Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi bilan hamkorlik samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (441-V-son)
10.02.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Keyingi yillarda mamlakatimizda qonun ijodkorligi va parlament nazorati doirasida qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat organlarining hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga koʻtarildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning 2024-yil 20-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini koʻrib chiqishga bagʻishlangan majlisidagi nutqida parlamentning qonun ijodkorligi, parlament nazorati yoʻnalishidagi faoliyatining samaradorligini yanada oshirish maqsadida vazirlik va idoralarda rahbar oʻrinbosarlarini quyi palata qoʻmitalari bilan doimiy hamkorlik uchun masʼul etib biriktirish taklifi ilgari surildi.
Shu bilan birga Yangi Oʻzbekiston sharoitida amalga oshirilayotgan islohotlar shiddati davlat organlarining qonun loyihalarini tashabbus qilish va ishlab chiqish, shuningdek qonunlarning ijrosini taʼminlash sohasida Qonunchilik palatasi bilan munosabatlarini takomillashtirish hamda bu borada masʼul rahbarlarning faolligini yanada oshirishni taqozo etmoqda.
Qonun ijodkorligi hamda qonunlar ijrosini taʼminlash sohasida respublika ijro etuvchi hokimiyati organlarining va boshqa davlat organlarining Qonunchilik palatasi bilan oʻzaro hamkorligi samaradorligini oshirish hamda “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi doirasida qabul qilinishi nazarda tutilgan qonunlar loyihalarining sifatli ishlab chiqilishini taʼminlash boʻyicha tashkiliy choralarni yanada kuchaytirish alohida ahamiyatga ega.
Shuningdek, Qonunchilik palatasi qoʻmitalarining faoliyatida ilmiy-tadqiqot muassasalari va tahlil markazlari bilan hamkorligini yanada mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qoʻmitalariga biriktirilgan vazirliklar, qoʻmitalar, agentliklar, inspeksiyalar va boshqa tashkilotlar 1-2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
2. Vazirliklar, qoʻmitalar, agentliklar va inspeksiyalarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi bilan oʻzaro hamkorlikni amalga oshirish uchun masʼul etib rahbarning birinchi oʻrinbosari, davlat organining tashkiliy tuzilmasida birinchi oʻrinbosar lavozimi mavjud boʻlmagan yoki ushbu lavozim vakant boʻlgan hollarda — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan tegishli oʻrinbosari (bundan buyon matnda masʼul oʻrinbosar deb yuritiladi) belgilansin.
Bunda vazirliklar, qoʻmitalar, agentliklar va inspeksiyalar faoliyati Qonunchilik palatasining bir nechta qoʻmitalari yoʻnalishi bilan bogʻliq boʻlgan hollarda, davlat organida tegishli yoʻnalish uchun masʼul oʻrinbosar ham qoʻmitalarga biriktirilishi mumkin.
3. Masʼul oʻrinbosar zimmasiga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi bilan oʻzaro samarali hamkorlikni amalga oshirish boʻyicha quyidagi vazifalarni yuklash tavsiya etilsin:
qonun ijodkorligi, shu jumladan qonun loyihalarini ishlab chiqish, kelishish, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish va koʻrib chiqish, shuningdek Qonunchilik palatasida koʻrib chiqish boʻyicha ishlarni tashkil etish;
tegishincha vazirlik, qoʻmita, agentlik yoki inspeksiyaning Qonunchilik palatasi qoʻmitalari bilan hamkorligini taʼminlash;
Qonunchilik palatasida “hukumat soati” oʻtkazilishi tashkillashtirilishiga koʻmaklashish va “hukumat soati” doirasida muhokama qilinadigan masalalar boʻyicha vazirlik, qoʻmita, agentlik yoki inspeksiyaning rahbariga axborot-tahliliy maʼlumotlarni tayyorlash;
parlament soʻrovlarini, shuningdek Qonunchilik palatasi deputatlari soʻrovlarini koʻrib chiqishda, Qonunchilik palatasi yoki uning qoʻmitalari tomonidan tegishincha vazirlik, qoʻmita, agentlik yoki inspeksiya rahbarining oʻz faoliyatiga doir masalalar yuzasidan axborotini eshitishda hamkorlikni tashkil qilish;
Qonunchilik palatasi tomonidan parlament nazorati yakunlari boʻyicha qabul qilingan qarorlarning ijrosini tegishli vazirlik, qoʻmita, agentlik yoki inspeksiya tizimida taʼminlash;
Qonunchilik palatasi tomonidan qonun hujjatlarining ijrosi holati va huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish, qonunosti hujjatlarining oʻz vaqtida qabul qilinishi yuzasidan monitoringni, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan parlament tekshiruvini amalga oshirishga koʻmaklashish;
