Amaldagi diplomatik va xizmat pasportlari egalarini viza talablaridan ozod etish toʻgʻrisida
22.09.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Albaniya Respublikasi Vazirlar Kengashi oʻrtasida
Bitim
[Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan davlat reyestrida 2024-yil 3-oktabrdagi 4577-AL-2024-H tartib raqami bilan roʻyxatga olindi.]
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Albaniya Respublikasi Vazirlar Kengashi, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Albaniya Respublikasi oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar va hamkorlikni mustahkamlash istagidan kelib chiqib,
Tenglik va oʻzarolik tamoyillariga muvofiq,
Amaldagi diplomatik va xizmat pasportlariga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi va Albaniya Respublikasi fuqarolarining sayohat qilish shart-sharoitlarini soddalashtirish niyatida,
Quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
1. Tomonlardan biri davlatining amaldagi diplomatik va xizmat pasportlari egalari boshqa Tomon davlati hududiga kirgan sanadan boshlab, 180 (bir yuz sakson) kun ichida toʻqson (90) kundan oshmagan muddatda vizalar rasmiylashtirmagan holda, basharti ular qabul qiluvchi davlatda haq toʻlanadigan faoliyatni amalga oshirmasalar, ushbu Tomon davlati hududiga kirish, undan chiqish, tranzit oʻtish hamda unda vaqtinchalik boʻlib turish huquqiga ega hisoblanadilar.
2. Mazkur moddaning 1-bandida nazarda tutilgan muddatdan uzoqroq muddatga boshqa Tomon davlatining hududiga kirishni istagan bir Tomon davlatining amaldagi diplomatik va xizmat pasportlari ega egalari ushbu Tomon davlatining hududiga kirish uchun viza oladilar.
3. Har bir Tomon davlati fuqarolarining diplomatik va xizmat pasportlarining amal qilish muddati boshqa Tomon davlati hududidan chiqib ketish uchun moʻljallangan sanadan keyin kamida 90 (toʻqson) kun davomida amal qilishi lozim.
2-modda
1. Basharti Tomonlardan biri amaldagi diplomatik va xizmat pasportlarga ega boʻlgan oʻzining har qanday fuqarosini boshqa Tomon davlati hududidagi oʻzining diplomatik vakolatxonalariga va konsullik muassasalariga yoki xalqaro tashkilotlarga tayinlagan taqdirda, u tayinlangan shaxs boshqa Tomon davlatining hududiga yetib kelganidan soʻng, boshqa Tomonni bunday tayinlov haqida xabardor qiladi.
2. Boshqa Tomon davlatining hududiga yetib kelganidan soʻng, ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatilgan shaxslar tegishli diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari yoki xalqaro tashkilotlarning soʻroviga binoan va qabul qiluvchi Tomon davlatining qonunlariga muvofiq oʻttiz (30) kun ichida akkreditatsiya qilinadi.
3. Bir Tomon davlatining diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalari yoki boshqa Tomonning hududida joylashgan xalqaro tashkilotlarning vakillari sifatida tayinlangan amaldagi diplomatik yoki xizmat pasportlari egalari qabul qiluvchi davlat hududiga kirishidan oldin akkreditatsiya qilish uchun tegishli viza oladilar.
4. Mazkur moddaning 3-bandida nazarda tutilgan shartlar boshqa Tomon davlati hududida akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxona, konsullik muassasasi yoki xalqaro tashkilot xodimining turmush oʻrtogʻi, voyaga yetmagan bolalari va qaramogʻidagi ota-onalariga ham, basharti ular boshqa Tomon davlatining amaldagi diplomatik yoki xizmat pasportlari egalari boʻlsa, qoʻllaniladi.
3-modda
1. Tomonlardan biri davlatining amaldagi diplomatik va xizmat pasportlari egalari boshqa Tomon davlati hududida pasportlar yoʻqolgan yoki shikastlangan taqdirda, oʻz davlatining diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasini zudlik bilan xabardor qiladilar, ular esa qabul qiluvchi davlatning vakolatli idoralarini tegishli choralar koʻrish uchun xabardor qiladilar.
2. Yoʻqolgan yoki shikastlangan hujjat oʻrniga tegishli Tomon davlatining diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasi yangi diplomatik yoki xizmat pasporti yoxud yoʻqolgan yoki shikastlangan pasportning oʻrnini vaqtinchalik bosuvchi boshqa sayohat hujjatini taqdim etadi.
