SHNQ 1.05.03-24 “Qurilish obyektlarining hayotiylik davri. Asosiy tushunchalar” shaharsozlik normalari va qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida (01/2-9-son)
30.01.2025
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QURILISH VA UY-JOY KOMMUNAL XOʻJALIGI VAZIRINING
BUYRUGʻI
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 5-martda hisobga olindi, hisob raqami 337]
Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksiga muvofiq buyuraman:
1. SHNQ 1.05.03-24 “SHNQ 1.05.03-24 “Qurilish obyektlarining hayotiylik davri. Asosiy tushunchalar” shaharsozlik normalari va qoidalari” shaharsozlik normalari va qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi bilan kelishilgan.
3. Ushbu buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir Sh. XIDOYATOV
Toshkent sh.,
2025-yil 30-yanvar,
01/2-9-son
Kelishildi:
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A. ABDUXAKIMOV
2024-yil 25-dekabr
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi raisi B. YUSUPALIYEV
2024-yil 17-dekabr
Oʻzbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining 2025-yil 30-yanvardagi 01/2-9-son buyrugʻiga ILOVA
SHNQ 1.05.03-24 “Qurilish obyektlarining hayotiylik davri. Asosiy tushunchalar” shaharsozlik normalari va qoidalari
Mazkur shaharsozlik normalari va qoidalari (bundan buyon matnda SHNQ deb yuritiladi) qurilish obyektlarini qurilish maʼlumotlarini modellash yordamida loyihalash, loyiha boshlanishidan qurilish obyektidan foydalanishgacha, shuningdek ularni buzishga boʻlgan talablarni belgilaydi.
Ushbu SHNQ talablari elektr uzatish liniyalari, aloqa liniyalari, temir yoʻl liniyalari, yoʻllar va quvurlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
1-bob. Shaharsozlik normalari va qoidalari, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga havolalar
1. Mazkur SHNQda quyidagi shaharsozlik normalari va qoidalari, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga havolalar keltirilgan:
SHNQ 1.04.03-23 “Bino va inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va ularga texnik xizmat koʻrsatishni tashkil etish”;
SHNQ 2.01.16-21 “Turar-joy obyektlarining jismoniy eskirishini aniqlash”;
SHNQ 3.01.01-22 “Qurilishda ishlab chiqarishni tashkil qilish”;
SHNQ 3.01.02-23 “Qurilishda xavfsizlik texnikasi”;
QMQ 3.01.09-97 “Mukammal taʼmirlanishi tugallangan turar joy va jamoat binolari hamda inshootlarni foydalanishga qabul qilish qoidalari”;
SanQvaN 0022-22 “Qurilish ishlarini tashkil qilish boʻyicha sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari”;
Oʻz DSt ISO 12006-2:2021 “Bino qurilishi — Qurilish ishlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tashkil etish. 2-qism: Tasniflash asoslari” (rasmiy manba: “Building construction — Organization of information about construction works. Part 2: Framework for classification”);
Oʻz DSt ISO 15686-1:2021 “Binolar va qurilgan obyektlar — Xizmat muddatini rejalashtirish. 1-qism: Umumiy tamoyillar va asoslar” (rasmiy manba: “Buildings and constructed assets — Service life planning Part 1: General principles and framework”);
Oʻz DSt ISO 22263:2021 “Qurilish ishlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tashkil etish — Loyiha maʼlumotlarini boshqarish uchun asos” (rasmiy manba: “Organization of information about construction works — Framework for management of project information”);
Oʻz DSt ISO 29481-1:2021 “Qurilish axborot modellari — Axborotni yetkazib berish boʻyicha qoʻllanma 1-qism: Metodologiya va format” (rasmiy manba: “Building information models — Information delivery manual. Part 1: Methodology and format”);
Oʻz DSt ISO 16739-1:2018 “Qurilish va obyektlarni boshqarish sohalarida maʼlumotlar almashish uchun sanoat asoslari sinflari (IFC). 1-qism: Maʼlumotlar sxemasi” (rasmiy manba: Industry Foundation Classes (IFC) for data sharing in the construction and facility management industriesPart 1: Data schema”).
