Qarshi shahrining bosh rejasini tasdiqlash toʻgʻrisida (105-son)
24.02.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qarshi shahrini kompleks rivojlantirish, qurilish ishlarini rejalashtirish, mazkur ishlarning sifati va darajasini oshirish, shaharning meʼmoriy-rejalashtirish qiyofasini hamda infratuzilmasini yanada yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2018 — 2022-yillarda aholi punktlarini bosh rejalar bilan taʼminlash, loyiha tashkilotlari faoliyatini yaxshilash, shuningdek, shaharsozlik sohasida mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 2-fevraldagi PQ-3502-son qaroriga muvofiq shaharlar va shahar posyolkalarining bosh rejalari loyihalarini ishlab chiquvchi etib belgilangan “OʻzshaharsozlikLITI” bosh loyiha instituti davlat muassasasi (keyingi oʻrinlarda — bosh loyiha tashkiloti) tomonidan Qarshi shahri bosh rejasining loyihasi ishlab chiqilganligi;
b) Qarshi shahri bosh rejasining loyihasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi bilan kelishilganligi;
v) ishlab chiqilgan Qarshi shahri bosh rejasining loyihasida 2042-yilgacha boʻlgan davrda Qarshi shahrining Koson, Qarshi va Koʻkdala tumanlari hududiga (7 767 gektar) kengayishi hisobga olinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Bosh loyiha tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi bilan kelishilgan Qarshi shahrining bosh rejasi 1 va 2-ilovalarga muvofiq asosiy yechimlari va texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari bilan birgalikda tasdiqlansin.
3. Qashqadaryo viloyati hokimligi:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik hamda idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qisqa, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan qurilish hamda xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni rejalashtirishni hisobga olgan holda, Qarshi shahrining bosh reja loyihasini amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
b) mazkur qarorga asosan tasdiqlangan Qarshi shahrining bosh rejasi loyihasiga muvofiq Qarshi shahri chegarasini oʻzgartirish yuzasidan iltimosnomani belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin;
v) manfaatdor vazirliklar, idoralar va xoʻjalik birlashmalari bilan birgalikda quyidagilarni taʼminlasin:
bosh reja va batafsil rejalashtirish loyihalarida belgilangan koʻchalarning qizil chiziqlari doirasidagi maydonlarda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan yer uchastkalarining bosh rejaga zid ravishda egallab olinishini cheklash;
bosh rejaga asosan yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish, sanoat zonasi, savdo va maishiy xizmat koʻrsatish, koʻkalamzorlashtirish va daraxt ekish uchun moʻljallagan rekreatsiya zonalarida boshqa maqsadlar uchun bosh rejaga zid ravishda obyektlarni joylashtirish hamda qurilish ishlarini amalga oshirishga yoʻl qoʻymaslik maqsadida doimiy nazorat oʻrnatilishini taʼminlash;
bino va inshootlarni joylashtirishda tarixiy zona va shaharning boshqa hududlarida joylashgan madaniy yodgorliklarning muhofaza zonalari talablariga qatʼiy rioya etilishini taʼminlash;
energiya tejamkor zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali suv taʼminoti, oqova suv, irrigatsiya, elektr energiyasi, gaz, issiqlik va telekommunikatsiyalar taʼminoti obyektlarini modernizatsiya qilish;
hududning shaharsozlik qiyofasini shakllantiruvchi mavjud maydonlar, obodonlashtirilgan xiyobonlar va bogʻlarni rekonstruksiya qilish va yangilarini qurish orqali shaharning meʼmoriy qiyofasini yaxshilash;
uy-joy, taʼlim, sogʻliqni saqlash, sport, madaniyat, sanʼat va dam olish obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda kapital taʼmirlash hisobidan ijtimoiy va turizm infratuzilmasini rivojlantirish;
ilmiy gidrogeologik tadqiqotlar asosida sizot suvlar sathini pasaytirish boʻyicha shahar hududini muhandislik jihatidan tayyorlash tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
g) birinchi navbatda qurilish ishlari olib boriladigan hududlarning batafsil rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqsin hamda ularni bosqichma-bosqich amalga oshirilishini tashkil etsin;
d) Qarshi shahrining bosh rejasi loyihasini kompleks amalga oshirilishi yuzasidan mualliflik nazoratini oʻrnatish boʻyicha bosh loyiha tashkiloti bilan shartnoma imzolash, ishlarni bajarish va moliyalashtirish oʻz vaqtida tashkil etilishini taʼminlasin.