4-modda
Tomonlardan biri davlatining amaldagi diplomatik va xizmat pasportlari egalari boshqa Tomon davlati chegarasini faqat ushbu Tomon davlatining qonunchiligiga muvofiq xalqaro yoʻlovchi tashish uchun ochiq boʻlgan chegara punktlari orqali kesib oʻtadilar.
5-modda
Tomonlardan biri davlatining vakolatli organlari boshqa Tomon davlatining amaldagi diplomatik va xizmat pasportlari egalarining, basharti ularning hududida boʻlib turishlari nomaqbul deb topilsa, ushbu davlat hududiga kirishlarini rad etish yoki unda boʻlib turishlarini qisqartirish huquqini oʻzida saqlab qoladi.
6-modda
Bir Tomon davlatining amaldagi diplomatik va xizmat pasportlari egalari boshqa Tomon davlati hududida boʻlish vaqtida ushbu davlatning qonunchiligini hurmat qilish majburiyatini oladilar.
7-modda
1. Har bir Tomon biror-bir sababni koʻrsatmagan holda, oʻz davlati hududiga boshqa Tomon davlatining amaldagi diplomatik va xizmat pasportlari egalarining kirishini rad etish yoki boʻlib turish muddatini cheklash huquqini oʻzida saqlab qoladi.
2. Har bir Tomon jamoat tartibini taʼminlash, davlat xavfsizligini yoki jamoat sogʻligini himoya qilish zarurati paydo boʻlganda, mazkur Bitimni qoʻllashni toʻliq yoki qisman toʻxtatishi mumkin. Bunday holda, boshqa Tomon ushbu qaror haqida zudlik bilan yozma ravishda xabardor qilinadi.
3. Mazkur moddaning 1-bandida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni qoʻllashga qaror qilgan Tomon ushbu chora-tadbirlarni bekor qilish va mazkur Bitimni qoʻllashni qayta tiklash toʻgʻrisida zudlik bilan boshqa Tomonni yozma ravishda xabardor qiladi.
8-modda
1. Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari mazkur Bitim kuchga kirgan sanadan boshlab oʻttiz (30) kundan kechiktirmasdan diplomatik va xizmat pasportlari namunalarini, shu jumladan, bunday hujjatlarning batafsil tavsifini diplomatik kanallar orqali almashadilar.
2. Basharti Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari mazkur Bitimning amal qilishi davomida diplomatik yoki xizmat pasportlarini almashtirsa yoki ularga oʻzgartirish kiritsa, ushbu Tomon boshqa Tomonni mazkur oʻzgartirishlar kuchga kirishidan oldin oʻttiz (30) kundan kechiktirmasdan diplomatik kanallar orqali xabardor qiladi va bir vaqtning oʻzida, boshqa Tomon davlatining vakolatli organlariga yangi pasportlar namunalarini, shu jumladan, ularning batafsil tavsifini taqdim etadi.
9-modda
Mazkur Bitimni talqin qilish yoki qoʻllashda kelib chiqadigan Tomonlar oʻrtasidagi har qanday nizolar maslahatlashuv va muzokaralar orqali hal etiladi.
10-modda
Tomonlar oʻzaro kelishuvga koʻra mazkur Bitimga uning ajralmas qismi hisoblanadigan alohida bayonnomalar tuzish orqali oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishlari mumkin. Ular 11-modda qoidalariga muvofiq kuchga kiradi.
11-modda
1. Mazkur Bitim nomuayyan muddatga tuziladi va uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini Tomonlar bajarganliklari toʻgʻrisidagi oxirgi yozma xabarnoma diplomatik kanallar orqali olingan sanadan boshlab oʻttiz (30) kundan soʻng kuchga kiradi.
2. Har bir Tomon boshqa Tomonga diplomatik kanallar orqali yozma xabarnoma yuborish orqali mazkur Bitimni denonsatsiya qilishi mumkin. Bunday holda, mazkur Bitimning amal qilishi boshqa Tomon denonsatsiya toʻgʻrisidagi xabarnomani olgan sanadan boshlab oʻttiz (30) kundan soʻng tugatiladi.
Nyu-York shahrida 2024-yil 22-sentabrda ikki nusxada har biri oʻzbek, alban va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir. Talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda ingliz tilida matn ustuvor hisoblanadi
(imzolar)
