“Diplomatik xizmat aʼlochisi” va “Diplomatik xizmat fidoyisi” koʻkrak nishonlari toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida (174-son)
19.03.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maʼmuriy islohotlar doirasida Tashqi ishlar vazirligi faoliyatini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 30-avgustdagi PF-133-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy, ijtimoiy hamda siyosiy sohalardagi tashqi aloqalarini yanada rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-avgustdagi PF-133-son Farmoni bilan “Diplomatik xizmat aʼlochisi” va “Diplomatik xizmat fidoyisi” koʻkrak nishonlari taʼsis etilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
“Diplomatik xizmat aʼlochisi” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
“Diplomatik xizmat aʼlochisi” koʻkrak nishoni va guvohnomasining tavsiflari 2 va 3-ilovalarga muvofiq;
“Diplomatik xizmat fidoyisi” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizom 4-ilovaga muvofiq;
“Diplomatik xizmat fidoyisi” koʻkrak nishoni va guvohnomasining tavsiflari 5 va 6-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Diplomatik xizmat aʼlochisi” va “Diplomatik xizmat fidoyisi” koʻkrak nishonlari hamda guvohnomalari belgilangan tartibda tayyorlanishini taʼminlasin.
4. “Diplomatik xizmat aʼlochisi” va “Diplomatik xizmat fidoyisi” koʻkrak nishonlari va guvohnomalarini tayyorlash hamda mukofotlanganlarni taqdirlash bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik xizmat organlarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanishi inobatga olinsin.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri B.O. Saidov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 19-mart,
174-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 19-martdagi 174-son qaroriga 1-ILOVA
“Diplomatik xizmat aʼlochisi” koʻkrak nishoni toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Diplomatik xizmat aʼlochisi” koʻkrak nishoni (keyingi oʻrinlarda — koʻkrak nishoni) bilan taqdirlash tartibini belgilaydi.
2. Koʻkrak nishoni bilan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro maydondagi milliy manfaatlarini himoya qilish va mamlakat obroʻsini oshirish hamda davlatning tashqi siyosiy va iqtisodiy manfaatlarini samarali ilgari surish borasidagi vazifalarni vatanparvarlik ruhida, sidqidildan va namunali tarzda bajarayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimidagi (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) hamda boshqa vazirlik va idoralar xodimlari taqdirlanadi.
2-bob. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash uchun hujjatlarni taqdim etish va koʻrib chiqish
3. Koʻkrak nishoni bilan ushbu Nizomga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq taqdirlanadi.
4. Vazirlik markaziy apparati, hududiy boʻlinmalari, xorijdagi diplomatik muassasalari, tizimidagi tashkilotlar hamda boshqa vazirlik va idoralar rahbarlari koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflarni har yili 15-iyunga qadar shakllantirib, Vazirlikka taqdim etadi.
Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash uchun nomzod (keyingi oʻrinlarda — nomzod) boʻyicha taqdim etilgan taklifga ilova sifatida nomzodning maʼlumotnoma-obyektivkasi, fuqarolik pasporti yoki ID-kartasi, soʻnggi uch yil davomida Oʻzbekiston Respublikasining milliy manfaatlarini himoya qilish va nufuzini yuksaltirish hamda yurtimizning tashqi siyosiy va iqtisodiy manfaatlarini ilgari surish va rivojlantirish borasida amalga oshirgan faoliyati aks ettirilgan taqdimnoma kiritiladi.
5. Vazirlikning masʼul boshqarmasi tomonidan nomzodlar boʻyicha kiritilgan takliflar umumlashtiriladi, hujjatlarni koʻrib chiqish uchun Vazirlik Hayʼatiga har yili 25-iyunga qadar taqdim etiladi.
6. Vazirlik Hayʼati yigʻilishida nomzodlarning tegishli hujjatlari oʻrganilib, har yili 1-iyulga qadar eng munosib nomzodlar boʻyicha yakuniy xulosa qabul qilinadi hamda Vazirlik Hayʼati raisi tomonidan tasdiqlanadi.
