Qurol toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining “Roʻyxatga olinmagan oʻqotar qurol va uning oʻq-dorilarini, portlovchi materiallar va portlatish qurilmalarini ichki ishlar organlariga oʻz ixtiyori bilan topshirish hamda oʻqotar qurol va uning oʻq-dorilarini topshirganlik uchun taqdirlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2023-yil 25-iyuldagi 310-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (179-son)
25.03.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda oʻqotar qurol va uning oʻq-dorilari noqonuniy muomalasining oldini olish, ularni ixtiyoriy ravishda topshirgan shaxslarni taqdirlash tizimini takomillashtirish yuzasidan qator ishlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, sohada amalga oshirilayotgan ishlarning huquqiy mexanizmlarini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish hamda oʻzaro muvofiqlashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasining “Qurol toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq oʻqotar boʻlmagan qurol turlarini ixtiyoriy ravishda topshirgan shaxslarni ragʻbatlantirish mexanizmini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining “Roʻyxatga olinmagan oʻqotar qurol va uning oʻq-dorilarini, portlovchi materiallar va portlatish qurilmalarini ichki ishlar organlariga oʻz ixtiyori bilan topshirish hamda oʻqotar qurol va uning oʻq-dorilarini topshirganlik uchun taqdirlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2023-yil 25-iyuldagi 310-son qaroriga ilovaga muvofiq quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
oʻqotar boʻlmagan (pnevmatik, signal beruvchi, tigʻli sovuq, uloqtirish va oʻzini oʻzi himoya qilish) qurol turlariga doir tushunchalarni kiritish;
ichki ishlar organlari tomonidan qabul qilingan oʻqotar qurol va uning patronlarini kriminalistik hamda markazlashgan axborot-qidiruv tizimlari orqali oʻrganish va dastlabki tekshiruvlarni tashkil etish mexanizmini oʻqotar boʻlmagan qurol turlariga tatbiq etish;
oʻqotar boʻlmagan qurol turlarini oʻz ixtiyori bilan topshirganlik uchun pul mukofoti bilan taqdirlash amaliyotini joriy etish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri A.A. Tashpulatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 25-mart,
179-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 25-martdagi 179-son qaroriga ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Roʻyxatga olinmagan oʻqotar qurol va uning oʻq-dorilarini, portlovchi materiallar va portlatish qurilmalarini ichki ishlar organlariga oʻz ixtiyori bilan topshirish hamda oʻqotar qurol va uning oʻq-dorilarini topshirganlik uchun taqdirlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2023-yil 25-iyuldagi 310-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Nomi, muqaddima va 3-banddagi “oʻqotar” soʻzi chiqarib tashlansin.
2. 2-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Roʻyxatga olinmagan qurol va uning oʻq-dorilarini, portlovchi materiallar va portlatish qurilmalarini ichki ishlar organlariga oʻz ixtiyori bilan topshirish hamda qurol va uning oʻq-dorilarini topshirganlik uchun taqdirlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
roʻyxatga olinmagan qurol va uning oʻq-dorilarini hududiy ichki ishlar organlari yoki profilaktika (katta) inspektoriga, portlovchi materiallar va portlatish qurilmalarini ushbu ashyolarni zararsizlantirish hamda yoʻq qilish boʻyicha mutaxassisni jalb etgan holda topshirish va qabul qilib olish;
roʻyxatga olinmagan qurol va uning oʻq-dorilarini oʻz ixtiyori bilan topshirgan shaxslarni taqdirlash, shuningdek, oʻqotar qurolni va uning oʻq-dorilarini oʻz ixtiyori bilan topshirgan shaxslarga ularni belgilangan tartibda olish boʻyicha imtiyozli huquq berish;
roʻyxatga olinmagan qurol va uning oʻq-dorilarini, ichki ishlar organlariga oʻz ixtiyori bilan topshirishga oid hujjatlarni koʻrib chiqish va rasmiylashtirish, ichki ishlar organlari tomonidan qabul qilib olingan qurol va uning oʻq-dorilariga tegishli maʼlumotlarni kriminalistik hamda axborot-qidiruv tizimlari orqali tekshirish”.
