Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (KҚ-59-V-son)
04.02.2025
Oʻzbekicton Respublikaci Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti (keyingi oʻrinlarda — Yoshlar parlamenti) aʼzolarini tasdiqlash, ularni “ustoz-shogird” anʼanasi asosida senatorlarga hamda hamkorlik olib borish uchun vazirlik va idoralarga biriktirish, shuningdek, Yoshlar parlamenti faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlarini belgilash maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonunning 16-moddasi hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga;
Yoshlar parlamenti aʼzolarining roʻyxati 2-ilovaga;
Yoshlar parlamenti aʼzolarini senatorlarga biriktirish roʻyxati 3-ilovaga;
Yoshlar parlamenti aʼzolarini vazirlik va idoralarga biriktirish roʻyxati 4-ilovaga;
Yoshlar parlamenti faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari rejasi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar Yoshlar parlamenti faoliyatining asosiy ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:
yoshlar orasida vatanparvarlik, yuksak fuqarolik pozitsiyasi va qonunga hurmat ruhini targʻib qilish, shuningdek, yoshlarning ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish boʻyicha tadbirlar tashkil etish;
yoshlar oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilik holatini jamoatchilik nazorati doirasida oʻrganish hamda jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan taʼsirchan targʻibot tadbirlarini olib borish;
bolalarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holatlarining oldini olishga qaratilgan choralar koʻrish, mazkur yoʻnalishdagi qonunlarning mazmun-mohiyatini aholi oʻrtasida tushuntirish;
yoshlar orasida ekologiyani asrash va atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda boʻlishga qaratilgan aksiyalar oʻtkazish;
hududlarda mahalliy vakillik organlari bilan hamkorlikda yoshlarning ijtimoiy va iqtisodiy muammolarini oʻrganish, ijobiy hal etish hamda tashabbuslarini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish;
vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda yoshlar bilan ishlash boʻyicha muayyan muddatga moʻljallangan strategik rejalarni belgilash va amalga oshirish boʻyicha manzilli chora-tadbirlar ishlab chiqish hamda memorandumlar imzolash;
Oliy Majlis Senatining qonunchilik takliflarini ishlab chiqish jarayonlarida faol ishtirok etish va yoshlarga doir qonunlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar berish;
xorijiy davlatlarning yoshlar parlamentlari, u yerdagi vatandoshlar bilan hamkorlik aloqalarini kuchaytirish, yoshlar oʻrtasida global muloqotni rivojlantirish va tajriba almashish, yoshlar siyosatidagi “oʻzbek modeli”ni ilgari surish;
Yoshlar parlamentining faoliyatini keng jamoatchilikka yetkazish, Internet ijtimoiy tarmoqlarida jamoatchilik muhokamalariga sabab boʻladigan yoshlarga doir masalalar yuzasidan munosabat bildirish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi Yoshlar parlamenti faoliyatini muvofiqlashtirib borsin va unga quyidagi masalalarda amaliy yordam koʻrsatsin:
Yoshlar parlamentining tashkiliy yigʻilishlarini oʻtkazish;
Yoshlar parlamenti aʼzolarining oʻzlariga biriktirilgan senatorlar hamda vazirlik va idoralar bilan hamkorligini yoʻlga qoʻyish;
Senat yalpi majlislarida Yoshlar parlamenti aʼzolarining ishtirokini taʼminlash;
Yoshlar parlamenti aʼzolari uchun seminarlar tashkil etish va ularning malakasini oshirish;
Yoshlar parlamentining eng faol aʼzolarini davlat va boshqa mukofotlarga tavsiya etish boʻyicha takliflar kiritish.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qoʻmitalari:
Yoshlar parlamenti aʼzolarini qoʻmitalarning qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil faoliyatiga jalb etish va qoʻmita majlislarida ishtirokini taʼminlash;
qoʻmitalar ish rejalarida Yoshlar parlamenti bilan hamkorlikda oʻtkaziladigan tadbirlarni nazarda tutish;