7. Nomzodlarni tanlashda ularning quyidagi mezon talablariga muvofiqligiga eʼtibor qaratiladi hamda ular ushbu Nizomga 2-ilovadagi sxemaga muvofiq tanlab olinadi:
Oʻzbekiston Respublikasi bilan xorijiy mamlakatlar oʻrtasida siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, texnologik, moliyaviy-texnik, ilmiy-texnik, madaniy-gumanitar, turizm hamda boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishda munosib hissa qoʻshganligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Hukumatining xalqaro aloqalar sohasidagi alohida tashabbuslari va topshiriqlarini bajarishda faol ishtirok etganligi;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro kun tartibidagi va mintaqaviy xavfsizlikka oid dolzarb muammolar, shuningdek, mamlakatni ichki rivojlantirish masalalari boʻyicha tashabbuslari, pozitsiyasi va yondashuvlari xorijiy mamlakatlar tomonidan, shu jumladan, xalqaro tashkilotlar doirasida siyosiy qoʻllab-quvvatlanishini taʼminlashga erishganligi;
dunyoda boʻlayotgan voqealar, jahon siyosati va iqtisodiyotining Oʻzbekiston Respublikasi milliy manfaatlariga daxldor eng muhim masalalarini prognoz baholashga oid va dolzarb axborot-tahliliy materiallar bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasini muntazam taʼminlab turganligi;
chet el mamlakatlari bilan oʻzaro tovar ayirboshlash hajmining yanada oʻsishini taʼminlash, xorijiy investitsiyalar, moliyaviy-texnik yordam va ilgʻor texnologiyalarni jalb etish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasiga turistlar oqimini koʻpaytirishga qaratilgan tashqi iqtisodiy kelishuvlarga erishishda faol ishtirok etganligi;
mamlakatda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar va oʻzgarishlarning ahamiyati hamda mohiyatini, Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy va turistik salohiyatini yaqqol koʻrsatib beradigan xolis axborotni xorijiy mamlakatlarning nufuzli ommaviy axborot vositalarida keng tarqatishda aniq natijalarga erishganligi;
Oʻzbekiston Respublikasining amaliy ahamiyatga ega xalqaro shartnomalarini tuzish boʻyicha takliflar ishlab chiqish va ularning toʻla-toʻkis amalga oshirilishini taʼminlaganligi;
konsullik muassasalari faoliyatida koʻrsatilayotgan davlat xizmatlarining tezkorligi va sifati, xorijda Oʻzbekistonning jismoniy va yuridik shaxslari huquqlari va qonuniy manfaatlari samarali himoya qilinishini taʼminlash, qiyin ahvolga tushib qolgan fuqarolarga yordam koʻrsatishda yutuqlarga erishganligi;
Vazirlik tizimida uzoq muddat xizmat qilib, “Ustoz-shogird” anʼanalarini targʻib qilishda faol ishtirok etganligi, xalqaro munosabatlar sohasida munosib istiqbolli va fidoyi kadrlar tarbiyalashda, ularning malakasini oshirib borishda hissa qoʻshganligi.
8. Vazirlik Hayʼati taqdirlashga taklif etilayotgan nomzodlarni tanlashda yuzaki yondashuvlarga yoʻl qoʻymasdan, adolat va xolislik mezonlariga koʻra Hayʼat yigʻilishlarining haqiqiy muhokamalar asosida oʻtkazilishini taʼminlagan holda, nomzodlar boʻyicha hujjatlarni Nizomda belgilangan muddatlarda toʻliq koʻrib chiqishi va qaror qabul qilishi lozim.
9. Vazirlik Hayʼatining qarori asosida har yili 1-avgustga qadar Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining koʻkrak nishoni bilan taqdirlash toʻgʻrisidagi buyrugʻi qabul qilinadi.