3. Ilovada:
a) nomidagi “oʻqotar” soʻzi chiqarib tashlansin;
b) 1-bandda:
birinchi xatboshidagi “oʻqotar” soʻzi chiqarib tashlansin;
quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻq-dorilarni topshirganlik uchun taqdirlash tartibi faqat oʻqotar qurolning oʻq-dorilariga tatbiq etiladi”;
v) 2-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
patron — oʻqotar quroldan otishga moʻljallangan, gilza yordamida oʻt oldirish moslamasi vositasini, porox zaryadi va otiladigan aslahalarni birlashtiruvchi oʻq-dori;
pnevmatik qurol — siqilgan, suyultirilgan yoki qotirilgan gazsimon moddaning quvvati hisobiga yoʻnaltirilgan holda harakatga keladigan aslaha bilan nishonni masofadan turib urish uchun moʻljallangan qurol;
portlatish qurilmalari — portlovchi moddalar bilan toʻldirilgan va portlatish uchun moʻljallangan yigʻilgan holdagi qurilmalar;
portlovchi materiallar — oʻz xususiyatlariga koʻra portlashi, portlovchi taʼsirga ega boʻlgan va yongʻinga olib kelishi mumkin boʻlgan portlovchi materiallar, shuningdek, tarkibida pirotexnika taʼsirini yaratish uchun moʻljallangan portlovchi moddalar va portlatish vositalari boʻlgan qurilmalar;
portlovchi moddalar — porox, dinamit, trotil, nitroglitserin, ammonit va kislorodli havo yetishmagan vaziyatda portlash xususiyatiga ega boʻlgan kimyoviy moddalar va aralashmalar;
signal beruvchi qurol — tuzilishi jihatidan faqat yorugʻlik, tutunli yoki tovushli signallar berish uchun moʻljallangan qurol;
sovuq qurol — shikast yetkaziladigan obyekt bilan bevosita toʻqnashish chogʻida odamning jismoniy kuchi yordamida nishonni urish uchun moʻljallangan qurol;
tigʻli sovuq qurol — ov pichoqlari, ov xanjarchalari va xanjarlar, rapiralar, shpagalar va qilichlar;
uloqtirish quroli — nishonni aslaha bilan masofadan turib urish uchun moʻljallangan, odamning jismoniy kuchi yoki mexanik qurilma yordamida yoʻnaltirilgan holda harakatga keladigan qurol;
oʻzini oʻzi himoya qilish quroli — gazli qurol (koʻzdan yosh oqizadigan yoki achishtiradigan moddalarni qoʻllash yoʻli bilan jonli nishonga vaqtincha shikast yetkazish uchun moʻljallangan qurol), elektroshok qurilmalari, uchqun chiqargichlar va shikast yetkazuvchi taʼsiri elektr energiyasidan foydalanishga asoslangan boshqa qurilmalar;
oʻq-dorilar — qurolning jonli nishonni yoki boshqa nishonni urish uchun moʻljallangan hamda tarkibida portlovchi, poroxli, uloqtiruvchi, pirotexnik yoki urib chiqaradigan moddalar yoxud ularning birikmasi mavjud boʻlgan qurol-yarogʻ ashyolari va uloqtiriladigan aslahasi;
oʻqotar qurol — porox yoki boshqa modda quvvati hisobiga yoʻnaltirilgan holda harakatga keluvchi aslaha bilan nishonni masofadan turib mexanik urish uchun moʻljallangan qurol;
oʻqotar qurolning asosiy qismlari — stvol, zatvor, oʻqdon (baraban), ramka, stvol qutisi;
qurol — tuzilishiga koʻra jonli nishonni yoki boshqa nishonni urish, signallar berish uchun moʻljallangan qurilmalar va ashyolar. Tuzilishi jihatidan qurolga oʻxshash boʻlgan xoʻjalik-maishiy va ishlab chiqarish maqsadidagi buyumlar sifatida sertifikatlangan buyumlar, shuningdek, tuzilishi jihatidan qurolga oʻxshash boʻlgan sport aslahalari qurol jumlasiga kirmaydi”;
g) 3-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 2201-moddasiga muvofiq pnevmatik, signal beruvchi, tigʻli sovuq, uloqtirish qurolini va oʻzini oʻzi himoya qilish qurolini oʻz ixtiyori bilan topshirgan shaxslar maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilinadi”;
