Kichik biznesga koʻmaklashish markazlari yordamida ishlab chiqilgan loyihalar doirasida import qilinadigan asbob-uskunalarni sugʻurtalash hamda xom ashyo va materiallarni sertifikatlash xarajatlarining bir qismini qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomni tasdiqlash haqida (107-son)
24.02.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xaridlari tizimini takomillashtirish va unda kichik tadbirkorlik subyektlari ishtirokini ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 10-iyuldagi PQ-249-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xaridlari tizimini takomillashtirish va unda kichik tadbirkorlik subyektlari ishtirokini ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 10-iyuldagi PQ-249-son qarorining 2-bandida 2025-yil 31-dekabrga qadar “Biznesni rivojlantirish banki” ATB huzuridagi kichik biznesga koʻmaklashish markazlari yordamida ishlab chiqilgan loyihalar doirasida import qilinadigan asbob-uskunalarni sugʻurtalash hamda xom ashyo va materiallarni sertifikatlash xarajatlarining 50 foizigacha qismini, biroq bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravaridan oshmagan miqdorda Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplab berish tartibini joriy etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ““Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2024-yil 23-sentabrdagi PQ-330-son qaroriga muvofiq Jamoat ishlari jamgʻarmasi, Hunarmandchilik va kasanachilikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hamda Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamgʻarmasi negizida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan Kambagʻallikni qisqartirish davlat maqsadli jamgʻarmasi tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Kichik biznesga koʻmaklashish markazlari yordamida ishlab chiqilgan loyihalar doirasida import qilinadigan asbob-uskunalarni sugʻurtalash hamda xom ashyo va materiallarni sertifikatlash xarajatlarining bir qismini qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
sugʻurtalash va sertifikatlash xarajatlarini qoplab berish uchun talab etiladigan hujjatlar hamda ularni koʻrib chiqish tartibi;
sugʻurtalash va sertifikatlash xarajatlarini qoplab berish uchun toʻlovlarni toʻlash shartlari.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda ushbu qarorning mohiyati va ahamiyati tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida keng tushuntirilishini taʼminlasin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 24-fevral,
107-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-fevraldagi 107-son qarorigaILOVA
Kichik biznesga koʻmaklashish markazlari yordamida ishlab chiqilgan loyihalar doirasida import qilinadigan asbob-uskunalarni sugʻurtalash hamda xom ashyo va materiallarni sertifikatlash xarajatlarining bir qismini qoplab berish tartibi toʻgʻrisida
VAQTINCHALIK NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Vaqtinchalik nizom (keyingi oʻrinlarda — Nizom) Kambagʻallikni qisqartirish davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) kichik biznes loyihalarini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlarining kichik biznesga koʻmaklashish markazlari yordamida ishlab chiqilgan loyihalar doirasida import qilinadigan asbob-uskunalarni sugʻurtalash, xom ashyo va materiallarni sertifikatlash xarajatlarining bir qismini qoplab berish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
baholash guruhi — Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 20-yanvardagi 37-son qarori bilan tasdiqlangan “Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash” kompleks dasturi tashabbuskorlarini tanlash, ularning loyihalarini qoʻllab-quvvatlash va moliyalashtirish toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq istiqbolli loyihalarni tanlab olish, toifalarga ajratish va biznes loyihani baholash uchun masʼul markazlar huzuridagi Loyihalarni baholash va tanlash guruhi;
Biznes portal — “Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash” kompleks dasturida ishtirok etish bilan bogʻliq biznes jarayonlarni avtomatlashtirilgan holda tashkil etish va muvofiqlashtirib boruvchi elektron platforma;
Dastur — “Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash” kompleks dasturi;
import kontrakti — mahsulotlar importi uchun import qiluvchi bilan Oʻzbekiston Respublikasining norezidenti oʻrtasida tuzilgan kontrakt;
markaz — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida kichik biznes subyektlarini moliyaviy va konsultativ qoʻllab-quvvatlashni nazarda tutuvchi Dastur doirasida tashabbuskorlarni oʻqitish, loyihalarni amalga oshirishga koʻmaklashish va ularning monitoringini yuritishga masʼul boʻlgan “Kichik biznesga koʻmaklashish markazi” MCHJlar;
mahsulotlar — kichik biznesga koʻmaklashish markazlari yordamida ishlab chiqilgan loyihalar doirasida va ularni amalga oshirish uchun foydalaniladigan, import hisobidan olib kelinadigan asbob-uskunalar hamda (yoki) xom ashyo va materiallar;
mahsulotlar importi — mahsulotlarni qaytarib olib chiqish majburiyatisiz Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga olib kirish;
sugʻurtalovchi — tegishli turdagi sugʻurtani amalga oshirish uchun litsenziyaga ega boʻlgan va sugʻurta shartnomasiga muvofiq sugʻurta tovoni (sugʻurta toʻlovi)ni amalga oshirish majburiyatini oluvchi tijorat tashkiloti boʻlgan yuridik shaxs;
sugʻurta shartnomasi — xorijiy mamlakatlarda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni import qilish bilan bogʻliq faoliyatni siyosiy va tijorat tavakkalchiliklaridan sugʻurta qilish boʻyicha yozma kelishuv;
talabgor — Dastur doirasida tanlab olingan loyiha boʻyicha asbob-uskunalar yoki xom ashyo va materiallarni xorijiy mamlakatlardan import kontraktlariga (invoysga) muvofiq sotib oluvchi, shuningdek, import kontraktlariga binoan yuk qabul qiluvchining sugʻurtalash hamda xom ashyo va materiallarni sertifikatlash xarajatlarini qoplab berish boʻyicha ariza bilan murojaat qilgan tadbirkorlik subyekti.
