Uy-joy hamda bino-inshootlarni issiqlik energiyasi bilan taʼminlash sohasini tubdan isloh qilish hamda binolarning energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-100-son)
11.03.2025
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
QARORI
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari va resurs tejamkor uskunalardan foydalangan holda aholi xonadonlari, ijtimoiy soha obyektlari va tadbirkorlik subyektlarini issiqlik energiyasi bilan barqaror taʼminlash, issiqlik taʼminoti sohasini isloh qilish, innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda binolarda energiya yoʻqotishlarni kamaytirish boʻyicha “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshiriladigan asosiy vazifalarni belgilash maqsadida qaror qilaman:
I. Asosiy yoʻnalishlar va maqsadlar
1. Uy-joy va bino-inshootlarni issiqlik energiyasi bilan barqaror taʼminlash hamda binolarning energiya samaradorligini oshirishning kelgusi 5 yildagi asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
(a) sohada yagona davlat siyosatini yuritish, ilgʻor xorijiy tajribalar asosida strategik takliflarni ishlab chiqish, issiqlik taʼminoti korxonalari faoliyatini boshqaruvchi va muvofiqlashtiruvchi tashkilot tashkil etish hamda quyidagi tadbirlarni amalga oshirish:
(i) markazlashgan issiqlik tizimlaridagi eskirgan 103 ta qozonxona va 1,6 ming kilometr issiqlik tarmogʻini, shu jumladan, 2025-2026-yillarda 18 ta qozonxona va 258 kilometr issiqlik tarmogʻini yangilash;
(ii) davlat-xususiy sheriklik asosida 9 ta (shundan 2 ta loyiha 2025-2026-yillarda boshlanadi), xalqaro moliya institutlari ishtirokida 13 ta shahar va tumanda modernizatsiya loyihalarini amalga oshirish (shundan 5 ta shahar va tumanda 2025-2026-yillarda boshlanadi);
(iii) markazlashgan issiqlik taʼminoti qamrovini 37 foizdan 58 foizgacha yetkazish, tizimdagi yoʻqotishlarni 38 foizdan 20 foizgacha qisqartirish;
(iv) koʻp kvartirali uy-joylar va ijtimoiy soha muassasalariga 8 681 ta individual issiqlik punktini oʻrnatish (2025-yilda 480 ta), markazlashgan issiqlik taʼminotini yopiq tizimga oʻtkazish dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish;
(b) markazlashgan issiqlik taʼminotiga ulanmagan toʻrt va undan yuqori qavatli koʻp kvartirali uy-joylarning isitish tizimida lokal qozonxonalar qurish va boshqa muqobil texnologiyalarni joriy etish hisobiga bir xonadonning gazga boʻlgan talabini kamida 20 foizga kamaytirish;
(v) yakka tartibdagi va koʻp kvartirali uy-joylar, ijtimoiy soha hamda davlat muassasalari, sanoat va xususiy sektor bino-inshootlarining energiya samaradorligini oshirish maqsadida tajriba-sinov loyihalarini boshlash;
(g) ijtimoiy soha, sanoat va xususiy sektorlar bino-inshootlarini yangidan qurish hamda rekonstruksiya qilishni loyihalashtirish boʻyicha texnik shartlarda qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari va muqobil issiqlik tizimlari uskunalarini oʻrnatish talabini kiritish;
(d) tabiiy gaz isteʼmoli yuqori boʻlgan aholi xonadonlari va ijtimoiy soha hamda davlat muassasalarida energiya samarador va zamonaviy uskunalar (gaz gorelkali qurilmalar) oʻrnatishni ragʻbatlantirish;
(e) xususiy sektor ishtirokida issiqlik taʼminoti va boshqa sohalarda energoservis xizmatlarini koʻrsatish hamda energiya tejamkorlikni oshirishda yangi bozorni shakllantirish, ixtisoslashgan energiya xizmatlari kompaniyalari bozori (ESKO) mexanizmlari va innovatsion moliya vositalari orqali energiya samaradorlikni oshirish loyihalarini muvofiqlashtiruvchi tashkilot tuzish.
2. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
(a) Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi huzurida “Issiqliktaʼminoti” aksiyadorlik jamiyatini (keyingi oʻrinlarda — Jamiyat) tashkil etish, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligiga issiqlik taʼminoti sohasida yagona davlat siyosatini yuritishni yuklash;
(b) issiqlik taʼminoti tizimlarida ikki turdagi energiya ishlab chiqarishni nazarda tutuvchi kogeneratsiya texnologiyalarini joriy etish loyihalarini Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi va Energetika vazirligi tomonidan birgalikda ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
(v) Jamiyat ustav kapitalini 23 ta xoʻjalik jamiyatlari va korxonalar ustav kapitali hisobiga shakllantirish hamda ushbu xoʻjalik jamiyatlari va korxonalarni masʼuliyati cheklangan jamiyatlar sifatida qayta tashkil etish;
(g) Iqtisodiyot va moliya vazirligiga Jamiyatning ustav kapitalidagi davlat aksiya paketlari boʻyicha aksiyador huquqini amalga oshirishni yuklash.
3. Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar sifatida qayta tashkil etiladigan, ustav kapitali “Issiqliktaʼminoti” AJ ustaviga oʻtkaziladigan xoʻjalik jamiyatlari va korxonalar roʻyxati hamda ularni qayta tashkil etish tartibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
II. Asosiy chora-tadbirlar hamda ishlab chiqiladigan dasturlar
4. Koʻp kvartirali uy-joylar, ijtimoiy soha hamda davlat muassasalarini 2025 — 2030-yillarda markazlashgan issiqlik taʼminoti bilan qamrab olish darajasini oshirish maqsadida quyidagilar:
(a) Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari doirasida amalga oshiriladigan loyihalarning yigʻma parametrlari 2-ilovaga muvofiq;
(b) Davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladigan istiqbolli investitsiya loyihalari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq. Bunda joriy yilda Nukus va Buxoro shaharlari issiqlik taʼminoti tizimlarida bir vaqtning oʻzida ikki turdagi energiya ishlab chiqarishni nazarda tutuvchi kogeneratsiya texnologiyalarini joriy etish boʻyicha loyihalarni boshlash choralarini koʻrish;
(v) Xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshiriladigan yangi istiqbolli loyihalar roʻyxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, Markaziy bank, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi quyidagi tajriba-sinov loyihalarini boshlasin:
(a) Chinoz va Oltiariq tumanlarida budjet mablagʻlari hisobidan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari (issiqlik nasoslari, quyosh panellari) hamda resurs tejamkor uskunalardan foydalangan holda toʻrt qavatli uy-joylarni issiqlik energiyasi bilan barqaror taʼminlash, ushbu uylarning energiya samaradorligini oshirish uchun ularning issiqlik izolyatsiyasi boʻyicha loyihalar;
(b) “Yashil” imtiyozli kreditlar hisobidan har bir viloyatda 100 tadan yakka tartibdagi uy-joylarda energiya yoʻqotishlarni kamaytirish uchun ularning tashqi va tom qismining issiqlik izolyatsiyasi, energiya tejamkor oyna va eshik romlarini oʻrnatish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari (quyosh panellari va geliokollektorlar) hamda energiya tejovchi uskunalarni oʻrnatish loyihalari;
(v) Buxoro viloyatidagi ijtimoiy soha muassasalarining qoniqarsiz va taʼmirtalab binolarida energiya yoʻqotishlarni kamaytirish uchun ularning tashqi va tom qismini issiqlik saqlovchi materiallar bilan qoplash, energiya tejamkor oyna va eshik romlarini oʻrnatish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari (quyosh panellari va shu kabilar), muqobil issiqlik tizimlari (geliokollektorlar, issiqlik nasoslari, fankoyl tizimi va shu kabilar) hamda energiya tejovchi uskunalarni oʻrnatish loyihalari;
(g) Buxoro viloyati tajribasi asosida har bir hududda toʻrttadan ijtimoiy soha va davlat muassasasi obyektlarida (maktabgacha taʼlim, maktab, tibbiyot, davlat idorasi) energiya samarador loyihalar;
(d) respublikada joylashgan barcha davlat maktabgacha taʼlim muassasalarini toʻliq geliokollektorlar bilan jihozlash loyihalari. Bunda Vazirlar Mahkamasi ushbu tajriba-sinov loyihalari bir oy muddatda boshlanishini tashkil etsin.
6. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda joriy yil 1-iyulga qadar koʻp kvartirali uy-joylarning fasad va tom qismini issiqlik saqlovchi materiallar bilan qoplash, kirish yoʻlaklarida energiya tejamkor oyna romlari oʻrnatilishini nazarda tutuvchi 2026 — 2030-yillarda koʻp kvartirali uy-joylarning energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan davlat dasturini ishlab chiqib Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Iqtisodiyot va moliya vazirligi bir oy muddatda “Oʻzbekiston binolari uchun toza energiya” (CEBU) loyihasi doirasida ijtimoiy soha muassasalarida energiya samaradorlikni oshirish, ularda qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari, muqobil issiqlik tizimlari hamda energiya tejovchi uskunalarni oʻrnatish loyihalarining amalga oshirilishini jadallashtirish yuzasidan Jahon banki bilan muzokaralarni boshlasin.
