Past kuchlanishli uskunalar xavfsizligi toʻgʻrisidagi texnik reglamentni tasdiqlash toʻgʻrisida (216-son)
09.04.2025
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 28-fevraldagi PQ-91-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, past kuchlanishli uskunalar xavfsizligiga qoʻyiladigan yagona talablarni belgilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
past kuchlanishli uskunalarning xavfsizlik talablari va muvofiqligini baholashni nazarda tutuvchi Past kuchlanishli uskunalar xavfsizligi toʻgʻrisidagi texnik reglament 1-ilovaga muvofiq;
Past kuchlanishli uskunalar xavfsizligi toʻgʻrisidagi texnik reglamentni joriy etish sxemasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Past kuchlanishli uskunalar xavfsizligi toʻgʻrisidagi texnik reglament rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab olti oy oʻtgach kuchga kiradi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda ushbu qarorning maqsadlari, mazmuni va uni qoʻllash tartibi toʻgʻrisida aholi, vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar hamda tadbirkorlik subyektlarining keng xabardor qilinishini taʼminlasin.
4. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziri J.T. Mirzamahmudov hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori A.R. Jumanazarov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 9-aprel,
216-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 9-apreldagi 216-son qaroriga 1-ILOVA
Past kuchlanishli uskunalar xavfsizligi toʻgʻrisida
TEXNIK REGLAMENT
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Texnik reglament past kuchlanishli uskunalar (keyingi oʻrinlarda — uskunalar) xavfsizligiga doir talablarni belgilash orqali fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini, mol-mulkini himoya qilish, atrof-muhitni muhofaza qilish, shuningdek, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni taʼminlash, isteʼmolchilarni chalgʻituvchi harakatlarning oldini olish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi hududida qoʻllanilishi va bajarilishi majburiy boʻlgan yagona talablarni belgilaydi.
2. Ushbu Texnik reglament talablari ilovada keltirilgan majburiy tartibda muvofiqligi baholanishi lozim boʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida foydalanishga chiqarilayotgan, oʻzgaruvchan tokda 50 dan 1 000 V gacha va oʻzgarmas tokda 75 dan 1 500 V gacha boʻlgan nominal kuchlanishda foydalanishga moʻljallangan uskunalarga nisbatan tatbiq etiladi.
3. Texnik reglament:
davlat mudofaasi, huquqni muhofaza qilish organlari, shuningdek, tezkor-qidiruv tadbirlari tizimining maxsus texnik vositalari uchun ishlatiladigan;
Oʻzbekiston Respublikasi chegarasi orqali tranzit tarzida olib oʻtiladigan, bojxona nazorati ostida boʻlgan va Oʻzbekiston Respublikasi hududida butun muddat davomida foydalanilmaydigan;
portlovchi muhitda ishlashga moʻljallangan;
havo, suv, yerusti va yerosti transportlarida foydalanishga moʻljallangan;
atom energiyasidan foydalanish sohasida xavfsizlikni taʼminlash uchun maxsus ishlab chiqilgan;
oldin foydalanilgan;
tibbiy maqsadlar uchun moʻljallangan;
yaylov toʻsiqlari uchun moʻljallangan;
telekommunikatsiya sohasiga kiruvchi qurilma, vosita va uskunalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
4. Oziq-ovqat mahsulotlari bilan bevosita bogʻliq boʻlgan, taom tayyorlash uchun moʻljallangan va inson tanasiga tegib turadigan uskunalarni ishlab chiqarishda Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartibda ushbu maqsadlarda qoʻllanishiga ruxsat etilgan materiallardan foydalanish lozim.