4. Belgilansinki, xorijiy investorlar, ijtimoiy soha muassasalari va mahalliy investorlar tomonidan kiritilgan takliflar (loyihalar) Qarshi shahrining bosh rejasiga ushbu obyektlarni kiritish maqsadida Qashqadaryo viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boshqarmasi huzuridagi arxitektura-shaharsozlik kengashida koʻrib chiqiladi va kelishiladi.
5. Bosh loyiha tashkilotiga Qarshi shahrining tasdiqlangan bosh rejasi loyihasining kompleks amalga oshirilishi ustidan mualliflik nazoratini toʻlaqonli taʼminlash yuzasidan masʼuliyat yuklansin.
6. Vazirlar Mahkamasining “2030-yil davrigacha Qarshi shahrining bosh rejasini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2013-yil 23-sentabrdagi 262-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.J. Ramatov va Qashqadaryo viloyati hokimi M.B. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 24-fevral,
105-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-fevraldagi 105-son qaroriga 1-ILOVA
Qarshi shahri bosh rejasining
ASOSIY YECHIMLARI
Qarshi shahrining bosh rejasida aholi punkti hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish xususiyatlarini, tabiiy-iqlim sharoitlarini hamda aholi soni prognozini inobatga olgan holda rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari, hududlarning zonalashtirilishi va ularni qurish navbati, aholi punkti hududini tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlar taʼsiridan muhofaza qilish, muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish chora-tadbirlari, aholi punktining qurilgan va qurilmagan hududlari nisbati, aholi punktini rivojlantirish uchun zaxira hududlar va chegaralar hamda aholi punktining iqtisodiy, sanoat va hududiy salohiyati, aholining koʻpayish surʼatini nazarda tutuvchi loyiha yechimlari belgilangan.
Shaharsozlik va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarda shaharning xalq xoʻjaligi, sanoat salohiyati, ishchi resurslari, tabiiy-ekologik muhitning rivojlanishi Qashqadaryo viloyati va Qarshi shahrining shu sohalardagi rivojlanish yoʻnalishi bilan bogʻliq.
Qarshi shahrida 2030-yil (keyingi oʻrinlarda — birinchi navbat) va 2042-yil oxiriga qadar (keyingi oʻrinlarda — hisob davri) kuyidagilar rejalashtirilgan:
1. Aholi soni va hududi:
aholi soni oʻsishi — 283,15 ming kishidan, birinchi navbatda — 400,0 ming kishi va hisob davrida — 470,0 ming kishi;
shaharning hududi — 8 308,9 gektardan, birinchi navbatda — 11 026,8 gektar va hisob davrida — 16 073,6 gektarga oʻzgaradi.
2. Uy-joy qurilishi va uy-joy fondi:
uy-joy fondi umumiy maydoni — 3 992,27 ming kv. metrdan, birinchi navbatda — 7 200,0 ming kv. metr, hisob davrida — 10 810,0 ming kv. metr;
uy-joy fondi bilan taʼminlanish darajasi, bir kishiga — 14,1 kv. metrdan, birinchi navbatda — 18,0 kv. metr, hisob davrida — 23,0 kv. metrga oʻzgaradi;
uy-joy fondi qisqarishi, birinchi navbatda — 89,75 ming kv. metr, hisob davrida — 100,37 kv. metrni tashkil qiladi.
