Orol madaniyat sammitini yuqori saviyada oʻtkazish toʻgʻrisida (PQ-130-son)
28.03.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Orolboʻyi mintaqasida qulay tabiiy muhit yaratish, hududning noyob madaniyati va tarixiy merosini asrab-avaylash hamda keng ommalashtirish, ushbu yoʻnalishlarda ilmiy tadqiqot ishlari, innovatsion loyihalar va ijodiy tashabbuslarni amalga oshirish uchun xalqaro hamkorlik va muloqotni yanada kengaytirish maqsadida qaror qilaman:
1. Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2023-yil 22 — 24-mart kunlari Nyu-York shahrida (AQSH) boʻlib oʻtgan suv resurslariga bagʻishlangan konferensiyasida Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan Orol madaniyat sammiti loyihasini amalga oshirish tashabbusi ilgari surilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. 2025-yildan boshlab har oʻn sakkiz oyda — bahor yoki kuz fasllarida Orol madaniyat sammiti (keyingi oʻrinlarda — Sammit)ni oʻtkazib borish yoʻlga qoʻyilsin.
3. Birinchi Orol madaniyat sammiti Samarqand iqlim forumi bilan uygʻun holda 2025-yil 4 — 6-aprel kunlari Samarqand va Nukus shaharlarida yuqori saviyada tashkil etilsin.
4. Quyidagilar Sammitning asosiy maqsad va yoʻnalishlari etib belgilansin:
(a) Orolboʻyida va dunyoning boshqa mintaqalarida yuzaga kelgan ekologik muammolarni muhokama qilish hamda oqilona yechimlarni taqdim etish uchun global platforma yaratish;
(b) Orolboʻyi muammolarini hal etishda fanlararo yondashuvni rivojlantirish;
(v) barqaror yechimlar va strategiyalar yaratishga qaratilgan taʼlim dasturi asosida Orol maktabini tashkil etish;
(g) zamonaviy texnologiyalar va anʼanaviy meʼmorchilik asosida “Istiqlol” madaniyat va istirohat bogʻi, bogʻ hududida joylashgan bolalar kutubxonasini qayta barpo etish hamda ulardan samarali foydalanishni yoʻlga qoʻyish;
(d) yetakchi mahalliy va xorijiy mutaxassislar hamda tashkilotlar bilan hamkorlikda Orolboʻyi mintaqasida suv va tuproq tadqiqotlari olib borish;
(e) Orolboʻyi hududining tuproq va iqlim sharoitiga mos boʻlgan qishloq xoʻjaligi ekinlarini oʻrganishga ixtisoslashgan laboratoriya platformasini yaratish hamda uni mazkur yoʻnalishda amalga oshiriladigan ilmiy tadqiqotlarning oʻquv-amaliyot maydoniga aylantirish;
(j) Orolboʻyi mintaqasida asrlar davomida shakllangan noyob madaniyat va anʼanalarni saqlash, himoya qilish va keng ommalashtirish;
(z) xalqaro miqyosda doimiy muloqotlar, amaliyotlar, seminarlar, tadqiqot dasturlarini tashkil etish.
5. Orol madaniyat sammitiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda — Tashkiliy qoʻmita) 1-ilovadagi tarkibga muvofiq tuzilsin.
6. Tashkiliy qoʻmita (A.N. Aripov):
(a) ushbu qarorda belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish boʻyicha masʼul davlat organlari va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirib borsin;
(b) Sammitga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishda yuzaga keladigan tashkiliy masalalarni tezkorlik bilan hal etsin;
(v) Sammit doirasidagi tadbirlar oʻtkaziladigan joylarning texnik va telekommunikatsiya uskunalari bilan jihozlanishini taʼminlasin;
(g) Sammit bilan bogʻliq tadbirlar va chet ellik mehmonlarning sayohatini tashkillashtirsin;
(d) Sammitda qatnashuvchilarning Oʻzbekistonga kelib-ketishi, ularga viza rasmiylashtirilishi, transport va tibbiy xizmat koʻrsatish masalalarini muvofiqlashtirsin;
(e) Sammit doirasidagi tadbirlar oʻtkaziladigan hududlarda obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilishini hamda obyektlar va mehmonxona fondining tayyorligini taʼminlasin;
(j) zarur hollarda, Sammitni yuqori saviyada tashkil etish bilan bogʻliq tezkor qarorlar qabul qilsin.
