtirish vositasi;
mamlakat dastur xabarnomasi — rejalashtirilgan davr uchun texnik hamkorlik dasturi doirasida koʻrib chiqiladigan AEXAga aʼzo davlatning rivojlanish ustuvorliklari haqida umumiy maʼlumotni oʻz ichiga olgan hujjat;
mantiqiy matritsa — milliy loyihaning asosiy elementlari (umumiy maqsad, yakuniy natijalar va loyiha boʻyicha amalga oshiriladigan tadbirlar), koʻrsatkichlar, ularni tekshirish vositalari va muvaffaqiyat yoki muvaffaqiyatsizlikka taʼsir qilishi mumkin boʻlgan taxminlar yoki xatarlar toʻgʻrisida tizimlashtirilgan maʼlumotlar;
milliy loyihalar davri — milliy loyihalarni amalga oshirishning 2 yildan ortiq boʻlmagan davri;
milliy loyihalar holatini baholash hisoboti — milliy loyihalar boʻyicha masʼul shaxslarga ular tomonidan rejalashtirilgan natijalarga erishish nuqtai nazaridan loyihaning holatini tahlil qilish va hisobot berish imkonini beruvchi vosita;
milliy loyihalar konsepsiyasi — milliy loyihalarni asoslantirish, ularni amalga oshirish maqsadi hamda kutilayotgan natijalarini tasniflovchi tamoyillar tizimi;
milliy loyihalarda ishtirok etish boʻyicha xarajatlar — tasdiqlangan yangi milliy loyihalar uchun milliy loyihalar tashabbuskori boʻlgan vazirlik va idoralar tomonidan toʻlanishi lozim boʻlgan milliy loyiha umumiy budjetining 5 foizi miqdoridagi mablagʻ;
texnik hamkorlik dasturini boshqarish tizimi — AEXAning milliy loyihalarni ishlab chiqish va boshqarish imkonini beruvchi platforma.
3. Milliy loyihalarning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish maqsadida vakolatli organ rahbari tomonidan milliy loyiha davrida milliy loyihalarni muvofiqlashtiruvchi masʼul shaxs hamda uning yordamchisi tayinlanadi va bu haqida bir ish kunida AEXAga xabarnoma yuboriladi.
2-bob. Milliy loyihalarni ishlab chiqish
4. Milliy loyihalarni ishlab chiqish AEXA tomonidan vakolatli organga verbal nota kelib tushganidan keyin boshlanadi hamda ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan Milliy loyihalarni ishlab chiqish sxemasi boʻyicha amalga oshiriladi.
5. Vakolatli organ AEXA verbal notasi kelib tushgan kundan boshlab 5 ish kuni ichida mamlakatning hadli dasturiga asosan manfaatdor vazirlik va idoralarga ushbu Nizomga 2-ilovada keltirilgan ishlab chiqilishi taklif etilayotgan Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlikning texnik hamkorlik milliy loyihasi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma shakliga muvofiq maʼlumotlarni taqdim qilish haqida murojaat xati tayyorlaydi va yuboradi.
6. Milliy loyihalarni amalga oshiruvchi vazirlik va idoralar milliy loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor boʻlgan taqdirda, vakolatli organ tomonidan murojaat xati olgan kunidan boshlab 15 ish kunida milliy loyihalar boʻyicha maʼlumotlarni tayyorlaydi va oʻrnatilgan tartibda vakolatli organga taqdim qiladi. Maʼlumotlar davlat va ingliz tillarida tayyorlanadi.
Taqdim etilgan maʼlumotlar talab etilgan shaklda boʻlmasa yoki belgilangan muddatdan kechiktirib taqdim etilgan boʻlsa, vakolatli organ ushbu maʼlumotlarning koʻrib chiqilishi va AEXAga yuborilishini rad etadi.
7. Vakolatli organ 10 ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatda milliy loyihalar boʻyicha maʼlumotlarni koʻrib chiqadi, tahlil qiladi, mamlakat uchun dastur xabarnomasini tayyorlaydi hamda AEXA verbal notasida belgilangan muddatdan kechiktirmagan holda texnik hamkorlik dasturini boshqarish tizimiga joylashtiradi.
Taqdim qilingan milliy loyihalar boʻyicha AEXAdan taklif va eʼtirozlar kelib tushgan taqdirda, vakolatli organ milliy loyihalarni amalga oshiruvchi vazirlik va idoralarga milliy loyihalar boʻyicha qoʻshimcha maʼlumotlar olish uchun 3 ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatda soʻrov yuboradi.