Hisobiy muddatda uy-joy fondi qavatlar kesimida:
1 qavatli yakka tartibdagi uylar — 2 700,52 ming kv. metrdan, birinchi navbatda — 5 308,24 ming kv. metr va hisob davrida — 8 261,35 ming kv. metr;
2 qavatli kottej uylar — 211,7 ming kv. metrdan, birinchi navbatda — 501,8 ming kv. metr va hisob davrida — 698,93 ming kv. metr;
2-3 qavatli uylar — 165,11 ming kv. metrdan, birinchi navbatda — 169,62 ming kv. metr va hisob davrida — 137,14 ming kv. metr;
4-5 qavatli uylar — 840,51 ming kv. metrdan, birinchi navbatda — 890,72 ming kv. metr va hisob davrida — 1 102,22 ming kv. metr;
7 qavatli uylar — 56,04 ming kv. metrdan,birinchi navbatda — 159,76 ming kv. metrdan va hisob davrida — 221,69 ming kv. metr;
9 qavatli uylar birinchi navbatda — 43,34 ming kv. metr va hisob davrida — 95,0 ming kv. metr;
12 qavatli uylar — 2,86 ming kv. metrdan, birinchi navbatda — 37,09 ming kv. metrdan va hisob davrida — 92,16 ming kv. metr;
16 qavatli uylar — 11,9 ming kv. metrdan, birinchi navbatda — 47,85 ming kv. metrdan va hisob davrida — 86,61 ming kv. metr;
20 qavatli uylar, birinchi navbatda — 14,25 ming kv. metr va hisob davrida — 43,79 ming kv. metrga oʻzgaradi;
3. Ijtimoiy sohada:
aholining ijtimoiy soha obyektlariga boʻlgan talabini amaldagi meʼyorlarga moslashtirish maqsadida soha koʻrsatkichlari quyidagi tarzda oʻzgaradi:
maktabgacha taʼlim muassasalari, birinchi navbatda — 22 000 oʻrinni va hisob davrida — 29 140 oʻrinni;
umumtaʼlim maktablari, birinchi navbatda — 64 000 oʻrinni va hisob davrida — 74 260 oʻrinni;
shifoxonalar, birinchi navbatda — 9 924 oʻrin, hisob davrida — 11 661 oʻrin;
poliklinikalar bir smenada, birinchi navbatda — 18 400 ta tashrifni, hisob davrida — 21 760 ta tashrifni;
doʻkonlar, birinchi navbatda savdo maydoni — 102 020 kv. metr, hisob davrida savdo maydoni — 146 120 kv. metrni;
umumiy ovqatlanish korxonalari, birinchi navbatda — 18 400 oʻrinni, hisob davrida — 24 650 oʻrinni;
klublar, madaniyat saroylari, birinchi navbatda — 14 800 oʻrinni, hisob davrida — 19 775 oʻrinni;
kinoteatrlar, birinchi navbatda — 8 000 oʻrinni, hisob davrida — 12 960 oʻrinni;
teatrlar, birinchi navbatda — 837 oʻrinni, hisob davrida — 3 325 oʻrinni;
mehmonxonalar, birinchi navbatda — 2 400 oʻrinni, hisob davrida — 2 800 oʻrinni;
maishiy xizmat koʻrsatish korxonalari, birinchi navbatda — 2 800 ish oʻrinlarini, hisob davrida — 4 265 ish oʻrinlarini tashkil qiladi.
4. Jamoat transporti, avtomobil yoʻllari va koʻchalar hisob davrida:
shahar magistral koʻchalarning uzunligi, birinchi navbatda — 155,35 km, hisob davrida — 291,33 km;
shahar koʻcha tarmogʻining zichligi, birinchi navbatda — 1,41 km/kv. metr, hisob davrida — 1,81 km/kv. metr;
yiliga tashiladigan yoʻlovchilar, birinchi navbatda — 160,0 million yoʻlovchi, hisob davrida — 235,0 million yoʻlovchini tashkil qiladi.
5. Muhandislik va texnik infratuzilma sohalari boʻyicha hisob davrida:
Suv taʼminoti boʻyicha:
ichimlik suvining umumiy taʼminoti, birinchi navbatda kuniga — 104,0 ming kub. metr, hisob davrida kuniga — 122,2 ming kub. metr;
kommunal-maishiy ehtiyojlar, birinchi navbatda kuniga — 80,0 ming kub. metr, hisob davrida — 94,0 ming kub. metr;
sanoat va ishlab chiqarish ehtiyojlari, birinchi navbatda kuniga — 12,0 ming kub. metr, hisob davrida — 14,1 ming kub. metr;
hisobga olinmagan boshqa ehtiyojlar, birinchi navbatda kuniga — 12,0 ming kub. metr, hisob davrida — 14,1 ming kub. metrni tashkil qiladi.
