Bogʻlar hamda madaniyat va istirohat bogʻlari xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish qoidalariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (2160-2-son)
04.04.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 4-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2160-2]
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 26-dekabrdagi 886-son “Attraksionlar xavfsizligi toʻgʻrisidagi texnik reglamentni hamda Attraksionlarni hisobga olish va davlat reyestrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2010-yil 27-noyabrdagi 192-B-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2160, 2010-yil 6-dekabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 49-son, 461-modda) bilan tasdiqlangan Bogʻlar hamda madaniyat va istirohat bogʻlari xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish qoidalariga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir B. ZAXIDOV
Toshkent sh.,
2025-yil 27-mart,
6-2025/B-son
Kelishildi:
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Sh. XIDOYATOV
2025-yil 21-mart
Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 27-martdagi 6-2025/B-son buyrugʻiga ILOVA
Bogʻlar hamda madaniyat va istirohat bogʻlari xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 3-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Mazkur Qoidalar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar, shaharsozlik normalari va qoidalari, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari talablari bajarilishi shart ekanligini istisno etmaydi.”.
2. 5, 6 va 13-bandlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. 14-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“14. Ishlarni texnologik reglament boʻyicha xavfsiz yuritish yoʻriqnomalari ishlab chiqiladi hamda bogʻ xodimlarini va ish joylarini ushbu yoʻriqnomalar bilan taʼminlash bogʻ rahbariyati zimmasiga yuklatiladi.”.
4. 33-banddagi “tibbiy koʻrikdan” degan soʻzlar “majburiy tibbiy koʻrikdan” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
5. 34 va 35-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“34. Majburiy tibbiy koʻriklar bogʻga tibbiy xizmatlar koʻrsatuvchi davolash-profilaktika muassasalari tomonidan, ular boʻlmagan taqdirda esa bogʻ joylashgan yerdagi davolash-profilaktika muassasalari tomonidan oʻtkazilishi lozim.
35. Majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtmagan yoxud majburiy tibbiy koʻrik natijalariga koʻra tibbiy komissiyalar tomonidan berilgan tavsiyalarni bajarishdan boʻyin tovlagan xodimlarni ishdan chetlashtirishi shart.”.
6. 36-banddagi “tibbiy koʻriklar” degan soʻzlar “majburiy tibbiy koʻriklar” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
7. 38-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“38. Bogʻ maydonlari va binolarning joylashuvi SHNQ 2.07.01-23 “Aholi punktlarining hududlarini rivojlantirish va qurishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish” talablariga mos boʻlishi kerak.”.
8. 44 va 45-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“44. Ishlab chiqarish binolari va inshootlari SHNQ 2.09.02-23 “Korxonalarning ishlab chiqarish hamda maʼmuriy-maishiy bino va inshootlari. Loyihalash talablari”ga mos kelishi kerak.
45. Yordamchi binolar va xonalar SHNQ 2.09.02-23 “Korxonalarning ishlab chiqarish hamda maʼmuriy-maishiy bino va inshootlari. Loyihalash talablari”ga mos kelishi lozim.”.
9. 56-banddagi “QMQ 2.01.05-98” degan soʻzlar “SHNQ 2.01.05-24” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
10. 63-banddagi “QMQ 2.04.05-97 “Isitish, shamollatish va konditsionerlash” degan soʻzlar “SHNQ 2.04.05-22 “Isitish, ventilyatsiya va konditsiyalash” shaharsozlik normalari va qoidalari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
11. 69-banddagi “QMQ 2.04.01-98 “Binolarni ichki suv quvuri va kanalizatsiyasi” degan soʻzlar “SHNQ 2.04.01-22 “Binolarning ichki suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish” shaharsozlik normalari va qoidalari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
12. 144-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“144. Attraksionlarni montaj qilish (yigʻish, oʻrnatish), uning konstruksiyalarini almashtirish bilan bogʻliq montaj va taʼmirlash ishlari faqat attraksionning ekspluatatsiya va taʼmirlash hujjatlari asosida ruxsatnomaga ega ixtisoslashtirilgan montaj tashkiloti tomonidan amalga oshirilishi kerak.”.