hududlarda Yoshlar parlamenti ishtirokida yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etish choralarini koʻrsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati devoni Xalqaro aloqalar va protokol boshqarmasi:
Yoshlar parlamentining xorijiy davlatlar yoshlar parlamentlari bilan hamkorlik oʻrnatish va muloqotlar olib borishda;
yoshlarga oid masalalarda xorijiy davlatlarga xizmat safarlariga yoshlar parlamentining faol aʼzolarini jalb qilishda amaliy yordam koʻrsatsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati devoni Axborot xizmati Yoshlar parlamenti faoliyatini ommaviy axborot vositalari va Internet ijtimoiy tarmoqlarida keng yoritishga qaratilgan media-reja ishlab chiqsin va ijrosini taʼminlasin.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hududlardagi Yoshlar parlamenti aʼzolarining Oliy Majlis Senati yalpi majlislari hamda qoʻmitalarning qonun ijodkorligi va parlament nazorati faoliyatiga oid tadbirlarida ishtirok etishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
8. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2020-yil 23-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzurida Yoshlar parlamentini tashkil etish toʻgʻrisida” gi KQ-97-IV-sonli Qarori 4-bandining 2-xatboshisi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2023-yil 29-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi KQ-513-IV-sonli Qarori 1-bandining ikkinchi va uchinchi xatboshilari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi O. Kozixonova zimmasiga yuklansin.
10. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2025-yil 4-fevral,
KQ-59-V-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2025-yil 4-fevraldagi KQ-59-V-sonli qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1.1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi Yoshlar parlamentining (bundan buyon matnda Yoshlar parlamenti deb yuritiladi) maqsadlari va vazifalarini, uning tashkil etilishi tartibini belgilaydi.
1.2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlariga, shuningdek, ushbu Nizomga muvofiq amalga oshiradi.
1.3. Yoshlar parlamenti Oʻzbekiston Respublikasi yoshlari vakillarining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati (bundan buyon matnda Senat deb yuritiladi) Kengashi qarori asosida tashkil etiladigan, yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan jamoatchilik asosida tuziladigan maslahat organi hisoblanadi.
1.4. Yoshlar parlamenti oʻz logotipi, aʼzolarining koʻkrak nishoni hamda guvohnomalariga ega boʻlib, logotip, koʻkrak nishoni va guvohnomalardan faqatgina oʻz vakolat muddati davomida foydalaniladi.
1.5. Yoshlar parlamenti logotipi, aʼzolarining koʻkrak nishoni hamda guvohnomalari Yoshlar parlamentining birinchi majlisida tasdiqlanadi.
1.6. Yoshlar parlamentining vakolat muddati — besh yil.
1.7. Vakolat muddati tugagach, aʼzolar Yoshlar parlamentining yangi tarkibi shakllangunga qadar faoliyat yuritib turadilar.
II. Yoshlar parlamentining asosiy maqsad va vazifalari
2.1. Yoshlar parlamentining asosiy maqsadlari quyidagilar:
yoshlarning huquqiy ongi va savodxonligini yuksaltirish, ularning siyosiy-huquqiy bilim va koʻnikmalarini amalda boyitish;
yoshlar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;
yoshlarni davlat va jamiyat ishlariga faol jalb etish;
qonunchilik jarayonidan yoshlarni xabardor qilib borish va ularning hayotiga bu jarayonlarning daxldorligini oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusni amalga oshirishda yoshlarning faol ishtirokini taʼminlash;
yoshlarda aniq muammolar yuzasidan qaror qabul qilish va notiqlik mahorati kabi koʻnikmalarni shakllantirish;
Yoshlar parlamenti aʼzolari tarkibidan kadrlar zaxirasini shakllantirish;
yoshlarni aniq loyihalar asosidagi faoliyatga keng jalb etish;
elektron parlamentni shakllantirishda yoshlarning innovatsion gʻoyalarini roʻyobga chiqarish;
saylovlarda va referendumlarda yoshlarning faol ishtirokini taʼminlash.