5. Ushbu Texnik reglamentda quyidagi atamalar va taʼriflardan foydalaniladi:
yongʻin xavfsizligi — odamlarning, yuridik va jismoniy shaxslar mol-mulkining, shuningdek, atrof tabiiy muhitning yongʻinlardan himoyalanganligi holati;
import qiluvchi — mahsulot yetkazib beradigan xorijiy ishlab chiqaruvchi (sotuvchi) bilan tashqi savdo bitimini tuzib, ushbu mahsulotni respublika hududida muomalaga chiqaradigan va uning Texnik reglament talablariga muvofiqligi uchun javobgar boʻlgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
ishlab chiqaruvchi — Oʻzbekiston Respublikasi hududida uskunalarni ishlab chiqarish yoki ishlab chiqarish va muomalaga kiritish bilan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shugʻullanuvchi hamda ushbu uskunalarning Texnik reglament talablariga muvofiqligi uchun javobgar boʻlgan yuridik shaxs, shu jumladan, xorijiy ishlab chiqaruvchi;
ishlab chiqaruvchi vakolat bergan shaxs — ishlab chiqaruvchi, shu jumladan, xorijiy ishlab chiqaruvchi bilan tuzilgan shartnoma asosida ushbu ishlab chiqaruvchi nomidan muvofiqlikni baholash (tasdiqlash) ishlarini amalga oshiruvchi va uskunalarni Oʻzbekiston Respublikasi hududida muomalaga kiritish, shuningdek, ularning Texnik reglament talablariga muvofiqligi uchun javobgar shaxs;
nominal kuchlanish — ishlab chiqaruvchi tomonidan uskuna uchun belgilangan kuchlanish;
past kuchlanishli uskunalar (uskunalar) — tegishli maqsadda obyektlarda ishlatiladigan barcha kirish va chiqishlarda nominal kuchlanishi (uchqun razryadlarining impulsli kuchlanishi bundan mustasno) oʻzgaruvchan tokda 1000 V va oʻzgarmas tokda 1500 V dan oshmaydigan elektr uskunalar;
foydalanish hujjatlari — alohida yoki boshqa hujjatlar bilan birgalikda uskunalarning ishlash qoidalarini belgilaydigan va (yoki) ularning xavfsizligi uchun ishlab chiqaruvchi tomonidan kafolatlangan asosiy parametrlar va xususiyatlar, qiymatlarni tasdiqlovchi hamda foydalanish, shuningdek, kafolatlar va belgilangan xizmat muddati davomida uskunaning ishlashi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni aks ettiruvchi hujjatlar;
elektr xavfsizligi — odamlarni elektr toki, elektr yoki elektromagnit maydon va elektrostatik razryadlarning xavfli va zararli taʼsiridan himoya qilish boʻyicha tashkiliy-texnik tadbirlar va vositalar tizimi.
2-bob. Xavfsizlik talablari
1-§. Mexanik xavfsizlikka qoʻyiladigan talablar
6. Uskunalardan foydalanilganda va ularga qoʻshimcha texnik hujjatlarda belgilangan montaj qilish (yigʻish, oʻrnatish), saqlash, koʻchirish (tashish) va texnik xizmat koʻrsatish talablari bajarilishi mazkur Texnik reglamentda keltirilgan mexanik xavfsizlik talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
7. Mexanik xavfsizlikni taʼminlash uchun uskunalar quyidagi talablarga javob berishi kerak:
uskunalarning aylanuvchi va statsionar qismlaridan shikastlanishdan zarur himoya darajasiga ega boʻlishi;
mexanik va kommutatsiya yeyilishga chidamliligining zarur darajasiga ega boʻlishi;
ulanish va (yoki) oʻrnatish paytida ruxsat etilmaydigan xavf mavjud boʻlmasligi.
8. Uskunalarning bevosita oziq-ovqat bilan aloqador boʻlgan shishali butlovchi qismlari toblangan, mexanik taʼsirlarga chidamli komponentlarga ega boʻlishi va oziq-ovqat mahsulotlariga tegib turuvchi metall qismlari yetarli darajada zanglashga chidamli material yoki qoplama bilan qoplangan boʻlishi kerak.
2-§. Elektr xavfsizligiga qoʻyiladigan talablar
9. Uskunadan foydalanilganda va unga qoʻshimcha texnik hujjatlarda belgilangan montaj qilish (oʻrnatish, yigʻish), saqlash, koʻchirish (tashish) va texnik xizmat koʻrsatish talablari bajarilishi elektr xavfsizligi talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
10. Elektr xavfsizligini taʼminlash uchun uskunalar quyidagi talablarga javob berishi kerak:
elektr tokining bevosita yoki bilvosita taʼsiridan himoya qilishning zarur darajasiga muvofiqligi;
izolyatsiya qilingan himoyaning zarur darajasiga muvofiqligi;
tashqi muhitning tegishli iqlim sharoitida tashqi taʼsir qiluvchi omillarga, shu jumladan, mexanik boʻlmagan omillarga mustahkamlikning zarur darajasiga muvofiqligi;
tashqi va ichki taʼsir etuvchi omillar taʼsirida paydo boʻladigan ortiqcha yuklanish, favqulodda rejimlar va nosozliklar (ishdan chiqishlar) paytida ruxsat etilmagan xavfning mavjud boʻlmasligi;
elektr toki urishidan himoya qilish boʻyicha tegishli toifalari belgilangan boʻlishi;
uskunalar zanglashga qarshi himoyaga ega boʻlishi;
butlovchi qismlar elektr xavfsizligi boʻyicha belgilangan normativ hujjatlarga mos kelishi.