3-bob. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash tartibi
10. Koʻkrak nishoni va uning guvohnomasi mukofotlangan shaxslarga 1-sentabr — Mustaqillik kuni arafasida Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri (yoki uning topshirigʻiga muvofiq boshqa rahbar shaxslar) tomonidan tantanali tarzda topshiriladi.
11. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlanadigan shaxslar roʻyxati Vazirlikning rasmiy veb-saytida va boshqa ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
12. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlanadigan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining toʻrt baravari miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti beriladi.
Koʻkrak nishonini tayyorlash, bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotini ajratish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik xizmat organlarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
13. Bir shaxs koʻkrak nishoni bilan bir marta taqdirlanadi.
14. Koʻkrak nishoni davlat mukofotlaridan keyin koʻkrakning chap tomoniga taqiladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
15. Vazirlik va Vazirlik Hayʼati aʼzolari ushbu Nizomga muvofiq koʻkrak nishoniga tavsiya etilgan nomzodlarning xolis koʻrib chiqilishi uchun bevosita masʼuldir.
16. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
“Diplomatik xizmat aʼlochisi” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
“Diplomatik xizmat aʼlochisi” koʻkrak nishoniga nomzod shaxslarni taqdirlash
SXEMASI
“Diplomatik xizmat aʼlochisi” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
“Diplomatik xizmat aʼlochisi” koʻkrak nishoniga nomzodlarni baholash mezonlari
SXEMASI
Izoh. Nomzodlarning erishgan natijalari boʻyicha qoʻyilgan ballari jamlanib, eng yuqori koʻrsatkichni qayd etganlar koʻkrak nishoniga nomzod sifatida tavsiya etiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 19-martdagi 174-son qaroriga 2-ILOVA
“Diplomatik xizmat aʼlochisi” koʻkrak nishonining
TAVSIFI
“Diplomatik xizmat aʼlochisi” koʻkrak nishoni (keyingi oʻrinlarda — koʻkrak nishoni) diametri 34 millimetrli doira shaklida boʻlib, mis qotishmasidan tayyorlanadi.
Koʻkrak nishonining old tomoni markaziy qismida diametri 29 millimetrli ramziy yer shari tasvirlangan boʻlib, uning meridian va parallellari havorang emalda aks ettirilgan.
Koʻkrak nishonining yuqori qismida “DIPLOMATIK XIZMAT AʼLOCHISI” yozuvi zarhal rangda joylashtirilgan. Harflarning balandligi 3,5 millimetrni tashkil etadi.
Uning pastki qismida oʻzaro ishonch, samimiy hurmat va har tomonlama hamkorlikni ifodalovchi doʻstona qoʻlni qoʻlga berib koʻrishish ramzi zarhal rangda tasvirlangan.
Koʻkrak nishonining orqa tomoni markazida diametri 23,5 millimetrli Oʻzbekiston Respublikasi davlat gerbi aks ettirilgan boʻlib, uning pastki qismida “TASHQI ISHLAR VAZIRLIGI” yozuvi joylashgan. Harflarning balandligi 2,4 millimetrni tashkil etadi.
Koʻkrak nishonining qalinligi — 2,5 millimetr. Tasvirlar va yozuvlar qavariqdir.
Koʻkrak nishoni old va orqa tomonlarining chetlari hoshiyalangan.
Koʻkrak nishoni ilmoqcha va halqa yordamida besh burchakli qadagʻichga ulanadi. Qadagʻichning kengligi — 28 millimetr, balandligi — 47 millimetr.
Qadagʻich markazida kengligi 24 millimetr, uzunligi 33 millimetr boʻlgan shoyi lenta joylashgan boʻlib, noyob va milliy anʼanalarga xos boʻlgan naqsh bilan bezatilgan. Naqsh koʻk va havorang tuslarda ishlangan boʻlib, Oʻzbekistonning boy madaniy merosi va tarixiy-anʼanaviy qadriyatlari bilan uzviy bogʻliqlikni ifodalaydi.