2.2. Yoshlar parlamenti vazifalari quyidagilardan iborat:
yoshlarni qonun ijodkorligi jarayoni, parlament nazorati jarayoni bilan yaqindan tanishtirib borish;
Yoshlar parlamenti aʼzolarini oʻzlari yashayotgan hududdagi yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning muammolariga davlat va jamiyat eʼtiborini qaratish, normativ-huquqiy hujjatlarning joylardagi yoshlar hayotiga qanday taʼsir koʻrsatayotganini tahlil qilib borish va xulosalarini parlamentga taqdim etishga oʻrgatish;
yoshlarning, shu jumladan, xorijiy mamlakatlarda tahsil olayotgan va mehnat qilayotgan oʻzbekistonlik yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
yoshlarning taʼlim sohasidagi muammo va takliflarini aniqlash hamda ularni hal etishga koʻmaklashish;
yoshlarning innovatsion gʻoyalari asosida keyingi yilga moʻljallangan Davlat dasturlariga kiritiladigan takliflar tayyorlab borish;
hududlarda innovatsion loyihalarni shakllantirish va amalga oshirishga koʻmaklashish;
yoshlarni innovatsion, tajriba-konstruktorlik va startap loyihalarga, novatorlik gʻoyalarga hamda intellektual faoliyatga keng jalb etish;
yoshlarga oid masalalar va muammolar yuzasidan tegishli takliflarni davlat organlariga, qonunchilik tashabbusi subyektlariga koʻrib chiqish uchun kiritish;
yoshlarning oliy maʼlumotli boʻlishlariga qiziqishlarini yanada oshirish, ayniqsa, ish bilan band boʻlmagan yoshlarning ishbilarmonlik koʻnikmalarini rivojlantirish, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etishga koʻmaklashish;
ish beruvchilar tomonidan yoshlarga yaratilgan sharoitlarni oʻrganib borish va bu borada mavjud masalalarni hal etish yuzasidan takliflar tayyorlash;
yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha samarali mexanizmlarni joriy etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
Senat yalpi majlislari, Senat qoʻmitalari va komissiyalari majlislarida munosib yoshlar vakillarining ishtirokini taʼminlash;
yoshlarning tibbiy va ekologik madaniyatini yuksaltirishga, ular oʻrtasida kitobxonlikni rivojlantirishga, ularning intellektual, maʼnaviy-axloqiy, estetik, badiiy dunyoqarashini kengaytirishga koʻmaklashish;
Mehribonlik uylari bitiruvchilarining ijtimoiy moslashuvi hamda ularni uy-joy va ish bilan taʼminlash masalalarini hal qilishga koʻmaklashish;
Senatga, shuningdek hududlardagi xalq qabulxonalari, Bosh vazir qabulxonalari va hokimliklarning fuqarolar qabulxonalariga yoshlar tomonidan yoʻllangan murojaatlarning hal etilishi yuzasidan tahliliy axborotlar tayyorlab borish;
xorijiy davlatlarning yoshlar parlamentlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish.
Yoshlar parlamenti yoshlarga oid masalalar yuzasidan qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
III. Yoshlar parlamenti aʼzolarini tasdiqlash va lavozimdan chetlashtirish tartibi
3.1. Yoshlar parlamenti aʼzolari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi turli yoʻnalishlarda faoliyat olib borayotgan tashabbuskor, yuksak maʼnaviyatli, mustaqil fikrlovchi, qatʼiy hayotiy nuqtai nazarga, keng dunyoqarash va chuqur bilim hamda liderlik salohiyatiga ega, oʻn sakkiz yoshga toʻlgan va oʻttiz yoshgacha boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari orasidan teng huquqlilik tamoyili asosida, jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarni ham jalb qilgan holda jami 100 nafar tarkibda shakllantiriladi.
Bunda xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) Kengashlariga saylangan yoshlar vakillaridan har bir hududdan teng miqdorda 6 nafardan jami 84 nafar va Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi tavsiyasiga koʻra 10 nafar hamda Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi tavsiyasiga binoan 6 nafar yoshlar Senat Kengashi qarori bilan Yoshlar parlamenti aʼzoligiga tasdiqlanadi.
