Moylash materiallari, texnik moylar va texnik suyuqliklar xavfsizligi toʻgʻrisidagi texnik reglamentni tasdiqlash haqida (199-son)
02.04.2025
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 28-fevraldagi PQ-91-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, moylash materiallari, texnik moylar va texnik suyuqliklar xavfsizligiga qoʻyiladigan talablarni yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
moylash materiallari, texnik moylar va texnik suyuqliklarga qoʻyiladigan talablar, shuningdek, ularni tamgʻalash, identifikatsiya qilish hamda ularning muvofiqligini baholash tartibini nazarda tutuvchi Moylash materiallari, texnik moylar va texnik suyuqliklar xavfsizligi toʻgʻrisidagi texnik reglament (keyingi oʻrinlarda — Texnik reglament) 1-ilovaga muvofiq;
Moylash materiallari, texnik moylar va texnik suyuqliklar xavfsizligi toʻgʻrisidagi texnik reglamentni joriy etish sxemasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Texnik reglament rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab olti oy oʻtgach amalga kiritilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari ushbu qaror rasman eʼlon qilingan kundan eʼtiboran olti oy oʻtgandan soʻng oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda ushbu qarorning maqsadlari, mazmuni va uni qoʻllash tartibi toʻgʻrisida aholi, vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar hamda tadbirkorlik subyektlarining keng xabardor qilinishini taʼminlasin.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi boshligʻi I.A. Nimatullayev va Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bosh direktori A.R. Jumanazarov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 2-aprel,
199-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 2-apreldagi 199-son qaroriga 1-ILOVA
Moylash materiallari, texnik moylar va texnik suyuqliklar xavfsizligi toʻgʻrisida
TEXNIK REGLAMENT
1-bob. Umumiy qoidalar
1-§. Maqsadi va qoʻllash sohasi
1. Ushbu Texnik reglament moylash materiallari, texnik moylar va texnik suyuqliklar xavfsizligiga qoʻyiladigan yagona talablarni belgilaydi.
2. Texnik reglamentning talablari mazkur Texnik reglamentga 1-ilovada keltirilgan Texnik reglament talablari qoʻllaniladigan va majburiy tartibda muvofiqligi baholanadigan moylash materiallari, texnik moylar va texnik suyuqliklar (keyingi oʻrinlarda — mahsulotlar) roʻyxatiga hamda ishlatilgan moylash materiallari, texnik moylar va texnik suyuqliklarga (keyingi oʻrinlarda — ishlatilgan mahsulotlar) nisbatan qoʻllaniladi.
3. Texnik reglament quyidagilarga taalluqli emas:
davlat mudofaa buyurtmasi boʻyicha yetkazib beriladigan yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit tarzda tashiladigan mahsulotlarga;
oʻsimlik va hayvon moylari, toshkoʻmir smolasini va slanetsli togʻ jinslarini yuqori haroratda haydash (shu jumladan, kreozotli) natijasida olingan moylar, parfyumeriya va kosmetika mahsulotlari, tibbiyot buyumlari va dori vositalarini ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan moylarga.
2-§. Atamalar va taʼriflar
4. Ushbu Texnik reglamentda quyidagi atamalar va taʼriflardan foydalaniladi:
bazaviy moylar — moylash materiallari va texnik moylarni olish uchun asosiy boʻlgan moylar;
zanglashga qarshi moylar — qora va rangli metallarni zanglashdan vaqtincha himoya qilish uchun ishlatiladigan moylar;
ishlatilgan texnik moylar — foydalanish uchun zarur xususiyatlarini yoʻqotgan, shu jumladan, ishchi tizimlardan toʻkilgan, chiqindi deb tasniflangan va qayta ishlanishi (utilizatsiya qilinishi) kerak boʻlgan texnik moylar;
ishlatilgan mahsulotlarni yigʻish punktlari — ishlatilgan mahsulotlarni qabul qilish, saqlash, hisobga olish, tayyorlash va joʻnatish uchun moʻljallangan muhandislik-texnik kompleks;
