Mehnat migrantlari va ularning oila aʼzolari huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida
30.04.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkiya Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
har ikkala Tomon oʻrtasida mehnat migratsiyasi jarayonlarini huquqiy jihatdan tartibga solish zaruriyatidan kelib chiqib,
mehnat migrantlarining ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa huquqlari himoya qilinishini taʼminlash istagida,
xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan normalari va prinsiplariga tayangan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Mazkur Bitim Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari hisoblangan Turkiyadagi mehnat migrantlari va ularning oila aʼzolari hamda Turkiya Respublikasi fuqarolari hisoblangan Oʻzbekistondagi mehnat migrantlari va ularning oila aʼzolari huquqlarini himoya qilish masalalarini tartibga soladi.
2-modda
1. Mazkur Bitim jinsi, irqi, tili, dini va eʼtiqodi, siyosiy va boshqa qarashlari, etnik va ijtimoiy kelib chiqishi, yoshi, iqtisodiy, mulkiy, oilaviy holati va mehnat sifatlari bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa har qanday xususiyatlardan qatʼi nazar, barcha mehnat migrantlari uchun amal qiladi.
2. Mazkur Bitimdagi hech bir qoida mehnat migrantlarini qabul qiluvchi mamlakatning qonunchiligiga boʻysunish va qabul qiluvchi mamlakat madaniyati va anʼanalarini hurmat qilish majburiyatidan ozod qilmaydi.
3-modda
Mazkur Bitimda quyidagi atamalar qoʻllaniladi:
a) “mehnat migranti” — Ahdlashuvchi Tomonlardan biri davlatining boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida qonuniy ravishda yashaydigan va qonuniy asosda haq toʻlanadigan mehnat faoliyati bilan shugʻullanadigan fuqarosi;
b) “shartnoma” — ish beruvchi va mehnat migranti oʻrtasidagi mehnat munosabatlarini tartibga solish uchun tuzilgan bitim;
s) “mehnat faoliyati” — mehnat migrantining qabul qiluvchi mamlakat qonunchiligida belgilangan tartibda va shartlarda ishni bajarish uchun tuzilgan shartnoma asosidagi faoliyati;
d) “ish beruvchi” — qabul qiluvchi mamlakat qonunchiligida nazarda tutilgan tartibda tuzilgan mehnat shartnomalari asosida mehnat migrantlarini ishga yollaydigan yuridik yoki jismoniy shaxs;
e) “qabul qiluvchi mamlakat” — mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida mehnat migranti tashrif buyurgan Ahdlashuvchi Tomon davlati;
f) “mehnat migrantining oila aʼzolari” — mehnat migrantining turmush oʻrtogʻi va qabul qiluvchi mamlakat qonunchiligiga muvofiq uning qaramogʻida boʻlgan, 18 yoshga toʻlmagan farzandlari.
4-modda
1. Mehnat migrantlari qabul qiluvchi mamlakat qonunchiligiga muvofiq ish beruvchilar bilan tuzilgan shartnomalar asosida qabul qiluvchi mamlakatda mehnat faoliyatini amalga oshiradilar.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar mazkur Bitim doirasida ish beruvchi va mehnat migranti oʻrtasida tuzilgan shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlar boʻyicha javobgar boʻlmaydilar.
5-modda
1. Mazkur Bitimni amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan Ahdlashuvchi Tomonlarning organlari (keyingi oʻrinlarda — vakolatli organlar) quyidagilar hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi uchun:
a) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi;
b) Ichki ishlar vazirligi;
s) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi.
Turkiya Respublikasi uchun:
a) Mehnat va ijtimoiy muhofaza vazirligi;
b) Ichki ishlar vazirligi.
2. Vakolatli organlar bilan bogʻliq oʻzgarishlar sodir boʻlgan taqdirda, Ahdlashuvchi Tomonlar bir-birlarini diplomatik kanallar orqali xabardor etadilar.
3. Vakolatli organlar mazkur Bitimni amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan masalalarni hal qilish uchun qoʻshma ishchi guruh tuzadilar.
4. Vakolatli organlar quyidagilar toʻgʻrisida bir-birlarini xabardor etadilar:
a) mehnat migrantlarini ishga yollash va ishga joylashtirishni tartibga soladigan Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining qonunchiligi hamda ularga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar;
b) mamlakatga kirish va mamlakatdan chiqish boʻyicha qonuniy tartib-taomillar va tartib-taomillarga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar;
s) mehnat migrantlarining yashash sharoitlari;
d) Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining mehnat bozoridagi shart-sharoitlar;
e) tashqi mehnat migratsiyasi sohasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish institutlari va ularning faoliyati.
5. Mazkur Bitimni amalga oshirish maqsadida Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida oʻz vakolatli organining vakolatxonasini ochishi mumkin.
