12-modda. Chet ellik investorlarning xoʻjalik faoliyati
Chet el investitsiyalari toʻgʻrisida (609-I-son) · Sana: 30.04.1998 · Amalda
Chet ellik investorlarning xoʻjalik faoliyati, shu jumladan chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar, ularning shuʼba korxonalari, filiallari va boshqa tuzilmalarini, shuningdek xoʻjalik uyushmalari va birlashmalarini tashkil etish, sotish, qayta tashkil etish yoki tugatish, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning fondlarini shakllantirish, ijara shartnomalari va boshqa shartnomalarini tuzish boʻyicha faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlaydi.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi yangidan tashkil etiladigan, chet ellik investorning pul shaklidagi hissasi kamida besh million AQSh dollaridan iborat boʻlgan korxonalar soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari oʻzgargan taqdirda, ular davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran oʻn yil mobaynida ular davlat roʻyxatiga olingan sanada amal qilib turgan, roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan belgilangan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashga doir normalar hamda qoidalarni qoʻllashga haqlidir.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi yangidan tashkil etiladigan ishlab chiqarish korxonalari oʻzlari davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sanada amalda boʻlgan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar stavkalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran besh yil ichida qoʻllashga haqlidir. Mazkur huquq bojxona toʻlovlari, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, yer soligʻi, yer qaʼridan foydalanuvchilar uchun soliqlar va maxsus toʻlovlarga tatbiq etilmaydi.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning chet el valyutasidagi barcha xarajatlari ularning oʻz valyuta tushumlari hisobiga, shuningdek chet el valyutasini olishning Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida ruxsat etilgan boshqa manbalari hisobiga taʼminlanishi lozim. Ularning valyutada oʻzini oʻzi qoplashi tuziladigan konsorsiumlar, birlashmalar va boshqa tashkiliy tuzilmalar doirasida ham taʼminlanishi mumkin.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari talablariga rioya etgan holda eksport-import operatsiyalarini mustaqil ravishda amalga oshiradilar. Oʻzlari ishlab chiqargan mahsulotni eksport qilganlarida bunday mahsulot litsenziyalanmaydi va kvotalanmaydi.