3-§. Ekologik xavfsizlikka qoʻyiladigan talablar
11. Uskunalar foydalanish natijasida kelib chiqadigan noelektrik xavflardan, shu jumladan, fizik, kimyoviy yoki biologik omillar taʼsiridan zarur darajada himoyalangan boʻlishi kerak.
12. Sovitish tizimlari, agregatlar, kompressorlar, issiqlik almashuvchi uskunalar va issiqlik nasoslarida sovitish uchun ozon qatlamiga zarar yetkazish potensiali (ODP) koʻrsatkichi — 0, global isish potensiali (GWP) koʻrsatkichi 2 100 dan past boʻlgan xlodogent moddalardan foydalanish kerak.
4-§. Yongʻin xavfsizligiga qoʻyiladigan talablar
13. Uskunadan foydalanish jarayonida unga qoʻshimcha texnik hujjatlarda belgilangan montaj qilish (oʻrnatish, yigʻish), saqlash, koʻchirish (tashish) va texnik xizmat koʻrsatish talablariga javob berishi ushbu Texnik reglamentda belgilangan yongʻin xavfsizligi talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
14. Yongʻin sodir boʻlishining oldini olish hamda yongʻin va mol-mulkning xavfsizligini taʼminlash uchun uskunalar quyidagi talablarga javob berishi kerak:
uskunalar odatdagi va favqulodda ishlash sharoitlarida yongʻin manbai boʻlmaydigan tarzda ishlab chiqilishi va tayyorlanishi;
uskunaning metall boʻlmagan materiallardan tayyorlangan qismlari issiqlikda ishlash sharoitiga mos kelishi, alangalanish va olov tarqalishiga yetarlicha qarshilik koʻrsatishi;
uskunalar ortiqcha yuklanish va noqulay ishlash sharoitida issiqlikka chidamli boʻlishi, yongʻin chiqishi ehtimolini oldini oladigan tarzda loyihalashtirilgan boʻlishi.
5-§. Boshqa xavfsizlik talablari
15. Foydalanishda xavfsizlik talablariga rioya etish muvofiqlikni baholash yoʻli bilan tekshiriladi.
16. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar tomonidan uskunalarning muvofiqlikni baholash jarayonlarida inson hayotiga bevosita xavf soladigan butlovchi qismlarning muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlari muvofiqlikni baholovchi organga taqdim etilishi lozim.
17. Elektron menyuga ega maishiy texnikalarning boshqaruv dasturida davlat tili mavjud boʻlishi kerak.
18. Har xil turdagi nurlanishlarning inson salomatligiga salbiy taʼsirining oldini olish uchun uskunalar quyidagi talablarga javob berishi kerak:
haroratning koʻtarilishi, yoysimon razryad yoki nurlanish xavfiga olib kelishi mumkin boʻlgan ehtimoliy xavf mavjud boʻlmasligi;
uskunalar normal ekspluatatsiya sharoitlarida ishlashi natijasida zararli nurlanish, zaharlanish kabi xavflarni keltirib chiqarmasligi;
ishlash davomida uskunalar tomonidan hosil boʻladigan elektromagnit maydonlari ruxsat etilgan darajadan oshmasligi.
19. Uskunalar bir-biriga taʼsir qiluvchi elektromagnit maydonlari orasidagi moslashuvchanlikni taʼminlash xamda qurilmalar va tizimlar oʻrtasidagi elektromagnit oʻzaro taʼsirlardan kelib chiqadigan xalaqitlar boʻlmasligi lozim.
20. Foydalanish muhitiga bogʻliq holda qurilmalar qobigʻi chang va namlikdan himoyalagan va himoya qilish darajasi (IP) ga ega boʻlishi lozim.
21. Uskunalardan chiqayotgan shovqin (tovush quvvati) belgilangan talablarga mos boʻlishi lozim.
Uskunalar energiya samaradorligi boʻyicha belgilangan talablarni bajargan holda ishlashi, elektr energiyasidan tejamkorlik bilan foydalanishi va ortiqcha energiya sarfini oldini olishi lozim.
