“Oʻzbekiston Respublikasining Tadbirkorlik kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini qayta koʻrib chiqish haqida (361-V-son)
22.01.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida kiritilgan “Oʻzbekiston Respublikasining Tadbirkorlik kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan Qonun sifatida qabul qilingan. Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan maʼqullangan.
Mazkur Qonun qabul qilinganidan keyin tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishga oid bir qator konseptual xususiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinganligi munosabati bilan 2025-yil 15-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan takliflar bilan Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Majlisiga qaytarilgan.
“Oʻzbekiston Respublikasining Tadbirkorlik kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini qayta koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Budjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasining “Oʻzbekiston Respublikasining Tadbirkorlik kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini qayta koʻrib chiqish haqidagi xulosasi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “Oʻzbekiston Respublikasining Tadbirkorlik kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan bildirilgan takliflar konseptual xususiyatga ega ekanligi inobatga olingan holda hamda uni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida maromiga yetkazish imkoni mavjud emasligi sababli mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining bundan buyongi koʻrib chiqishidan olib tashlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga “Oʻzbekiston Respublikasining Tadbirkorlik kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini tadbirkorlik sohasidagi qonunchilikdagi soʻnggi oʻzgarishlardan kelib chiqib, ishchi guruh tuzgan holda qayta koʻrib chiqish va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tavsiya etilsin.
4. Ushbu Qaror maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilsin.
5. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2025-yil 22-yanvar,
361-V-son