d) 4, 6, 7-bandlar, 2-bobning va 1-paragrafning nomlari, 8, 9, 11, 18-bandlar, 2-paragrafning nomi, 29, 30-bandlar, 31-bandning birinchi — uchinchi xatboshilari, 52 va 53-bandlardagi tegishli kelishikdagi “oʻqotar qurol va uning oʻq-dorilari” soʻzlari tegishli kelishikdagi “qurol va uning oʻq-dorilari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
e) 5-banddagi “tintuv jarayonida roʻyxatga olinmagan oʻqotar qurol” soʻzlari “tintuv yoki maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni yuritish jarayonida roʻyxatga olinmagan qurol” soʻzlari bilan almashtirilsin;
j) 10-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“10. Ariza beruvchi tomonidan topshirilayotgan qurol qismlarga boʻlaklangan (agar texnik imkoniyati boʻlsa), patronlari olingan, shuningdek, qurol va uning oʻq-dorilari, oʻqotar qurolning asosiy qismlari begona shaxslarning koʻrish imkoniyatini istisno etadigan oʻramga oʻrab joylashtirilgan boʻlishi lozim.
Ariza beruvchi ichki ishlar organi nazorat-oʻtkazish punktida xizmatni oʻtayotgan xodimga qurol va uning oʻq-dorilari, oʻqotar qurolning asosiy qismlari joylashtirilgan oʻramni qoldiradi hamda ichki ishlar organi xodimi kuzatuvida navbatchilik qismiga olib kiriladi.
Nazorat-oʻtkazish punktida qoldirilgan qurol va uning oʻq-dorilari, oʻqotar qurolning asosiy qismlari navbatchilik qismiga tezkor navbatchining yordamchisi tomonidan olib kiriladi.
Ariza beruvchi tomonidan oʻz ixtiyori bilan topshirilayotgan qurol va uning oʻq-dorilari, oʻqotar qurolning asosiy qismlari ariza beruvchi ishtirokida tezkor navbatchi tomonidan qabul qilib olinadi.
Agar ikki va undan koʻp ariza beruvchi bir vaqtning oʻzida qurol va uning oʻq-dorilari, oʻqotar qurolning asosiy qismlarini topshirishga kelgan boʻlsa, ular hamda ular tomonidan topshirilayotgan qurol va uning oʻq-dorilari, oʻqotar qurolning asosiy qismlari navbatchilik qismiga birma-bir olib kiriladi”;
z) 12 — 17-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“12. Qurol va uning oʻq-dorilarini, oʻqotar qurolning asosiy qismlarini qabul qilib olgan profilaktika (katta) inspektori ushbu Nizomga 4-ilovaga muvofiq bildirgi asosida hududiy ichki ishlar organining tezkor navbatchisiga qurol va uning oʻq-dorilarini, oʻqotar qurolning asosiy qismlarini topshiradi, bildirgiga ularni topshirgan shaxsning arizasi ilova qilinadi.
13. Qurol va uning oʻq-dorilarini, oʻqotar qurolning asosiy qismlarini qabul qilishda hududiy ichki ishlar organining tezkor navbatchisi ularni topshirayotgan ariza beruvchi ishtirokida ushbu Nizomga 5-ilovaga muvofiq oʻz ixtiyori bilan topshirilgan ashyolarni koʻzdan kechirish hamda qabul qilib olish dalolatnomasini tuzish orqali qabul qilinayotgan qurolning soni, turi (sistemasi), rusumi, modeli, kalibri va mavjud oʻziga xos individual rekvizitlari (seriyasi, raqami va ishlab chiqarilgan yili), patronlar soni, turi va kalibrining, oʻqotar qurolning asosiy qismlarining ularni topshirish haqidagi arizada koʻrsatilgan yozuvlarga muvofiqligini tekshiradi.
Qurol va uning oʻq-dorilari, oʻqotar qurolning asosiy qismlari profilaktika (katta) inspektoriga topshirilgan taqdirda, dalolatnoma hududiy ichki ishlar organining tezkor navbatchisi tomonidan ushbu profilaktika (katta) inspektori ishtirokida tuziladi.