III. Moliyaviy resurslar
8. Iqtisodiyot va moliya vaziri (J.A. Qoʻchqorov) 2025-yilda:
(a) mazkur qarorga 4-ilovada koʻrsatilgan loyihalarni boshlash uchun xalqaro moliya institutlaridan 68 million AQSH dollari jalb qilsin;
(b) Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida 320 milliard soʻm ajratsin;
(v) Davlat budjetidan issiqlik taʼminoti tizimini yopiq tizimga oʻtkazish chora-tadbirlari uchun 50 milliard soʻm, mazkur qarorga 4-ilovada koʻrsatilgan yangi istiqbolli loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish uchun 10 milliard soʻm qoʻshimcha mablagʻ ajratsin. Bunda Iqtisodiyot va moliya vazirligiga mazkur qarordan kelib chiqadigan qoʻshimcha xarajatlar, shu jumladan, tajriba-sinov loyihalari uchun 2025-yil Davlat budjetining qoʻshimcha daromadlari hisobidan mablagʻlar ajratishga ruxsat beriladi.
9. Belgilansinki, 2026 — 2030-yillarda:
(a) issiqlik qozonxonalari va issiqlik tizimlarini zamonaviy texnologiyalar asosida modernizatsiya va rekonstruksiya qilish loyihalari uchun xalqaro moliya institutlaridan 257 million AQSH dollari jalb qilinadi;
(b) ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida 1,6 trillion soʻm ajratiladi;
(v) Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot jamgʻarmasidan jalb qilingan 143 million AQSH dollari qarz mablagʻlari oʻzlashtiriladi;
(g) Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda mazkur qarorda koʻzda tutilgan chora-tadbirlarni mustahkam va barqaror moliyalashtirish maqsadida xalqaro moliya institutlaridan maqbul shartlardagi kreditlar, grantlar va texnik yordamlarni jalb qiladi.
10. Energetika vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ bilan birgalikda issiqlik taʼminoti korxonalarining 5-ilovaga muvofiq 2025-yil 1-yanvar holatiga mavjud qarzdorliklarini kechiktirish, hisoblangan penya va jarimalarni hisobdan chiqarish choralarini koʻrsin.
IV. Tartib va qoidalar
11. Belgilansinki, 2025-yil 1-iyundan boshlab:
(a) moliyalashtirish manbalaridan qatʼi nazar (budjet, xalqaro moliya institutlari, davlat-xususiy sheriklik, xususiy va boshqa manbalar) qurilishda texnik shartlar olinishi talab qilinadigan bino-inshootlarni qurish hamda rekonstruksiya qilishni loyihalashtirishda ushbu obyektlarning loyiha hujjatlarida binolarning oʻz ehtiyojlari uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari (quyosh panellari va shu kabilar) va muqobil issiqlik tizimlari (geliokollektorlar, issiqlik nasoslari va shu kabilar) hamda energiya tejovchi uskunalarni majburiy oʻrnatish talabi kiritiladi;
(b) Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi ushbu obyektlardan foydalanishga ruxsatnoma berishda koʻrsatilgan uskunalarning oʻrnatilganini hamda ularning tashqi va tom qismi issiqlik saqlovchi materiallar bilan qoplanishini nazorat qiladi;
(v) markazlashgan issiqlik taʼminoti tizimlarini qurish hamda mavjudlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish boʻyicha barcha loyihalarda yopiq issiqlik taʼminoti tizimini joriy etish nazarda tutiladi;
(g) Jamiyat tarkibidagi hamda davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat koʻrsatuvchi korxonalarning issiqlik taʼminoti xizmatlari uchun narxlar (tariflar) Idoralararo tarif komissiyasi tomonidan tartibga solinadi;
(d) koʻp kvartirali uy-joylar va binolarning ichki issiqlik va issiq suv tarqatuvchi tizimlarining qurilishi, inshootlar va tarmoqlarda hisoblagichlarning toʻliq oʻrnatilishi majburiy hisoblanadi;
(e) issiqlik taʼminoti korxonalari tasarrufidagi qozonxonalarni Jamiyatning roziligisiz boʻsh turgan obyekt sifatida belgilab, elektron savdolarga chiqarish taqiqlanadi;
(j) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari 6-ilovada koʻrsatilgan vazifalar ijrosiga shaxsan masʼul etib belgilanadi hamda ularga markazlashgan va lokal isitish tizimini yoʻlga qoʻyishda qozonxonalar va tarmoqlarni qurish va joylashtirish uchun talab etiladigan yer maydonlarini hududiy issiqlik taʼminoti korxonalariga ajratishga ruxsat beriladi;
(z) har yili ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturida issiqlik taʼminoti sohasiga ajratiladigan mablagʻlarning kamida 10 foizi energiya tejovchi uskunalarni oʻrnatishga yoʻnaltiriladi;
(i) qurilish va modernizatsiya qilish loyihalari amalga oshiriladigan barcha ijtimoiy soha muassasalarida majburiy tartibda doimiy issiq suv bilan taʼminlanadigan tejamkor sanitariya-gigiyena xonalari, qoʻl yuvish joylari hamda sport zallarida dush qabul qilish xonalari texnik jihatdan foydalanishga qulay tarzda tashkil qilinadi;
(k) qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha loyihalar doirasida issiqlik qozonxona quvvatlarini belgilashda hududdagi barcha koʻp kvartirali uy-joylar, ijtimoiy soha muassasalari va maʼmuriy binolar hamda sanoat va xususiy sektorlarning toʻliq qamrab olinishi nazarda tutiladi;
(l) markazlashgan issiqlik taʼminoti mavjud hududlarda yangi qurilayotgan koʻp kvartirali uy-joylar, maʼmuriy binolar, ijtimoiy soha muassasalari, sanoat va tadbirkorlik subyektlari bino va inshootlarining issiqlik tarmoqlariga ulanishi majburiy hisoblanadi.
V. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
12. Iqtisodiyot va moliya vaziri (J.A. Qoʻchqorov):
(a) ikki hafta muddatda Davlat dasturlari ijro etilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish boʻyicha respublika shtabi bilan birgalikda 2025-yilda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritilgan ijtimoiy soha muassasalarining loyiha-smeta hujjatlarini mazkur qaror talablariga muvofiqlashtirsin;
(b) ikki oy muddatda energiya samaradorlik loyihalarining loyiha topshiriqlari va smeta hujjatlarini ishlab chiqish, energiya audit oʻtkazish va texnik nazoratni amalga oshirish, loyihalar doirasida oʻrnatilgan qurilma va texnologiyalarga texnik xizmat koʻrsatishni nazorat qilish uchun xalqaro kompaniya va konsultantlar jamoasini jalb etsin;
(v) ijtimoiy soha muassasalari hamda koʻp kvartirali uy-joylarning energiya samaradorligini oshirish loyihalarini barqaror va kafolatlangan moliyalashtirish manbalari bilan taʼminlash uchun xalqaro moliya institutlari va tashkilotlarining qoʻshimcha grant va kreditlarini jalb qilib borsin.
13. Uy-joy hamda bino-inshootlarni issiqlik energiyasi bilan taʼminlash sohasini tubdan isloh qilish hamda binolarning energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari rejasi 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
14. Markazlashgan issiqlik taʼminoti sohasini tubdan isloh qilish hamda binolarning energiya samaradorligini oshirish ishlarini jadallashtirish boʻyicha respublika muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhi tarkibi 8-ilovaga muvofiq tasdiqlansin va unga quyidagi vazifalar yuklatilsin:
(a) issiqlik taʼminoti sohasida energiya samarador texnologiyalarni joriy qilish, qayta tiklanadigan manbalardan keng foydalanishni yoʻlga qoʻyish, xizmatlar sifatini oshirish va uzluksizligini taʼminlash, hisob-kitob tizimini tartibga solish va operatsion samaradorlikni oshirish orqali korxonalarning moliyaviy holatini mustahkamlash, ilgʻor xorijiy tajribalar asosida issiqlik energiyasini ishlab chiqarishdan boshlab yakuniy isteʼmolchiga yetkazib berishgacha samarali tizimni joriy etish, tizimlarda yoʻqotishlarni kamaytirish choralarini koʻrish boʻyicha tizimli ishlarni amalga oshirish;
(b) binolarda energiya yoʻqotishlarni kamaytirishga qaratilgan energiya samaradorlik dastur va loyihalari amalga oshirilishini muvofiqlashtirish, energiya samarador binolarni qurish boʻyicha qoida va tartiblarni ishlab chiqish, doimiy takomillashtirish hamda ularga rioya qilinishini nazorat qilish;
(v) sohada jozibador investitsiya muhitini yaratish, davlat-xususiy sheriklik tamoyillarini keng joriy qilish, xususiy investitsiyalarni jalb qilish yoʻnalishlarini belgilash;
(g) qaror bilan koʻzda tutilgan dastur va loyihalarning belgilangan muddatlarda sifatli bajarilishini nazorat qilish, qaror ijrosini muvofiqlashtirish.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 9-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
16. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov hamda A.J. Ramatov, qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Sh.S. Xidoyatov va energetika vaziri J.T. Mirzamahmudov belgilansin.
17. Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 11-mart,
PQ-100-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-martdagi PQ-100-son qaroriga 1-ILOVA
“Issiqliktaʼminoti” AJ ustaviga oʻtkaziladigan xoʻjalik jamiyatlari va korxonalar roʻyxati hamda ularni qayta tashkil etish tartibi
I. Aktivlari va ustav kapitali “Issiqliktaʼminoti” AJ ustav kapitalini shakllantirish uchun topshiriladigan xoʻjalik jamiyatlari va korxonalar roʻyxati
Izoh:
*) “Qirguli issiqlik manbai” MCHJ ustav kapitalidagi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJning Fargʻona issiqlik elektr markazi filialiga tegishli 49 foiz ulush davlat ulushini kamaytirish hisobiga “Issiqliktaʼminoti” AJ ustav kapitalini shakllantirish uchun topshiriladi.
**) “Issiqliktaʼminoti” AJ tarkibiga oʻtkazilmaydi. Bunda:
“Toshkent issiqlik markazi” MCHJni boshqarish, ishlab chiqarish uzluksizligini taʼminlash va texnologik jarayonlarni tartibga solish, modernizatsiya qilish loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish, tariflarni shakllantirish, moliyaviy oqimlarini boshqarish, hisob-kitob tizimini tartibga solish hamda korxonaning moliyaviy holatini mustahkamlash vazifalari “Issiqliktaʼminoti” AJga yuklatiladi;
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ ushbu vazifalarning sifatli bajarilishi boʻyicha “Issiqliktaʼminoti” AJga amaliy yordam koʻrsatadi.
II. Xoʻjalik jamiyatlari va korxonalarni masʼuliyati cheklangan jamiyatlar sifatida “Issiqliktaʼminoti” AJ tarkibida qayta tashkil etishda mol-mulklarni berish, qabul qilish hamda sotish tartibi
1. “Issiqliktaʼminoti” AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning aktivlarini bir tashkilotdan boshqa tashkilotga oʻtkazish soliq solish maqsadida tovarlarni realizatsiya qilish boʻyicha aylanma sifatida eʼtirof etilmaydi va iqtisodiy jihatdan oʻzini oqlaydigan bepul tovar berilishiga tenglashtiriladi.
2. “Issiqliktaʼminoti” AJ tarkibida qayta va yangidan tashkil etilayotgan tashkilotlarning ustav fondiga (ustav kapitaliga) kiritiladigan yoki beriladigan mol-mulklar balans (qoldiq) qiymatida beriladi.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi bilan birgalikda 2025-yil iyunga qadar “Issiqliktaʼminoti” AJ tasarrufiga beriladigan davlat koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlar qonunchilikda belgilangan tartibda toʻliq davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlaydi.
4. Davlat roʻyxatidan oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari hisobidan moliyalashtiriladi.
5. “Issiqliktaʼminoti” AJ va uning tarkibiga kiruvchi korxonalarga maxsus maqsadli bank hisobvaraqlaridan (20210...; 23202...; 22626...) foydalanish uchun 2030-yil 31-dekabrga qadar ruxsat beriladi.
6. “Issiqliktaʼminoti” AJ va uning tarkibiga kiruvchi korxonalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish va boshqa dasturlar doirasida “Issiqliktaʼminoti” AJ va uning tarkibidagi korxonalarga yoʻnaltirilgan mablagʻlar hisobiga “Issiqlik taʼminoti” AJdagi davlat va uning tarkibidagi korxonalardagi “Issiqliktaʼminoti” AJ ulushi oshiriladi.
7. “Issiqliktaʼminoti” AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning asosiy hisob raqamlariga kreditor qarzdorliklarni qoplash maqsadida qoʻyilgan taqiq davrida oylik ish haqi hamda unga tenglashtirilgan toʻlovlar va avariya-taʼmirlash ishlari uchun xarajatlarni amalga oshirishga istisno tariqasida ruxsat beriladi.