8. Mamlakat uchun dastur xabarnomasi texnik hamkorlik dasturini boshqarish tizimiga joylashtirilganidan soʻng milliy loyihalar boʻyicha AEXA tomonidan eʼtirozlar boʻlmagan taqdirda, uch oylik muddatda vazirlik va idoralarning milliy loyihalari boʻyicha masʼul shaxslari mantiqiy matritsa jadvali va loyiha ish rejasini oʻz ichiga oladigan milliy loyihalar konsepsiyasini Dastur davrining boshqarish tizimi orqali yuboradi.
9. Milliy loyiha boʻyicha masʼul shaxslar milliy loyiha konsepsiyalarini AEXA masʼul xodimi bilan birga qayta ishlash va tasdiqlashga tayyorlashda doimiy hamkorlik qiladi.
10. AEXA tomonidan tasdiqlashga tayyorlangan barcha milliy loyihalar konsepsiyalarining yakuniy tahriri tayyorligi haqidagi xabarnoma kelib tushgan taqdirda vakolatli organ 5 ish kuni mobaynida konsepsiyalarni koʻrib chiqadi va Dastur davrini boshqarish tizimi orqali tasdiqlaydi.
3-bob. Milliy loyihalarni amalga oshirish va ular boʻyicha hisobdorlik
11. Milliy loyihalarni amalga oshirish va hisobdorlik ushbu Nizomga 3-ilovada keltirilgan Milliy loyihalarni amalga oshirish va ular boʻyicha hisobdorlik sxemasiga muvofiq amalga oshiriladi.
12. AEXA tomonidan milliy loyihalar tasdiqlanganligi toʻgʻrisida xabarnoma olinganidan soʻng vakolatli organ milliy loyihalarni amalga oshiruvchi vazirlik va idoralarga 5 ish kuni mobaynida quyidagi maʼlumotlar aks etgan xabarnomani yuboradi:
milliy loyihaning nomi;
tasdiqlangan umumiy budjeti;
milliy loyihalarda ishtirok etish boʻyicha xarajatlar summasi va toʻlovni amalga oshirish muddati.
13. Milliy loyihalar amalga oshirilishi va uning ish rejasida bajarilishi koʻzda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida boshlanishi uchun vazirlik va idoralar milliy loyihalarda ishtirok etish boʻyicha xarajatlar summasini oʻz muddatida AEXAga toʻlanishini taʼminlashi shart.
14. Milliy loyihalarni amalga oshirish boshlanganidan soʻng milliy loyiha boʻyicha masʼul shaxslar yil yakuni boʻyicha loyihalar holatini baholash hisobotini tayyorlaydi va har yili 31-dekabr kuniga qadar AEXAning maxsus elektron tizimiga joylashtirib boradi.
15. Vakolatli organ AEXAning maxsus elektron tizimi orqali kelib tushgan loyiha holatini baholash hisoboti 5 ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatda koʻrib chiqadi va ushbu tizimga maʼlumotlar toʻliq kiritilgan taqdirda hisobotni tasdiqlaydi.
Hisobotlar boʻyicha kamchiliklar aniqlangan taqdirda, vakolatli organ loyihalar holatini baholash hisobotini tegishli taklif va eʼtirozlar bilan AEXAning maxsus elektron tizimi orqali vazirlik va idoralarning milliy loyiha boʻyicha masʼul shaxslariga qayta ishlashga yuboradi.
16. Vazirlik va idoralarning milliy loyihalar boʻyicha masʼul shaxslari qayta ishlangan loyiha holatining baholash hisobotini AEXAning maxsus elektron tizimiga uch ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatda qaytadan joylashtiradi.
17. Milliy loyihalarni amalga oshirishni nazorat qilish maqsadida vazirlik va idoralar milliy loyihalar doirasida olingan jihoz va uskunalardan maqsadli foydalanishi va ularning holati hamda milliy loyihalar bilan koʻzda tutilgan yoʻnalishlar boʻyicha malakasini oshirgan mutaxassislarning olgan bilimlarini amaliyotga tatbiq etilishi haqidagi hisobotlarni xar chorak yakuni boʻyicha keyingi oyning 5-sanasiga qadar vakolatli organga kiritib boradi.
