7-modda. Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash
Qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklarini sugʻurta qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-1056-son) · Sana: 14.04.2025 · Amalda
Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash sugʻurta mukofotlarining bir qismini hamda yetkazilgan zararning sugʻurta mukofotlari va qayta sugʻurta qilish mablagʻlari hisobidan kompensatsiya qilinmagan qismini qoplash uchun budjet subsidiyalari ajratish orqali amalga oshiriladi.
Budjet subsidiyasi muvofiqlashtiruvchi davlat organining budjet soʻrovnomasiga asosan har yili navbatdagi yil uchun moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisidagi Qonunda nazarda tutiladi.
Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan taqdirda, budjet subsidiyasi hisobidan toʻlangan sugʻurta mukofotining bir qismi Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi jamgʻarmasining hisob-kitob varagʻida qoladi va ushbu Qonunga muvofiq yangi sugʻurta shartnomalarini tuzish uchun sarflanadi.
