Ishlab chiqarish, eksport va tadbirkorlik faoliyatini ragʻbatlantirish, savdo va sanoat siyosati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PF-67-son)
18.04.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Jahon iqtisodiyotidagi keskin oʻzgarishlar, tashqi xatarlar va global raqobat sharoitida milliy ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilarni samarali qoʻllab-quvvatlash, ichki bozorda adolatli raqobat muhitini taʼminlash hamda tadbirkorlik faoliyati uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida qaror qilaman:
I. Asosiy maqsad
1. Belgilansinki, ushbu Farmonni qabul qilishdan asosiy maqsad ishlab chiqarish, milliy mahsulotlar eksporti, yangi ish oʻrinlarini yaratish boʻyicha 2025-yil uchun belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarga erishish hisoblanadi.
II. Ichki bozorda raqobat muhitini rivojlantirish
2. Belgilansinki:
(a) olib kirilayotgan tovarlarning bojxona qiymatini aniqlash tartibi Tariflar va savdo boʻyicha bosh bitim (GATT) va mazkur bitimning VII moddasini qoʻllash toʻgʻrisidagi 1994-yildagi bitimda belgilangan umumiy tamoyil va qoidalarga toʻliq muvofiqlashtiriladi;
(b) tovarlarning bojxona qiymatini aniqlashda imtiyozlar yoki maxsus bojxona rasmiylashtiruvi tartiblari, jumladan, muayyan aniqlash usullarini qoʻllashga yoʻl qoʻyilmaydi;
(v) bojsiz olib kirish meʼyorlari va bojxona rasmiylashtiruvi shartlari jahon standartlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
3. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda ichki bozorda raqobat muhitini rivojlantirish choralari boʻyicha qaror qabul qilsin.
III. Sertifikatsiya va texnik nazorat sohasidagi islohotlar
4. Belgilansinki:
(a) xavf darajasi yuqori boʻlgan mahsulotlarni majburiy davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi bekor qilinib, ularga muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiya rasmiylashtirish tartibi joriy etiladi;
(b) 2025-yil 1-maydan boshlab muvofiqlik deklaratsiyasini sertifikatlashtirish organlarida roʻyxatdan oʻtkazish tartibi bekor qilinadi hamda ularni shakllantirish va hisobga olish Texnik tartibga solish axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.
(i) Vazirlar Mahkamasi 2025-yil 1-avgustga qadar majburiy sertifikatlanadigan tovarlar roʻyxatini tubdan qisqartirish va mahsulotlar muvofiqligini deklaratsiyalash amaliyotini keng qoʻllash choralarini koʻrsin.
5. Muvofiqlikni baholash va nazorat organlari funksiyalari quyidagicha qayta taqsimlansin:
(a) oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi nazorati boʻyicha vakolatli organ vazifalari Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladi. Bunda:
(i) 2025-yil 1-avgustdan boshlab oziq-ovqat mahsulotlari uchun texnik reglamentlar va standartlar majburiyligi bekor qilinadi;
(ii) Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi 2025-yil 1-avgustga qadar Kodeks Alimentarius standartlari asosida eng ustuvor oziq-ovqat mahsulotlariga tegishli sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarini tasdiqlasin;
(iii) Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi tomonidan ishlab chiqilgan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari daxldor vazirlik va idoralar bilan kelishilgandan soʻng toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladi;
(b) ilovaga muvofiq ayrim tovarlar sanitariya-epidemiologiya, davlat veterinariya xizmati, oʻsimliklar karantini, texnik tartibga solish nazoratidagi roʻyxatlardan chiqarib tashlansin.
6. Sanitar, fitosanitar va veterinariya nazorati sohasidagi quyidagi tartib-taomillarga majburiy amal qilish 2025-yil yakunigacha talab qilinmasin:
(a) mahalliy va import oziq-ovqat mahsulotlari uchun sanitariya va epidemiologiya xizmatlarining laboratoriyalari natijalariga asosan sanitariya-epidemiologik xulosa olish orqali sertifikatlash;
(b) barcha turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, shu jumladan, bolalar ovqatlari, terapevtik va profilaktik ovqatlanish uchun parhez oziq-ovqat mahsulotlari, oziq-ovqat qoʻshimchalari, biologik faol oziq-ovqat qoʻshimchalari va yangi retseptlar yoki yangi texnologiya asosida yaratilgan oziq-ovqat mahsulotlari uchun barcha texnik hujjatlarni (oziq-ovqat mahsulotlari boʻyicha barcha yangi oʻzgarishlarni, shu jumladan, retseptlar, texnologik koʻrsatmalar (normalar), qoplama hajmi, texnik shartlar, ishlab chiqarish, qadoqlash, markirovkalash, saqlash, tashish va realizatsiya qilish jarayonlariga oid) Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishish va tasdiqlash;
(v) alkogolsiz ichimliklar uchun qoʻshimchalar, xom ashyo, xususan, ichimliklar ishlab chiqarish uchun butlovchi qismlarni ishlab chiqarish va mamlakatga olib kirish uchun har bir partiyani sertifikatlash;
(g) oziq-ovqat mahsulotlari uchun fitosanitariya sertifikatini olish, agar ularga nisbatan sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan gigiyenik xulosa va (yoki) davlat veterinariya xizmati tomonidan veterinariya xulosasi (sertifikati) taqdim etilgan boʻlsa;
(d) oʻsimlik mahsulotlari, mato, ipak, charm, oʻyinchoqlar, sport inventari va boshqalar uchun veterinariya sertifikatini olish.
7. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda sanitariya-epidemiologiya, veterinariya, oʻsimliklar karantini, ekologiya, texnik tartibga solish va texnik nazoratning boshqa yoʻnalishlarida tovarlar roʻyxatlarini “gilotina” uslubida qisqartirish boʻyicha qaror qabul qilsin, shuningdek, tartib-taomillarni xalqaro amaliyotga muvofiqlashtirish, davlat laboratoriyalarini sotish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlasin.
8. Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash boʻyicha idoralararo komissiya (J. Xodjayev) bir oy muddatda sertifikatlangan va deklaratsiyalangan asbob-uskuna, butlovchi qismlar, xom ashyolar, oʻlchov vositalari, kimyoviy reagentlar va koʻtarish moslamalari importida milliy sertifikat olish talab qilinmaydigan xorijiy yuqori sifat va nazorat tizimlarining mezonlarini tasdiqlasin.
9. Adliya vazirligi Texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan birgalikda uch oy muddatda “Mahsulotlarning umumiy xavfsizligi toʻgʻrisida”gi va 2025-yil 1-sentabrga qadar “Bozor nazorati toʻgʻrisida”gi qonunlar loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
IV. Bojxona toʻlovlari va soliq maʼmuriyatchiligi
10. 2025-yil 1-oktabrdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan xushboʻylashtiruvchi yoki rang beruvchi qoʻshimchalarsiz oq shakarga nisbatan aksiz soligʻi bekor qilinsin.
11. Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari boʻyicha hukumat komissiyasi (J. Xodjayev) shakar ishlab chiqaruvchi korxonalarni texnologik modernizatsiya qilish orqali ularning barqaror faoliyat yuritishi choralarini koʻrsin.
12. Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash boʻyicha idoralararo komissiya (J. Xodjayev) bir oy muddatda ishlab chiqarish uchun muhim xom ashyo va uskunalar (sut va beton tashuvchi transport vositalari hamda statsionar kuzatuv postlari) importida vaqtinchalik bojxona bojlarini kamaytirish boʻyicha qaror qabul qilsin.
13. 20 va undan ortiq ishchisi mavjud boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan mol-mulk va yer soliqlari hamda ijara toʻlovlari boʻyicha hisoblangan soliq summalari 2025-yil 15-iyulda va 1-dekabrda boʻlib-boʻlib toʻlanilishiga ruxsat berilsin.
14. Belgilansinki:
(a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi “Tadbirkorlar uchun teng sharoitlar va adolatli raqobat muhitini taʼminlash boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-229-son Farmoni 2-bandida nazarda tutilgan soliq imtiyozlarini qoʻllash uchun hisobot davridagi toʻquv (trikotaj mato, ip-gazlama va paypoq mahsulotlari), tikuv-trikotaj, poyabzal yoki charm-attorlik mahsulotlarini realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushum hajmini aniqlashda shartnomaga muvofiq daval xom ashyosini qayta ishlash yuzasidan koʻrsatilgan xizmatlar boʻyicha olingan daromad ham inobatga olinadi;
(b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan toʻrtinchi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-132-son Farmoni 8-bandiga muvofiq umumiy ovqatlanish xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlariga toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻining bir qismini qaytarishda ushbu faoliyatdan olingan daromad tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan jami daromadning kamida 80 foizini tashkil etishi zarur.
15. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda Jahon savdo tashkiloti qoidalari asosida elektrotexnika sanoati mahsulotlariga import kvotalarini belgilash, ochiq va shaffof elektron onlayn-auksion tizimi orqali taqsimlash tartibini joriy etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
V. Ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish
16. Vazirlar Mahkamasi sanoat korxonalarining avtomatik monitoring stansiyasi, chang-gaz tozalash uskunasi, lokal suv tozalash inshooti va statsionar kuzatuv posti bilan jihozlash majburiyati muddatini I toifadagi korxonalar uchun — 2026-yil 1-yanvarga qadar, II toifadagi korxonalar uchun — 2026-yil 1-iyulga qadar uzaytirsin.
(i) Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2025-yil 1-sentabrga qadar mazkur jihozlash qurilmalarini moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlarining 100 mln AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlarini tijorat banklariga jalb etish choralarini koʻrsin.
17. Oltingugurtga (TIF TN kodi 2503) nisbatan eksport boji 2025-yil 20-apreldan boshlab amal qilsin.
18. “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ va “Toshkent tovar xomashyo birjasi” AJ, “Oʻzkimyosanoat” AJ bilan birgalikda 2027-yil 1-yanvarga qadar birja savdolari orqali alohida forvard bitimlar tuzgan holda PVX mahsulotini 25 foizli boʻnak toʻlov asosida ortib berish va qolgan 75 foizini ikki oy muddatda boʻlib toʻlash sharti asosida sotish tartibini yoʻlga qoʻysin.