4-bob. Milliy loyihalarning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish
18. Milliy loyihalarning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish vakolatli organ tomonidan amalga oshiriladi va quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
milliy loyihalar konsepsiyalarini tayyorlash va AEXAga taqdim etish boʻyicha tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlik qilish;
taqdim etilgan loyiha konsepsiyalarini milliy loyihalar tashabbuskori boʻlgan vazirlik va idoralar bilan koʻrib chiqish;
milliy loyihalar konsepsiyalarini kelishish va ularni AEXAga koʻrib chiqish uchun taqdim etish;
zarur hollarda vazirlik va idoralarga milliy loyihalarni amalga oshirishda koʻmaklashish;
milliy loyihalarning oʻz vaqtida bajarilishini va baholash tartib-taomillarining amalga oshirilishini taʼminlash;
vazirliklar va idoralarning texnik hamkorlik siyosati va jarayonlarini tushunishi va ularga rioya qilinishini taʼminlash;
vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda milliy loyihalar boʻyicha ishlarning borishi, yuzaga kelayotgan muammolar va koʻrilayotgan chora-tadbirlarni tahlil qilish;
milliy loyihalar boʻyicha masʼul shaxslarning milliy loyihalarni ishlab chiqish, ularni amalga oshirish va hisobdorlik yuzasidan belgilangan tartib va qoidalar boʻyicha AEXA tomonidan tashkillashtiriladigan tadbirlarda ishtirokini taʼminlash.
5-bob. Milliy loyihalarni ishlab chiqishda va amalga oshirishda vazirlik va idoralarning rahbarlari hamda milliy loyihalar boʻyicha masʼul shaxslarining huquqlari, masʼuliyati va javobgarligi
19. Milliy loyihalarini ishlab chiqishda va amalga oshirishda vazirlik va idoralarning rahbarlari:
ushbu Nizomning 2-bobida belgilangan tartibda milliy loyihalarni ishlab chiqish boʻyicha vakolatli organga tashabbus bilan chiqish;
zarur hollarda boshqa vazirlik va idoralarning mutaxassislaridan iborat ishchi guruhlar tuzish;
milliy loyihalarning samarali va oʻz vaqtida amalga oshirilishini nazorat qilish;
milliy loyihalarni amalga oshirishda vazirlik va idoralarning ehtiyojidan kelib chiqib, milliy loyiha boʻyicha masʼul shaxs AEXAga, loyihaga ajratilgan budjet doirasida, loyihaning ish rejasiga oʻzgartirishlar kiritish tashabbusi bilan chiqish huquqiga ega.
20. Vazirlik va idoralarning rahbarlari:
milliy loyihalar boʻyicha maʼlumotlar va konsepsiyalarning tayyorlanishini hamda belgilangan muddatlarda AEXAga taqdim etilishini tashkillashtirishga;
tasdiqlangan milliy loyihalarining milliy loyihalarda ishtirok etish boʻyicha xarajatlar summasi oʻz vaqtida va toʻliq toʻlanishiga;
AEXA masʼul xodimlari koʻrsatmalariga muvofiq milliy loyihalar konsepsiyalarini qayta ishlash va tasdiqlashga;
milliy loyihalarni amalga oshirishni baholash hisobotini oʻz vaqtida AEXAga yuborishga;
milliy loyihalar doirasida olingan jihoz va uskunalardan maqsadli foydalanish va soz holatda boʻlishini taʼminlashga masʼul va javobgardirlar.
21. Milliy loyiha boʻyicha masʼul shaxslar:
milliy loyihalarni ishlab chiqish, amalga oshirish yuzasidan AEXA masʼul xodimlari bilan maslahatlashuvlar oʻtkazish;
AEXA masʼul xodimlari koʻrsatmalariga muvofiq milliy loyihalar konsepsiyalarini qayta ishlash va tasdiqlashga tayyorlashda ishtirok etish;
milliy loyihalar doirasida tashkillashtiriladigan tadbirlarda ishtirok etish uchun nomzodlarni tasdiqlash huquqiga ega.
22. Milliy loyiha boʻyicha masʼul shaxslar milliy loyihalar boʻyicha maʼlumotlar, mantiqiy matritsa jadvali va loyiha ish rejasini oʻz ichiga oladigan milliy loyiha konsepsiyalarining puxta va sifatli tayyorlanishiga hamda ularning oʻz muddatida AEXAga yuborishga masʼul va javobgardirlar.
6-bob. Yakunlovchi qoida
23. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Oʻzbekiston Respublikasida Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlikning texnik hamkorlik milliy loyihalarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Milliy loyihalarni ishlab chiqish
sxemasi
Oʻzbekiston Respublikasida Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlikning texnik hamkorlik milliy loyihalarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlikning texnik hamkorlik milliy loyihalarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Milliy loyihalarni amalga oshirish va ular boʻyicha hisobdorlik
SXEMASI