3.2. Yoshlar parlamenti aʼzolari quyidagi holatlarda lavozimdan chetlashtiriladi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar, tuman (shahar) Kengashida deputatlik vakolati muddatidan ilgari tugatilganda;
ushbu Nizom, Yoshlar parlamentining Reglamenti, “Oliy Majlis Senati Yoshlar parlamenti ish yuritish Yoʻriqnomasi” va Yoshlar parlamenti faoliyatini tartibga soluvchi boshqa hujjatlar talablarini bajarmaganda yoki lozim darajada bajarmaganda;
Senat rahbariyati, Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi va Yoshlar parlamenti Kengashi topshiriqlarini tizimli bajarmaganda va lozim darajada bajarmaganda;
Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi, Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi qoʻmitasi, viloyatlar, tuman (shahar) Kengash kotibiyatlarining tegishli taqdimnomasiga koʻra.
3.3. Yoshlar parlamenti aʼzolarining lavozimdan chetlashtirilishi Yoshlar parlamenti Kengashi qaroriga koʻra Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi bilan kelishgan holda amalga oshiriladi.
IV. Yoshlar parlamentining tarkibiy tuzilmalarini tashkil etish
4.1. Yoshlar parlamentining rahbar organi Yoshlar parlamenti Kengashi hisoblanadi. Yoshlar parlamenti Kengashi tarkibiga Yoshlar parlamenti raisi, uning oʻrinbosarlari va komissiya raislari kiradi.
4.2. Yoshlar parlamenti Kengashiga Yoshlar parlamenti raisi rahbarlik qiladi va uning yigʻilishlarini olib boradi.
Yoshlar parlamenti raisi yoʻqligida Kengash majlisini rais oʻrinbosarlaridan biri amalga oshiradi.
4.3. Yoshlar parlamentining raisi Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi tavsiyasiga asosan Yoshlar parlamentining birinchi majlisida aʼzolar tomonidan saylanadi.
Yoshlar parlamenti raisining 2 nafar oʻrinbosari, 7 nafar komissiya raislari Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi bilan kelishgan holda Yoshlar parlamenti raisining tavsiyasiga asosan Yoshlar parlamentining birinchi majlisida aʼzolar tomonidan saylanadi.
Yoshlar parlamenti raisi oliy maʼlumotli, huquqiy va siyosiy bilimga ega, tashabbuskor hamda malakali kadr boʻlishi talab etiladi.
Bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Yoshlar parlamenti raisi etib saylanishi mumkin emas.
4.4. Yoshlar parlamenti raisi, uning oʻrinbosarlari, komissiya raislari quyidagi holatlarda lavozimidan chetlashtirilishi mumkin:
aʼzolar umumiy sonining uchdan ikki qismining ovoziga koʻra;
ushbu Nizomning 3.2-bandida nazarda tutilgan holatlarda.
Yoshlar parlamenti raisi, uning oʻrinbosarlari, komissiya raislarini lavozimidan chetlashtirish tartibi Yoshlar parlamentining Reglamenti bilan tartibga solinadi.
4.5. Yoshlar parlamenti aʼzolarining faoliyati komissiyalar tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.
4.6. Yoshlar parlamenti komissiyasi aʼzolari (bundan buyon matnda komissiya aʼzolari deb yuritiladi) Yoshlar parlamentining birinchi majlisida komissiya raislarining tavsiyasiga koʻra shakllantiriladi.
4.7. Yoshlar parlamentida quyidagi komissiyalar faoliyat olib boradi:
Yoshlar bandligi, tadbirkorlik va iqtisodiy masalalar komissiyasi;
Yoshlar huquqlari, qonunchilik va korrupsiyaga qarshi kurash masalalari komissiyasi;
Yoshlarga fuqarolik tuygʻusi va vatanparvarlikni targʻib qilish masalalari komissiyasi;
Xalqaro munosabatlar va turizm masalalari komissiyasi;
Agrar va ekologiya masalalari komissiyasi;
Ilm-fan, innovatsiyalar va sogʻliqni saqlash masalalari komissiyasi;
Madaniyat, sport va gender tenglik masalalari komissiyasi.