Qonunchilik palatasi deputatining murojaatiga asosan hududlarda saylovchilar tomonidan koʻtarilgan dolzarb masalalarning oʻzi faoliyat yuritayotgan vazirlik, qoʻmita, agentlik yoki inspeksiya vakolatlari doirasida hal qilinishini tashkil etish;
tegishincha vazirlik, qoʻmita, agentlik yoki inspeksiyada qonun ijodkorligi hamda parlament nazorati boʻyicha Qonunchilik palatasi qarorlarining ijrosini doimiy hamda tizimli monitoring qilib borish, muntazam ravishda tarkibiy boʻlinmalarning bu boradagi hisobotlarini eshitish;
toʻliq bajarmagan, kechiktirib bajargan yoki ijrosini taʼminlamagan tarkibiy boʻlinma rahbari va xodimlarining masʼuliyatini va javobgarligini oshirish yuzasidan vazirlik, qoʻmita, agentlik yoki inspeksiya rahbariga asoslantirilgan taklifni kiritish.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
vazirliklar, qoʻmitalar, agentliklar, inspeksiyalar tomonidan bir hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi bilan oʻzaro hamkorlik uchun masʼul oʻrinbosarning belgilanishi hamda u haqdagi maʼlumotning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilishini taʼminlash;
bir oy muddatda hukumat, vazirliklar, qoʻmitalar, agentliklar va inspeksiyalarning Qonunchilik palatasi bilan oʻzaro hamkorligini tashkil etishda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladigan ishlar tartibini tasdiqlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisidagi vakolatli vakili (bundan buyon matnda Vakolatli vakil deb yuritiladi) tomonidan masʼul oʻrinbosarlar zimmasiga ushbu Qarorning 3-bandi asosida yuklatilgan vazifalarning samarali amalga oshirilishi muvofiqlashtirilishi hamda ularga uslubiy va amaliy koʻmaklashilishini taʼminlash;
masʼul oʻrinbosarlar tomonidan oʻz faoliyatini Vakolatli vakil bilan oʻzaro hamkorlikda tashkil etilishi, shu jumladan parlament soʻrovi, deputat soʻrovlari va murojaatlari hamda ularga javoblar boʻyicha Vakolatli vakilni xabardor qilishni taʼminlash;
vazirliklar, qoʻmitalar, agentliklar va inspeksiyalarning Qonunchilik palatasi bilan oʻzaro hamkorligi holati har chorak yakuni boʻyicha tegishli organning hayʼat majlislarida masʼul oʻrinbosarning bu boradagi hisobotini eshitgan holda muhokama qilib borilishini taʼminlash tavsiya etilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari:
tegishli vazirliklar, qoʻmitalar, agentliklar va inspeksiyalar rahbarlarining masʼul oʻrinbosarlari bilan doimiy ravishda yaqin hamkorlikda ish olib borish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni belgilasin;
Qonunchilik palatasining qonun ijodkorligi faoliyatini kuchaytirishga, xususan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi doirasida qabul qilinishi nazarda tutilgan qonunlar loyihalarining sifatli ishlab chiqilishini taʼminlashga, shuningdek parlament nazorati tadbirlari samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan faoliyatga vazirliklar, qoʻmitalar, agentliklar, inspeksiyalar rahbarlarining masʼul oʻrinbosarlarini muntazam ravishda jalb etib borish choralarini koʻrsin;
faoliyat yoʻnalishlaridan kelib chiqib, ushbu Qarorning 3-ilovasida koʻrsatilgan ilmiy-tadqiqot muassasalari, tahlil markazlari va boshqa tashkilotlar bilan aloqalarni hamkorlik memorandumlari orqali yoʻlga qoʻysin.
6. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari zimmasiga yuklatilsin.
7. Ushbu Qaror tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining majlisiga kiritilsin.
8. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2025-yil 10-fevral,
441-V-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining2025-yil 10-fevraldagi 441-V-son Qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qoʻmitalariga biriktirilgan vazirliklar, qoʻmitalar, agentliklar va boshqa tashkilotlar
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining2025-yil 10-fevraldagi 441-V-son Qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalariga biriktirilgan inspeksiyalar
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining2025-yil 10-fevraldagi 441-V-son Qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qoʻmitalariga biriktirilgan ilmiy-tadqiqot muassasalari, tahlil markazlari va boshqa tashkilotlar
