Umummilliy birdamlik bogʻlarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (235-son)
17.04.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida” 2024-yil 21-fevraldagi PF-37-son Farmoni ijrosini taʼminlash hamda mamlakatimiz aholisi, ayniqsa, bolalar va oʻsmirlarning madaniy dam olishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish ruhida tarbiyalash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi PF-37-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2024-yilda yoʻnalishlar kesimida ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari roʻyxatining 21-bandiga muvofiq Umummilliy birdamlik bogʻlarini (keyingi oʻrinlarda — istirohat bogʻlari) bosqichma-bosqich tashkil etish belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. 2025 — 2030-yillarda umummilliy birdamlik bogʻlarini tashkil etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tegishli loyiha tashkilotlari bilan birgalikda 2025-yil 15-mayga qadar istirohat bogʻlarining namunaviy loyihasini ishlab chiqib, tasdiqlasin hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga yetkazilishini taʼminlasin. Bunda:
istirohat bogʻlarining namunaviy loyihasini ishlab chiqish bilan bogʻliq xarajatlar Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining Maʼnaviyat va ijodni qoʻllab-quvvatlash maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi;
istirohat bogʻlarining namunaviy loyihasi Vazirlar Mahkamasining “Istirohat bogʻlari va yashil zonalarni tashkil etish metodologiyasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2018-yil 17-avgustdagi 671-son qarori talablariga muvofiq ishlab chiqiladi.
4. Belgilansinki:
a) istirohat bogʻlarining namunaviy loyihasini ishlab chiqish va ularni tashkil etishda quyidagilar nazarda tutiladi:
istirohat bogʻlarini yangi Oʻzbekistonda hamjihatlik, ahillik va osoyishtalik kabi umummilliy qadriyatlarimizning ramzi va uni shakllantiruvchi makon sifatida belgilash;
namunaviy loyiha asosida barcha tuman (shahar)lardagi mavjud madaniyat va istirohat bogʻlari hamda unga tutash boʻlgan hududlarda taʼmirlash va obodonlashtirish asosida sokin va faol hududlar tashkil etish;
bogʻlarning 60 foiz hududida yashil maydon sifatida daraxt va butalar ekish, piknik zonalar, yosh bolalar uchun maxsus jihozlangan qumloqlar, ochiq osmon ostidagi kichik kutubxonalar, tasviriy va amaliy sanʼat bilan shugʻullanish hududlari hamda tashrif buyuruvchilar tinchligini buzmaydigan boshqa elementlar orqali sokin hududlar tashkil etish;
sokin hududlarni tashkil etishda daraxt va butalarga zarar yetkazmaslik va nobud qilmaslik maqsadida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish orqali qoʻriqlanadigan chegaralarni belgilash hamda daraxtlarni sugʻorish tizimini qayta koʻrib chiqish va uning samarali faoliyatini taʼminlash;
istirohat bogʻlarining 40 foiz hududini attraksionlar va koʻngilochar oʻyin qurilmalarining ixcham, qulay va zamonaviy turlarini sanitariya va yongin xavfsizligi qoidalariga, jamoat tartibi talablariga rioya qilgan holda faol hududlar sifatida tashkil etish;
velosiped yoʻlakchalari, bolalar attraksionlari va oilaviy dam olish uchun boshqa obyektlarni oʻz ichiga olgan oilaviy madaniy dam olish maydonlarini barpo etish;
b) istirohat bogʻlari hududida namunaviy loyihaga qatʼiy rioya qilgan holda, madaniy hordiq chiqarish obyektlarini joylashtirish, manzarali daraxtlar ekish va yashil maydonlar tashkil etish boʻyicha tuman (shahar) hokimlari shaxsan javobgar hisoblanadi.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari:
2025-yil 1-mayga qadar Madaniyat vazirligi bilan kelishilgan holda 2025 — 2030-yillarda har bir tuman (shahar)da tashkil etiladigan istirohat bogʻlarining manzilli roʻyxatini tasdiqlasin;
2025-yil 10-mayga qadar har bir tuman (shahar)da istirohat bogʻlarini tashkil etish maqsadida mavjud taʼmirtalab madaniyat va istirohat bogʻlarini rekonstruksiya qilish, kapital va joriy taʼmirlash hamda jihozlash, zarur hollarda yangidan qurish boʻyicha hududiy manzilli dasturlarni (keyingi oʻrinlarda — hududiy manzilli dasturlar) ishlab chiqib, ularning moliyalashtirish manbalarini belgilagan holda tasdiqlasin;
har chorakda kamida bir marotaba keng jamoatchilik fikri asosida istirohat bogʻlari faoliyatini samarali tashkil etish va ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash boʻyicha muhokamalar tashkil qilib borsin.