3-bob. Qadoqlash, tamgʻalash, tashish va saqlash boʻyicha talablar
1-§. Uskunalarni qadoqlashga qoʻyiladigan talablar
22. Qadoqlash avtomobil, temir yoʻl, dengiz va havo transportida saqlash va tashish paytida uskunalarga tegishli standartlarda yoki boshqa texnik hujjatlarda belgilangan yaroqlilik muddati davomida uskunani tashqi mexanik va iqlimiy taʼsirlardan himoya qilishi kerak.
23. Uskunalar qadogʻida qoʻshimcha talablar, masalan, mahsulotlarni transport vositalariga mahkamlash va qoplash usullari, uskunalarni konteynerlarda, transport vositalarida tashish va saqlash, yuklash va tushirish vaqtida uskunalardan foydalanish qoidalari, shu jumladan, manipulyatsiya belgilarini qoʻllash belgilanishi kerak.
24. Qadoq yorligʻida ishlab chiqaruvchining nomi va/yoki uning tovar belgisi, uskunaning nomi va belgilanishi (turi, modeli, savdo nomi) ishlab chiqarilgan sanasi va muvofiqlik belgisi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak.
25. Texnik jihatdan tartibga solish aniq obyektining, uning ehtiyot qismlari, buyumlari va foydalanish hujjatlarining qadogʻiga qoʻyiladigan talablar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar bilan tartibga solinadi.
2-§. Uskunalarni tamgʻalashga qoʻyiladigan talablar
26. Uskunalarni tamgʻasida quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak:
nominal kuchlanish yoki nominal kuchlanish oraligʻi (voltda);
nominal chastota koʻrsatilmagan boʻlsa, oqim turining belgisi;
vattdagi nominal quvvat sarfi yoki amperdagi nominal tok;
uskuna ishlab chiqarilgan mamlakat nomi;
ishlab chiqaruvchining nomi va joylashgan joyi, Oʻzbekiston Respublikasi hududida import qiluvchi tashkilotning nomi va joylashgan joyi, shuningdek, mavjud boʻlganda ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili nomi va joylashgan joyi, bogʻlanish telefon raqamlari, tovar belgisi yoki markasi;
uskunaning modeli (turi);
uskuna ishlab chiqarilgan sana yoki mazkur sanani uskunaga yozish joyi va usulini aniqlash haqida maʼlumot;
belgilangan tartibda berilgan muvofiqlik sertifikati bilan tasdiqlangan muvofiqlik belgisi.
27. Muvofiqlik belgisi har bir uskunaning oʻziga hamda unga ilova qilinadigan foydalanish hujjatlariga qoʻyiladi. Agarda uskunaga muvofiqlik belgisini bevosita qoʻyishning imkoni boʻlmasa, u holda ushbu belgini mahsulot qadogʻiga qoʻyishga ruxsat etiladi hamda unga ilova qilinadigan foydalanish hujjatlarida koʻrsatiladi.
28. Uskunalarda toʻgʻridan-toʻgʻri tamgʻa shaklida tushirilgan, energiya samaradorligi klassi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar aks ettirilishi kerak.
29. Tamgʻa uskunalarning yuzasiga yoki qismlarga ajratilmasdan va qoʻshimcha asboblardan foydalanmasdan, koʻrish mumkin boʻlgan joyga qoʻyilishi va bunda uskunalarning butun ishlash muddati davomida saqlanishi lozim.
3-§. Texnik hujjatlarga qoʻyiladigan talablar
30. Mahalliy ishlab chiqarilgan va respublika hududiga import qilingan uskunalarning texnik hujjatlari, tamgʻasida va yorliqlarida korxona nomi, manzili, aloqa raqamlari davlat tilida yozilgan boʻlishi shart.
Bunda qoʻshimcha ravishda boshqa tillarda ham rasmiylashtirishga ruxsat etiladi.