8. “Issiqliktaʼminoti” AJning tegishli xususiylashtirish dasturlariga asosan sotish uchun Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga oʻtkazilgan (oʻtkaziladigan) va ushbu qaror qabul qilingan sanada sotilmagan aktivlarini sotishdan tushgan mablagʻlar (baholash va sotish xarajatlari qismi chegirilgan holda) “Issiqliktaʼminoti” AJ ga tegishli tizim tashkilotlarining kreditor qarzdorligini qoplashga maqsadli ravishda yoʻnaltiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-martdagi PQ-100-son qaroriga 2-ILOVA
Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari doirasida amalga oshiriladigan loyihalarning
YIGʻMA PARAMETRLARI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-martdagi PQ-100-son qaroriga 3-ILOVA
Davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladigan istiqbolli investitsiya loyihalari
ROʻYXATI
Izoh:
Respublika muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhiga Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi takliflari asosida loyiha parametrlari va muddatlariga oʻzgartirish kiritish, shuningdek, istiqbolsiz loyihalarni boshqa loyihaga almashtirish vakolati beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-martdagi PQ-100-son qaroriga 4-ILOVA
Xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshiriladigan yangi istiqbolli loyihalar
ROʻYXATI
Izoh:
Respublika muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhiga Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi takliflari asosida loyiha parametrlari va muddatlariga oʻzgartirish kiritish, shuningdek, istiqbolsiz loyihalarni boshqa loyihaga almashtirish vakolati beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-martdagi PQ-100-son qaroriga 5-ILOVA
Issiqlik taʼminoti korxonalarining 2025-yil 1-yanvar holatiga mavjud qarzdorliklarini kechiktirish va hisoblangan penya va jarimalarni hisobdan chiqarish
TARTIBI
I. Toʻlov muddati 5 yilga kechiktiriladigan va ular boʻyicha hisoblangan penya va jarimalar hisobdan chiqariladigan qarzdorliklar
Izoh:
* Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 28-apreldagi 168-son qarori bilan issiqlik taʼminoti korxonalariga ajratilgan 895 milliard soʻm budjet ssudalarini qaytarish muddati shartnomalarda koʻrsatilgan davrdan 3 yilga uzaytiriladi.
** Qarzdorliklar miqdoriga solishtirma dalolatnomalar asosida aniqlik kiritilishi mumkin.
II. Kechiktiriladigan qarzdorliklar miqdoriga mos ravishda “Hududgaztaʼminot” AJ va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJlarning “Oʻzgaztreyd” AJ oldidagi, shuningdek, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ tizim tashkilotlarining “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ oldidagi qarzdorliklarining toʻlov muddatlari kechiktiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-martdagi PQ-100-son qaroriga 6-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining issiqlik taʼminoti sohasidagi
QOʻSHIMCHA VAZIFALARI
1. Oʻz hududidagi issiqlik taʼminoti tizimlarining doimiy soz holatda ishlashini nazorat qiladi, tizimlarda vujudga kelayotgan avariyaviy holatlarni bartaraf qilishda barcha kuch va vositalar safarbar qilinishini taʼminlaydi, koʻp kvartirali uy-joylar hamda ijtimoiy soha obyektlarining kuz-qish mavsumida issiqlik energiyasini qabul qilishga shayligini taʼminlashga javobgar hisoblanadi.
2. Koʻp kvartirali uy-joylarning ichki isitish tizimlarini tiklash yoki yangilash xarajatlarini qonunchilik bilan taqiqlanmagan manbalar, shu jumladan, mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan mablagʻlar bilan taʼminlash masalasini hal qiladi.
3. Hududiy issiqlik taʼminoti korxonalari moddiy-texnika bazasini va moliyaviy holatini yaxshilash, shu jumladan, debitor va kreditor qarzdorligini qisqartirishga hamda isteʼmolchilarga hisoblagichlar oʻrnatish parametrlari bajarilishiga shaxsan masʼul hisoblanadi.
4. Hududiy issiqlik taʼminoti korxonalarining inshoot va obyektlarida energiya tejamkor uskunalarni hamda muqobil energiya manbalarini oʻrnatish orqali ishlab chiqarish xarajatlari kamaytirilishini taʼminlaydi.
5. Oʻz hududidagi issiqlik taʼminoti sohasidagi investitsiya loyihalarini kompleks tarzda ishlab chiqishdan boshlab oʻz vaqtida ishga tushirishgacha javobgar hisoblanadi.
6. Xalqaro moliya institutlari va xorijiy moliya tashkilotlari hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarni koʻrib chiqish va mablagʻlar iqtisod qilinishini taʼminlaydi.
7. Oʻz hududidagi shahar va tumanlarning issiqlik taʼminoti obyektlarini davlat-xususiy sheriklik asosida berish boʻyicha takliflarni “Issiqliktaʼminoti” AJ bilan birgalikda ishlab chiqadi hamda belgilangan tartibda kiritadi.