Kanalizatsiya boʻyicha:
Umumiy oqova suv hajmi, birinchi navbatda, kuniga — 49,67 ming kub. metr, hisob davrida — 74,17 ming kub. metr;
tozalash inshootlarining umumiy quvvati, birinchi navbatda, kuniga — 60,0 ming kub. metr, hisob davrida — 90,0 ming kub. metr;
uy-joy fondining kanalizatsiya tarmogʻi bilan taʼminlanishi, birinchi navbatda — 53,0 foiz, hisob davrida — 70 foizni tashkil qiladi;
Issiqlik taʼminoti boʻyicha:
umumiy markazlashgan issiqlik taʼminoti quvvati, birinchi navbatda — 491,535 Gkal/soat, hisob davrida — 710,985 Gkal/soat;
uy-joy fondi, birinchi navbatda — 117,012 Gkal/soat, hisob davrida — 151,273 Gkal/soat;
kommunal-maishiy ehtiyojlar, birinchi navbatda — 374,515 Gkal/soat, hisob davrida — 374,515 Gkal/soatni tashkil qiladi.
Gaz taʼminoti boʻyicha:
gazning umumiy isteʼmoli, birinchi navbatda, yiliga — 230 041,9 ming kub. metr, hisob davrida — 332 735,1 ming kub. metr;
isitish qozonxonalariga gaz taʼminoti, birinchi navbatda, yiliga — 137391,9 ming kub. metr, hisob davrida — 223 515,1 ming kub. metr;
uy-joy fondi gaz taʼminoti, birinchi navbatda, yiliga — 52 800,0 ming kub. metr, hisob davrida — 62 040,0 ming kub. metr;
kommunal-maishiy ehtiyojlar gaz taʼminoti, birinchi navbatda, yiliga — 18 650,0 ming kub. metr, hisob davrida — 22 430,0 ming kub. metr;
sanoat va ishlab chiqarish korxonalari gaz taʼminoti, birinchi navbatda, yiliga — 21 200,0 ming kub. metr, hisob davrida — 24 750,0 ming kub. metrni tashkil qiladi.
Elektr taʼminoti boʻyicha:
umumiy elektr energiyasi isteʼmoli, birinchi navbatda, yiliga — 965,6 million kVt.s, hisob davrida — 1 131,7 million kVt.s;
uy-joy, kommunal-maishiy ehtiyojlar, birinchi navbatda — 880,0 million kVt.s, hisob davrida — 1 034,0 million kVt.s;
sanoat va ishlab chiqarish korxonalari ehtiyojlari, birinchi navbatda — 64,8 million kVt.s, hisob davrida — 75,6 million kVt.s;
hisobga olinmagan boshqa ehtiyojlar, birinchi navbatda — 20,8 million kVt.s, hisob davrida — 22,1 million kVt.s.ni tashkil qiladi.
Sanitar tozalash boʻyicha:
qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash hajmi, birinchi navbatda — 436,0 ming kub. metr, hisob davrida, yiliga — 512,3 ming kub. metr;
qattiq maishiy chiqindi poligoni, chiqindixonalarning foydalanish hududi, birinchi navbatda — 17,9 gektar, hisob davrida — 27,0 gektarni tashkil qilish rejalashtirilgan.
6. Shaharni funksional hududlashtirish va meʼmoriy rejalashtirish:
Qarshi shahrining rejalashtirish tarkibi, aholi joylashgan hududning guruh tizimi markazi — umuman tizimning guruhini tashkil qilish bilan bogʻliq omillar majmuasini hisobga olgan holda shakllantirilgan boʻlib, bunda rivojlanish va fazoviy oʻsishni hisob-kitob davri chegaralaridan tashqari amalga oshirish imkoniyatini taʼminlaydi. Hududlardan funksional foydalanish ustuvorligini hisobga olib, asosiy boʻlgan aholi punktining turar joy hududi ishlab chiqarish, koʻkalamzor, manzara-dam olish hamda maʼmuriy markaz qismlariga boʻlingan.