31. Uskunalarni isteʼmolchiga yetkazib berishda texnik hujjatlar ilova qilinishi va unda quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
uskunaning vazifasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlari;
uskunaning xususiyatlari va koʻrsatkichlari;
agar uskunani oʻrnatish paytida ehtiyot choralarini koʻrish zarur boʻlsa, unda ularning batafsil tavsifi;
saqlash, tashish va utilizatsiya qilish qoidalari va shartlari;
uskunalarning nosozligi aniqlangan taqdirda, bartaraf etish choralari toʻgʻrisida maʼlumot;
xizmat koʻrsatish muddati va ushbu muddat tugashi bilan isteʼmolchining zarur harakatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek, agar ushbu harakatlar amalga oshirilmasa, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan oqibatlar toʻgʻrisida maʼlumotlar;
ishlab chiqaruvchi (sotuvchi) hamda uning vakolatli vakilining, shuningdek, uskunalarga texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash ishlarini bajaradigan shaxsning Oʻzbekiston Respublikasi hududida texnik xizmat koʻrsatish manzillari (pochta manzili) toʻgʻrisida maʼlumotlar;
ekspluatatsiya paytida zaharli chiqindilarni keltirib chiqaradigan uskunalardan foydalanish, zararsizlantirish va utilizatsiya qilish boʻyicha koʻrsatmalar;
ishlab chiqaruvchining kafolat majburiyatlari;
ishlab chiqarilgan sana.
32. Texnik hujjatlar qogʻoz shaklida boʻlishi lozim. Ularga elektron tashuvchi koʻrinishidagi hujjatlar toʻplami ham qoʻshilishi mumkin. Maishiy boʻlmagan uskunalar toʻplamiga kiritilgan texnik hujjatlar faqat elektron axborot tashuvchilar orqali taqdim etilishi mumkin.
33. Texnik hujjatlar, yoʻriqnomalar, shu jumladan, muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjatlar:
ishlab chiqarilgan uskunalar uchun — ishlab chiqaruvchi yoki uning vakolatli vakili tomonidan mahsulotlarni ishlab chiqarish tugatilgan kundan boshlab 5 yildan kam boʻlmagan muddatda;
uskunalar toʻpi uchun — import qiluvchi yoki uning vakolatli vakili tomonidan toʻpdan oxirgi mahsulot sotilgan kundan boshlab 5 yildan kam boʻlmagan muddatda saqlanadi.
Yuqoridagi hujjatlar, ularning talabiga binoan davlat (nazorat) organlariga taqdim etilishi kerak.
4-bob. Uskunalarning muvofiqligini baholash
1-§. Identifikatsiya qilish
34. Uskunalar ishlab chiqaruvchi tomonidan berilgan hujjatlardagi maʼlumotlarga koʻra identifikatsiya qilinadi.
35. Uskunalar quyidagilar tomonidan identifikatsiya qilinadi:
Oʻzbekiston Respublikasi hududida muomalaga chiqargan ishlab chiqaruvchi (sotuvchi);
sertifikatlashtirish organlari — mahsulotning muvofiqligini baholash va tasdiqlash maqsadida;
davlat nazorati organlari — Texnik reglament talablariga muvofiqligini tekshirish maqsadida.
36. Identifikatsiya vizual nazorat usuli bilan ularning identifikatsiya belgilarini quyidagi hujjatlarda keltirilgan maʼlumotlar bilan taqqoslash usuli orqali amalga oshiriladi:
texnik hujjatlar;
ishlab chiqarilayotgan uskunalarning normativ hujjatlari;
yuk hujjatlari.
2-§. Muvofiqlikni baholash
37. Oʻzbekiston Respublikasi hududida muomalaga chiqariladigan uskunalar Texnik reglament talablariga muvofiqligi baholanishi shart.
38. Uskunalarning mazkur Texnik reglamentning talablariga muvofiqligini tasdiqlash, muvofiqlikni deklaratsiya qilish yoki sertifikatlash shakllarida amalga oshiriladi.
39. Mazkur Texnik reglamentda keltirilgan majburiy tartibda muvofiqligi deklaratsiya qilinadigan uskunalar ariza beruvchining ixtiyoriga koʻra sertifikatlashtirish shaklida oʻtkazilishi mumkin.