6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
istirohat bogʻlarini tashkil etish, saqlash va rivojlantirish bilan bogʻliq xarajatlar ijrochilarning budjetdan tashqari mablagʻlari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
namunaviy loyihaga muvofiq tasdiqlangan sokin hududlarda rekreatsion yoʻnalishdagi obyektlardan foydalanish bilan bevosita bogʻliq boʻlmagan holda faoliyat koʻrsatadigan sanoat va boshqa obyektlarni kengaytirish hamda yangilarini qurishga yoʻl qoʻyilmaydi;
istirohat bogʻlarida ekologik va rekreatsion funksiyalarni bajarishga salbiy taʼsir koʻrsatadigan xoʻjalik faoliyati taqiqlanadi;
madaniyat va istirohat bogʻlari boʻlmagan hududlarda namunaviy loyiha asosida yangi istirohat bogʻlari tashkil etiladi hamda tadbirkorlik subyektlariga uzoq muddatli ijara shartlari asosida ishonchli boshqaruvga berilgan madaniyat va istirohat bogʻlari manzilli roʻyxatga kiritilmaydi;
zarur hollarda istirohat bogʻlarini koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirish hamda bogʻbonlarga ish haqi toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar tuman (shahar)ning mahalliy budjetlari parametrlarida obodonlashtirish xarajatlari uchun nazarda tutiladigan mablagʻlar doirasida moliyalashtirilishi mumkin.
7. Madaniyat vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
har yili ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarining yillik taqvim rejalarini shakllantirishda istirohat bogʻlarida shoir va yozuvchilar, fan, taʼlim va madaniyat sohasining koʻzga koʻringan vakillari ishtirokida muntazam badiiy kecha va uchrashuvlar hamda boshqa madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etib borilishini nazarda tutsin;
2025-yil 1-iyunga qadar istirohat bogʻlari faoliyatini samarali tashkil etish hamda tasdiqlangan hududiy manzilli dasturlar ijrosi holatini oʻrganish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri boshchiligida respublika ishchi guruhi faoliyatini yoʻlga qoʻysin.
8. Quyidagilar respublika ishchi guruhining asosiy vazifalari etib belgilansin:
ushbu qaror bilan belgilangan vazifalar hamda hududiy manzilli dasturlar ijrosini, shuningdek, istirohat bogʻlarining namunaviy loyiha asosida tashkil etilishini oʻrganish;
istirohat bogʻlari hududida qurilgan barcha bino, inshoot va oʻzga koʻchmas mulklarni aniqlash, ularning istirohat bogʻlari faoliyati yoʻnalishiga mosligini tahlil qilish;
istirohat bogʻlarining faoliyat yoʻnalishiga mos boʻlmagan, shuningdek, noqonuniy qurilgan bino, inshoot va oʻzga koʻchmas mulklarni belgilangan tartibda bartaraf etish yuzasidan aniq takliflarni ishlab chiqish;
istirohat bogʻlari hududlari qisqarishi, yerlarining begonalashtirilishi holatlarini tanqidiy oʻrganish va aniqlangan qonun buzilishi holatlariga nisbatan tegishli choralar koʻrish;
qayta tashkil etiladigan istirohat bogʻlarining mol-mulki toʻliq xatlovdan oʻtkazilishini, mavjud bino va inshootlar, attraksionlar holati oʻrganilishini tashkil etish.
9. Madaniyat vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda ushbu qaror bilan belgilangan vazifalar ijrosi boʻyicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan har chorak yakunida Vazirlar Mahkamasiga tahliliy axborot va takliflarni kiritib borsin.
10. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri O.A. Nazarbekov hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 17-aprel,
235-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-apreldagi 235-son qaroriga ILOVA
2025 — 2030-yillarda umummilliy birdamlik bogʻlarini tashkil etish boʻyicha kompleks
CHORA-TADBIRLAR DASTURI