Yoshlar parlamenti faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida doimiy va muvaqqat komissiyalar tuzilishi mumkin.
Doimiy va muvaqqat komissiyalarning ish faoliyatiga oid munosabatlar Yoshlar parlamentining Reglamenti bilan tartibga solinadi.
4.8. Yoshlar parlamenti tomonidan qabul qilingan hujjatlar tavsiyaviy xususiyatga ega boʻladi.
4.9. Yoshlar parlamenti aʼzolarining faoliyati uchun xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi senator xonasidan qonunchilikda belgilangan tartibda joy ajratiladi.
4.10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzurida ham Yoshlar parlamenti vakillari maktabi tashkil etilishi mumkin.
4.11. Yoshlar parlamenti faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirib borishga Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi masʼul hisoblanadi.
V. Yoshlar parlamenti faoliyatini tashkil etish
5.1. Yoshlar parlamenti aʼzolari qonun loyihalari muhokamalarida belgilangan tartibga muvofiq ishtirok etadi, belgilangan maqsad va vazifalari hamda yoʻnalishlaridan kelib chiqib konferensiyalar, davra suhbatlari, seminarlar, hududlardagi yoshlar bilan uchrashuvlar va boshqa tadbirlar tashkil qiladi.
5.2. Yoshlar parlamenti aʼzolarining majlislari zaruratga qarab, ammo yiliga kamida 3-marta oʻtkaziladi. Yoshlar parlamenti aʼzolarining majlislari Yoshlar parlamenti raisi tomonidan chaqiriladi.
Yoshlar parlamenti aʼzolarining majlislari aʼzolar umumiy sonining uchdan bir qismi taklifiga koʻra ham chaqirilishi mumkin.
5.3. Yoshlar parlamenti majlislari axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalaridan foydalangan holda videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilishi mumkin.
5.4. Yoshlar parlamenti aʼzolarining majlisi oʻtkazilishidan kamida yetti kun avval bu haqda Yoshlar parlamentining har bir aʼzosi xabardor qilinishi shart. Xabarnomada Yoshlar parlamenti aʼzolarining majlisi oʻtkaziladigan vaqt va joy, shuningdek, taklif qilinayotgan kun tartibi koʻrsatilishi kerak.
5.5. Yoshlar parlamenti aʼzolari majlisining qarorlari ochiq ovoz berish yoʻli bilan qabul qilinadi.
5.6. Yoshlar parlamenti faoliyati ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritib boriladi.
5.7. Har yili 30-iyun — Oʻzbekistonda yoshlar kuni munosabati bilan Yoshlar parlamenti yillik loyihalar hisobotini ommaviy axborot vositalari orqali jamoatchilikka taqdim etadi.
5.8. Yoshlar parlamenti faoliyatini moliyalashtirish, uning moddiy-texnika taʼminoti Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan Senatning smeta xarajatlari va Yoshlar ishlari agentligi mablagʻlari, Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi, mahalliy, xorijiy va xalqaro tashkilotlarning grantlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
5.9. Yoshlar parlamenti faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq boshqa masalalar Yoshlar parlamenti Kengashi qarori bilan tasdiqlanadigan Yoshlar parlamenti Reglamentiga koʻra hal etiladi.
VI. Yoshlar parlamentining raisi, uning oʻrinbosarlari, komissiyalarining vazifalari
6.1. Yoshlar parlamenti raisi oʻz vazifalarini bajarishi davrida doimiy ish faoliyatidan ajratilmagan holda quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
oʻz vakolatiga koʻra yoshlarga oid masalalar boʻyicha koʻrib chiqilishi uchun Senatga takliflar kiritadi;
Yoshlar parlamenti aʼzolari majlisini chaqiradi, ularga raislik qiladi;
Yoshlar parlamenti majlisi kun tartibiga kiritiladigan yoshlarga oid masalalarni tayyorlashga umumiy rahbarlik qiladi;
Yoshlar parlamenti komissiyasi va aʼzolarining faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
Yoshlar parlamenti aʼzolari va komissiyalariga vazifalarni taqsimlaydi;
davlat va jamiyat hayotidagi muhim voqealarda Yoshlar parlamenti aʼzolarining faol ishtirokini taʼminlaydi;
Yoshlar parlamenti aʼzolarini mamlakat miqyosidagi dolzarb loyihalarga yoʻnaltirib boradi;
Senat bilan kelishgan holda Yoshlar parlamentining xalqaro aloqalari boʻyicha hamkorlikka kirishadi;
Ushbu Nizomda koʻrsatilgan, qonun bilan taqiqlanmagan boshqa vazifalarni amalga oshiradi.
