Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Iqlim oʻzgarishi oqibatlarini kamaytirish va “yashil” iqtisodiyotga oʻtishni tezlashtirish masalalari boʻyicha komissiyasini tuzish toʻgʻrisida (351-V-son)
21.01.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsadlarni roʻyobga chiqarish, iqlim oʻzgarishi oqibatlarini kamaytirish va “yashil” iqtisodiyotga oʻtish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirish, aholining energiya resurslariga boʻlgan ehtiyojlarini qanoatlantirish borasidagi islohotlarni amalga oshirishga koʻmaklashish maqsadida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining birinchi majlisidagi tavsiyalaridan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining vakolatlari muddatiga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Iqlim oʻzgarishi oqibatlarini kamaytirish va “yashil” iqtisodiyotga oʻtishni tezlashtirish masalalari boʻyicha komissiyasi 1-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Iqlim oʻzgarishi oqibatlarini kamaytirish va “yashil” iqtisodiyotga oʻtishni tezlashtirish masalalari boʻyicha komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2025-yil 21-yanvar,
351-V-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2025-yil 21-yanvardagi 351-V-sonli qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Iqlim oʻzgarishi oqibatlarini kamaytirish va “yashil” iqtisodiyotga oʻtishni tezlashtirish masalalari boʻyicha komissiyasi
TARKIBI
Xamzayev Abdushukur Xudoykulovich—Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasining aʼzosi, komissiya raisiPulatov Baxtiyor Alimovich—Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasi raisining oʻrinbosari, komissiya raisining oʻrinbosariInoyatova Noiba Tolipovna—Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mehnat, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy masalalar qoʻmitasining aʼzosiOlimova Gavxar Dusbekovna—Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qoʻmitasining aʼzosiPalvanov Taxir Marksovich—Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mehnat, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy masalalar qoʻmitasining aʼzosiYunusov Ziyodbek Alisherovich—Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining aʼzosiYusupov Navruzbek Mukimjonovich—Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qoʻmitasining aʼzosi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2025-yil 21-yanvardagi 351-V-sonli qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Iqlim oʻzgarishi oqibatlarini kamaytirish va “yashil” iqtisodiyotga oʻtishni tezlashtirish masalalari boʻyicha komissiyasi toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Iqlim oʻzgarishi oqibatlarini kamaytirish va “yashil” iqtisodiyotga oʻtishni tezlashtirish masalalari boʻyicha komissiyasining (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi) maqomini, asosiy vazifalarini, vakolatlarini hamda faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Komissiyaning maqsadi iqlim oʻzgarishi oqibatlarini kamaytirish va “yashil” iqtisodiyotga oʻtish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirish, aholining energiya resurslariga boʻlgan ehtiyojlarini qanoatlantirish borasidagi islohotlarni amalga oshirishga koʻmaklashishdan iborat.
3. Komissiya oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, boshqa qonun hujjatlariga va ushbu Nizomga muvofiq amalga oshiradi.
4. Komissiya Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) vakolatlari muddatiga tuziladi.
2-bob. Komissiyaning asosiy vazifalari va vakolatlari
5. Komissiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
iqlim oʻzgarishi oqibatlarini kamaytirish va “yashil” iqtisodiyotga oʻtishni tezlashtirish boʻyicha belgilab berilgan vazifalar ijrosi yuzasidan parlament nazoratini amalga oshirish;
qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish hamda tegishli davlat organlariga va boshqa tashkilotlarga kiritish;
iqlim oʻzgarishi oqibatlarini kamaytirish va “yashil” iqtisodiyotga oʻtish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirish, aholining energiya resurslariga boʻlgan ehtiyojlarini qanoatlantirish borasidagi islohotlarni samarali amalga oshirish maqsadida yangi mexanizmlarni joriy etishga qaratilgan takliflar ishlab chiqish.
6. Komissiyaning vakolatlari quyidagilardan iborat:
iqlim oʻzgarishi oqibatlarini kamaytirish va “yashil” iqtisodiyotga oʻtishni tezlashtirish boʻyicha belgilab berilgan vazifalar ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlarga doir maʼlumotlarni soʻrab olish;
oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni samarali bajarish uchun davlat organlari va tashkilotlar bilan kelishuvga koʻra, ularning vakillarini jalb etgan holda ishchi guruhlar tuzish;
iqlim oʻzgarishi oqibatlarini kamaytirish va “yashil” iqtisodiyotga oʻtishni tezlashtirish boʻyicha belgilab berilgan vazifalarning davlat organlari va boshqa tashkilotlari tomonidan ijro etilish holatini Komissiya majlisida eshitish;
davlat organlariga va boshqa tashkilotlarga takliflar hamda tavsiyalar kiritish;
iqlim oʻzgarishi oqibatlarini kamaytirish va “yashil” iqtisodiyotga oʻtishni tezlashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan davlat organlari rahbarlarining axborotini tegishincha Qonunchilik palatasining, Qonunchilik palatasi qoʻmitalarining majlislarida eshitish boʻyicha takliflar kiritish;
Komissiya qarorlarining ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish.
Komissiya qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
7. Komissiya oʻz faoliyatini amalga oshirishda davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik oʻrnatadi.
3-bob. Komissiya ishini tashkil etish
8. Komissiya Qonunchilik palatasining qaroriga asosan Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat tarkibda tuziladi.
9. Komissiya raisi:
Komissiya faoliyatiga rahbarlik qiladi, uning ish rejasi loyihasi tayyorlanishini tashkil etadi va Komissiyaning tasdiqlangan ish rejasi bajarilishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;
Komissiyaning majlislarini chaqiradi va ularda raislik qiladi;
Komissiya vakolatiga tegishli boʻlgan masalalarni uning majlisida koʻrib chiqish uchun kiritadi;
Komissiya qarorlarini tasdiqlaydi va ularning ijro etilishiga doir ishlarni tashkil etadi.
10. Komissiya raisining oʻrinbosari Komissiya raisi yoʻqligida uning vazifasini bajarib turadi, Komissiya tomonidan belgilanadigan boshqa vazifalarni ham amalga oshiradi.
11. Komissiya majlislari Komissiya raisi tomonidan zaruratga qarab, lekin har chorakda kamida bir marta chaqiriladi. Komissiya majlislari Qonunchilik palatasi Spikerining tashabbusiga koʻra ham chaqirilishi mumkin.
12. Komissiya ishining tashkiliy shakli uning majlislaridir. Komissiya majlisi unda Komissiya aʼzolarining koʻpchiligi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi.
13. Komissiya qarorlari majlisda ishtirok etgan aʼzolarning koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlganda raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
14. Komissiya qarorlari ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishi mumkin.
15. Komissiya qarorlari bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
16. Komissiya majlislariga koʻrib chiqilayotgan masalaga aloqador boʻlgan davlat organlarining, fuqarolik jamiyati institutlarining, ilmiy muassasalarning, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning vakillari, mutaxassislar, olimlar taklif etilishi mumkin.
Komissiya majlislarida Qonunchilik palatasi Spikeri, uning oʻrinbosarlari, Komissiya taklifiga koʻra Devonning masʼul xodimlari ham ishtirok etishi mumkin.
17. Komissiya bajarilgan ishlar toʻgʻrisida Qonunchilik palatasi tomonidan belgilangan muddatda Qonunchilik palatasiga axborot beradi.
4-bob. Komissiya toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish tartibi
18. Ushbu Nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar Qonunchilik palatasining qarori bilan kiritiladi.