3. Ushbu Nizomga muvofiq markazlar yordamida ishlab chiqilgan loyihalar doirasida import qilinadigan asbob-uskunalarni sugʻurtalash hamda xom ashyo va materiallarni sertifikatlash xarajatlarining (keyingi oʻrinlarda — sugʻurtalash va sertifikatlash xarajatlari) 50 foizigacha qismi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravaridan oshmagan miqdori 2025-yil 31-dekabrga qadar qoplab beriladi.
2-bob. Sugʻurtalash va sertifikatlash xarajatlarining bir qismini qoplab berish uchun talab etiladigan hujjatlar va ularni koʻrib chiqish tartibi
4. Sugʻurtalash va sertifikatlash xarajatlarining bir qismi mazkur Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq qoplab beriladi.
5. Talabgor sugʻurtalash va sertifikatlash xarajatlarining bir qismini qoplash uchun Biznes portal orqali elektron (onlayn) ariza va buyurtmanoma toʻldirib, quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda markazga murojaat qiladi:
a) import qilinadigan asbob-uskunalarning sugʻurtalash xarajatlarining bir qismini qoplab berish yoʻnalishida:
bojxona yuk deklaratsiyasi nusxasi;
sugʻurta mukofoti toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar — sugʻurta shartnomasi va sugʻurta polisining nusxasi, toʻlov toʻlanganligi toʻgʻrisidagi hujjat va xizmat koʻrsatilganligini tasdiqlovchi hisobvaraq-faktura nusxasi;
b) import qilingan xom ashyo va materiallarni sertifikatlash xarajatlarining bir qismini qoplab berish yoʻnalishida talabgorning yetkazib beruvchilar bilan tuzilgan import kontraktiga asosan xarid qilingan xom ashyo va materiallarni sertifikatlash xarajatlarini tasdiqlovchi hujjatlar — sertifikatlash boʻyicha shartnoma, hisobvaraq-faktura, toʻlov topshiriqnoma nusxalari.
Talabgor har bir loyiha doirasida ham sugʻurtalash, ham sertifikatlash xarajatlarining bir qismini qoplash uchun murojaat qilishi mumkin.
Sugʻurtalash va sertifikatlash xarajatlarining bir qismini qoplab berish uchun Biznes portal orqali ariza bepul topshiriladi va koʻrib chiqiladi.
6. Talabgordan ushbu Nizomda nazarda tutilmagan hujjatlarni taqdim etishni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
7. Markaz Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 20-yanvardagi 37-son qarori bilan tasdiqlangan “Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash” kompleks dasturi tashabbuskorlarini tanlash, ularning loyihalarini qoʻllab-quvvatlash va moliyalashtirish toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq sertifikatlash xarajatlari qoplab berilishi soʻralayotgan xom ashyo va materiallar hamda (yoki) sugʻurta xarajatlari qoplab berilishi soʻralayotgan asbob-uskunalar baholash guruhi tomonidan tanlab olingan talabgorning loyihasini amalga oshirish uchun foydalaniladigan mahsulot ekanligini Biznes portal orqali mustaqil ravishda tekshiradi.
8. Arizaga ilova qilingan hujjatlarning haqqoniyligi uchun talabgor javobgar hisoblanadi.
9. Markaz arizani besh ish kuni ichida koʻrib chiqadi hamda sugʻurtalash va sertifikatlash xarajatlarining bir qismini qoplab berish yoki qoplab berishni rad etish toʻgʻrisida Biznes portal orqali elektron xulosa tayyorlaydi va bu haqida talabgorni xabardor qiladi.
