Transport vositasini ishlab chiqaruvchi yuridik shaxslarga transport vositasining identifikatsiya raqamini shakllantirish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida (127-son)
27.02.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maʼmuriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining masʼuliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish toʻgʻrisida” 2024-yil 24-maydagi PF-80-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, transport vositasini ishlab chiqaruvchi yuridik shaxslarga transport vositasining identifikatsiya raqamini shakllantirish ishlarining yagona tartibini belgilash va uning shaffofligini taʼminlash hamda xizmatlar koʻrsatish jarayonlarini soddalashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Oʻzbekiston standartlar instituti faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2019-yil 14-martdagi 220-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Oʻzbekiston standartlar institutiga transport vositalarini ishlab chiqaruvchilarning xalqaro identifikatsiya kodini berish vazifasi yuklanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Transport vositasini ishlab chiqaruvchi yuridik shaxslarga transport vositasining identifikatsiya raqamini shakllantirish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti (keyingi oʻrinlarda — Reglament) ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
davlat xizmati koʻrsatilishini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali tashkil etish;
transport vositalarining identifikatsiya raqamining tuzilishi va mazmuni;
transport vositalarining identifikatsiya raqamini shakllantirish tartibi.
3. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Adliya vazirligi va Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda:
bir oy muddatda ushbu qaror bilan tasdiqlangan Reglamentga muvofiq davlat xizmati koʻrsatishni Davlat xizmatlari markazlari yoki YIDXP orqali joriy etilishini taʼminlasin;
Davlat xizmatlari markazlari yoki YIDXPda davlat xizmati koʻrsatilishining har bir bosqichida murojaatlar koʻrib chiqilishini kuzatib borish tartibini joriy etsin.
4. Adliya vazirligi:
davlat organlari va boshqa tashkilotlarning ular tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatilishining belgilangan tartibiga rioya etilishi yuzasidan, shu jumladan, YIDXP orqali doimiy nazorat hamda monitoring oʻrnatsin;
ushbu qaror bilan tasdiqlangan Reglament talablarini buzganlik uchun davlat organlari va boshqa tashkilotlar mansabdor shaxslariga nisbatan belgilangan tartibda maʼmuriy jazolarni qoʻllasin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori A.R. Jumanazarov va Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri A.D. Tashkulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 27-fevral,
127-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 27-fevraldagi 127-son qaroriga ILOVA
Transport vositasini ishlab chiqaruvchi yuridik shaxslarga transport vositasining identifikatsiya raqamini shakllantirish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning
MAʼMURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Reglament transport vositalarini ishlab chiqaruvchi yuridik shaxslarga (keyingi oʻrinlarda — talabgorlar) transport vositalarining identifikatsiya raqamini (keyingi oʻrinlarda — VIN kodi) shakllantirish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish tartibini belgilaydi.
Mazkur Reglament Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 25-apreldagi 237-son qarori bilan tasdiqlangan Muomalaga chiqarilayotgan gʻildirakli transport vositalarining xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglament bilan tartibga solinadigan gʻildirakli transport vositalariga nisbatan tatbiq etiladi.
2. Davlat xizmati Davlat xizmatlari markazlari yoki YIDXP orqali koʻrsatiladi.
Bunda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Oʻzbekiston standartlar instituti (keyingi oʻrinlarda — Institut) transport vositalarining identifikatsiya raqamini shakllantirishni taʼminlaydi.
3. Transport vositasini ishlab chiqaruvchi yuridik shaxslarga transport vositasining identifikatsiya raqamini shakllantirish boʻyicha davlat xizmati mazkur Reglamentga 1-ilovaga muvofiq Transport vositasini ishlab chiqaruvchi yuridik shaxslarga transport vositasining identifikatsiya raqamini shakllantirish sxemasi asosida koʻrsatiladi.
2-bob. Davlat xizmatini koʻrsatish tartibi
1-§. VIN kodining tuzilishi va mazmuni
4. VIN kodi uchta boʻlimdan iborat:
ishlab chiqaruvchining xalqaro identifikatsiya kodi (WMI kodi);
tavsiflovchi qismi (VDS);
koʻrsatuvchi qismi (VIS).
VIN kodi transport vositalarini identifikatsiya maqsadida beriladigan belgilarning tarkibiy kombinatsiyasi.
Xalqaro ishlab chiqaruvchi identifikatsiya kodi — World Manufacturer Identifier kodi (keyingi oʻrinlarda — WMI kodi) VIN kodining birinchi qismi boʻlib, transport vositalari ishlab chiqaruvchisini bildiradi. WMI kodi transport vositalari ishlab chiqaruvchisiga mazkur ishlab chiqaruvchini aniqlash maqsadida beriladi. VIN kodining qolgan qismlari bilan birgalikda WMI kodi 30 yil davomida barcha davlatlarda ishlab chiqarilgan transport vositalari uchun ushbu kodning takrorlanmasligini taʼminlaydi.
