Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Jamoaviy tashabbuslar boʻyicha komissiyasini tuzish toʻgʻrisida (352-V-son)
21.01.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining birinchi majlisidagi maʼruzasida bildirgan tavsiyalaridan kelib chiqib, fuqarolarning ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan, ularni tashvishga solayotgan mintaqaviy va respublika ahamiyatiga molik muammolarni hal etish samaradorligini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining vakolatlari muddatiga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Jamoaviy tashabbuslar boʻyicha komissiyasi 1-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Jamoaviy tashabbuslar boʻyicha komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2025-yil 21-yanvar,
352-V-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2025-yil 21-yanvardagi 352-V-sonli qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Jamoaviy tashabbuslar boʻyicha komissiyasi
TARKIBI
Mirgaziyeva Zuxra Turayevna—Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Budjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasining aʼzosi, komissiya raisiSabirov Ruslan Jumanazarovich—Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qoʻmitasining aʼzosi, komissiya raisining oʻrinbosariAbdullayev Ilxom Zayirovich—Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasining raisiAxmedova Muqaddasxon Tursunovna—Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasining aʼzosiImamova Sayyara Yakubbayevna—Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fan, taʼlim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qoʻmitasining aʼzosiTokareva Irina Aleksandrovna—Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining aʼzosiYakubov Shuxrat Ummataliyevich—Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fan, taʼlim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qoʻmitasining aʼzosi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2025-yil 21-yanvardagi 352-V-sonli qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Jamoaviy tashabbuslar boʻyicha komissiyasi toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Jamoaviy tashabbuslar boʻyicha komissiyasining (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi) vazifalari va vakolatlarini, shuningdek uning ishini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Jamoaviy tashabbus deganda kamida 50 nafar fuqaro tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga yoʻllangan takliflar tushuniladi.
Komissiya Oʻzbekiston Respublikasining saylov huquqiga ega boʻlgan, yuz ming nafardan kam boʻlmagan fuqaroning qonunchilikda belgilangan talablar asosida qonunchilik tashabbusi tartibida berilgan qonunchilik takliflarini jamoaviy tashabbus bilan ishlash tartibida koʻrib chiqishi mumkin.
3. Komissiya oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, qonunlariga va ushbu Nizomga muvofiq amalga oshiradi.
4. Komissiya Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) vakolatlari muddatiga tuziladi.
2-bob. Komissiyaning asosiy vazifalari hamda vakolatlari
5. Komissiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarda fuqarolarning ishtirokini yanada kengaytirishga koʻmaklashish hamda ularning jamiyatni jadal va har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarini faol qoʻllab-quvvatlash;
jamoaviy tashabbuslarni amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlash sohasidagi davlat siyosati va uning natijalari haqidagi jamoatchilik fikrini tizimli oʻrganishni, umumlashtirishni va tahlil qilishni tashkil etish;
jamoaviy tashabbuslarni umumlashtirish va tahlil qilish orqali fuqarolarning huquqlarini, erkinliklarini va qonuniy manfaatlarini, shuningdek jamiyat va davlat manfaatlarini samarali amalga oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
davlat organlarini, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarini, fuqarolik jamiyati institutlarini jalb etgan holda aholining keng qatlami oʻrtasida fuqarolarning jamoaviy tashabbuslar kiritish huquqini amalga oshirish yuzasidan targʻibot ishlarini tashkil etish;
jamoaviy tashabbuslarni amalga oshirish sohasida xalqaro parlamentlararo tashkilotlarning va xorijiy mamlakatlarning ilgʻor tajribalarini oʻrganish va takliflar kiritib borish.
6. Komissiyaning vakolatlari quyidagilardan iborat:
jamoaviy tashabbuslar yuzasidan xulosalar tayyorlash;
Qonunchilik palatasi, Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari, qoʻmitalar, komissiyalar majlislarida ishtirok etish va oʻz vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan Komissiya xulosasini taqdim etish;
davlat hokimiyati organlaridan, taʼlim va ilmiy muassasalardan, boshqa tashkilotlardan oʻz vakolatlariga taalluqli masalalarni koʻrib chiqish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni, materiallar va maʼlumotlarni olish;
oʻzining vazifalar jumlasiga kiradigan masalalar boʻyicha davlat hokimiyati organlari va ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlikni amalga oshirish;
fuqarolarning jamoaviy tashabbuslarini va ular yuzasidan bildirilgan fikr-mulohazalarini oʻrganish, toʻplash, muayyan sohadagi qonunchilikni oʻrganishda jamoatchilik orasida soʻrovlar oʻtkazishni tashkil etish, ulardan takliflar tayyorlashda foydalanish;
oʻzining vazifalarini amalga oshirish uchun olimlar, mutaxassislar orasidan ishchi guruhlar tashkil etish;
Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari, qoʻmitalar, Qonunchilik palatasi Devonining tarkibiy boʻlinmalari bilan bevosita hamkorlik qilish.