Qadagʻichning orqa tomoniga koʻkrak nishonini kiyimga taqib qoʻyish uchun toʻgʻnogʻich koʻrinishidagi moslama oʻrnatilgan.
“Diplomatik xizmat aʼlochisi” koʻkrak nishoni
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 19-martdagi 174-son qaroriga 3-ILOVA
“Diplomatik xizmat aʼlochisi” koʻkrak nishoni guvohnomasining
TAVSIFI
“Diplomatik xizmat aʼlochisi” koʻkrak nishoni guvohnomasi 165x115 millimetr oʻlchamdagi kitobcha shaklida boʻlib, 240 g/kv.m. qalinlikdagi ofset qogʻozdan tayyorlanadi.
Guvohnomaning tashqi tomoni (birinchi va toʻrtinchi betlari) havorang boʻlib, plyonka bilan qoplangan.
Guvohnomaning birinchi beti yuqori chekkasidan 17 millimetr pastda, markazda ikki satrda “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI”, “TASHQI ISHLAR VAZIRLIGI” yozuvi joylashgan. Undan 23 millimetr pastda, birinchi satrda “DIPLOMATIK XIZMAT AʼLOCHISI”, ikkinchi satrda “KOʻKRAK NISHONI” (katta harflarda, “Times new Roman Bolt” shrifti, 10 kegl) soʻzlari yozilgan.
Undan 30 millimetr pastda “GUVOHNOMASI” (katta harflarda, “Times new Roman Bolt” shrifti, 23 kegl) yozuvi joylashgan.
Yozuvlar oq rangda aks ettirilgan.
Guvohnomaning ichki tomoni (ikkinchi va uchinchi betlari) “Tangir” tasviri tushirilgan och havo rangda boʻlib, ofset usulida chop etilgan.
Guvohnomaning ichki tomoni chap qismida (ikkinchi bet), markazda koʻkrak nishonining asliga teng oʻlchamdagi rangli tasviri aks ettirilgan.
Guvohnomaning ichki oʻng tomoni (uchinchi bet) yuqori chekkasidan 10 millimetr pastda, markazda “GUVOHNOMA” (katta harflarda, “Times new Roman Bolt” shrifti, 15 kegl) soʻzi hamda guvohnoma tartib raqami uchun “№” belgisi va 15 millimetrli chiziq joylashgan.
“GUVOHNOMA” soʻzidan 10 millimetr pastda mukofotlangan shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismini qayd etish uchun oraligʻi 8 millimetrli uchta chiziq tortilgan.
Pastki chiziqdan 10 millimetr quyida, markazda toʻrt satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda “Oʻzbekiston Respublikasi”, ikkinchi satrda “tashqi ishlar vazirining”, 7 millimetr oraliqdan soʻng uchinchi satrda “20__-yil “___” __________dagi”, toʻrtinchi satrda “___-son buyrugʻiga asosan” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 11 kegl) soʻzlari yozilgan.
Undan 8 millimetr pastda, markazda oraligʻi 5 millimetrli ikki satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda “DIPLOMATIK XIZMAT AʼLOCHISI” (katta harflarda, “Times new Roman Bolt” shrifti, 11 kegl), ikkinchi satrda “koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 11 kegl) soʻzlari yozilgan.
Soʻnggi soʻzlardan 12 millimetr pastda, chap tomonda “Vazir” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 11 kegl) soʻzi joylashgan.
“Diplomatik xizmat aʼlochisi” koʻkrak nishoni
GUVOHNOMASI
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 19-martdagi 174-son qaroriga 4-ILOVA
“Diplomatik xizmat fidoyisi” koʻkrak nishoni toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Diplomatik xizmat fidoyisi” koʻkrak nishoni (keyingi oʻrinlarda – koʻkrak nishoni) bilan taqdirlash tartibini belgilaydi.
2. Koʻkrak nishoni bilan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ikki va koʻp tomonlama aloqalarining rivojlanishiga sezilarli hissa qoʻshgan chet el fuqarolari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar va Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, shu jumladan, xorijda doimiy yashaydigan vatandoshlar taqdirlanadi.