Guruh tizimining asosiy kompozitsion oʻqlarining rolini Qarshi shahrini Toshkent, Buxoro, Termiz, Urganch va Nukus shaharlari bilan bogʻlaydigan yoʻnalishlar bajaradi.
Shaharning qabul qilingan loyihalashtirish va rejalashtirish tuzilishi yaxlit organizmni yaratishni nazarda tutadi, unda shaharning turli tabiatdagi qismlari, shuningdek, shaharga tutash qishloq aholi punktlari katta shaharsozlik tizimiga kiritilgan boʻlib, ular shahar guruh tizimining markazi sifatida mavqeyini hisobga oladi.
Shaharning arxitektura-rejalashtirish tuzilishining asosini koʻkalamzorlashtirilgan va suv chiqadigan boʻshliqlar bilan birlashtirgan, tarixiy-meʼmoriy qoʻriqxona, alohida maʼmuriy, savdo, madaniy, maʼrifiy va sport majmualarini oʻz ichiga olgan shahar ahamiyatiga ega jamoat markazlari tizimi tashkil etadi.
Jamoat markazlarining chiziqli-tugun tuzilishi uy-joylar va fuqarolik qurilishi surʼatlariga muvofiq shahar hududlarini egallashga imkon beradi va shahar qurilishining barcha bosqichlarida stilistik birlikni qoʻllab-quvvatlaydi.
Tarixiy zonada rekonstruksiya ishlari, eskirgan binolarni buzish va alohida mavzelarni mustahkamlash ishlari qonunchilikda belgilangan tartiblarga qatʼiy amal qilgan holda amalga oshiriladi. Tarixiy zonaning chekkasida, obidalar joylashgan hududlarda transport harakati tartibga solinishi koʻzda tutilgan.
2013-yilda ishlab chiqilgan bosh rejadagi asosiy funksional hududlar saqlab qolingan va unga qisman oʻzgartirishlar kiritilgan. Ishlab chiqilgan bosh reja loyihalarida shahar va shaharchalar uchun markaziy madaniyat va istirohat bogʻlari, kichik yashil hududlar va dam olish xiyobonlari joylashtirilganligi, bundan tashqari har bir turar joy hududi markazlarida piyodalar yoʻlagi, veloyoʻlaklar, avtomobil yoʻllari va sanitariya himoya hududlari inobatga olinganligi, madaniyat va istirohat bogʻlarining boshqa yashil hududlar bilan oʻzaro bogʻlanishi natijasida hududlarning yaxlit yashil tizimi hosil qilingan. Buning natijasida mavjud yashil maydonlarning loyiha hisob davrida kishi boshiga koʻkalamzorlashtirilgan yashil tizim maydoni koʻpayishiga erishilgan.
Ushbu hududlar asosida turar joy boʻyicha 35,0 gektar hamda sanoat va ishlab chiqarish hududlari uchun 20,0 gektar zaxira yer maydonlari bosh reja loyihasida rejalashtirilgan.
7. Shaharning ekologik rivojlanishi:
Shaharchalarda ekologik muhitni yaxshilash, atrof-muhit va aholi salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatish omillarini kamaytirish maqsadida ekologik talablarga mos ravishda loyihada quyidagi tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan:
umumiy foydalanishdagi koʻkalamzor hududlar, hisob davrida — 423,0 gektarni va kishi boshiga — 9,0 kv. metr;
sanitar-himoya hududlar, hisob davrida — 586,7 gektar va kishi boshiga — 12,48 kv. metr.
Muhandislik ishlari boʻyicha hududni tayyorlash tadbirlari loyiha qismlarida hududdagi yogʻin suvlarini toʻgʻri yoʻnalish orqali chiqarish, ulardan unumli foydalanish, ariqlar va kanallar orqali yashil hududlarni sugʻorishda:
sugʻorish hududi, hisob davrida — 8 052,6 gektar;
suv miqdori — 10 066,0 l/sek;
yerosti sizot suvlari sathini kamaytirish hududi, hisob davrida — 5 650 gektarni tashkil etadi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-fevraldagi 105-son qaroriga 2-ILOVA
Qarshi shahri bosh rejasining
TEXNIK-IQTISODIY KOʻRSATKICHLARI
