2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2024-yilda amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarning ijrosi hamda 2025-yilda amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida (SQ-102-V-son)
18.03.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 28-maydagi SQ-297-IV-sonli Qarori bilan tasdiqlangan 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasining (bundan buyon matnda Strategiya deb yuritiladi) 2024-yilda ijrosi yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirildi.
Xususan, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlashga, xotin-qizlarning iqtisodiy va ijtimoiy sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan 14 ta normativ-huquqiy hujjat (2 ta qonun, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1 ta Farmoni va 2 ta qarori hamda hukumatning 9 ta qarori) qabul qilindi.
Davlat boshqaruvi akademiyasi tomonidan davlat fuqarolik xizmatchilarining bilim va kasbiy koʻnikmalarini rivojlantirish qaratilgan oʻquv dasturlari doirasida 827 nafar xotin-qiz oʻqitildi.
Avstriya, Chexiya, Latviya, Turkiya, Koreya, Xitoy va Yaponiya davlatlarida 30 dan ortiq rahbar ayollarning turli yoʻnalishda malakasi oshirildi.
Siyosiy partiyalar tomonidan xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirishga qaratilgan “Siyosatchi ayol”, “Ishbilarmon ayol” koʻrik-tanlovlari, “Deputat va yoshlar”, “Siyosatga marhamat”, “Liderlar onlayn maktabi”, “Men muvaffaqiyatli ayolman”, “Men lider ayolman”, “Men deputat boʻlaman” mavzularida tadbirlar oʻtkazildi.
2024-yilda oʻtkazilgan saylovlar natijasida xotin-qizlar ulushi Senatda qariyb 27 foizga, Qonunchilik palatasida 38 foizga, mahalliy Kengashlarda 32,5 foizga yetdi.
Imtiyozli kreditlar, maxsus kvotalarning ajratilishi, magistraturada taʼlim olish uchun kontrakt toʻlovlarining Davlat budjetidan qoplab berilishi natijasida xotin-qizlarning oliy taʼlimdagi soni 813 ming nafarni (bakalavrda 52,4 foiz, magistraturada 62,3 foiz) tashkil etdi.
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiyalar kvotasi doirasida bakalavriat va magistratura taʼlim yoʻnalishiga xotin-qizlar uchun 30 tadan qoʻshimcha oʻrin ajratildi. Shuning hisobidan 148 nafar xotin-qiz xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarida oʻqish uchun jamgʻarma stipendiyasini qoʻlga kiritdi.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tadqiqotchi xotin-qizlarning ilmiy va startap gʻoyalarini roʻyobga chiqarish, ularni ilmiy-innovatsion faoliyatga keng jalb etishga qaratilgan “Phd sari qadam” loyihasi tashkil etildi. Loyiha doirasida 15 nafar yosh olima ayol 6 ta xorijiy davlatga (Buyuk Britaniya, Turkiya, Italiya, Ispaniya, Koreya Respublikasi, Rossiya Federatsiyasiga) ilmiy stajirovkaga yuborildi.
2024-yilda olima ayollar tanlovida umumiy qiymati 44,7 mlrd soʻmlik 55 ta loyiha gʻolib deb topildi.
Bundan tashqari, xotin-qizlarning 68 ta startap loyihasi uchun Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan 25,5 mlrd soʻm ajratilib, 348 ta yangi ish oʻrni yaratildi.
Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan oʻtkazilgan davlat ijtimoiy buyurtmasi va granti tanlovlarida xotin-qizlar bandligini taʼminlash, erta nikoh va ajrimlarni kamaytirish, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish va ularga huquqiy, psixologik koʻmak koʻrsatish sohalari boʻyicha 12 ta loyiha uchun 1,9 mlrd soʻm ajratildi. Natijada 900 ga yaqin xotin-qizlar kasb-hunar va tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitildi.
Jahon banki indeksida Oʻzbekiston gender tenglik sohasida dunyodagi eng tez rivojlanayotgan 5 ta mamlakat qatorida qayd etildi. Gender tenglik va boshqaruv indeksida (GEGI) Oʻzbekiston 51 ta pogʻonaga koʻtarilib, 52-oʻrinni egalladi.
Strategiyani 2024-yilda amalga oshirishda erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda ayrim kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan.
Xususan, Strategiyaning 2024-yilda belgilangan ayrim maqsadli koʻrsatkichlari toʻliq bajarilmagan.