Qurolning turi (sistemasi)ni, rusumini, modelini, kalibrini, oʻziga xos individual rekvizitlarini, patronlarning turi va kalibrini, shuningdek, oʻqotar qurolning asosiy qismlari tegishliligini aniqlashda qiyinchiliklar yuzaga kelganda, ularni koʻzdan kechirish uchun hududiy ichki ishlar organining ekspert-kriminalist xodimi jalb etiladi.
14. Ixtiyoriy topshirilgan qurol va uning oʻq-dorilari, oʻqotar qurol asosiy qismlarining hisobini yuritish maqsadida hududiy ichki ishlar organining tezkor navbatchisi tomonidan ushbu Nizomga 6-ilovaga muvofiq har bir qurol (turi, rusumi, kalibri, seriyasi, ishlab chiqarilgan yili), patronlar (ishlab chiqarilgan yili, zavodi va partiyasi, qurol turi va kalibri boʻyicha — aniqlik kiritilgan boʻlsa), shuningdek, oʻqotar qurolning asosiy qismlari koʻrsatilgan holda uch nusxada kvitansiya rasmiylashtiriladi.
Kvitansiyaning bir nusxasi qurol va uning oʻq-dorilarini, oʻqotar qurolning asosiy qismlarini topshirayotgan ariza beruvchiga topshiriladi, ikkinchi nusxasi qurol va uning oʻq-dorilari, oʻqotar qurolning asosiy qismlari bilan birga saqlanadi, uchinchi nusxasi nazorat uchun hududiy ichki ishlar organining navbatchilik qismida qoldiriladi.
Qurol va uning oʻq-dorilari, oʻqotar qurolning asosiy qismlari hududiy ichki ishlar organining tezkor navbatchisiga profilaktika (katta) inspektori tomonidan topshirilgan taqdirda, kvitansiyaning birinchi nusxasi bir sutka mobaynida ushbu ashyolarni topshirgan shaxsga taqdim etish uchun profilaktika (katta) inspektoriga beriladi.
15. Agarda qabul qilinayotgan qurolning individual raqami mavjud boʻlmasa yoki raqami oʻchirilgan boʻlsa, unga Hodisalar toʻgʻrisidagi xabarlarni qayd etish kitobida materiallar qayd etilgan vaqtincha tartib raqam beriladi. Qurolga berilgan vaqtincha tartib raqam kvitansiyaga kiritiladi.
16. Kvitansiya toʻldirilgandan keyin hududiy ichki ishlar organining tezkor navbatchisi qurol va uning oʻq-dorilarini, oʻqotar qurolning asosiy qismlarini bu turdagi qurol-yarogʻlarni vaqtincha saqlash uchun ichki ishlar organining qurolxonasida ajratilgan alohida maxsus temir seyflarga joylashtiradi.
17. Oʻz ixtiyori bilan topshirilgan qurol va uning oʻq-dorilariga, oʻqotar qurolning asosiy qismlariga oid materiallar yuzasidan tezkor navbatchi tomonidan navbatchilik davomida hududiy ichki ishlar organining boshligʻiga yoki uning vazifasini bajaruvchi shaxsga axborot beriladi hamda materiallar tegishli hududiy ichki ishlar organining Jamoat xavfsizligi xizmati jamoat tartibini saqlash boʻlimi (boʻlinmasi, guruhi) nazorat-litsenziyalash faoliyati boʻlinmasi (yoki ushbu vazifalar yuklangan) xodimiga (keyingi oʻrinlarda — masʼul xodim) belgilangan tartibda topshiriladi”;
i) 19-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“19. Masʼul xodim tomonidan qurol va uning oʻq-dorilarini, oʻqotar qurolning asosiy qismlarini oʻz ixtiyori bilan topshirishga doir hujjatlar kelib tushgan kundan boshlab ikki ish kuni ichida quyidagi soʻrovnomalar yuboriladi:
hududiy ichki ishlar organining tergov boʻlinmasiga — Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 329 va 330-moddalarida nazarda tutilgan tartibda tekshiruv ishlarini amalga oshirish uchun oʻqotar qurol va uning oʻq-dorilarini, oʻqotar qurolning asosiy qismlarini oʻz ixtiyori bilan topshirishga doir hujjatlarning nusxalari ilova etilgan holda;
hududiy ichki ishlar organining ekspert-kriminalistika boʻlinmasiga — qurol va uning oʻq-dorilari, oʻqotar qurol asosiy qismlarining texnik holatini aniqlash, kriminalistik hisobdan tekshirish hamda ballistik ekspertiza oʻtkazish uchun oʻz ixtiyori bilan topshirilgan qurol va uning oʻq-dorilari, oʻqotar qurolning asosiy qismlari ilova etilgan holda;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Huquqiy statistika va tezkor-hisob maʼlumotlar bosh markaziga (uning hududiy boʻlinmalariga) — qurol, oʻqotar qurolning asosiy qismlarini fuqaroviy va xizmat qurollar, yoʻqotilgan va aniqlangan qurollar markazlashgan axborot tizimlaridan tekshiruvdan oʻtkazish uchun;
hududiy ichki ishlar organining huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmasiga — Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 2201-moddasi uchinchi qismiga muvofiq oʻz ixtiyori bilan qurolni topshirgan shaxsni maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilish yuzasidan tegishli materiallarni tayyorlash va sudga chiqarish (pnevmatik, signal beruvchi, tigʻli sovuq, uloqtirish qurolini va oʻzini oʻzi himoya qilish qurolini oʻz ixtiyori bilan topshirishga doir hujjatlarning nusxalari ilova etilgan holda), shuningdek, jismoniy shaxsning yashash joyi boʻyicha qurol va uning oʻq-dorilarini saqlashga shart-sharoitlar mavjudligini hamda uning qurolga egalik qilishiga monelik qiladigan asoslar mavjud emasligi yuzasidan tekshiruv ishlarini oʻtkazish uchun (oʻqotar qurol va uning oʻq-dorilarini, topshirgan jismoniy shaxsning arizasida ularni imtiyozli (ustuvor tarzda) olish huquqini berish koʻrsatilganda).
Soʻrovnoma hududiy ichki ishlar organi boshligʻi tomonidan imzolanadi”;
k) 20-bandning uchinchi — yettinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ekspert-kriminalistika boʻlinmasi tomonidan — oʻtkazilgan ballistik ekspertiza natijalari boʻyicha qurol va uning oʻq-dorilarining, oʻqotar qurol asosiy qismlarining texnik holati, foydalanishga yaroqliligi, haqiqiy soni, turi, rusumi, kalibri, seriyasi, raqami va ishlab chiqarilgan yili toʻgʻrisidagi xulosa, shuningdek, soyli stvolli oʻqotar qurol boʻyicha Davlat oʻq-gilzotekasi tekshirish natijalari boʻyicha maʼlumotnoma (oʻz ixtiyori bilan topshirilgan qurol va uning oʻq-dorilari bilan birga);
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Huquqiy statistika va tezkor-hisob maʼlumotlar bosh markazi (uning hududiy markazlari) tomonidan — qurol, oʻqotar qurolning asosiy qismlarini fuqaroviy va xizmat qurollari, yoʻqotilgan va aniqlangan qurollar markazlashgan axborot tizimlaridan dastlabki tekshiruvdan oʻtkazish natijalari boʻyicha maʼlumotnoma;
huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmasi tomonidan — qurolni oʻz ixtiyori bilan topshirgan shaxs maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilinganligi toʻgʻrisida sudning qarori, shundan kelib chiqib, jismoniy shaxsning yashash joyi boʻyicha qurolni saqlashga shart-sharoitlar mavjudligi (mavjud emasligi) hamda uning qurolga egalik qilish uchun monelik qiladigan asoslar mavjud emasligi (mavjudligi) yuzasidan xulosa (oʻqotar qurol va uning oʻq-dorilarini topshirgan shaxsning arizasida uni imtiyozli (birinchi navbatda) olish huquqini berish koʻrsatilganda).