2-bob. Atamalar va taʼriflar
2. Ushbu SHNQda quyidagi atama va taʼriflardan foydalanilgan:
qurilish obyektlarining hayotiylik davri — qurilish obyektini yaratish, undan foydalanish hamda qurilish obyektini buzish bosqichlarini oʻz ichiga olgan muddat;
mukammal taʼmirlash — binoning ishonchliligini va unda qulay sharoitlarni taʼminlashga qaratilgan foydalanish koʻrsatkichlarini yaxshilagan holda qayta tiklash boʻyicha qurilish-taʼmirlash ishlari majmui;
rekonstruksiya qilish — asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlarni (yuklamalarni, xonalarning rejalashtirilishini, binoning qurilish hajmini va umumiy maydonini, muhandislik jihatdan jihozlanishini) oʻzgartirish bilan bogʻliq qurilish ishlari va tashkiliy-texnik tadbirlar majmui;
maʼlumotlar konteynerlari — maʼlumotlar ombori iyerarxiyasida nomlangan va qayd etilgan maʼlumotlar toʻplami;
kolliziya — qurilish maʼlumotlari modelidagi boʻlimlar (tizimlar) qurilish obyektlarining rejalashtirilmagan kesishishi, shuningdek elementlarning oʻzaro kesishmasdan yoki tegmasdan, bir-biriga nisbatan qabul qilinishi mumkin boʻlmagan joylashuvi.
3-bob. Umumiy qoidalar
3. Qurilish obyektlarini qurilish maʼlumotlarini modellash yordamida loyihalashda maʼlumotlar almashinuvi Oʻz DSt ISO 12006-2:2021 ga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
4. Qurilish maʼlumotlari modeli qurilish obyektining butun hayotiylik davri davomida foydalaniladigan boʻlishi kerak.
5. Qurilish maʼlumotlari kelajakda foydalana olish imkoniyatini hisobga olgan holda yaratilishi kerak. Bunda, qurilish maʼlumotlari quyidagilarda qoʻllanilishi lozim:
loyihalashda;
qurilishda;
foydalanishda.
6. Qurilish obyektini yaratish bosqichida loyihaning maʼlumotlar modeli, foydalanish bosqichida esa qurilish obyektining maʼlumotlar modeli yaratilishi kerak.
7. Maʼlumotlar modeli tuzilmaviy (strukturali) va tuzilmasiz (strukturasiz) maʼlumotlar konteynerlaridan iborat boʻlishi, tuzilgan maʼlumot konteynerlari elektron modellar, tasnifnomalar va maʼlumotlar bazalarini oʻz ichiga olishi kerak. Tuzilmasiz (strukturasiz) maʼlumotlar konteynerlari matnli va grafik chizmalar, videoyozuvlar hamda audioyozuvlarni oʻz ichiga olishi lozim.
8. Maʼlumot hajmlari har bir bosqichda elektron model bilan bogʻliq boʻlgan maʼlumotning batafsil bayoni va hajmini belgilashi lozim.
9. Geometrik maʼlumotlar boʻyicha elektron modelga qoʻyiladigan talablar detallash darajasida (level of detail — LOD) boʻlishi kerak.
10. Grafik boʻlmagan (atribut) maʼlumotlar boʻyicha elektron modelga qoʻyiladigan talablar maʼlumot darajasida (level of information — LOI) boʻlishi kerak.
11. Qurilish maʼlumotlari modeli aniqlik darajasi (level of accurancy — LOA) boʻyicha boʻlishi kerak.
12. Qurilish maʼlumotlari tarkibi Oʻz DSt ISO 22263:2021 ga muvofiq tashkil etilishi lozim.
4-bob. Qurilish obyektlarining hayotiylik davri tuzilishi
13. Qurilish obyektlarini qurilish maʼlumotlarini modellash yordamida loyihalash, loyiha boshlanishidan qurilish obyektining foydalanishgacha, shuningdek ularni buzish quyidagi 1-jadvalga muvofiq boʻlishi kerak.
14. Qurilish obyektining murakkabligi va funksional maqsadlariga koʻra, hayotiylik davrining turli bosqichlaridagi jarayonlar kombinatsiyalari mazkur SHNQning ilovasiga muvofiq farq qilishi mumkin.
