Respublikada limonchilik sohasini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (198-son)
02.04.2025
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tomorqa yer egalari va dehqon xoʻjaliklari faoliyatida zamonaviy tashkiliy tizimni joriy qilish va moliyaviy qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 14-fevraldagi PF-22-son Farmoniga muvofiq respublika hududlarida limon yetishtirishni koʻpaytirish, qayta ishlash, limon yetishtirishga ixtisoslashgan dehqon xoʻjaligi, tomorqa yer egalari hamda issiqxona xoʻjaliklarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Respublika hududlarida limon yetishtirishni tubdan takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq;
2025-2026-yillarda limon yetishtirishga ixtisoslashgan hududlarga “Turonbank” ATB tomonidan limon koʻchatlari yetkazib berish koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq;
2025-2026-yillarda limon yetishtirishga ixtisoslashgan mahallalarda limonzorlarni kengaytirish koʻrsatkichlari 3-ilovaga muvofiq;
2025-2026-yillarda respublikada limon yetishtirish va eksportga yoʻnaltirishning prognoz koʻrsatkichlari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank va “Turonbank” ATB tomonidan:
lider tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash, ularga xorijiy tajribalarni oʻrgatish, zarur hollarda xorijda tajriba orttirish va xalqaro darajada tan olingan sertifikatlar olish uchun har yili 5 mlrd soʻm mablagʻ ajratish;
limon yetishtirishga ixtisoslashgan hududlarda aholi xonadonlarida va ijaraga berilgan yer maydonlarida ixcham issiqxonalar qurib berish hamda 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yilgacha boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotish;
xorijiy davlatlardan limon mevasidan murabbo, jem va limonad ishlab chiqarish uskunalarini olib kelish, oʻrnatish hamda tadbirkorlarga lizing asosida berishni yoʻlga qoʻyish;
amaldagi kreditlar va foiz qarzdorliklarini qayta moliyalashtirish orqali limonchilik xoʻjaliklari faoliyatini imtiyozli shartlarda sogʻlomlashtirish;
“Turonbank” ATB boshqaruv raisining oʻrinbosariga qoʻshimcha Sitrus, subtropik va tropik oʻsimlik yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi raisi lavozimini yuklash;
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi bilan birgalikda limonchilik rivojlangan xorijiy davlatlardan kamida ikkita malakali agronom, maslahatchi va ekspertlarni jalb qilish boʻyicha takliflariga rozilik berilsin.
Bunda limon yetishtirish uchun xorijdan malakali agronom va mutaxassislarni jalb qilish xarajatlari “Turonbank” ATBning mablagʻlari hisobidan hamda Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 10-iyuldagi 410-son qarori bilan tasdiqlangan Issiqxona xoʻjaliklariga xorijdan malakali agronom, entomolog va laboratoriya mutaxassislarini jalb qilish xarajatlarining 50 foizini qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizom talablari asosida qoplab beriladi.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, “Turonbank” ATB hamda Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi:
limon yetishtirishni yanada koʻpaytirish maqsadida tuman (shahar)larda limon yetishtirishga ixtisoslashmagan mahallalarda ham yangi limonzorlar barpo etsin;
tuman (shahar)larda limonchilik kooperatsiyasini tashkil etsin hamda limon yetishtirishga koʻmaklashish uchun “lider tadbirkorlar”ni biriktirsin;
Norin, Shahrisabz, Uchkoʻprik va Denov tumanlaridagi bittadan mahallani ilmiy asoslangan yondashuv asosida limon koʻchatlari yetishtirishga ixtisoslashtirish hamda ushbu tumanlarda 1 mln dona sifatli limon koʻchati yetishtirishni yoʻlga qoʻysin;
yetishtirilgan limonni saqlash uchun aholi xonadonlarida energiya tejaydigan (anʼanaviy usullarni qoʻllash va quyosh panellarini oʻrnatish) omborxonalarni qurish choralarini koʻrsin.
4. Belgilansinki:
limonchilik xoʻjaliklari atrofida boʻsh turgan yer maydonlarida yangi issiqxonalar qurish, shuningdek, yetishtirilgan mahsulotlarni qayta ishlash va qadoqlash sexlari hamda omborxonalar tashkil etish ishlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligi ekin maydonlari unumdorligini oshirish, tarmoqqa investitsiyalar jalb qilish uchun qulay shart-sharoit yaratish boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2025-yil 3-fevraldagi PF-18-son Farmonining 2-bandida belgilangan tartibda amalga oshiriladi;
limonchilik tarmogʻini rivojlantirish uchun 2025-yil 1-maydan boshlab lider tadbirkor va qishloq xoʻjaligi korxonalarida limon yetishtirish, saqlash va qayta ishlash xarajatlarini moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Uzagrostar xolding” kompaniyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2025-yil 14-fevraldagi PQ-57-son qarorida belgilangan shartlarda imtiyozli kreditlar ajratiladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, “Turonbank” ATB va Raqamli texnologiyalar vazirligi 2025-yil yakuniga qadar dehqon xoʻjaliklari va aholi tomorqalarida mavjud limon yetishtiriladigan yer maydonlarini toʻliq xatlovdan oʻtkazsin hamda maʼlumotlarning “Online mahalla” elektron platformasiga kiritilishini taʼminlasin.