7. Belgilansinki:
(a) Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) Tashkiliy qoʻmitaning ishchi organi hisoblanadi;
(b) Vazirlar Mahkamasi tomonidan Sammitning moliyalashtirish manbalari belgilanadi hamda xarajatlar smetasi tasdiqlanadi.
8. Orol madaniyat sammitiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
9. Ichki ishlar vazirligi:
(a) Milliy gvardiya bilan birgalikda Sammit doirasidagi tadbirlar oʻtkaziladigan hududlarda, shu jumladan, ishtirokchi va mehmonlar toʻplanadigan joylarda, mehmonxonalarda hamda ularning atrofida jamoat tartibini saqlash;
(b) Sammitga tashrif buyuradigan delegatsiya aʼzolari xavfsizligini taʼminlash maqsadida yoʻl harakati qoidalariga muvofiq hamrohlik qilish choralarini koʻrsin.
10. Favqulodda vaziyatlar vazirligi Sammit doirasidagi tadbirlar oʻtkaziladigan hududlardagi obyektlar hamda ularning atrofida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va yongʻin xavfsizligini taʼminlash ishlarini tashkil etsin.
11. Sogʻliqni saqlash vazirligi Sammit doirasidagi tadbirlar oʻtkaziladigan joylarda tez tibbiy yordam brigadalari faoliyati tashkil etilishini taʼminlash, shuningdek, sogʻliqni saqlash hamda sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlariga amal qilinishi boʻyicha zarur choralar koʻrsin.
12. Raqamli texnologiyalar vazirligi Jamgʻarmaning murojaatiga asosan Sammit doirasidagi tadbirlar oʻtkaziladigan konferensiya va koʻrgazma zallari, matbuot xonalarini belgilangan tartibda zarur texnika vositalari, sinxron tarjima jihozlari va internet tarmogʻi bilan taʼminlasin.
13. Jamgʻarmaning talabnomasiga asosan quyidagilarga:
(a) “Uzbekistan Airways” AJga chet ellik ishtirokchilar uchun xalqaro va mahalliy reyslarga aviachiptalarning band qilinishini taʼminlash;
(b) “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJga chet ellik ishtirokchilar uchun qatnovdagi poyezdlarning barcha turlariga temir yoʻl chiptalari zaxirasini yaratish va rasmiylashtirish choralarini koʻrish tavsiya etilsin.
14. Tashqi ishlar vazirligi Jamgʻarmaning viza talabnomalariga binoan, Sammitda ishtirok etadigan xorijiy ishtirokchilarga Oʻzbekiston Respublikasiga kirish vizalari konsullik yigʻimlari va haqiqiy xarajatlarning oʻrnini qoplash hisobidan yigʻimlarni undirmasdan, zarur hollarda, Toshkent va Samarqand xalqaro aeroportida rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
15. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Jamgʻarma bilan birgalikda ommaviy axborot vositalari vakillari uchun barcha zarur shart-sharoitlarga ega boʻlgan Sammit matbuot markazi faoliyatini samarali yoʻlga qoʻysin, shuningdek, tadbirni yuqori saviyada xalqaro miqyosda keng yoritish uchun xorijiy ommaviy axborot vositalarini jalb qilish choralarini koʻrsin.
16. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi raisi G.O. Umerova hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F.U. Ermanov belgilansin.
17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 28-mart,
PQ-130-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-martdagi PQ-130-son qaroriga 1-ILOVA
Orol madaniyat sammitiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita
TARKIBI
Izohlar:
Tashkiliy qoʻmita aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
Tashkiliy qoʻmita, zarur hollarda, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari hamda mutaxassislarini Orol madaniyat sammitiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish masalalari boʻyicha jalb qilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-martdagi PQ-130-son qaroriga 2-ILOVA
Orol madaniyat sammitiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha
CHORA-TADBIRLAR REJASI