5-bob. Qurilish obyektini yaratish
15. Qurilish obyektining loyiha oldi tayyorgarligi bosqichida quyidagilarni amalga oshirish kerak:
boʻlajak qurilish obyekti joylashuvi va geologik muhitning hamda ekologik sharoitlarning tahlili;
arxitektura va shaharsozlik konsepsiyalarining variantlarini ishlab chiqish va taqqoslash;
hajmiy-rejaviy yechimlarning texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlarini aniqlash;
qurilish obyektiga qoʻyilgan talablarni yigʻish, tahlil qilish va shakllantirish;
yer uchastkasini tanlash;
joyning tabiiy va texnogen sharoitlarini oʻrganish uchun loyiha-qidiruv ishlari;
loyihalashning avtomatlashtirilgan tizimi orqali konseptual yechimlarni tasvirlash;
qurilish obyekti boʻyicha maʼlumotlarni qurilish obyektining maʼlumotli modeliga uzatish va maʼlumotlarni boshqarish tizimiga integratsiyasi.
16. Qurilishning loyiha oldi tayyorgarligi bosqichida qurilish maʼlumotlari modeli qurilish obyektining loyihaviy yechimlarini va joylashgan yer maydonini tasvirlash imkoniyatini taʼminlashi kerak.
17. Qurilish maʼlumotlari modeli qurilish obyektining hayotiylik davri bosqichlarida belgilangan maqsad va vazifalarni amalga oshirishi lozim.
18. Qurilish maʼlumotlari modeli quyidagilarga asosan ishlab chiqilishi kerak:
rejalashtirilayotgan qurilish obyekti hajmlarini, maydonlarini va joylashuvini hisobga olgan holda umumiy samaradorlik mezonlari asosida tahlil qilish;
hisoblangan maydon va hajmlar asosida taxminiy qiymatni baholash;
qurilish obyektining maʼlumotlar modellashtirish jarayonini rejalashtirish;
qabul qilingan eskiz yechimlarini vizualizatsiya qilish.
19. Loyiha oldi bosqichida quyidagilar shakllantirilishi lozim:
loyihani bajarish rejasi;
eskiz loyiha;
texnik-iqtisodiy asoslash, qurilish loyihasini tayyorlash bosqichi uchun dastlabki maʼlumotlar.
20. Qurilish loyihasini tayyorlash bosqichi quyidagilardan tashkil topishi kerak:
loyihaning qurilish maʼlumotlari modelini yangilash;
chizmalar va tasnifnomalarni chiqarish;
texnik yechimlarni tekshirish va baholash;
loyihalash boʻlimlarini oʻzaro fazoviy muvofiqlashtirish va kolliziyalarni tekshirish;
ish hajmini hisoblash va smeta qiymatini aniqlash;
muhandislik texnik hisob-kitoblar;
qurilishni tashkil etish loyihasini ishlab chiqish;
qurilishning bosh rejasini ishlab chiqish;
loyihaviy yechimlarni tasvirlash;
umumiy yirik tarmoq rejasini ishlab chiqish;
qurilish maʼlumotlari modelida loyihaviy yechimlarni tasvirlash.
21. Loyihaning qurilish maʼlumotlari modelini ishlab chiqish jarayoni Oʻz DSt ISO 15686-1:2021 ga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
22. Loyihaning qurilish maʼlumotlari modelini yaratish quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
hududni muhandislik jihatdan tayyorlash, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish shartlarini oʻz ichiga olgan holda arxitekturaviy-rejalashtirish;
qurilish rejalashtirilgan hududda muhandislik va kommunal taʼminot manbalariga ulanish.
23. Loyihalash boʻlimlarining tarkibi va matnli hamda grafik materiallarning hajmiga qoʻyiladigan talablar Oʻz DSt ISO 29481-1:2021 ga muvofiq belgilanishi kerak.
24. Loyihaning qurilish maʼlumotlari modelidan foydalanishda quyidagilar hisobga olinishi lozim:
loyiha hujjatlarini chiqarish;
ish hajmini oldindan hisoblash uchun uskunalar, mahsulotlar va materiallar boʻyicha maʼlumotlar olish;
kolliziyalarni tahlil qilish.