Jumladan, vazir va vazirga tenglashtirilgan lavozimlarda, mahalliy ijroiya hokimiyati organlarida (hokim), sudyalar va elchilar orasida hamda yuridik shaxs tashkil etib, unga rahbarlik qilayotgan xotin-qizlar ulushini oshirishga erishilmagan.
Iqtisodiyotning turli sohalarida rahbarlik lavozimlarida xotin-qizlarning ulushi past darajada qolmoqda.
Xususan, qurilish sohasida 4,7 foizni, qishloq, oʻrmon va baliq xoʻjaligi sohasida 6,8 foizni, tashish va saqlash sohasida 7,9 foizni, sanoat sohasida 9 foizni, bank, sugʻurta, lizing, kredit va vositachilik faoliyati sohasida 12,4 foizni, savdo sohasida 11,8 foizni, yashash va ovqatlanish xizmatlari sohasida 14,1 foizni rahbar xotin-qizlar tashkil etmoqda.
Ustav kapitalida davlat ulushi boʻlgan 1 768 ta korxonadagi kuzatuv kengashi aʼzolarining atigi 120 nafari (6,7 foiz) xotin-qiz hissasiga toʻgʻri keladi.
Shuningdek, taʼlim sohasida xotin-qizlarning bandligi yuqori boʻlsa-da (71,1 foiz), mavjud 208 ta oliy oʻquv yurtidan atigi 7 tasiga ayollar rektorlik qiladi, 48 nafari esa prorektor lavozimida faoliyat yuritadi.
20 ta oliy taʼlim tashkilotidagi kuzatuv kengashlari aʼzolarining 18 nafari (7,2 foizi), 12 ta vasiylik kengashi aʼzolarining 16 nafari (9,7 foizi) xotin-qizlarni tashkil etadi.
Shuningdek, 345 ta ilmiy kengashdagi 5 ming aʼzosidan atigi 1 195 nafari (24 foizi) xotin-qizlar hisoblanadi. Ayniqsa, texnika, fizika-matematika, geologiya-mineralogiya kabi fan yoʻnalishlarida xotin-qizlarning ulushi 6 foizdan oshmaydi.
Mamlakatni barqaror rivojlantirish maqsadlariga erishish yoʻlida xotin-qizlarning iqtisodiy salohiyatidan toʻliq foydalanish borasida yechimini kutayotgan ayrim masalalar mavjudligi aniqlandi.
Xususan, xotin-qizlarning ishsizlik darajasi erkaklarga nisbatan 2,3 baravar yuqori (10,2 foiz/4,3 foiz). Iqtisodiy faol xotin-qizlar soni (66 foiz) iqtisodiy faol erkaklar soniga (79,2 foiz) qaraganda ancha past.
2024-yilda Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan oʻtkazilgan gender audit natijalariga koʻra Transport vazirligi markaziy apparatida erkak va ayol xodimlarga toʻlangan ish haqi tafovuti 23 foizni, Fuqaro aviatsiyasi agentligida esa 30 foizni tashkil qilgan.
Qishloq, oʻrmon va baliq xoʻjaliklarida 6 millionga yaqin ayol mehnat qilayotgan boʻlsa-da, ularning yerga egalik qilishdagi ulushi atigi 28,3 foizni tashkil etadi.
Respublika fermer xoʻjaliklarida rahbarlik qilayotgan xotin-qizlar ulushi 7 foizni tashkil etadi. Eng yuqori koʻrsatkich Toshkent viloyatida (11 foiz) boʻlsa, eng past koʻrsatkich Jizzax viloyatiga (4 foiz) toʻgʻri kelmoqda.
Jahon iqtisodiy forumining (World Economic Forum) 2024-yildagi Gender tafovut indeksida (Global Gender Gap Index) Oʻzbekiston 146 ta mamlakat orasida 108-oʻrinni egalladi. Bu xotin-qizlarning ishchi kuchidagi ishtiroki, rahbarlik lavozimlaridagi ulushi pastligini va daromad olishda tafovut mavjudligini koʻrsatadi.