6-modda
1. Mazkur Bitim quyidagi shaxslarga nisbatan qoʻllanilmaydi:
a) Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining xalqaro tashkilotlar shtab-kvartiralari va vakolatxonalarida ishlashga yollangan yoki ishga yuborilgan, shuningdek, boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida joylashgan bir Ahdlashuvchi Tomon davlatining rasmiy vakolatxonalariga ishga yuborilgan fuqarolari;
b) maqomi qabul qiluvchi mamlakat bilan alohida bitim asosida tartibga solinadigan hamda mazkur Bitimga muvofiq mehnat migranti hisoblanmaydigan, Ahdlashuvchi Tomonlardan biri tarafidan yoki uning nomidan taraqqiyot dasturlari yoki hamkorlikning boshqa dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etish uchun ishga yollangan yoki ishga yuborilgan boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati fuqarolari;
s) boshpana izlayotganlar, xalqaro himoyada boʻlgan murojaat etuvchilar, xalqaro himoyadagi benefitsiarlar, vaqtincha himoyada boʻlgan shaxslar, qochoqlar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar;
d) Ahdlashuvchi Tomon davlatlaridan birining hududidagi boshqa Ahdlashuvchi Tomondan roʻyxatdan oʻtgan tashkilotning filiali yoki doimiy vakolatxonasi tomonidan ishga yollangan fuqarolar;
e) Bir Ahdlashuvchi Tomon davlatining boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida akkreditatsiyadan utgan xorijiy matbuot va radioeshittirish tashkilotlarida faoliyat olib boradigan fuqarolari;
f) talabalar.
7-modda
Mehnat migrantlarining qabul qiluvchi mamlakat hududiga kirishi, ushbu mamlakat hududida boʻlishi, shuningdek, ushbu mamlakatdan chiqishi qabul qiluvchi mamlakat qonunchiligi va qabul qiluvchi mamlakat ishtirok etadigan xalqaro shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.
8-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz mamlakatlarida migratsiya oqimini tartibga soladilar va noqonuniy mehnat faoliyatini oldini olishda hamkorlik qiladilar.
9-modda
1. Mehnat migrantlari qabul qiluvchi mamlakat qonunchiligiga va mehnat shartnomasi shartlariga muvofiq dam olish huquqiga ega.
2. Mehnat migrantlari qabul qiluvchi mamlakat ish beruvchilari bilan kelishgan holda ular fuqarolari hisoblangan Ahdlashuvchi Tomon davlatining rasmiy bayram kunlarida mehnat faoliyatidan ozod qilinishi mumkin. Mehnat faoliyatidan ozod qilish shartlari mehnat shartnomasi bilan belgilanadi.
3. Mehnat migrantlariga tibbiy xizmat koʻrsatish qabul qiluvchi mamlakat qonunchiligiga muvofiq taʼminlanadi.
4. Mehnat migrantlari qabul qiluvchi mamlakatning vakolatli organlaridan mehnat faoliyatini amalga oshirish, mamlakatda boʻlish tartibi va shartlari, shuningdek, qabul qiluvchi mamlakat qonunchiligidan kelib chiquvchi huquq va majburiyatlar boʻyicha maʼlumot olish huquqiga egadirlar.
5. Mehnat migranti qabul qiluvchi mamlakat qonunchiligiga muvofiq qabul qiluvchi mamlakatga birgalikda yashash uchun oʻz oila aʼzolarini taklif qilish huquqiga ega.
10-modda
1. Mehnat migrantining mehnatiga haq toʻlash va boshqa mehnat sharoitlari mehnat shartnomasiga muvofiq tartibga solinadi.
2. Mehnat migrantlarining mehnatiga haq toʻlash ayni lavozim, mutaxassislik, malaka va aynan oʻxshash ishni bajaradigan qabul qiluvchi mamlakat fuqarolarinikidan quyiroq boʻlmasligi, mehnat sharoitlari qulayligi kamroq boʻlmasligi zarur.
11-modda
Mehnat migranti qabul qiluvchi mamlakatdan chiqib ketayotganda, ish beruvchi unga bajarilgan ishning turi va xususiyati, mehnat faoliyatining davomiyligi, shuningdek, olingan malaka toʻgʻrisidagi hujjatni taqdim etadi.
12-modda
1. Mehnat migrantlari ishlab topgan mablagʻni qabul qiluvchi mamlakat hududidan oʻz mamlakatiga erkin oʻtkazishni amalga oshirishi mumkin.
2. Mehnat migrantlarining daromad soligʻi qabul qiluvchi mamlakat qonunchiligiga hamda 1996-yil 8-mayda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida daromadlarga ikki tomonlama soliq solishga yoʻl quymaslik toʻgʻrisida Bitimga muvofiq amalga oshiriladi.
3. Mehnat migrantlari qabul qiluvchi mamlakat qonunchiligiga muvofiq ijtimoiy taʼminot huquqiga egadirlar.
13-modda
1. Mehnat migrantlari haq toʻlanadigan mehnat faoliyati tugashi bilan mehnat qilish ruxsatnomasi muddati tugagunga qadar ularning yashash uchun ruxsatnomasi oʻz kuchida qoladi, yashash uchun ruxsatnoma maʼlum bir toʻlanadigan mehnat bilan toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻliq boʻlgan holatlar bundan mustasno. Bunday mehnat migrantlari muqobil ishlarni izlash va mehnat bozorining faol xizmatlaridan foydalanish huquqiga ega.
2. Qabul qiluvchi mamlakat qonunchiligida oʻrnatilgan sabablarga koʻra ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasi muddatidan oldin bekor qilinadigan hollarda, ish beruvchi mehnat migrantiga qabul qiluvchi mamlakat qonunchiligi va shartnomalarda nazarda tutilgan kompensatsiyani toʻlashi zarur.
14-modda
1. Agar mehnat migranti ishlab chiqarishda baxtsiz hodisaga duchor boʻlsa, kasbiy kasalliklarga chalinsa yoki sogʻligʻi bilan boshqa muammolarga duch kelsa, mehnat migranti va boshqa tirik qolgan shaxslar qabul qiluvchi mamlakat qonunchiligiga muvofiq moddiy yordam olish huquqiga ega.
2. Zarur hollarda, Ahdlashuvchi Tomonlar mehnat migrantlarini va ularning oila aʼzolarini oʻz mamlakatlariga olib kelish, dafn marosimlarini tashkil etish uchun zarur sharoitlarni taʼminlaydi. Oʻlim boʻyicha toʻlovlar qabul qiluvchi mamlakat qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
3. Mehnat migranti yoki uning oila aʼzolaridan biri qabul qiluvchi mamlakat hududida vafot etgan taqdirda, agar undan mol-mulk, huquqlar, majburiyatlar va oʻlim uchun kompensatsiya olish huquqi qoladigan boʻlsa, Ahdlashuvchi Tomonlar vaziyatni zudlik bilan hal qilish uchun tegishli shaxslarga zarur boʻlgan yordamni koʻrsatadilar. Ushbu muammolarni hal etish mazkur Bitim hamda ikki tomonlama yoki koʻp tomonlama shartnomalar asosida amalda boʻlgan qabul qiluvchi mamlakatning qonunchiligi doirasida amalga oshiriladi.
4. Qabul qiluvchi mamlakatning tegishli organi boshqa Ahdlashuvchi Tomonning diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasi yoxud tegishli vakolatli organiga mehnat migrantining oʻlimi toʻgʻrisida zudlik bilan xabar beradi.
15-modda
Mehnat migranti tomonidan qabul qiluvchi mamlakat hududiga kirish yoki yashash rejimi qoidalari, migratsiya roʻyxatidan oʻtish qoidalari, harakatlanish yoki yashash joyini tanlash tartibi buzilgan taqdirda, mehnat migranti qabul qiluvchi mamlakat qonunchiligida nazarda tutilgan tartib-qoidalarga muvofiq javobgarlikka tortiladi hamda yuboruvchi mamlakat tomonidan qilingan barcha xarajatlar mehnat migrantlari tomonidan qoplanadi.
16-modda
Har bir Ahdlashuvchi Tomon diplomlarni, taʼlim toʻgʻrisidagi guvohnomalarni, unvon, daraja va malakani oʻz ichiga olgan hujjatlarni va mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun lozim boʻlgan boshqa hujjatlarni, qabul qiluvchi mamlakat qonunchiligiga muvofiq yuboruvchi mamlakat tomonidan tasdiqlangan barcha hujjatlarni tan oladi.
17-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida mazkur Bitimni talqin qilish yoki qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar mazkur Bitimning 5-moddasi 3-bandiga muvofiq tuziladigan qoʻshma ishchi guruhining muzokaralari va maslahatlashuvlari orqali hal qilinadi.
18-modda
Mazkur Bitimga oʻzgartirish va qoʻshimchalar Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra kiritiladi. Bunday oʻzgartirish va qoʻshimchalar mazkur Bitimning 19-moddasida belgilangan tartibda kuchga kiradi.
19-modda
1. Mazkur Bitim Ahdlashuvchi Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisida soʻnggi yozma xabarnomani diplomatik kanallar orqali olganidan boshlab kuchga kiradi.
2. Mazkur Bitim nomuayyan muddatga tuziladi. Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri mazkur Bitimning amal qilishini boshqa Ahdlashuvchi Tomonni bu toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali yozma xabardor qilish orqali tugatishi mumkin. Bunday holatda, mazkur Bitim tegishli xabarnoma olingan sanadan boshlab, 6 oy oʻtgandan soʻng tugatiladi.
Toshkent shahrida, 2018-yil 30-aprelda, ikki nusxada, har biri oʻzbek, turk va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir. Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda tafovutlar yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