ishlatilgan mahsulotlar — belgilangan ekspluatatsiya xususiyatlarini yoʻqotgan, shu jumladan texnologik qurilmalar, jihozlar va uskunalarning ishchi tizimlaridan quyib olingan, chiqindilar sifatida tasniflanadigan moylash materiallari, moylar va texnik suyuqliklarni olish maqsadida qayta ishlanadigan (utilizatsiya qilinadigan) ishlatilgan moylash materiallari, moylar va texnik suyuqliklar;
mahsulot toʻdasi — bitta rusumdagi hamda bitta sifat hujjati (pasport) bilan kuzatiladigan mahsulot miqdori;
moy — moylash materiallari va (yoki) texnik suyuqlik sifatida ishlatiladigan neft yoki sintetik (yarim sintetik) suyuqlik;
moylash materiali — kelib chiqishi neft yoki sintetik boʻlgan modda boʻlib, turli mexanizmlardagi bogʻlovchi qismlarning ishchi yuzalarida ishqalanish jarayonini osonlashtiradi va buning natijasida ishqalanish kuchi kamayadi va yuzaning eskirishi sekinlashadi;
sotuvchi — mahsulotni isteʼmolchiga (foydalanuvchiga) ulgurji (chakana) sotadigan hamda mahsulotlar (ishlatilgan mahsulotlar) bozorida ushbu Texnik reglament talablariga javob beradigan mahsulotlarning muomalaga chiqarilishiga masʼul boʻlgan yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor;
tashish uchun moʻljallangan idish — mahsulotlarni va ishlatilgan texnik moylarni saqlash va harakatlanish paytida ifloslanishdan hamda atrof-muhitga toʻkilishidan himoya qilish uchun moʻljallangan va mustaqil transport birligini tashkil qiladigan idishlar;
texnik moy — moylash materiali yoki ishchi suyuqlik sifatida ishlatiladigan neft yoki sintetik (yarim sintetik) modda;
texnik suyuqlik — neft yoki sintetik, ishchi muhit sifatida foydalanish uchun moʻljallangan suyuqlik;
turbina moylari — turbo agregatlar, bugʻ-gaz turbinalari, turbokompressor mashinalari, gidroturbinalar, kema bugʻ-turbina qurilmalarini moylash uchun ishlatiladigan surkov moylari;
xaridor — mahsulotni va (yoki) ishlatilgan texnik moylarni qonun bilan taqiqlanmagan har qanday maqsadlarda foydalanish uchun sotib oluvchi yuridik yoki jismoniy shaxs (isteʼmolchi);
chiqindilarni qayta ishlash (utilizatsiya qilish) — yangi mahsulotlarni olish uchun chiqindi mahsulotlarni qayta ishlash jarayonlari;
yuk kuzatuv hujjatlari — mahsulot nomenklaturasi va miqdorini belgilovchi hujjatlar;
qayta ishlash (utilizatsiya qilish) — utilizatsiya qilish yoki yangi moylash materiallarini olish maqsadida ishlatilgan texnik moylash materiallaridan foydalanishni tugatish jarayonlari.
2-bob. Xavfsizlik talablari
1-§. Umumiy xavfsizlik talablari
5. Mahsulotlar ushbu Texnik reglamentga 2-ilovaga muvofiq Moylash materiallari, texnik moylar va texnik suyuqliklar xavfsizligini belgilovchi fizik-kimyoviy koʻrsatkichlarga qoʻyilgan talablarga javob berishi kerak.
6. Ishlatilgan mahsulotlar ularni keyingi qayta ishlashga (chiqindilarni utilizatsiya qilishga) tayyorlash uchun quyidagi guruhlar boʻycha taqsimlangan holda yigʻish punktlariga yetkazib berilishi kerak:
I guruh. Ishlatilgan motor moylari (IMM) — universal, benzin, dizel, gazsimon yoqilgʻidagi va porshenli aviatsiya dvigatellari uchun foydalanilgan moylar;
II guruh. Ishlatilgan sanoat moylari (IIM) — ishlatilgan transmissiya moylari, sanoat moylar, turbina moylari, transformator moylari, kompressor moylari, gidravlik moylar, zanglashga qarshi moylar, elektr izolyatsiyasi moylari;
III guruh. Ishlatilgan neft mahsulotlari aralashmasi (INMA) — neftdan olinadigan yuvish suyuqliklari, metallarga issiqlik bilan ishlov berishda, transmissiya tizimlarida, silindrlarda, sinovdan oʻtkazishda, metallga ishlov berish uskunalarida foydalanilgan moylar, neft emulsiyalaridan olinadigan moylar, neft mahsulotlarini saqlash va tashish inshootlarini tozalashda, bugʻlarni tiklash tizimlarida, tozalash inshootlarida hosil boʻladigan va tarkibida neft qoldigʻi mavjud boʻlgan suvlardan ajratib olinadigan neft va neft mahsulotlari aralashmalari, ishlatilgan maxsus suyuqliklar (shu jumladan, moylovchi-sovituvchi) va tormoz suyuqliklari.