Inson taraqqiyoti boʻyicha 2024-yildagi hisobotiga koʻra Gender rivojlanish indeksida xotin-qizlar va erkaklar umr koʻrish davomiyligi va iqtisodiy resurslardan foydalanishda tafovut saqlanib qolmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi O. Kozixonovaning 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2024-yilda amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarning ijrosi hamda 2025-yilda amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2025-yilda amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, Iqtisodiyot va moliya, Sogʻliqni saqlash, Tashqi ishlar vazirliklariga Strategiyada va uni 2024-yilda amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarni bajarishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar koʻrsatib oʻtilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi:
ikki oy muddatda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash masalalari boʻyicha Maslahat kengashlari faoliyati tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Hukumatga kiritsin;
2025-yil 1-avgustga qadar Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda Jahon iqtisodiy forumining “Global gender tafovuti” indeksida Oʻzbekiston oʻrnini yaxshilashga toʻsqinlik qilayotgan omillarni tahlil qilsin hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi:
uch oy muddatda Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi bilan birgalikda xotin-qizlar va erkaklar oʻrtasida ish haqi miqdoridagi tafovutlarni bartaraf etish boʻyicha xorijiy tajribani oʻrgansin va maqbul jihatlarini amaliyotga joriy etish yuzasidan takliflar tayyorlasin;
2025-yil 25-sentabrga qadar Xalqaro mehnat tashkilotining “Inson resurslarini rivojlantirishda kasbga yoʻnaltirish va kasbiy taʼlim toʻgʻrisida”gi (142-sonli) va “Hamshiralarning bandligi, mehnat sharoitlari va hayoti toʻgʻrisida”gi (149-sonli) Konvensiyalari talablarini oʻrgansin va uni ratifikatsiya qilish boʻyicha qonun loyihalarini ishlab chiqsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi:
uch oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ish joyida xizmat martabasi koʻtarilishida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng imkoniyatlar yaratilganlik holatini oʻrganib, natijasi yuzasidan takliflar ishlab chiqsin va Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasiga kiritsin;
alohida reja asosida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda ustav kapitalida davlat ulushi boʻlgan korxonalarning kuzatuv kengashlarida xotin-qizlarning ishtirokini kengaytirish maqsadida ularni Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining korporativ boshqaruv boʻyicha oʻquv kurslariga keng jalb etish choralarini koʻrsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi 2025-2026 oʻquv yilidan boshlab texnika, fizika-matematika, geologiya-mineralogiya kabi fan yoʻnalishlarida tahsil olayotgan va ilmiy faoliyat bilan shugʻullanayotgan xotin-qizlar uchun maxsus stipendiyalar va grantlar ajratilishini hamda stajirovkalar tashkil etilishini taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
reja-grafik asosida xotin-qizlar uchun yerga egalik qilish, ijaraga olish tartibi va yerdan samarali foydalanish masalalari boʻyicha maxsus oʻquv kurslari, seminarlar va treninglar tashkil etsin;
qishloq xoʻjaligi sohasida shaxsiy ibrat koʻrsatgan xotin-qizlar faoliyatini ommaviy axborot vositalarida targʻib qilsin va ularning tajribalarini ommalashtirish choralari koʻrsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi 2025-yil 1-iyulga qadar ilgʻor xorijiy davlatlar tajribasini oʻrganish asosida “Gender Data Compass” reytingida inobatga olinuvchi gender statistikasiga oid koʻrsatkichlarni xalqaro talablarga muvofiq shakllantirsin va mazkur koʻrsatkichlarni gender.stat.uz portaliga doimiy joylashtirib borsin.
10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ikki hafta muddatda 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2025-yilda amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, hududiy chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqsin hamda tegishliligi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga tasdiqlash uchun kiritsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2025-yilda amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli ijro etilishini taʼminlash choralarini koʻrsin;
har chorak yakunida keyingi oyning 5-sanasiga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2025-yilda amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga tahliliy axborot kiritsin;
2025-yil 15-dekabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2025-yilda amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturining ijrosi yuzasidan tahliliy maʼlumotlarni hamda mavjud muammolarni batafsil oʻrganish asosida 2026-yilga moʻljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturi loyihasini tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga kiritsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Budjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasi reja grafik asosida xalq deputatlari mahalliy Kengashlari va ularning doimiy komissiyalari aʼzolari uchun genderga yoʻnaltirilgan budjetlashtirish sohasida bilim va koʻnikmalarini oshirishga qaratilgan oʻquv-seminar tashkil etsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi yilida kamida ikki marta Strategiyaning amalga oshirilishi yuzasidan masʼul vazirlik va idoralarning axborotlarini eshitib, tegishli choralar koʻrsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qoʻmitalari tegishli soha va tarmoqlarda gender maqsadlariga erishish, mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish boʻyicha zarur choralar koʻrsin.
15. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2025-yilda amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarning joylardagi ijrosini Kengash sessiyalarida tanqidiy muhokama qilish tavsiya etilsin.
16. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
17. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2025-yil 18-mart,
SQ-102-V-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2025-yil 18-martdagi SQ-102-V-sonli qaroriga ILOVA
2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2025-yilda amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi