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Huquqiy statistika va tezkor-hisob maʼlumotlar bosh markazi (uning hududiy markazlari) oʻz ixtiyori bilan topshirilgan qurol yoʻqotilgan qurol sifatida respublika qidiruvi yoki xalqaro hamkorlik shartnomalariga muvofiq davlatlararo qidiruvda boʻlgan hollarda, aniqlangan qurolni aynan yoʻqotilganini aniqlash maqsadida tegishli tadbirlar oʻtkazadi.
Ekspert-kriminalistika boʻlinmasi qurolning, oʻqotar qurol asosiy qismlarining markirovka belgilari olib tashlangan yoki ular koʻrinmaydigan hollarda, markirovka belgilarini aniqlash boʻyicha qoʻshimcha kriminalistik tadqiqot oʻtkazadi. Kriminalistik tadqiqot qurolning markirovka belgilari qoʻyilgan qismlarga shikast yetkazmaydigan yoki shikast yetkazuvchi (destruktiv) usullar bilan oʻtkaziladi”;
l) 21-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“21. Masʼul xodim yuborilgan soʻrovnomalar boʻyicha ushbu Nizomning 19-bandida koʻrsatilgan boʻlinmalardan tegishli hujjatlarni olgan kundan boshlab bir ish kuni ichida toʻplangan materiallarni umumlashtiradi hamda tegishli xulosa loyihasini tayyorlaydi, ariza beruvchi tomonidan qurol va uning oʻq-dorilarini oʻz ixtiyori bilan topshirish haqidagi arizani barcha toʻplangan hujjatlar bilan birga koʻrib chiqish, ariza beruvchini pul mukofoti bilan taqdirlash yoxud unga oʻqotar qurol va uning oʻq-dorilarini imtiyozli olish huquqini berish yuzasidan qaror qabul qilish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari hamda viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari Moliya va moddiy-texnika taʼminoti boshqarmalarining xoʻjalik boshqarmalarida (boʻlimlari) saqlanayotgan olib qoʻyilgan, ixtiyoriy ravishda topshirilgan va topilgan qurol-yarogʻlarning qabul qilinishi, texnik holati aniqlanishi, yoʻq qilinishi hamda tasarruf etilishi boʻyicha texnik komissiyaga (keyingi oʻrinlarda — mintaqaviy texnik komissiya) yuboradi”;
m) 22-bandning birinchi xatboshisidagi “Ariza beruvchi tomonidan oʻqotar qurol” soʻzlari “Ariza beruvchi tomonidan qurol” soʻzlari bilan almashtirilsin;
n) 23-bandda:
birinchi xatboshidagi “oʻqotar qurol va uning oʻq-dorilarini” soʻzlari “qurol va uning oʻq-dorilarini” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“a” kichik bandning birinchi xatboshisidagi “oʻz yigʻilishida koʻrib chiqadi, oʻqotar qurol” soʻzlari “oʻz yigʻilishida koʻrib chiqadi, qurol” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“b” va “v” kichik bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“b) tekshiruv natijalariga koʻra oʻz ixtiyori bilan topshirilgan quroldan foydalanilgan holda jinoyat sodir etilganligi yoki ushbu qurol va uning oʻq-dorilari, oʻqotar qurolning asosiy qismlari oʻgʻirlanganligi bilan bogʻliq jinoyatlarga aloqadorligi, shuningdek, koʻrsatilgan ashyolar maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli boʻlganligi sababli jinoyat ishini qoʻzgʻatish yoki maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni yuritish yuzasidan qaror qabul qilinganda, toʻplangan hujjatlarni Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksiga yoki Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga muvofiq koʻrib chiqish uchun hududiyligi boʻyicha ichki ishlar organiga yuboradi;
v) tekshiruv natijalariga koʻra oʻz ixtiyori bilan topshirilgan qurol, oʻqotar qurolning asosiy qismlari Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Huquqiy statistika va tezkor-hisob maʼlumotlar bosh markazi (uning hududiy markazlari)ning yoʻqotilgan va aniqlangan qurollarning markazlashgan hisobiga aniqlangan qurol sifatida hisobga qoʻyilishini taʼminlaydi”;