2-bob. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash uchun hujjatlarni taqdim etish va koʻrib chiqish
3. Koʻkrak nishoni bilan ushbu Nizomga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq taqdirlanadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi (keyingi oʻrinlarda – Vazirlik) tizimidagi hamda Vazirlik murojaatiga koʻra boshqa vazirlik va idoralar rahbarlari koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflarni shakllantirib, har yili 15-iyunga qadar Tashqi ishlar vazirligiga taqdim etadi.
Koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga nomzod (keyingi oʻrinlarda – nomzod) boʻyicha taqdim etilgan taklifga ilova sifatida nomzodning maʼlumotnoma-obyektivkasi, fuqarolik pasporti yoki ID-karta, soʻnggi uch yil davomida siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ikki va koʻp tomonlama aloqalarini rivojlantirish borasida amalga oshirgan faoliyati aks ettirilgan taqdimnoma kiritiladi.
5. Vazirlikning masʼul boshqarmasi tomonidan nomzodlar boʻyicha kiritilgan takliflar umumlashtiriladi, har yili 25-iyunga qadar tegishli hujjatlarni koʻrib chiqish uchun Vazirlik Hayʼatiga taqdim etadi.
6. Vazirlik Hayʼati yigʻilishida nomzodlarning tegishli hujjatlari oʻrganilib, har yili 1-iyulga qadar eng munosib nomzodlar boʻyicha yakuniy xulosa qabul qilinadi hamda Vazirlik Hayʼati raisi tomonidan tasdiqlanadi.
7. Nomzodlarni tanlashda ularning quyidagi mezon talablariga muvofiqligiga eʼtibor qaratiladi hamda ular ushbu Nizomga 2-ilovadagi sxemaga muvofiq tanlab olinadi:
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro munosabatlar sohasini rivojlantirishga qoʻshgan salmoqli hissasi, xususan:
xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan turli sohalardagi ikki va koʻp tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirishi boʻyicha amalga oshirgan faoliyati;
chet el davlatlari bilan strategik, koʻp asrlik doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni rivojlantirishdagi alohida xizmatlari;
Oʻzbekiston iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy-gumanitar sohalarining yanada rivojlanishiga, xorijiy investitsiyalarni jalb etishda qoʻshgan hissasi;
xorijiy mamlakatlarda Oʻzbekistonning qadimiy boy tarixi va madaniy merosini, anʼanalari va urf-odatlarini targʻib qilish hamda asrab-avaylash, ushbu yoʻnalishdagi madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish va rivojlantirish, ilm-fan yutuqlarini keng targʻib qilishdagi amaliy ishlari;
xorijdagi oʻzbek milliy madaniy markazlari va doʻstlik jamiyatlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish va yanada kengaytirishdagi ishtiroki;
xorijda istiqomat qilayotgan fuqaro va vatandoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ular bilan samarali aloqa va muloqotni kengaytirish, xorijiy davlatlardagi oʻzbek diasporasi vakillari bilan hamkorlik qilishdagi faolligi;
xorijda ogʻir ahvolga tushib qolgan fuqarolarga yordam koʻrsatishda munosib hissa qoʻshganligi.
Koʻkrak nishoni yuqorida koʻrsatilgan talablarga javob beradigan fidoyi va faol shaxslarga beriladi.
8. Vazirlik Hayʼati taqdirlashga taklif etilayotgan nomzodlarni tanlashda yuzaki yondashuvlarga yoʻl qoʻymasdan, adolat va xolislik mezonlariga koʻra Hayʼati yigʻilishlarining haqiqiy muhokamalar asosida oʻtkazilishini taʼminlagan holda, ragʻbatlantirishga taklif etilayotgan nomzodlar boʻyicha hujjatlarni Nizomda belgilangan muddatlarda toʻliq koʻrib chiqishi va qaror qabul qilishi lozim.