7. Ishlatilgan mahsulotlar Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 4-sentabrdagi 258-son qarori bilan tasdiqlangan Ishlatilgan texnik moylarni topshirish, toʻplash, ular uchun hisob-kitob qilish, ularni saqlash va tashish tartibi toʻgʻrisida nizom talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
2-§. Yongʻin xavfsizligi talablari
8. Mahsulotlar va ishlatilgan mahsulotlarning yongʻin xavfsizligiga qoʻyilgan talablar Oʻzbekiston Respublikasining “Yongʻin xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-oktabrdagi 649-son qarori bilan tasdiqlangan Yongʻin xavfsizligi qoidalari hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi tegishli normativ hujjatlarga topshiriladi, toʻplanadi, saqlanadi va tashiladi.
3-§. Ekologik xavfsizlik talablari
9. Mahsulotlar va ishlatilgan mahsulotlarning ekologik xavfsizligiga doir asosiy talablar Oʻzbekiston Respublikasining “Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi, “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunlari hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi tegishli normativ hujjatlarga muvofiq belgilanadi.
10. Mahsulotlarni ishlab chiqarish va ishlatilgan mahsulotlarni qayta ishlash, shuningdek ularni saqlash va tashishda atrof-muhit muhofazasi, ushbu jarayonlarda germetik boʻlgan quvurlar, uskunalar, tashish uchun moʻljallangan idish va isteʼmol qadoqlaridan foydalanish orqali taʼminlanishi lozim.
11. Mahsulotni ishlab chiqarish va ishlatilgan mahsulotlar bilan ishlashda ularni:
suv havzalariga, tuproqqa, umumiy foydalanishdagi kanalizatsiya tarmoqlariga quyish (toʻkish, tushirish);
keyinchalik koʻmish maqsadida maishiy va sanoat chiqindilari uchun moʻljallangan poligonlarga olib chiqish;
tartibga solinmagan tarzda yoqish;
elektr energiyasi qurilmalari uchun moʻljallangan yoqilgʻini olishda neft (gaz kondensati) bilan benzin, kerosin, dizel va yoqilgʻilar (bugʻ-turbina yoqilgʻisi, qozonxona-pechi, mazut)ni aralashtirish;
tarkibida galogen-organik mavjud birikmalar bilan aralashtirish;
adgeziyaga qarshi materiallar va qurilish materiallarini namlash vositalari sifatida ishlatish taqiqlanadi.
3-bob. Mahsulotlarni qadoqlash va tamgʻalash talablari
1-§. Qadoqlash talablari
12. Mahsulot tashish uchun moʻljallangan idish yoki isteʼmol qadoqlariga (idishlariga) qadoqlanadi. Ishlatilgan mahsulotlar tashish uchun moʻljallangan idishlarga qadoqlanadi.
13. Tashish uchun moʻljallangan idishlar va isteʼmol qadoqlari (idishlari) yuklash va tushirish, tashish va saqlash jarayonlarida mahsulotlar va ishlatilgan texnik mahsulotlarning xavfsizligini hamda tashqi taʼsirlardan (iqlim boʻyicha, mexanik) zarur himoyani taʼminlashi kerak.
2-§. Tamgʻalash talablari
14. Isteʼmol qadoqlariga (idishlariga) joylashtirilgan mahsulotning tamgʻasi bevosita isteʼmol qadoqlariga (idishlariga) yoki isteʼmol qadogʻiga (taraga) biriktiriladigan yorliqqa qoʻyiladi.
15. Tashish uchun moʻljallangan idishga qadoqlangan mahsulotlarning tamgʻasi toʻgʻridan-toʻgʻri tashish uchun moʻljallangan idishga yoki unga biriktirilgan yorliqqa qoʻyiladi.
16. Mahsulot tamgʻasi quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi kerak:
mahsulotning nomi, rusumi va qoʻllanilish maqsadi;
ishlab chiqarilgan davlat nomi;
ishlab chiqaruvchi, sotuvchi yoki ishlab chiqaruvchi tomonidan vakolat berilgan shaxsning nomi va joylashgan joyi (yuridik manzili, davlat nomi) shu jumladan;
tovar belgisi (mavjud boʻlsa);
sof ogʻirligi yoki hajmi;
netto va brutto massasi (tashish uchun moʻljallangan idishga qadoqlashda);
saqlash muddati va shartlari;
ishlab chiqarilgan sana (oy, yil);
mahsulot muvofiqligini tasdiqlash toʻgʻrisidagi maʼlumot;
mahsulot ishlab chiqarishga tegishli texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjat nomi;
shtrixlangan identifikatsiya kodi (talab etilganda).