VIN kodining tavsiflovchi qismi — Vehicle Descriptor Section (VDS) transport vositalarini tavsiflovchi qismi VIN kodining ikkinchi qismi boʻlib, transport vositalarining asosiy xususiyatlarini ifodalovchi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi. Ushbu VIN kodining qismida transport vositasi turi, variantlari va versiyalari koʻrsatilishi mumkin.
VIN kodining koʻrsatuvchi qismi — Vehicle Indicator Section (VIS) VIN kodining uchinchi qismi boʻlib, bir transport vositasini boshqasidan ajratish uchun ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilangan belgilar kombinatsiyasidan iborat. Ushbu VIN kodining qismi VDS bilan birgalikda har bir ishlab chiqaruvchi tomonidan 30 yil davomida ishlab chiqarilgan barcha transport vositalarini aniq identifikatsiyalashni taʼminlaydi.
5. VIN kodining WMI tavsiflovchi qismi birinchi uch pozitsiyada joylashgan belgilardan (harflar yoki raqamlar) iborat boʻladi. Belgilarni tanlash va ularning ketma-ketligi Institut tomonidan aniqlanadi.
6. VIN kodining VDS tavsiflovchi qismi olti pozitsiyada joylashgan belgilardan (harflar yoki raqamlar) iborat boʻladi. Belgilarni tanlash va ularning ketma-ketligi ishlab chiqaruvchi tomonidan aniqlanadi.
7. VIN kodining VIS koʻrsatuvchi qismi sakkiz pozitsiyada joylashgan belgilardan (harflar yoki raqamlar) iborat boʻladi. Qoʻllanilmagan barcha pozitsiyalarga nollar qoʻyiladi. Ushbu qismda ishlab chiqarilgan yil (model yili) va (yoki) yigʻuv zavodini koʻrsatishga ruxsat etiladi.
Bunda ishlab chiqarilgan yil (model yili) kodini birinchi pozitsiyaga, yigʻuvchi zavod kodini esa ikkinchi pozitsiyaga joylashtirish tavsiya etiladi. Agar VIS kodida model yili koʻrsatilgan boʻlsa, VIN kodini tavsiflovchi hujjatlarda bu haqda maʼlumot berilishi lozim.
2-§. Murojaatlarni shakllantirish va yuborish
8. Talabgorlar davlat xizmatidan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markazlariga oʻzi kelib murojaat etadi yoki davlat xizmatidan elektron shaklda foydalanish uchun YIDXPda roʻyxatdan oʻtadi.
9. Talabgor oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda, Davlat xizmatlari markazi xodimi talabgor nomidan, YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa, mustaqil ravishda ushbu Reglamentga 2-ilovaga muvofiq shakldagi Transport vositasini ishlab chiqaruvchi yuridik shaxslarga transport vositasining identifikatsiya raqamini shakllantirish yuzasidan davlat xizmatini koʻrsatish boʻyicha soʻrovnomani elektron shaklda toʻldiradi.
10. Talabgordan boshqa maʼlumotlarni talab qilish taqiqlanadi.
11. Soʻrovnoma toʻldirilgandan soʻng talabgor maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshiradi va imzolarni identifikatsiya qilishning tegishli vositalari (elektron imzo) bilan tasdiqlaydi.
Talabgor YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda, soʻrovnomani elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
12. VIN kodini shakllantirishda WMI kodini tayyorlash va taqdim etish uchun talabgordan bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida yigʻim undiriladi.
Bunda transport vositalarining identifikatsiya raqamini shakllantirish boʻyicha yigʻim summasi bir marta undiriladi.
Davlat xizmatini koʻrsatish uchun yigʻim toʻlanganligi axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali tasdiqlanadi.
Yigʻimlar summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
a) Davlat xizmatlari markazlariga oʻzi kelib murojaat etganda:
18 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasining shaxsiy hisobvaragʻiga oʻtkaziladi;
toʻlovlardan tushadigan mablagʻlarning 0,5 foizi “Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasida ochiladigan maxsus hisobraqamiga yoʻnaltiriladi;
qolgan mablagʻlar Institutning shaxsiy hisobvaragʻiga oʻtkaziladi;
b) YIDXP orqali murojaat etilganda:
11,75 foizi — “Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasidagi shaxsiy hisobvaragʻiga (shu jumladan, 0,5 foizi yigʻim toʻlanganligi Yagona billing tizimi orqali tasdiqlanganligi uchun);
10 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasining shaxsiy hisobvaragʻiga;
qolgan mablagʻlar Institutning shaxsiy hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
13. Davlat xizmatidan foydalanish uchun YIDXP orqali murojaat etilganda, mazkur Reglamentning 12-bandida koʻrsatilgan yigʻimlar toʻlanadigan summadan 90 foiz miqdorda toʻlanadi.