Komissiya qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
3-bob. Komissiya ishini tashkil etish
7. Komissiya Qonunchilik palatasining qaroriga asosan Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat tarkibda tuziladi.
8. Komissiya majlislari Komissiya raisi tomonidan, zaruratga qarab, lekin har chorakda kamida bir marta chaqiriladi. Komissiyaning majlislari Qonunchilik palatasi Spikerining yoki uning oʻrinbosarlarining tashabbusiga koʻra ham chaqirilishi mumkin.
9. Komissiya ishining tashkiliy shakli majlis hisoblanadi. Komissiya majlisi unda Komissiya aʼzolarining koʻpchiligi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi.
10. Komissiya qarori majlisda hozir boʻlgan Komissiya aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlganda, raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
11. Komissiya qarorlari ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishi mumkin.
12. Komissiya qarorlari bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
13. Komissiya majlislariga koʻrib chiqilayotgan masalaga aloqador boʻlgan davlat organlarining, fuqarolik jamiyati institutlarining, ilmiy muassasalarning, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning vakillari, mutaxassislar, olimlar taklif etilishi mumkin.
Komissiya majlislarida Qonunchilik palatasining Spikeri, Spiker oʻrinbosarlari, Komissiya taklifiga koʻra Devonning masʼul xodimlari ham ishtirok etishi mumkin.
14. Komissiya raisi:
Komissiya ishini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;
Komissiya majlislarini chaqiradi va olib boradi;
Komissiya aʼzolariga topshiriqlar beradi;
Komissiya tomonidan tayyorlangan qarorlarni, xulosalar va takliflarni Qonunchilik palatasiga, Qonunchilik palatasi Kengashiga yoki tegishli qoʻmitaga taqdim etadi;
Komissiya aʼzolarini Komissiyaga kelib tushayotgan barcha hujjatlar va materiallardan xabardor qiladi;
Komissiya majlislarida ishtirok etish uchun manfaatdor shaxslarni taklif etadi;
Komissiya aʼzolarini Komissiya qarorlarining bajarilishi haqida xabardor qiladi.
15. Komissiya raisining oʻrinbosari:
Komissiya majlislari uchun materiallarni tayyorlash boʻyicha ishlarni tashkil etadi;
Komissiya aʼzolarini majlislar vaqti va kun tartibi toʻgʻrisida xabardor etish boʻyicha ishlarni tashkil qiladi;
Komissiya raisi boʻlmaganida uning vazifalarini bajarib turadi.
16. Komissiya aʼzosi Komissiya majlisida hozir boʻlishi va oʻziga yuklatilgan topshiriqlarni, majburiyatlarni bajarishi shart.
Komissiya aʼzosining Komissiya majlisida hozir boʻlishi imkoni boʻlmaganda Komissiya raisini oldindan xabardor etishi lozim.
17. Komissiya aʼzosi:
Komissiya tomonidan koʻrib chiqiladigan barcha masalalar boʻyicha ovoz berishga;
Komissiya koʻrib chiqishi uchun masalalar va takliflar kiritishga;
qarorlar tayyorlanishida, muhokamasida, qabul qilinishida, shuningdek ularning amalga oshirilishini tashkil etishda hamda bajarilishini nazorat qilishda ishtirok etishga;
koʻrib chiqilayotgan masalaga doir hujjatlar, maʼlumotnomalar va boshqa zarur axborot bilan tanishishga;
Komissiya qaroriga rozi boʻlmagan taqdirda oʻz nuqtai nazarini bayon etishga haqli.
4-bob. Komissiya toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish tartibi
18. Ushbu Nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar Qonunchilik palatasining qarori bilan kiritiladi.