p) 24-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“24. Tergov boʻlinmasi tomonidan jinoyat ishini qoʻzgʻatish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda, shuningdek, huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmasi tomonidan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni yuritishni boshlash haqida qaror qabul qilinganda, jinoyat ishi yoki maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish yakunlangani boʻyicha oʻz ixtiyori bilan topshirilgan qurol va uning oʻq-dorilari, oʻqotar qurolning asosiy qismlari belgilangan tartibda realizatsiya qilish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari hamda viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari Moliya va moddiy-texnika taʼminoti boshqarmalarining xoʻjalik boshqarmalari (boʻlimlari)ga topshiriladi”;
r) 26-banddagi “moliya va moddiy taʼminot departamentining” soʻzlari “Moliya va moddiy-texnika taʼminoti departamentining” soʻzlari bilan almashtirilsin;
s) 27-bandning ikkinchi xatboshisidagi “Moliya va moddiy taʼminot departamentining” soʻzlari “Moliya va moddiy-texnika taʼminoti departamentining” soʻzlari bilan almashtirilsin;
t) quyidagi mazmundagi 281-band bilan toʻldirilsin:
“281. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Huquqiy statistika va tezkor-hisob maʼlumotlar bosh markazi (uning hududiy markazlari) tomonidan oʻz ixtiyori bilan topshirilgan qurol va uning patronlari yoʻqotilgan qurol sifatida respublika qidiruvi yoki xalqaro hamkorlik shartnomalariga muvofiq davlatlararo qidiruvda yoʻqotilgan qurol va uning patronlari sifatida hisobga olinganligi aniqlangan hollarda, ularni topshirgan ariza beruvchi ushbu Nizomga 7-ilovada koʻrsatilgan miqdorda pul mukofoti bilan taqdirlanishi mumkin.
Bunday hollarda ariza beruvchi oʻz ixtiyori bilan topshirilgan fuqaroviy oʻqotar qurol va uning patronlarini imtiyozli olish huquqidan foydalanmaydi”;
u) 32-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“32. Quyidagi asoslarga koʻra pul mukofoti bilan taqdirlash rad etiladi:
oʻz ixtiyori bilan topshirilgan qurol va uning oʻq-dorilari, oʻqotar qurolning asosiy qismlari ushbu Nizomga 7-ilovadagi oʻz ixtiyori bilan topshirilgan qurol va uning oʻq-dorilari uchun pul mukofoti miqdorlaridagi roʻyxatda koʻrsatilmaganda;
qurol va uning oʻq-dorilarini, oʻqotar qurolning asosiy qismlarini oʻz ixtiyori bilan topshirgan ariza beruvchining quroldan foydalangan holda sodir etilgan jinoyatga yoki ushbu qurol va uning oʻq-dorilari, oʻqotar qurolning asosiy qismlari oʻgʻirlanganligi bilan bogʻliq jinoyatga aloqadorligi, shuningdek, koʻrsatilgan ashyolar maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli boʻlganligi aniqlanganda”;
f) 37-bandning toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“oʻqotar qurol va uning oʻq-dorilarini, oʻqotar qurolning asosiy qismlarini oʻz ixtiyori bilan topshirgan ariza beruvchining quroldan foydalangan holda sodir etilgan jinoyatga yoki ushbu qurol va uning oʻq-dorilari oʻgʻirlanganligi bilan bogʻliq jinoyatga aloqadorligi, shuningdek, koʻrsatilgan ashyolar maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli boʻlganligi aniqlanganda”;
x) 49-banddagi “jinoyat ishlari” soʻzlari “jinoyat yoki maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar” soʻzlari bilan almashtirilsin;
ch) 50 va 51-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“50. Oʻz ixtiyori bilan topshirilgan va texnik jihatdan foydalanish uchun yaroqsiz boʻlgan, shuningdek, yasama, qaytadan yasalgan va Oʻzbekiston Respublikasi hududida muomalasi taqiqlangan qurol va uning oʻq-dorilari Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilangan tartibda yoʻq qilinadi yoki maxsus organlar va harbiy tuzilmalar kolleksiyasiga topshiriladi.
