Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi direktori I. Ergashevning “Qishloq xoʻjaligi urugʻlik materiallari va oziq-ovqat mahsulotlarini karantin nazoratidan oʻtkazish, kimyoviy vositalarni (pestitsidlarni) roʻyxatga olish va savdosini tartibga solish hamda zararli hasharotlarga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti haqida (546-V-son)
19.02.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi direktori I. Ergashevning “Qishloq xoʻjaligi urugʻlik materiallari va oziq-ovqat mahsulotlarini karantin nazoratidan oʻtkazish, kimyoviy vositalarni (pestitsidlarni) roʻyxatga olish va savdosini tartibga solish hamda zararli hasharotlarga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axborotini eshitib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, keyingi yillarda oʻsimliklar karantini va himoyasi boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, tashqi bozorda mahalliy qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirish, agrokimyoviy xizmatlar sifatini yaxshilash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan “Oʻsimliklarni himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi. Ushbu hujjat asosida mamlakatimizda oʻsimliklarni himoya qilish sohasida yagona davlat siyosati shakllandi, davlat boshqaruvi tizimi takomillashtirildi va nazorat kuchaytirildi.
Qonunda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi vakolatlari aniq belgilab qoʻyilgan.
Shuningdek, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, xoʻjalik boshqaruvi organlarining, yuridik va jismoniy shaxslarning oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi huquq va majburiyatlari mustahkamlangan.
Oʻtgan davrda olib borilgan karantin nazorati tadbirlari davomida karantin ostidagi 5,5 mln tonna mahsulot respublika hududiga kiritilgan. Shuningdek, 2024-yilda 10,6 mln metr kub, 7,2 mln metr kvadrat zararsizlantirish (fumigatsiya) ishlari amalga oshirilgan.
Mamlakat boʻyicha 6,1 mln gektar maydonda monitoring nazorat ishlari oʻtkazilgan. Respublika agrokimyoviy tahlil markazi va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan agroklasterlar hamda fermer xoʻjaliklarining maydonlari uchun “uzagrolab.uz” elektron platformasida tuproqning elektron agrokimyoviy xaritanomalari tayyorlangan.
Qishloq xoʻjaligida qoʻllashga ruxsat berilgan oʻsimliklarni himoya qilish va kimyolashtirish vositalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “karantin.uz” veb-sayti va “Agrokoʻmakchi” mobil ilovasida joylashtirilib, roʻyxati doimiy ravishda yangilab borilgan.
Oʻsimliklarni himoya qilish va kimyolashtirish vositalarini sinovdan oʻtkazish, roʻyxatga olish uchun “reg.efito.uz” elektron axborot tizimi, zararli chigirtkalar tarqalishining oldini olish va ularga qarshi kurashish maqsadida “Chigirtka” avtomatlashtirilgan axborot tizimi yaratilgan.
Shu bilan birga, tahlillar sohada hali yechilishi lozim boʻlgan ayrim masalalar va muayyan kamchiliklar ham saqlanib qolayotganini koʻrsatmoqda.
Jumladan, oʻsimliklar karantini va himoyasi sohasidagi qonunchilik hujjatlarini Jahon savdo tashkilotining Sanitariya va fitosanitariya choralarini qoʻllash boʻyicha bitimi talablaridan kelib chiqib, yanada takomillashtirish zarurati mavjud.
Agroklasterlar va fermer xoʻjaliklarining yer maydonlaridagi tuproqning elektron agrokimyoviy xaritanomalari toʻliq shakllantirilmagan.
Mahsulotlarni zararsizlantirish (fumigatsiya) bilan bogʻliq xizmatlarni koʻrsatish sohasining xususiy sektorga oʻtkazilishi jarayonlarini samarali tashkil etish maqsadga muvofiq.
Fermer va dehqon xoʻjaliklari vakillari, tomorqa va xususiy bogʻlar egalarida oʻsimliklar karantini va himoyasi sohasi boʻyicha koʻnikmalarni shakllantirish, xorijiy davlatlarga mahsulotlar eksporti uchun fitosanitar ruxsatlar olish boʻyicha ishlar yetarlicha yoʻlga qoʻyilmagan.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi direktori I. Ergashevning “Qishloq xoʻjaligi urugʻlik materiallari va oziq-ovqat mahsulotlarini karantin nazoratidan oʻtkazish, kimyoviy vositalarni (pestitsidlarni) roʻyxatga olish va savdosini tartibga solish hamda zararli hasharotlarga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligiga:
agroklasterlar va fermer xoʻjaliklarining yer maydonlaridagi tuproqning elektron agrokimyoviy xaritanomalarini shakllantirish borasida boshlangan ishlarni yakuniga yetkazish;
mahsulotlarni zararsizlantirish (fumigatsiya) boʻyicha xizmatlarni koʻrsatish sohasini xususiy sektorga oʻtkazish bilan bogʻliq jarayonlarni samarali tashkil etish;
fermerlar, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalariga sifatli va tezkor xizmatlar koʻrsatish tizimini yoʻlga qoʻyish;
Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportini oshirish uchun qonunchilik hujjatlaridagi mavjud boʻshliqlarni toʻldirish boʻyicha ishlarni samarali tashkil qilish;
“Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili davlat dasturida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, oʻsimliklar karantini va himoyasining tumanlar kesimida master-rejalarini ishlab chiqish;
meva-sabzavot yetishtiruvchilar va eksportchi korxonalarning xorijiy bozorlarga mahsulotlar eksporti uchun fitosanitar ruxsat olish ishlarini samarali yoʻlga qoʻyish vazifalari yuklatilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi oʻsimliklar karantini va himoyasi sohasini raqamlashtirish doirasida amalga oshirilayotgan ishlar ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirsin.
4. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari M. Xodjayeva zimmasiga yuklatilsin.
5. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2025-yil 19-fevral,
546-V-son