19. Ustav kapitalining 50 foizi va undan ortiq miqdorda davlat ulushiga ega korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan texnik gaz, kislorod va yangi turdagi kam tonnajli kimyo mahsulotlarini 2026-yil 1-yanvarga qadar faqat birja savdolari orqali sotish talabi tatbiq etilmasin.
20. Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari boʻyicha hukumat komissiyasi (J. Xodjayev) “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ va “Oʻzsanoatqurilish-materiallari” uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda qurilish materiallarini eksport qilishda korxonalar reytingidan va talab etiladigan xarajatlar summasidan qatʼi nazar xorijiy sertifikatlarni rasmiylashtirish xarajatlarini toʻliq qoplab berishni yoʻlga qoʻysin.
21. Qishloq xoʻjaligi vazirligi uch oy muddatda xususiy urugʻchilik korxonalarini rivojlantirish, Davlat budjeti va grantlar hisobidan qishloq xoʻjaligida ilm va innovatsiyalarni keng joriy qilishda xususiy sektor ishtirokini kengaytirishga oid dasturni tasdiqlasin.
VI. Eksportni kengaytirish
22. Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash boʻyicha idoralararo komissiyaga (J. Xodjayev) eksport bojxona bojlari stavkalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish vakolati berilsin.
23. Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash boʻyicha idoralararo komissiya (J. Xodjayev) ichki va tashqi bozordagi konyunkturadan kelib chiqib, har oyda eksport bojxona boji stavkalarining pasaytirilgan stavkalarini tasdiqlab borsin (goʻsht, guruch, ip-kalava, teri xom ashyosi va tayyor mahsuloti, mineral oʻgʻitlar va kam tonnajli kimyo mahsulotlari).
24. Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi hamda Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi tadbirkorlik subyektlariga xorijiy bozorlarga chiqish uchun zarur ruxsatnomalarni rasmiylashtirish, tegishli reyestrlarga kirishni taʼminlash boʻyicha davlat amaliy yordamini koʻrsatib borsin.
25. Belgilansinki, mazkur Farmonda nazarda tutilgan masalalar yuzasidan hamda tashqi bozorlardagi oʻzgarishlarga tezkor moslashish maqsadida qabul qilinadigan Vazirlar Mahkamasining, Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash boʻyicha idoralararo komissiyaning, Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari boʻyicha hukumat komissiyasining qarorlari, agar ularning oʻzida kechroq muddat koʻrsatilmagan boʻlsa, darhol kuchga kiradi. Bunda budjet va boshqa sohalardagi qonunchilikda belgilangan huquqiy hujjatlarning amal qilish muddatlariga oid talablar tatbiq etilmaydi.
VII. Investitsiyalarni ragʻbatlantirish
26. Belgilansinki, 2025-yil 1-iyundan boshlab xorijiy davlatlar fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga 250 ming AQSH dollari hamda ularning har bir oila aʼzosiga (turmush oʻrtogʻi, farzandi va ota-onasi) 150 ming AQSH dollari miqdoridagi toʻlovlar evaziga Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi 5 yil muddatga soddalashtirilgan tartibda beriladi.
27. Soliq va muddati oʻtgan debitor qarzdorligi mavjud boʻlmagan eksport qiluvchi korxonalar tomonidan xorijda savdo uyini tashkil etish uchun alohida qarorlarsiz yiliga 50 ming AQSH dollarigacha mablagʻni chet elga oʻtkazishga ruxsat berilsin, bundan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari hamda Hukumat qarorlari asosida alohida belgilangan tartiblar mustasno.
VIII. Nazorat va ijro
28. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Bojxona qoʻmitasi va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda ommaviy axborot vositalarida ushbu Farmonning mazmun-mohiyatini ochib berish uchun nashrlar, eshittirishlar va tematik teledasturlar tashkil qilsin.
29. Mazkur Farmon norma va qoidalari, agar ularning oʻzida kechroq muddat koʻrsatilmagan boʻlsa, darhol kuchga kirsin.
30. Mazkur Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 18-aprel,
PF-67-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-apreldagi PF-67-son Farmoniga ILOVA
Sanitariya-epidemiologiya, davlat veterinariya xizmati, oʻsimliklar karantini, texnik tartibga solish nazoratidagi roʻyxatlardan chiqarib tashlanayotgan ayrim tovarlar
ROʻYXATI
Izoh:
Mazkur roʻyxatda nazarda tutilgan tovarlarni eksport qilishda zarur boʻlishi mumkin boʻlgan ruxsatnoma va sertifikatlar, eksport qiluvchining ixtiyoriy murojaatiga koʻra, rasmiylashtirib beriladi.
* Mazkur yoʻnalishlarda nazorat va ruxsat etish tartib-taomillarini xalqaro amaliyotga moslashtirish chora-tadbirlari doirasida nazorat ostidagi tovarlar roʻyxatlari yangilanadi.
** Ushbu mahsulotlarning muvofiqligini baholash muvofiqlikni deklaratsiyalash yoʻli bilan amalga oshiriladi.