40. Uskunalarning ushbu Texnik reglament talablariga muvofiqligi deklaratsiyalash yoʻli bilan quyidagi sxemalarning birini qoʻllash orqali tasdiqlanadi:
1D sxema — seriyali ishlab chiqarilgan uskunalar uchun ariza beruvchining oʻz dalillariga asoslanib muvofiqlikni eʼlon qilishda qoʻllaniladi. Bunda ariza beruvchi ishlab chiqaruvchi yoki u tomondan vakolat berilgan yuridik shaxs hisoblanadi;
2D sxema — yagona (bitta) uskuna uchun yoki uning toʻpi uchun ariza beruvchining oʻz dalillari asosida muvofiqlikni eʼlon qilishda qoʻllaniladi. Bunda ariza beruvchi ishlab chiqaruvchi (u tomondan vakolat berilgan yuridik shaxs) yoki sotuvchi (import qiluvchi) hisoblanadi;
3D sxema — seriyali ishlab chiqarilgan uskuna uchun sinov laboratoriyasi ishtirokida olingan dalillar va ariza beruvchining oʻz dalillari (agar mavjud boʻlsa) asosida muvofiqlikni deklaratsiya qilishda qoʻllaniladi. Bunda ariza beruvchi ishlab chiqaruvchi yoki u tomondan vakolat berilgan yuridik shaxs hisoblanadi;
4D sxema — yagona (bitta) uskuna uchun yoki uning toʻpi uchun sinov laboratoriyasi ishtirokida olingan dalillar va ariza beruvchining oʻz dalillari (agar mavjud boʻlsa) asosida muvofiqlikni deklaratsiyalashda qoʻllaniladi. Bunda ariza beruvchi ishlab chiqaruvchi (u tomondan vakolat berilgan yuridik shaxs) yoki sotuvchi (import qiluvchi) hisoblanadi.
6D sxema — uskunalarni ishlab chiqaruvchi menejment tizimlarini sertifikatlashtirish organi tomonidan sertifikatlanib, joriy etilgan menejment tizimiga ega boʻlgan seriyali ishlab chiqarilgan uskunalar uchun qoʻllaniladi. Bunda ariza beruvchi ishlab chiqaruvchi yoki u tomondan vakolat berilgan yuridik shaxs hisoblanadi.
41. Uskunalarning ushbu Texnik reglament talablariga muvofiqligi sertifikatlashtirish yoʻli bilan quyidagi sxemalarning birini qoʻllash orqali tasdiqlanadi:
1S sxema — seriyali ishlab chiqariladigan uskunalarni sertifikatlashtirishda qoʻllaniladi. Bunda ariza beruvchi ishlab chiqaruvchi (ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili) hisoblanadi va sertifikatlangan mahsulotlar muvofiqlik belgisi bilan tamgʻalanishini taʼminlaydi;
3S sxema — uskunalar toʻpi uchun qoʻllaniladi. Bunda ariza beruvchi ishlab chiqaruvchi (ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili) yoki sotuvchi (import qiluvchi) hisoblanadi va sertifikatlangan mahsulotlarni muvofiqlik belgisi bilan (import qilingan mahsulotlar ariza beruvchiga qulay shaklda) tamgʻalanishini taʼminlaydi;
4S sxema — yagona (bitta) uskuna uchun Texnik reglamentda belgilangan sinov va oʻlchash jarayonida ushbu buyumga putur yetkazilmasa qoʻllaniladi. Bunda ariza beruvchi ishlab chiqaruvchi (ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili) yoki sotuvchi (import qiluvchi) hisoblanadi.
42. Muvofiqlik sertifikati va muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiya Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 14-avgustdagi 502-son qarori bilan tasdiqlangan Mahsulotlarni sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom talablariga muvofiq rasmiylashtiriladi.
5-bob. Oʻtish davri
43. Mazkur Texnik reglament kuchga kirgan vaqtdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi hududida amalda boʻlgan va uskunalar uchun xavfsizlik talablarini belgilaydigan texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar Texnik reglament bilan moslashtirilguniga qadar ushbu Texnik reglamentga zid boʻlmagan qismlari amalda qoʻllaniladi.
44. Texnik reglament kuchga kirgunga qadar uskunalar uchun olingan muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjatlari ushbu hujjatlarda belgilangan muddatlar davomida amalda boʻladi.
6-bob. Texnik reglament talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati
45. Texnik reglament talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi, Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, shuningdek, boshqa vakolatli davlat organlari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
7-bob. Texnik reglamentga rioya qilinmaganlik uchun javobgarlik
46. Texnik reglament talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Past kuchlanishli uskunalar xavfsizligi toʻgʻrisidagi texnik reglamentga ILOVA
Majburiy tartibda muvofiqligi baholanishi lozim boʻlgan past kuchlanishli uskunalarning
ROʻYXATI
* Past kuchlanishli uskunalarning muvofiqligi muvofiqlikni deklaratsiya qilish yoʻli bilan tasdiqlanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 9-apreldagi 216-son qaroriga 2-ILOVA
Past kuchlanishli uskunalar xavfsizligi toʻgʻrisidagi texnik reglamentni joriy etish
SXEMASI