8. Amalga oshirilgan choralarning dastlabki, oraliq va yakuniy natijalari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahri kengashlariga har chorakda hisobot berib boradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-martdagi PQ-100-son qaroriga 7-ILOVA
Uy-joy hamda bino-inshootlarni issiqlik energiyasi bilan taʼminlash sohasini tubdan isloh qilish hamda binolarning energiya samaradorligini oshirish
CHORA-TADBIRLARI REJASI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-martdagi PQ-100-son qaroriga 8-ILOVA
Markazlashgan issiqlik taʼminoti sohasini tubdan isloh qilish hamda binolarning energiya samaradorligini oshirish ishlarini jadallashtirish boʻyicha Respublika muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhi
TARKIBI
Izoh: Respublika muvofiqlashtiruvchi ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-martdagi PQ-100-son qaroriga 9-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi “2018 — 2022-yillarda issiqlik taʼminoti tizimini rivojlantirish dasturi toʻgʻrisida”gi PQ-2912-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 2-dekabrdagi “Issiqlik taʼminoti tizimini takomillashtirish va issiqlik taʼminoti korxonalarini moliyaviy sogʻlomlashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4542-son qarorida:
a) 4-bandda:
ikkinchi xatboshi “toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar chiqarib tashlansin;
beshinchi xatboshi uchinchi xatboshi deb hisoblansin;
b) 8-bandning “a” kichik bandi hamda 5, 5a — 5n-ilovalari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
v) 9-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
g) 2-ilovaning 7 va 11-pozitsiyalari chiqarib tashlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-apreldagi “Ijtimoiy soha obyektlarining isitish tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish toʻgʻrisida”gi PQ-118-son qarorida:
a) 2-bandda:
birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari hamda tegishli ijtimoiy sohaga masʼul vazirlik va idoralar 2023 — 2026-yillarda respublika hududlarida faoliyat yuritayotgan davlat ijtimoiy soha obyektlarini ekologik toza yoqilgʻi turlariga (elektr energiyasi, quyosh suv isitish qurilmalari, quyosh panellari va shu kabilar) va muqobil issiqlik tizimlariga (issiqlik nasoslari va shu kabilar) oʻtkazish orqali kuz-qish mavsumida issiqlik energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash, qozonxonalarni modernizatsiya qilish hamda muassasalarning issiqlik tizimini taʼmirlash va belgilangan meʼyorlarda ishlashini taʼminlashni davlat-xususiy sheriklik asosida bosqichma-bosqich joriy etish choralarini koʻrsin. Bunda:”;
toʻrtinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
b) 5-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi (Sh. Xidoyatov), Energetika vazirligi (J. Mirzamahmudov), Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (X. Umarova), Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Xudayarov), Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov), Sport vazirligi (A. Ikramov), Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi (A. Abduxakimov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tanlab olingan xususiy sheriklar bilan birga 2-ilovada belgilangan hududlar boʻyicha:
bir oy muddatda tuman (shahar)lardagi davlat ijtimoiy soha obyektlari boʻyicha mavjud issiqlik taʼminoti tizimlarining loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish choralarini koʻrsin. Bunda xususiy sheriklar tomonidan loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, davlat sheriklari tomonidan tuzilgan ishchi guruh muhokamasiga taqdim etiladi hamda loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va davlat ekspertizasidan oʻtkazish xarajatlari hududlarning mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan modernizatsiya mablagʻlari bilan birga moliyalashtiriladi;
xususiy sherikka ijtimoiy soha muassasalarining foydalanilmayotgan, boʻsh turgan bino va inshootlarini foydalanish uchun vaqtinchalik ijaraga berish yoki omborxona qurilishi uchun yer uchastkasini (yer maydoniga egalik qilish huquqi berilmagan holda) ajratish choralarini koʻrsin. Bunda yer va mulkni ijaraga berish qoidalari, ijara toʻlovlarini amalga oshirish tartibi, ijaraga beruvchi va ijaraga oluvchining huquq va majburiyatlari, ijaraga berilgan mol-mulklarning roʻyxati hamda ularni nazorat qilish tartibi davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda belgilanadi;
joriy yil 1-iyulga qadar tuman (shahar)larda davlat-xususiy sheriklik asosida ijtimoiy soha obyektlarining issiqlik taʼminoti tizimini modernizatsiya qilish va boshqarish loyihalarining (keyingi oʻrinlarda — Loyihalar) konsepsiyalarini tasdiqlasin;
joriy yil 1-avgustdan loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan va loyiha konsepsiyalari tasdiqlangan tuman (shahar)lardagi ijtimoiy soha obyektlarining issiqlik tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish ishlarini boshlasin.
Davlat sheriklari bir hafta muddatda qonunchilikda belgilangan tartibda loyiha-smeta hujjatlarini oʻrganib chiqish boʻyicha tegishli mutaxassislarni jalb qilgan holda ishchi guruh tarkibini tasdiqlasin.