9. Vazirlik Hayʼati qarori asosida har yili 1-avgustga qadar Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining koʻkrak nishoni bilan taqdirlash toʻgʻrisidagi buyrugʻi qabul qilinadi.
3-bob. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash tartibi
10. Koʻkrak nishoni va uning guvohnomasi mukofotlangan shaxslarga 1-sentabr – Mustaqillik kuni arafasida Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri (yoki uning topshirigʻiga muvofiq boshqa rahbar shaxslar) tomonidan tantanali tarzda topshiriladi.
11. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlanadigan shaxslar roʻyxati Vazirlikning rasmiy veb-saytida va boshqa ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
12. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlanadigan shaxslarga esdalik sovgʻalari beriladi.
13. Koʻkrak nishonini tayyorlash va esdalik sovgʻalarini xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik xizmat organlarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
14. Bir shaxs koʻkrak nishoni bilan bir marta taqdirlanadi.
15. Koʻkrak nishoni davlat mukofotlaridan keyin koʻkrakning chap tomoniga taqiladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
16. Vazirlik va Vazirlik Hayʼati aʼzolari ushbu Nizomga muvofiq ragʻbatlantirishga tavsiya etilgan nomzodlar hujjatlarining xolis koʻrib chiqilishi uchun bevosita masʼuldir.
17. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
“Diplomatik xizmat fidoyisi” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
“Diplomatik xizmat fidoyisi” koʻkrak nishoniga nomzod shaxslarni taqdirlash
SXEMASI
“Diplomatik xizmat fidoyisi” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
“Diplomatik xizmat fidoyisi” koʻkrak nishoniga nomzodlarni baholash mezonlari
SXEMASI
Izoh. Nomzodlarning erishgan natijalari boʻyicha qoʻyilgan ballari jamlanib, eng yuqori koʻrsatkichni qayd etganlar koʻkrak nishoniga nomzod sifatida tavsiya etiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 19-martdagi 174-son qaroriga 5-ILOVA
“Diplomatik xizmat fidoyisi” koʻkrak nishonining
TAVSIFI
“Diplomatik xizmat fidoyisi” koʻkrak nishoni (keyingi oʻrinlarda — koʻkrak nishoni) mis qotishmasidan tayyorlanadi va qarama-qarshi uchlarining diametri 36 millimetrli sakkiz qirrali yulduz shaklida boʻladi.
Sakkiz qirrali yulduz Oʻzbekistonning qadimiy davlatchiligi tarixi, anʼanalari va milliy madaniy merosining muhim ramzi sifatida ifoda etilib, markaziy qismida diametri 25 millimetrli ramziy yer shari tasvirlangan, uning meridian va parallellari havorang emalda aks ettirilgan.
Koʻkrak nishonining markaziy qismi tinchlik, doʻstlik va hamkorlik ramzi sifatida tumshugʻida zaytun novdasi bilan uchayotgan kabutar va uning oʻng tomonida Oʻzbekiston Respublikasi bayrogʻining rangli tasviri aks ettirilgan.
Koʻkrak nishonining pastki qismida “DIPLOMATIK XIZMAT FIDOYISI” yozuvi joylashgan. Harflarning balandligi 3 millimetr.
Koʻkrak nishonining orqa tomoni markazida diametri 18 millimetrli Oʻzbekiston Respublikasi davlat gerbi, uning pastki qismida “TASHQI ISHLAR VAZIRLIGI” yozuvi joylashgan. Harflarning balandligi 2 millimetr.
Koʻkrak nishonining qalinligi — 2,5 millimetr. Tasvirlar va yozuvlar qavariqdir.
Koʻkrak nishoni old va orqa tomonlarining chetlari hoshiyalangan.
Koʻkrak nishoni ilmoqcha va halqa yordamida besh burchakli qadagʻichga ulanadi. Qadagʻichning kengligi — 28 millimetr, balandligi — 47 millimetr.
