Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari boʻyicha komissiyasini tuzish toʻgʻrisida (524-V-son)
18.02.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
Mamlakatimizda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning salohiyatini roʻyobga chiqarish sohasida olib borilayotgan islohotlarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining ishtirokini kengaytirish, yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faolligini qoʻllab-quvvatlash hamda ularning bilim va demokratik koʻnikmalarini rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining vakolatlari muddatiga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari boʻyicha komissiyasi 1-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari boʻyicha komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari boʻyicha komissiyasi:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti (bundan buyon matnda Yoshlar parlamenti deb yuritiladi) faoliyatini qoʻllab-quvvatlash yuzasidan davlat organlari va yoshlar tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻysin;
Yoshlar parlamenti va uning aʼzolari tomonidan oʻtkaziladigan tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazishga uslubiy hamda amaliy jihatdan koʻmaklashsin;
tarmoq va sohalar kesimida yoshlar bilan tizimli muloqot oʻrnatish maqsadida har chorakda bir marotaba hokim va vazirlarning Yoshlar parlamenti aʼzolari bilan uchrashuvini oʻtkazish;
Yoshlar parlamenti aʼzolari uchun har yili bir marotaba Davlat boshqaruvi akademiyasida oʻquv-seminarlar tashkil etish choralarini koʻrsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining:
2020-yil 11-martda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari boʻyicha komissiyasini tuzish toʻgʻrisida”gi 167-IV-sonli (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2020-yil, № 3, 217-modda);
2022-yil 19-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2020-yil 11-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari boʻyicha komissiyasini tuzish toʻgʻrisida”gi 167-IV-sonli Qaroriga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi 2045-IV-sonli (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2022-yil, № 4, 358-modda) qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
5. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2025-yil 18-fevral,
524-V-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2025-yil 18-fevralda qabul qilingan 524-V-sonli Qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Yoshlar masalalari boʻyicha komissiyasining
TARKIBI
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2025-yil 18-fevralda qabul qilingan 524-V-sonli Qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari boʻyicha komissiyasi toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari boʻyicha komissiyasi (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi) maqomini, asosiy vazifalarini, vakolatlarini hamda faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Komissiyaning maqsadi yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali amalga oshirish, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga koʻmaklashishdan iborat.
3. Komissiya oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, qonunlariga va ushbu Nizomga muvofiq amalga oshiradi.
4. Komissiya Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) vakolatlari muddatiga tuziladi.
2-bob. Komissiyaning asosiy vazifalari va vakolatlari
5. Komissiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
yoshlarga daxldor qonun loyihalarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti (bundan buyon matnda Yoshlar parlamenti deb yuritiladi) aʼzolari bilan muhokama qilish va Qonunchilik palatasi majlisida loyiha yuzasidan yoshlar vakillari fikrlarining eshitilishiga doir choralar koʻrish;
yoshlar masalalariga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
yoshlar masalalariga oid qonun hujjatlarining ijrosi boʻyicha samarali va taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
Yoshlar parlamenti faoliyatini samarali tashkil etish choralarini koʻrish;
Yoshlar parlamenti aʼzoligiga nomzodlarni koʻrib chiqish va tasdiqlash, shuningdek ularning vakolatini muddatidan ilgari tugatish masalasini koʻrib chiqish.