Bunda Qishloq xoʻjaligi vazirligi qishloq xoʻjaligi korxonalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni belgilangan tartibda “crop.agro.uz” elektron platformasiga kiritib boradi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 2-apreldagi PQ-149-son “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida aholining biznes tashabbuslarini moliyalashtirishni takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori talablari asosida naqd pulda berilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan birgalikda xalqaro darajada tan olingan “Global G.A.P”, “GAP”, “Halol”, “Organic” va boshqa standartlar talablarini limon yetishtirish jarayonlariga keng joriy qilish uchun 2025-yil davomida limon yetishtiruvchilarga oʻquv kurslari hamda maslahat xizmatlari koʻrsatilishini tashkil etsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Turonbank” ATB, Sitrus, subtropik va tropik oʻsimlik yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari:
limon yetishtirish va eksportini rivojlantirish boʻyicha loyihalar sonini koʻpaytirish maqsadida hududlarda koʻrgazmali seminarlar oʻtkazsin;
limon yetishtiruvchilar hamda ularning ishchi-xodimlari, dehqon xoʻjaligi rahbarlari, shuningdek, tomorqa yer egalarining malakasini oshirishni tizimli tashkil etsin;
Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi Bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti, Oʻsimliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti va Toshkent davlat agrar universiteti olimlari hamda mutaxassislari tomonidan limon yetishtiruvchilarga shartnoma asosida limon koʻchatlarini ekish, parvarishlash, kasallik va zararkunandalardan himoya qilish, yetishtirilgan mahsulotlarni saqlash va qayta ishlash yuzasidan maslahat va tavsiyalar berish boʻyicha xizmatlar koʻrsatilishini tashkil etsin;
bir oy muddatda hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda limon koʻchatlarini ekish, parvarishlash va sifatli mahsulot yetishtirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqilishini va joylarga yetkazilishini taʼminlasin.
9. “Turonbank” ATB hamda manfaatdor vazirlik va tashkilotlarga:
startap loyihalar doirasida Oʻzbekiston yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash markazining “Ustoz AI” platformasida fan va zamonaviy kasblarni oʻrgatadigan onlayn va bepul videokurslar tashkil etish, ushbu platforma orqali aholining limonchilik yoʻnalishi boʻyicha savodxonligini oshirish hamda platformani moliyalashtirish;
Oʻzbekiston yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash markazi tashabbusi bilan “Ustoz AI” platformasida yoshlarni zamonaviy kasblarga oʻrgatish, shu jumladan, limonchilikda innovatsion resurs-tejamkor texnika va yangi texnologiyalarni qoʻllashga oid videomahsulotlarni koʻpaytirish. Bunda ushbu maqsadlar uchun zarur mablagʻlar Yoshlarga oid davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan ajratiladi;
limon yetishtirishga ixtisoslashgan tuman (shahar)larda mahsulotni qadoqlash, saqlash va qayta ishlash loyihalarini amalga oshirish;
“Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” brendi ostidagi limon mahsulotlarini chet el ommaviy axborot vositalarida yoritish hamda xalqaro savdo koʻrgazmalarini tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlarni amalga oshirish tavsiya etilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi ikki oy muddatda limonning sovuqqa va qurgʻoqchilikka chidamli navlarini yaratish hamda ularning koʻchatini jadal koʻpaytirishga qaratilgan maqsadli fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar tanlovini eʼlon qilsin.
11. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining “Turonbank” ATBning investitsiya kompaniyasi orqali faoliyati qayta tashkil etiladigan limonchilik xoʻjaliklarini boshqarish, sogʻlomlashtirish va salohiyatli investorlarga sotish hamda limon yetishtiriladigan issiqxonalarni respublikaning boshqa hududlariga koʻchirish boʻyicha takliflariga rozilik berilsin.
12. “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJga:
limonchilik xoʻjaliklariga ajratilgan kreditlar muddatlarini ushbu kreditlarning taʼminoti sifatida taqdim etilgan kafillik hamda kompensatsiya muddatlariga mutanosib ravishda uzaytirishga;
kreditlarni qayta moliyalashtirish jarayonida ularning taʼminoti sifatida kreditning 50 foizi miqdorigacha kafillik taqdim etishga ruxsat berilsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Turonbank” ATB uch oy muddatda limon yetishtirish bilan shugʻullanadigan xonadonlar sonini ikki baravarga oshirgan mahallalarda suv taʼminoti, yoʻl, elektr tarmoqlari va boshqa ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish uchun Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻshimcha mablagʻlar ajratish boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi “Turonbank” ATB bilan birgalikda 2025-yil yakuniga qadar limon yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilishni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida xalqaro moliya institutlari mablagʻlarini keng jalb qilish choralarini koʻrsin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston milliy axborot agentligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda ommaviy axborot vositalari orqali limonchilik bilan shugʻullanuvchi tomorqa yer egalari, fermer va dehqon xoʻjaliklari, shuningdek, koʻchatchilik xoʻjaliklarining ilgʻor tajribalarini keng targʻib qilsin hamda respublika boʻylab press-turlarni doimiy tashkil etib borsin.
16. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov, kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B.E. Zaxidov hamda qishloq xoʻjaligi vaziri I.Yu. Abduraxmonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 2-aprel,
198-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 2-apreldagi 198-son qaroriga 1-ILOVA
Respublika hududlarida limon yetishtirishni tubdan takomillashtirish boʻyicha
CHORA-TADBIRLAR DASTURI
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 2-apreldagi 198-son qaroriga 2-ILOVA
2025-2026-yillarda limon yetishtirishga ixtisoslashgan hududlarga “Turonbank” ATB tomonidan limon koʻchatlari yetkazib berish
KOʻRSATKICHLARI
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 2-apreldagi 198-son qaroriga 3-ILOVA
2025-2026-yillarda limon yetishtirishga ixtisoslashgan mahallalarda limonzorlarni kengaytirish
KOʻRSATKICHLARI
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 2-apreldagi 198-son qaroriga 4-ILOVA
2025-2026-yillarda respublikada limon yetishtirish va eksportga yoʻnaltirishning
PROGNOZ KOʻRSATKICHLARI
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.04.2025-y., 09/25/198/0316-son)