17. Ishlatilgan mahsulotlar tamgʻasi quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi kerak:
“Ishlatilgan mahsulot” yozuvi;
ishlatilgan mahsulot guruhi (IMM, IIM yoki INMA);
netto va brutto massasi.
18. Mahsulotlar va ishlatilgan texnik moylarning tamgʻasi ishonchli, oʻqiladigan hamda ishqalanishga va tashqi muhit taʼsiriga chidamli boʻlishi kerak.
19. Inson salomatligiga, atrof-muhitga zararli taʼsir koʻrsatishi, yongʻinga nisbatan xavfli xususiyatlarga ega boʻlgan mahsulot va ishlatilgan mahsulotlar tamgʻasida tegishli ogohlantiruvchi yozuvlar boʻlishi kerak.
20. Mahsulotlarni yirik taralarda (temir yoʻl va avtomobil sisternalari, konteynerlar va boshqa vositalarda) yetkazib berishda ushbu Texnik reglamentning 17-bandida koʻrsatilgan maʼlumotlar yuk kuzatuv hujjatlarida keltiriladi.
21. Mahsulotlar va ishlatilgan mahsulotlarning tamgʻalanishidagi va yuk kuzatuv hujjatlaridagi maʼlumotlar davlat tilida berilishi kerak. Maʼlumotlarni boshqa tillarda takrorlashga ruxsat beriladi. Maʼlumotlar mazmunining boshqa tillardagi tarjimasi matni uning Oʻzbekiston Respublikasi davlat tilidagi asosiy maʼnosini buzib koʻrsatmasligi kerak.
4-bob. Muvofiqlikni baholash
1-§. Muvofiqlik deklaratsiyasi
22. Mahsulotlarning mazkur Texnik reglament talablariga muvofiqligi muvofiqlikni deklaratsiya qilish tarzida (shaklida) tasdiqlanadi.
23. Muvofiqlikni tasdiqlashdan oldin mahsulotni identifikatsiya qilish amaliyoti oʻtkaziladi.
24. Mahsulotlarning ushbu Texnik reglament talablariga muvofiqligi quyidagi sxemalarning biri boʻyicha deklaratsiya qilish yoʻli bilan tasdiqlanadi:
1D sxema — turkum ishlab chiqarilgan mahsulotlar uchun ariza beruvchining oʻz dalillariga asoslanib, muvofiqlik eʼlon qilinishida qoʻllaniladi. Bunda ariza beruvchi ishlab chiqaruvchi yoki u tomondan vakolat berilgan yuridik shaxs hisoblanadi;
2D sxema — mahsulot toʻdasi yoki yagona mahsulot uchun ariza beruvchining oʻz dalillari asosida muvofiqlik eʼlon qilinishida qoʻllaniladi. Bunda ariza beruvchi ishlab chiqaruvchi (u tomondan vakolat berilgan yuridik shaxs) yoki sotuvchi (import qiluvchi) hisoblanadi.
25. Muvofiqlikni deklaratsiya qilish maqsadida sinovlar ishlab chiqaruvchi (vakolatli ishlab chiqaruvchi), import qiluvchi (sotuvchi) tomonidan sinov laboratoriyasida yoki Oʻzbekiston Respublikasi muvofiqlikni baholash organlarining yagona reyestriga kiritilgan akkreditatsiyalangan sinov laboratoriyasida (markazida) amalga oshiriladi.
26. Ariza beruvchi tomonidan mahsulotlarning muvofiqligini tasdiqlashda mahsulotning ushbu Texnik reglament xavfsizlik talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi quyidagilardan iborat hujjatlar toʻplami shakllantiriladi:
texnik shartlar (mavjud boʻlsa);
shartnoma (yetkazib berish shartnomasi) va yetkazib berish hujjatlari (2D sxemaga muvofiq muvofiqlikni deklaratsiya qilishda);
ishlab chiqaruvchining sifat menejmenti tizimi sertifikati (mavjud boʻlsa);
mahsulot sifati pasporti;
mahsulot xavfsizligi pasporti;
mahsulotning ushbu Texnik reglament xavfsizlik talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi sinov bayonnomalari;
xorijiy sertifikatlashtirish organlari tomonidan berilgan muvofiqlik sertifikatlari (mavjud boʻlsa).
27. Muvofiqlik deklaratsiyasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 14-avgustdagi 502-son qarori bilan tasdiqlangan Mahsulotlarni sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom talablariga muvofiq rasmiylashtiriladi.