6. Komissiyaning vakolatlari quyidagilardan iborat:
davlat organlari rahbarlarining yoshlar masalalariga oid qonun hujjatlari qanday ijro etilayotganligi haqidagi axborotini eshitish yuzasidan Qonunchilik palatasining qoʻmitalariga va Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga takliflar kiritish;
yoshlarga oid masalalar yuzasidan parlament va deputat soʻrovini davlat organlari rahbarlariga yuborish haqida takliflar kiritish;
tegishli davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlariga yoshlarga oid masalalar yuzasidan tavsiyalar kiritish;
yoshlarga oid masalalarni koʻrib chiqish boʻyicha ishchi guruhlar tuzish, ularning tarkibiga davlat organlarining, fuqarolik jamiyati institutlarining, ilmiy muassasalarning vakillarini, mutaxassis va olimlarni hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlar vakillarini jalb etish;
davlat organlari va tashkilotlaridan, mansabdor shaxslardan tegishli hujjatlarni, ekspert xulosalarini, statistika maʼlumotlarini va boshqa axborotni soʻrab olish;
yoshlarning jamiyat va davlat hayotidagi oʻrnini yanada oshirish va mustahkamlashga, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga doir, shuningdek yoshlar masalalariga oid qonun hujjatlarini keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan tashviqot va targʻibot tadbirlarini (“davra suhbati”, uchrashuv, seminar, konferensiya va boshqalar) tashkil qilish hamda mazkur tadbirlarda ishtirok etish;
Komissiya qarorlarining ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish.
Komissiya qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
7. Komissiya oʻz faoliyatini amalga oshirishda davlat organlari, shu jumladan mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi va boshqa tashkilotlar bilan ijtimoiy hamkorlik oʻrnatadi.
3-bob. Komissiya ishini tashkil etish
8. Komissiya Qonunchilik palatasining qaroriga asosan Komissiya raisi, uning oʻrinbosari va Komissiya aʼzolaridan iborat tarkibda tuziladi.
9. Komissiya raisi:
Komissiya faoliyatiga rahbarlik qiladi, uning ish rejasi loyihasi tayyorlanishini tashkil etadi va Komissiyaning tasdiqlangan ish rejasi bajarilishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;
Komissiyaning yigʻilishlarini chaqiradi va ularda raislik qiladi;
Komissiya vakolatiga tegishli boʻlgan masalalarni uning yigʻilishida koʻrib chiqish uchun kiritadi;
Komissiya qarorlarini tasdiqlaydi va ularning ijro etilishiga doir ishlarni tashkil etadi.
10. Komissiya raisining oʻrinbosari Komissiya raisi yoʻqligida uning vazifasini bajarib turadi, Komissiya tomonidan belgilanadigan boshqa vazifalarni ham amalga oshiradi.
11. Komissiya oʻz faoliyatini yillik (zaruratga qarab yarim yillik) ish rejasiga asosan amalga oshiradi.
12. Komissiya yigʻilishlari Komissiya raisi tomonidan, zaruratga qarab, lekin har chorakda kamida bir marta chaqiriladi. Komissiya yigʻilishlari Qonunchilik palatasi Spikeri tashabbusiga koʻra ham chaqirilishi mumkin.
13. Komissiya ishining tashkiliy shakli yigʻilish hisoblanadi. Komissiya yigʻilishi unda Komissiya aʼzolarining koʻpchiligi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi.
14. Komissiya qarorlari yigʻilishda ishtirok etgan aʼzolarning koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlganda, raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
15. Komissiya qarorlari tavsiyaviy harakterga egadir. Komissiya qarorlari ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishi mumkin.
16. Komissiya qarorlari bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
17. Komissiya yigʻilishlariga koʻrib chiqilayotgan masalaga aloqador boʻlgan davlat organlarining, fuqarolik jamiyati institutlarining, ilmiy muassasalarning, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning vakillari, shuningdek Yoshlar parlamentining aʼzolari, mutaxassislar, olimlar taklif etilishi mumkin.
Komissiya yigʻilishlarida Qonunchilik palatasi Spikeri, uning oʻrinbosarlari, Qonunchilik palatasining qoʻmitalari raislari va aʼzolari, Komissiya taklifiga koʻra Qonunchilik palatasi Devoni masʼul xodimlari ham ishtirok etishi mumkin.
18. Komissiya oʻz faoliyati toʻgʻrisida Qonunchilik palatasining majlisida har yili axborot taqdim etadi.
4-bob. Komissiya toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish tartibi
19. Ushbu Nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar Qonunchilik palatasining qarori bilan kiritiladi.