25. Qurilish maʼlumotlari modelidan foydalanishda olinadigan natijalar quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
tarkibida qurilish obyektining elektron modeli mavjud boʻlgan loyihaning maʼlumotli modeli;
loyiha hujjatlari.
26. Qurilishni tashkil etishda SHNQ 3.01.02-23 ga muvofiq qurilish maʼlumotlari modellarida qurilish obyektini yaratish boʻyicha quyidagilarni oldindan belgilash lozim:
a) amalga oshiriladigan ishlar va vazifalar:
qurilishni rejalashtirish va boshqarish;
qurilish maydonini tayyorlash;
qurilish-montaj ishlarini nazorat qilish;
qurilish konstruksiyalarini ishlab chiqarish.
b) qurilish maʼlumotlari modelidan foydalanish imkoniyatlari:
loyihaviy yechimlarni amaliy natijalarga koʻra aniqlashtirish;
qurilishni rejalashtirish va boshqarish (ish hajmlari, texnologik ketma-ketlik va qurilish-montaj ishlarini bajarish muddatlarini aniqlash);
qurilish joyida oʻrganishlar oʻtkazish;
nuqsonlarni aniqlash va bartaraf etish, tizimlar va uskunalarni sinovdan oʻtkazish;
muhandislik tizimlarini toʻgʻrilash va aniq sozlash;
loyihaning qurilish maʼlumotlari modeli yangilanishi;
c) natijalar:
qurilgan obyekt;
loyihaning qurilish maʼlumotlari modeli;
qurilish obyektining ishchi modeli (as-built model).
27. Qurilishda ishlab chiqarishni tashkil qilishda SHNQ 3.01.01-22 hamda SanQvaN 0022-22 larga amal qilinishi lozim.
28. Qurilish obyektining foydalanish bosqichi uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar loyihaning qurilish maʼlumotlari modelidan qurilish obyektining maʼlumotli modeliga uzatilishi lozim.
29. Qurilish va qurilish obyektlarini boshqarish sohalarida maʼlumotlar almashish Oʻz DSt ISO 16739-1:2018 ga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
30. Qurilish obyektining qurilish maʼlumotlari modeliga quyidagilarni integratsiya qilishda IFC formatidagi maʼlumotlari va uch oʻlchovli modellari uzatilishi lozim:
texnik xizmat koʻrsatishni boshqarish tizimida;
qurilish obyektining avtomatlashtirilgan tizimida;
qurilish obyekti resurslarini rejalashtirish va qurilish obyektining maʼlumotlarini boshqarish;
avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarida.
31. Qurilish obyektidan foydalanish bosqichida uni boshqarishga oid tizimlar ishga tushirilishi lozim.
32. Qurilish obyektining foydalanish muddatini rejalashtirish Oʻz DSt ISO 15686-1:2021 ga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
6-bob. Qurilish obyektidan foydalanish
33. Qurilish obyektining qurilish maʼlumotlari modelini tashkil qilish va uni kelgusidagi oʻzgarishlar (joriy taʼmirlash, mukammal taʼmirlash, qayta jihozlash va boshqalar) uchun faol holatda saqlash umumiy maʼlumotlar muhiti orqali amalga oshirilishi lozim.
34. Qurilish obyektidan foydalanish davrida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar va vazifalar quyidagicha belgilanishi kerak:
texnik xizmat koʻrsatishni, joriy va mukammal taʼmirlash ishlarini rejalashtirish;
ekspluatatsion koʻrsatkichlarni monitoring qilish;
qurilish obyektining uskunalarini boshqarish.
35. Bino va uning elementlarini samarali foydalanishning hisobiy minimal davomiyligi SHNQ 1.04.03-23 ning 3-ilovasiga muvofiq belgilanishi lozim.
36. Qurilish maʼlumotlari modelidan foydalanish imkoniyatlari quyidagicha belgilanishi lozim:
foydalanish koʻrsatkichlarni monitoring qilish natijasida olingan maʼlumotlarni boshqarish;
qurilish obyektini oʻlchash jarayonida maʼlumotlarni muvofiqlashtirib va yangilab turish, shuningdek qurilish obyektining qurilish maʼlumotlari modelini qayta koʻrib chiqish jarayonlari;
avtomatlashtirilgan monitoring tizimi (mavjud boʻlsa) yordamida qurilish obyektining holatini oʻrganish;
favqulodda holatlarning oldini olish va profilaktika qilish maqsadida modellash va simulyatsiya qilish (xavfsiz evakuatsiya yoʻllarini tanlash).