Qadagʻichga eni 24 millimetr, boʻyi 33 millimetrli shoyi lenta qoplangan boʻlib, xalq amaliy sanʼati elementlarini aks ettiruvchi geometrik va milliy meʼmorchilik naqshlari bilan bezatilgan. Naqsh koʻk va zarhal ranglardan iborat boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasining boy madaniy merosi tarixiy anʼanalar va milliy oʻzlik bilan uzviyligini ifodalaydi.
Qadagʻichning orqa tomoniga koʻkrak nishonini kiyimga taqib qoʻyish uchun toʻgʻnogʻich koʻrinishidagi moslama oʻrnatilgan.
“Diplomatik xizmat fidoyisi” koʻkrak nishoni
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 19-martdagi 174-son qaroriga 6-ILOVA
“Diplomatik xizmat fidoyisi” koʻkrak nishoni guvohnomasining
TAVSIFI
“Diplomatik xizmat fidoyisi” koʻkrak nishoni guvohnomasi 165x115 millimetr oʻlchamdagi kitobcha shaklida boʻlib, 240 g/kv.m. qalinlikdagi ofset qogʻozdan tayyorlanadi.
Guvohnomaning tashqi tomoni (birinchi va toʻrtinchi betlari) koʻk rangda boʻlib, plyonka bilan qoplangan.
Guvohnomaning birinchi beti yuqori chekkasidan 17 millimetr pastda, markazda ikki satrda “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI”, “TASHQI ISHLAR VAZIRLIGI” yozuvi joylashgan. Undan 23 millimetr pastda, birinchi satrda “DIPLOMATIK XIZMAT FIDOYISI”, ikkinchi satrda “KOʻKRAK NISHONI” (katta harflarda, “Times new Roman Bolt” shrifti, 10 kegl) soʻzlari yozilgan.
Undan 30 millimetr pastda “GUVOHNOMASI” (katta harflarda, “Times new Roman Bolt” shrifti, 23 kegl) yozuvi joylashgan.
Yozuvlar oq rangda aks ettirilgan.
Guvohnomaning ichki tomoni (ikkinchi va uchinchi betlari) “Tangir” tasviri tushirilgan och havo rangda boʻlib, ofset usulida chop etilgan.
Guvohnomaning ichki tomoni chap qismida (ikkinchi bet), markazda koʻkrak nishonining asliga teng oʻlchamdagi rangli tasviri aks ettirilgan.
Guvohnomaning ichki oʻng tomoni (uchinchi bet) yuqori chekkasidan 10 millimetr pastda, markazda “GUVOHNOMA” (katta harflarda, “Times new Roman Bolt” shrifti, 15 kegl) soʻzi hamda guvohnoma tartib raqami uchun “№” belgisi va 15 millimetrli chiziq joylashgan.
“GUVOHNOMA” soʻzidan 10 millimetr pastda mukofotlangan shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismini qayd etish uchun oraligʻi 8 millimetrli uchta chiziq tortilgan.
Pastki chiziqdan 10 millimetr quyida, markazda toʻrt satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda “Oʻzbekiston Respublikasi”, ikkinchi satrda “tashqi ishlar vazirining”, 7 millimetr oraliqdan soʻng uchinchi satrda “20__-yil “___” __________dagi”, toʻrtinchi satrda “___-son buyrugʻiga asosan” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 11 kegl) soʻzlari yozilgan.
Undan 8 millimetr pastda, markazda oraligʻi 5 millimetrli ikki satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda “DIPLOMATIK XIZMAT FIDOYISI” (katta harflarda, “Times new Roman Bolt” shrifti, 11 kegl), ikkinchi satrda “koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 11 kegl) soʻzlari yozilgan.
Soʻnggi soʻzlardan 12 millimetr pastda, chap tomonda “Vazir” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 11 kegl) soʻzi joylashgan.
“Diplomatik xizmat fidoyisi” koʻkrak nishoni
GUVOHNOMASI