Rad etish uchun asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, xabarnomada rad etishning barcha sabablari koʻrsatilishi lozim.
3-bob. Sugʻurtalash va sertifikatlash xarajatlarining bir qismini qoplab berishni rad etish
10. Quyidagi holatlarning kamida bittasi mavjudligi sugʻurtalash va sertifikatlash xarajatlarini qoplab berishni rad etish uchun asos boʻladi:
talabgor tomonidan ushbu Nizomning 5-bandida belgilangan hujjatlar toʻliq taqdim etilmaganligi;
sertifikatlash xarajatlari qoplab beriladigan xom ashyo va materiallar va (yoki) sugʻurtalash xarajatlari qoplab beriladigan asbob-uskunalar baholash guruhi tomonidan tanlab olingan tashabbuskorning loyihasida nazarda tutilmaganligi;
talabgor tomonidan soxta hujjatlar, notoʻgʻri yoki yolgʻon maʼlumotlar taqdim etilganligi.
Mazkur bandda nazarda tutilmagan sabablarga koʻra sugʻurtalash va sertifikatlash xarajatlarini qoplab berishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
11. Talabgor sugʻurtalash va sertifikatlash xarajatlarini qoplab berishni rad etish uchun asos boʻlgan sabablarni bartaraf etib, ushbu Nizomda nazarda tutilgan hujjatlarni, shu jumladan, rad etishning ilgari koʻrsatilgan sabablari bartaraf etilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni qayta koʻrib chiqish uchun Markazga elektron (onlayn) topshirish huquqiga ega.
12. Talabgor sugʻurtalash va sertifikatlash xarajatlarining bir qismini qoplab berishni rad etish uchun asos boʻlgan sabablarni bartaraf etgan taqdirda, hujjatlar Markaz tomonidan takroriy ariza olingan kundan boshlab uch ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatda qayta koʻrib chiqiladi.
13. Arizani qayta koʻrib chiqishda markaz tomonidan ilgari berilgan rad etish toʻgʻrisidagi xulosada qayd etilmagan sabablarni koʻrsatishga yoʻl qoʻyilmaydi, ilgari koʻrsatilgan sabablar bartaraf etilganligini tasdiqlovchi hujjatlar bilan bogʻliq rad etish sabablari bundan mustasno.
14. Talabgor sugʻurtalash va sertifikatlash xarajatlarining bir qismini qoplab berishni rad etish toʻgʻrisidagi xulosa, shuningdek, markazning mansabdor shaxslari harakati (harakatsizligi) yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.
4-bob. Sugʻurtalash va sertifikatlash xarajatlarining bir qismini qoplab berish uchun toʻlovlarni toʻlash tartibi
15. Markaz ushbu Nizomning 10-bandida koʻrsatilgan sugʻurtalash va sertifikatlash xarajatlarining bir qismini qoplab berish boʻyicha arizani rad etish uchun asoslar mavjud boʻlmagan hollarda, mazkur xarajatlarni qoplab berish toʻgʻrisida xulosa (talabgorning bank hisobvaragʻini koʻrsatgan holda) tayyorlaydi.
16. Markaz sugʻurtalash va sertifikatlash xarajatlarining bir qismini qoplab berish toʻgʻrisidagi xulosalarni ilova qilgan holda, hafta yakuni boʻyicha keyingi haftaning birinchi ish kunida Jamgʻarmaga buyurtmanoma yuboradi va bu haqida talabgorlarni xabardor qiladi.
17. Jamgʻarma taqdim etilgan buyurtmanomaga muvofiq uch ish kuni davomida xulosada koʻrsatilgan talabgorning bank hisobvaragʻiga tegishli mablagʻlarni oʻtkazib beradi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
18. Talabgor davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining xatti-harakatlari yoki harakatsizligi ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
19. Ushbu Nizomning qoidalarini buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
20. Mazkur Nizom 2025-yil 31-dekabrga qadar amal qiladi.
Kichik biznesga koʻmaklashish markazlari yordamida ishlab chiqilgan loyihalar doirasida import qilinadigan asbob-uskunalarni sugʻurtalash hamda xom ashyo va materiallarni sertifikatlash xarajatlarining bir qismini qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomga ILOVA
Kichik biznesga koʻmaklashish markazlari yordamida ishlab chiqilgan loyihalar doirasida import qilinadigan asbob-uskunalarni sugʻurtalash hamda xom ashyo va materiallarni sertifikatlash xarajatlarining bir qismini qoplab berish
SXEMASI