37. Qurilish maʼlumotlari modeli yordamida mukammal taʼmirlashni quyidagilarga muvofiq amalga oshirish kerak:
bino va inshootlarni oʻrganish;
binoning eskirgan elementlarini tiklash yoki almashtirish boʻyicha taʼmirlash ishlarini belgilash;
seysmik xavfli hududlarda binolar mustahkamligini oshirish, mukammal taʼmirlash va rekonstruksiya qilish bilan bir vaqtda bino elementlarini seysmik mustahkamlash tadbirlarini amalga oshirish;
eskirgan barcha konstruksiyalar va detallarni qayta tiklash yoki almashtirish (tosh va beton poydevorlar, yuk koʻtaruvchi devorlar va karkaslarni toʻliq almashtirish bundan mustasno), ularni yanada uzoq muddatli va iqtisodiy samarador foydalanish koʻrsatkichlarini yaxshilaydigan konstruksiyalarga almashtirish;
binolarni termoizolyatsiyalash (tashqi konstruksiyalarning issiqlik himoya xususiyatlarini oshirish boʻyicha ishlar);
ventilyatsiyasiz qoʻshma tomlarni ventilyatsiyali tomlarga oʻzgartirish;
bino xonalarini taʼmirlash.
38. Mukammal taʼmirlash ishlari SHNQ 1.04.03-23 ga muvofiq ikki asosiy turga boʻlinishi lozim:
bino yoki inshootni (yoki alohida qismlarini — masalan, bir nechta qavatlarni) taʼmirlashni oʻz ichiga oluvchi kompleks mukammal taʼmir;
binoning ayrim konstruksiyalari (poydevor, tom va boshqalar) yoki muhandislik tizimlari (suv taʼminoti va isitish tarmoqlari, elektr taʼminoti va boshqalar) tiklanadigan qismlarning mukammal taʼmiri.
39. Kompleks mukammal taʼmirlashda bir vaqtning oʻzida muhandislik tizimlarini almashtirish, poydevorni tiklash, yuk koʻtaruvchi konstruksiyalarni mustahkamlash, tomni almashtirish amalga oshirilishi lozim.
40. Tanlangan qismlarning mukammal taʼmiri bino yoki inshootning umumiy texnik holatiga hamda faqat uning ayrim elementlarini almashtirish yoki tiklash talab qilinganda qoʻllanilishi kerak.
41. Bino va inshootlarning mukammal taʼmiri boʻyicha loyihalarni ishlab chiqish quyidagilarni nazarda tutishi lozim:
texnik koʻrikdan oʻtkazish, loyihalashtirilayotgan obyektlarning jismoniy va maʼnan eskirganligini aniqlash;
binolarni qayta rejalashtirish, funksional oʻzgarishlar, konstruksiya qismlarini, muhandislik tizimlarini almashtirish yoki yangidan oʻrnatish, atrof-muhitni obodonlashtirish;
mukammal taʼmirning texnik-iqtisodiy asoslari;
mukammal taʼmirni tashkil etish loyihasini va ishlarni bajarish loyihasini ishlab chiqish.
42. Qurilish maʼlumotlari modeli yordamida rekonstruksiya ishlari quyidagilarni taʼminlanishi kerak:
qurilish obyektining tarhini oʻzgartirish va funksional maqsadini almashtirish;
qurilish obyektlarining funksional yuklamalarini oshirish;
bino va inshootlarning konstruktiv elementlarini mustahkamlash;
binolar hajmi va umumiy maydonlarini kengaytirish;
bino va inshootlarni foydalanish sharoitlarini optimallashtirish;
bino ichidagi turli funksional zonalarni koʻchirish (kommunikatsiyalarni qayta yotqizish);
muhandislik imkoniyatlarini oʻzgartirish.