14. Davlat xizmatini koʻrsatishni rad etish uchun quyidagilar asos boʻladi:
transport vositalarining identifikatsiya raqamini shakllantirish uchun toʻlov amalga oshirilmaganda;
hujjatlarda yolgʻon yoki qalbaki maʼlumotlar koʻrsatilganligi aniqlanganda.
Davlat xizmatini koʻrsatishni boshqa asoslarga koʻra, shu jumladan, maqsadga muvofiq emaslik vaji bilan rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
15. Talabgorlar davlat xizmatidan foydalanishdan uni koʻrsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Talabgor davlat xizmatidan foydalanishdan bosh tortganda, uning soʻrovnomasi koʻrilmasdan qoldiriladi. Bunda toʻlangan yigʻim summasi qaytarilmaydi.
16. Talabgorlar Davlat xizmatlari markaziga kelib murojaat etganda, uning soʻrovnomasi Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan toʻldirilib, talabgor tomonidan tasdiqlanganidan soʻng real vaqt rejimida Institutga elektron shaklda yuboriladi.
YIDXP orqali murojaat qilinganda esa, soʻrovnoma avtomatik tarzda Institutga elektron shaklda yuboriladi.
3-§. Transport vositalarining identifikatsiya raqamini shakllantirish tartibi
17. Institutga soʻrovnoma kelib tushganidan soʻng besh ish kuni mobaynida Institut transport vositalarining identifikatsiya raqamini shakllantiradi.
18. Transport vositalarining shakllantirilgan identifikatsiya raqami uchun bir ish kuni ichida 3-ilovaga muvofiq Transport vositasini ishlab chiqaruvchi yuridik shaxslarga transport vositasining identifikatsiya raqamini shakllantirish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish dalolatnomasi rasmiylashtiriladi.
Dalolatnomada transport vositasining identifikatsiya raqami blankasining reyestr raqami qoʻyiladi va transport vositasining identifikatsiya raqami birinchi uchta pozitsiyasining WMI kodi aniqlanadi.
Agar tashkilot yiliga 500 tadan kam transport vositasi ishlab chiqarganda, transport vositasi identifikatsiya raqamining koʻrsatuvchi qismi VIS kodi Institut tomonidan belgilanadi.
19. Transport vositasining identifikatsiya raqami har bir transport vositasiga toʻliq foydalanish davrida ishlatish uchun beriladi. WMI kodi mazkur Reglamentga 4-ilovaga muvofiq Transport vositasini ishlab chiqaruvchi yuridik shaxslarga transport vositasining identifikatsiya raqamini shakllantirish shakli asosida 30 yillik muddatga muayyan ishlab chiqaruvchiga beriladi.
20. Dalolatnoma rasmiylashtirilgan kunning oʻzida transport vositasining identifikatsiya raqamini shakllantirish blankasi toʻldirilib, Davlat xizmatlari markazi yoki YIDXP orqali yuboriladi.
21. Davlat xizmatlari markazi yoki YIDXP real vaqt rejimida talabgorga transport vositasining identifikatsiya raqamini shakllantirish blankasi yuborilishini taʼminlaydi.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
22. Davlat xizmatlari markazlari va Institut oʻz faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan maʼlumotlar sir saqlanishini taʼminlaydi.
23. Talabgorlar davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishlari mumkin.
24. Mazkur Reglament talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Transport vositasini ishlab chiqaruvchi yuridik shaxslarga transport vositalarining identifikatsiya raqamini shakllantirish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 1-ILOVA
Transport vositasini ishlab chiqaruvchi yuridik shaxslarga transport vositasining identifikatsiya raqamini shakllantirish
SXEMASI
Transport vositasini ishlab chiqaruvchi yuridik shaxslarga transport vositalarining identifikatsiya raqamini shakllantirish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 2-ILOVA
Transport vositasini ishlab chiqaruvchi yuridik shaxslarga transport vositasining identifikatsiya raqamini shakllantirish yuzasidan davlat xizmatini koʻrsatish boʻyicha
SOʻROVNOMA
Talabgor toʻgʻrisida maʼlumot:
Transport vositasini ishlab chiqaruvchi yuridik shaxslarga transport vositalarining identifikatsiya raqamini shakllantirish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 3-ILOVA
Transport vositasini ishlab chiqaruvchi yuridik shaxslarga transport vositalarining identifikatsiya raqamini shakllantirish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 4-ILOVA
Transport vositasini ishlab chiqaruvchi yuridik shaxslarga transport vositasining identifikatsiya raqamini shakllantirish shakli