Muvofiqlik deklaratsiyasining amal qilish muddati uning roʻyxatdan oʻtgan sanasidan boshlanadi, bunda:
turkum ishlab chiqarilgan mahsulotlar uchun — uch yildan koʻp boʻlmagan muddatda;
mahsulot toʻdasi uchun — mahsulotni saqlash muddatida amal qiladi.
28. Mahsulotlar uchun hujjatlar toʻplami, shu jumladan, muvofiqlik deklaratsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi hududida quyidagi muddatlarda saqlanishi kerak:
turkum ishlab chiqariladigan mahsulotlar — ishlab chiqaruvchida (vakolatli shaxsda), mahsulot ishlab chiqarishdan toʻxtatilgan kundan boshlab kamida besh yil davomida;
mahsulot toʻdasi — import qiluvchida (sotuvchida), ishlab chiqaruvchida (vakolatli shaxsda), muvofiqlik deklaratsiyasi roʻyxatdan oʻtkazilgan kundan boshlab kamida besh yil davomida saqlanishi kerak.
29. Mahsulotlarning Texnik reglament talablariga muvofiqligini baholash uchun zarur sinov usullari, shuningdek, namuna olish usullari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq bajariladi.
2-§. Namuna tanlash va sinovlar oʻtkazish
30. Mahsulotlarning Texnik reglament talablariga muvofiqligini baholash uchun zarur sinov usullari, shuningdek, namuna olish usullari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga asosan amalga oshiriladi.
5-bob. Oʻtish davri
31. Ushbu Texnik reglament kuchga kirgan paytdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi hududida mahsulotlarga qoʻyiladigan talablarni belgilaydigan texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi amaldagi normativ hujjatlarning mazkur Texnik reglamentga muvofiqlashtirilgunga qadar Texnik reglamentga zid boʻlmagan qismi amal qiladi.
32. Texnik reglament amalga kiritilgunga qadar mahsulotlarga rasmiylashtirilgan muvofiqlik hujjatlari ushbu hujjatda belgilangan muddat davomida amal qiladi.
6-bob. Texnik reglament talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati
33. Texnik reglament talablariga rioya etilishi boʻyicha davlat nazorati Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi, Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, shuningdek, boshqa mutasaddi davlat organlari tomonidan ularning vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.
7-bob. Texnik reglament talablarini buzganlik uchun javobgarlik
34. Texnik reglament talablarini buzishda aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Moylash materiallari, texnik moylar va texnik suyuqliklar xavfsizligi toʻgʻrisidagi texnik reglamentga 1-ILOVA
Texnik reglament talablari qoʻllaniladigan va majburiy tartibda muvofiqligi baholanadigan moylash materiallari, texnik moylar va texnik suyuqliklar
ROʻYXATI
Moylash materiallari, texnik moylar va texnik suyuqliklar xavfsizligi toʻgʻrisidagi texnik reglamentga 2-ILOVA
Moylash materiallari, texnik moylar va texnik suyuqliklar xavfsizligini belgilovchi fizik-kimyoviy koʻrsatkichlarga qoʻyilgan
tALABLAR
* “Suvning massa ulushi” koʻrsatkichining “izlar” (juda kam, sezilarsiz)ga teng qiymati asos moylar (qoʻshimchalarsiz) uchun belgilangan.
** Ishqoriy son faqat yuvuvchi-tarqatuvchi qoʻshimchali moylar uchun aniqlanadi.
*** Oʻz-oʻzidan yonish harorati faqat mahsulot ishlab chiqarishga kiritilganda aniqlanadi. Muayyan moy markalari uchun texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda ushbu koʻrsatkichning darajasi “Xavfsizlik talablari” boʻlimida, ularning yongʻinga xavfli xususiyatlarining tavsifi sifatida koʻrsatilishi kerak.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 2-apreldagi 199-son qaroriga 2-ILOVA
Moylash materiallari, texnik moylar va texnik suyuqliklar xavfsizligi toʻgʻrisidagi texnik reglamentni joriy etish
SXEMASI
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 2-apreldagi 199-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Moylash materiallari, texnik moylar va texnik suyuqliklarga talablar toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida” 2017-yil 2-oktabrdagi 783-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” 2020-yil 3-iyundagi 348-son qaroriga 1-ilovaning 6-bandi.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi toʻgʻrisidagi va Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasida davlat nazorati departamenti toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2022-yil 11-martdagi 114-son qaroriga 3-ilovaning 17-bandi.