43. Binolarni rekonstruksiya qilishda quyidagilar amalga oshirilishi lozim:
bino mustahkamligiga taʼsir qilmaydigan xonalar rejasini oʻzgartirish;
tashqi tarmoqlarni oʻz ichiga olgan holda muhandislik uskunalari darajasini oshirish (magistral tarmoqlar bundan mustasno);
ijtimoiy-madaniy va kommunal maqsadlarda mavjud bino va inshootlarni kengaytirish yoki yangilarini qurish, shuningdek loyiha doirasidagi asosiy bino va inshootlar bilan oʻrin almashuvchi binolarni qurish.
44. Qurilish maʼlumotlari modeli yordamida rekonstruksiya loyihasida quyidagilar inobatga olinishi lozim:
qurilish obyektining umumiy yoki qisman qayta tashkil etilishi hamda uning gabarit oʻlchamlari va texnik xususiyatlarini oʻzgartirish;
qoʻshimcha qurilish ishlarini (qavatlar qoʻshish va kengaytirish) bajarish;
muhandislik tarmoqlarini qayta qurish yoki toʻliq almashtirish;
koʻtaruvchi konstruksiyalarni mustahkamlash;
chordoqlarni mansardaga aylantirish;
texnik oʻrganish oʻtkazish, loyihalash obyektlarining jismoniy va maʼnan eskirish darajasini aniqlash;
xonalarni qayta rejalashtirish, konstruksiyalarni almashtirish, yangi muhandislik tizimlarini oʻrnatish, hududni obodonlashtirish va boshqa shu kabi ishlarni amalga oshirish;
rekonstruksiyani texnik-iqtisodiy asoslash;
rekonstruksiyani tashkil etish loyihasini va ishlarni bajarish loyihasini ishlab chiqish.
45. Loyihalash ishlaridan avval binoning texnik holatini oʻrganish va konstruksiyalar, kommunikatsiyalar, muhandislik uskunalari holati haqida toʻliq maʼlumot olinishi kerak.
46. Taʼmirlash-qurilish ishlarining hajmi va turlari aniq boʻlgandan soʻng quyidagi rekonstruksiya bosqichlari uchun loyihalar ishlab chiqilishi lozim:
konstruktiv elementlar;
konstruktiv elementlarni sinovdan oʻtkazish;
konstruktiv elementlarni mustahkamlash;
xonalarni qayta rejalashtirish;
xonalarning funksional maqsadini oʻzgartirish;
konstruksiyalar va muhandislik uskunalarini almashtirish;
hududni obodonlashtirish;
bino fasadini bezatish va boshqalar.
47. Bino va inshootlar rekonstruksiya qilinganidan keyin ularni foydalanishga qabul qilish QMQ 3.01.09-97 talablari asosida amalga oshirilishi lozim.
7-bob. Qurilish maʼlumotlari modeli yordamida qurilish obyektini buzish
48. Qurilish maʼlumotlari modeli yordamida qurilish obyektini buzish jarayonini xavfsiz amalga oshirilishi maqsadida quyidagi jihatlar inobatga olinishi lozim:
a) amalga oshiriladigan ishlar va vazifalar:
demontaj jarayonini tasvirlash.
b) buzish boʻyicha texnik yechimlar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
buzish usulining umumiy tavsifi;
qurilish maʼlumotlari modeli yordamida demontaj va buzish jarayonini modellash va tasvirlash;
muhandislik infratuzilmasiga, shuningdek, foydalanishda boʻlgan yerosti kommunikatsiyalariga zarar yetkazish ehtimolini baholash;
chiqindilarni olib chiqish va ularni utilizatsiya qilish uchun yechimlar ishlab chiqish.
s) natijalar:
xizmat muddati tugagan qurilish obyektining qurilish maʼlumotlari modeli;
buzish ishlari boʻyicha rejalar tuzishda qurilish maʼlumotlari modeli maʼlumotlari.
49. Turar-joylarni qurilish maʼlumotlari modeli yordamida buzish jarayonini tashkil etishda SHNQ 2.01.16-21 talablariga muvofiq amalga oshirish lozim.
SHNQ 1.05.03-24 “Qurilish obyektlarining hayotiylik davri. Asosiy tushunchalar” shaharsozlik normalari va qoidalariga ILOVA
Qurilish obyektining murakkabligi va funksional maqsadlariga koʻra, hayotiylik davrining turli bosqichlaridagi jarayonlar kombinatsiyalari