6.2. Yoshlar parlamenti raisining oʻrinbosarlari:
Yoshlar parlamenti raisining topshirigʻiga binoan uning vazifalarini bajaradi;
Yoshlar parlamenti raisi yoʻqligida yoki oʻz vazifalarini amalga oshirishi mumkin boʻlmagan hollarda uning vazifasini bajarib turadi;
Yoshlar parlamenti komissiyalarining faoliyati yuzasidan Yoshlar parlamenti raisiga axborot berib boradi;
Yoshlar parlamenti faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan Yoshlar parlamenti raisiga oʻz takliflarini taqdim etadi;
Yoshlar parlamenti raisi koʻrsatmasiga muvofiq boshqa vazifalarni amalga oshiradi.
6.3. Yoshlar parlamenti kotibi:
Yoshlar parlamenti aʼzolarining majlisida qabul qilingan takliflar hamda majlislar bayonnomalarini yuritadi;
bayonnomalarni imzolash uchun Yoshlar parlamenti raisiga taqdim etadi hamda hujjat ishlarini yuritishni tashkillashtiradi;
majlis bayonnomalari ijrosini monitoring qilib boradi;
Senatga, shuningdek, hududlardagi xalq qabulxonalari, Bosh vazir qabulxonalari va hokimliklarning fuqarolar qabulxonalariga yoshlar tomonidan yoʻllangan murojaatlar haqida Yoshlar parlamenti aʼzolari yuborgan maʼlumotlarni umumlashtirib, tahlil qiladi va Yoshlar parlamenti raisiga axborot kiritadi;
Yoshlar parlamenti raisi Senatning yalpi majlislarida hududlar rahbarlari hamda vazirlik va idoralar rahbarlari axborotlari eshitilishi jarayonida yoshlarning hal etilmagan murojaatlari yuzasidan xulosalarini mutasaddilar eʼtiboriga havola qilishi mumkin.
6.4. Yoshlar parlamenti komissiyalari:
Yoshlar parlamenti aʼzolarining majlisida yoshlarga oid masalalar boʻyicha bildirgan takliflarini oʻrganib chiqadi va oʻzlarining xulosalarini beradi;
zaruratga qarab Senat bilan kelishilgan holda xorijiy tajribani oʻrganish, xalqaro aloqalar oʻrnatish boʻyicha chet el xizmat safarlariga boradi;
chet mamlakatda tahsil olayotgan va mehnat qilayotgan Oʻzbekiston fuqarolari boʻlgan yoshlarning ijtimoiy holati boʻyicha hisobotlar tayyorlaydi va takliflar ishlab chiqadi.
VII. Yakunlovchi qoida
7.1. Ushbu Nizomga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yoki Yoshlar parlamenti faoliyatini toʻxtatib turish yoxud tugatish Senat Kengashining tegishli qarori bilan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2025-yil 4-fevraldagi KQ-59-V-sonli qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolarining
ROʻYXATI
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2025-yil 4-fevraldagi KQ-59-V-sonli qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolariga Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolarini biriktirish
ROʻYXATI
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2025-yil 4-fevraldagi KQ-59-V-sonli qaroriga 4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolarini vazirlik va idoralarga biriktirish
ROʻYXATI
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2025-yil 4-fevraldagi KQ-59-V-sonli qaroriga 5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzurida Yoshlar parlamentining yangi tarkibini tashkil etish hamda faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha
CHORA-TADBIRLAR REJASI