Oʻz ixtiyori bilan topshirilgan qurolning yoʻq qilinganligi yoki maxsus organlar va harbiy tuzilmalar kolleksiyasiga topshirilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Huquqiy statistika va tezkor-hisob maʼlumotlar bosh markazi (uning hududiy markazlari)ga yoʻqotilgan va aniqlangan qurollar markazlashgan hisoblarida aks ettirish uchun yuboriladi.
51. Oʻz ixtiyori bilan topshirilgan va texnik jihatdan foydalanish uchun yaroqli boʻlgan qurol Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Huquqiy statistika va tezkor-hisob maʼlumotlar bosh markazi (uning hududiy markazlari)dagi yoʻqotilgan va aniqlangan qurollar markazlashgan axborot-qidiruv tizimlari hisobidan chiqarilgan holda muomalaga qaytariladi”;
sh) 1 va 2-ilovalar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Roʻyxatga olinmagan qurol va uning oʻq-dorilarini, portlovchi materiallar va portlatish qurilmalarini ichki ishlar organlariga oʻz ixtiyori bilan topshirish hamda qurol va uning oʻq-dorilarini topshirganlik uchun taqdirlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Qurol va uning oʻq-dorilarini, oʻqotar qurolning asosiy qismlarini ichki ishlar organlariga oʻz ixtiyori bilan topshirish hamda ularni topshirganlik uchun taqdirlash
SXEMASI
Roʻyxatga olinmagan qurol va uning oʻq-dorilarini, portlovchi materiallar va portlatish qurilmalarini ichki ishlar organlariga oʻz ixtiyori bilan topshirish hamda qurol va uning oʻq-dorilarini topshirganlik uchun taqdirlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
e) 3-ilovaning ilova belgisidagi “oʻqotar” soʻzi chiqarib tashlansin;
yu) 4-ilovada:
ilova belgisidagi “oʻqotar” soʻzi chiqarib tashlansin;
nomidagi “oʻqotar qurol va uning oʻq-dorilarini” soʻzlari “qurol (oʻqotar qurolning asosiy qismlari) va uning oʻq-dorilari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
ya) 5-ilova quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Roʻyxatga olinmagan qurol va uning oʻq-dorilarini, portlovchi materiallar va portlatish qurilmalarini ichki ishlar organlariga oʻz ixtiyori bilan topshirish hamda qurol va uning oʻq-dorilarini topshirganlik uchun taqdirlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 5-ILOVA
Oʻz ixtiyori bilan topshirilgan qurol (oʻqotar qurolning asosiy qismlari) va (yoki) uning oʻq-dorilarini koʻzdan kechirish hamda qabul qilish
DALOLATNOMASI
ya1) 6-ilovada:
ilova belgisidagi “oʻqotar” soʻzi chiqarib tashlansin;
nomidagi “oʻqotar qurol va uning oʻq-dorilarini” soʻzlari “qurol (oʻqotar qurolning asosiy qismlari) va uning oʻq-dorilari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
matnidagi “Qabul qilingan oʻqotar qurol va oʻq-dorilarga” soʻzlari “Qabul qilingan qurol (oʻqotar qurolning asosiy qismlari) va oʻq-dorilarga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
ya2) 7-ilova quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Roʻyxatga olinmagan qurol va uning oʻq-dorilarini, portlovchi materiallar va portlatish qurilmalarini ichki ishlar organlariga oʻz ixtiyori bilan topshirish hamda qurol va uning oʻq-dorilarini topshirganlik uchun taqdirlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 7-ILOVA
Oʻz ixtiyori bilan topshirilgan qurol va uning oʻq-dorilari, oʻqotar qurolning asosiy qismlari uchun pul mukofoti
MIQDORLARI
Izoh. Qayd etilgan qurol, oʻqotar qurolning asosiy qismi yaroqsiz deb topilgan taqdirda, belgilangan summaning yarmi toʻlanadi.
* Shaxs bir vaqtning oʻzida oʻqotar qurolning bir nechta asosiy qismlarini topshirganida unga oʻqotar qurolning asosiy qismlarining har biri uchun mukofot puli toʻlanishi mumkin, agarda ushbu qismlar aynan bitta qurolga tegishli qismlar boʻlmasa”;
ya3) 8-ilovaning ilova belgisidagi “oʻqotar” soʻzi chiqarib tashlansin.