Ishchi guruh tomonidan loyiha-smeta hujjatlari maʼqullanib, davlat ekspertizasidan oʻtkazilgandan soʻng, modernizatsiya ishlari boshlanishiga ruxsat beriladi hamda mazkur ishlarning sifatli va oʻz vaqtida bajarilishi boʻyicha xususiy sherik javobgar hisoblanadi”;
v) 6-bandda:
ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar ikkinchi va uchinchi xatboshilar deb hisoblansin;
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“davlat sherigi etib — tuman (shahar) hokimliklari hamda tegishli ijtimoiy sohaga masʼul vazirlik va idoralar hududiy organlari belgilansin. Bunda tuman(shahar)lardagi ijtimoiy soha obyektlari rahbarlari (tuman maktabgacha va maktab taʼlim boʻlimi, tuman tibbiyot birlashmasi va h.k.) davlat sherigining huquq va majburiyatlari bajarilishiga masʼul etib belgilansin”;
g) 7-bandda:
“a” kichik bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“davlat ijtimoiy soha obyektlarining isitish tizimlarini xatlovdan oʻtkazish va davlat ekspertizasidan oʻtkazishni taʼminlash;
loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishda ekologik toza yoqilgʻi turlari (elektr energiyasi, quyosh suv isitish qurilmalari, quyosh panellari va shu kabilar) va muqobil issiqlik tizimlari (issiqlik nasoslari va shu kabilar) orqali ishlaydigan energiya tejamkor qozonlarni oʻrnatish va obyektlardagi ichki issiqlik tarmoqlarini modernizatsiya qilishni nazarda tutish”;
quyidagi mazmundagi oʻninchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“2025-yil 1-oktabrga qadar ijtimoiy soha obyektlariga yetkazib berilgan issiqlik energiyasi hisobi va nazoratining onlayn tizimlari hamda issiqlik energiyasi hisoblagichlari oʻrnatilishi boʻyicha zarur choralar koʻrish”;
“b” kichik bandning ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq ijtimoiy soha obyektlarining ichki qismlarida davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimning amal qilish muddati davomida issiqlik haroratini lozim darajada taʼminlash. Bunda 2025-yil 1-oktabrga qadar ijtimoiy soha obyektlariga yetkazib berilgan issiqlik energiyasi hisobi va nazoratining onlayn tizimlarini hamda yetkazib berilgan issiqlik miqdoriga aniqlik kiritish maqsadida issiqlik energiyasi hisoblagichlarini oʻz mablagʻlari hisobidan oʻrnatish;
issiqlik energiyasi yoʻqotishlarini 30 foizga kamaytirish;
ijtimoiy soha obyektlariga zamonaviy energiya tejamkor qozonlarni oʻrnatish”;
d) 8-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“8. Iqtisodiyot va moliya vazirligi uch oy muddatda davlat ijtimoiy soha obyektlarining issiqlik taʼminoti tizimini modernizatsiya qilish va taʼmirlash hamda yetkazib berilgan issiqlik taʼminoti uchun Davlat budjetidan mablagʻlar ajratish tartibini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Madaniyat vazirligi va Sport vazirligi doimiy ravishda DXSH loyihalari doirasida yetkaziladigan issiqlik energiyasi uchun narxlarni (tariflarni) hududiy narxlarni tartibga soluvchi organlar tomonidan oʻrnatilgan tartibda deklaratsiya qilish uchun tegishli hisob-kitoblarni kiritib borsin”;
e) 15-bandning birinchi xatboshisidagi “Iqtisodiyot va moliya vazirligi” soʻzlari “Bosh prokuratura” soʻzlari bilan almashtirilsin;
j) 16-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“16. Tegishli soha vazirliklari davlat sheriklari bilan birgalikda Loyihalar boʻyicha tasdiqlangan davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimlarda belgilangan samaradorlik koʻrsatkichlari bajarilishi va bitim shartlariga rioya etilishi yuzasidan doimiy monitoringni amalga oshirib borsin.
Bunda davlat sheriklari monitoring natijasida aniqlangan kamchiliklar uchun bitimni bekor qilishgacha boʻlgan choralarni koʻrsin”;
z) 19-band band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“19. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari belgilansin.
Qarorning ijrosini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosarlari A.J. Ramatov va J.A. Qoʻchqorov zimmalariga yuklansin”.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi “2025 — 2027-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi PQ-454-son qarori 5-bandining sakkizinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2025-yilda ishga tushiriladigan taʼlim muassasalari obyektlarini, issiqlik taʼminoti obyektlarini va boshqa (tibbiy-ijtimoiy, ichimlik suv taʼminoti obyektlari, avtomobil yoʻllari va boshqa) obyektlarni 1-dekabrga qadar foydalanishga topshirish”.
