Oʻzbekiston Respublikasida metrologiya sohasida texnik koʻmak koʻrsatish toʻgʻrisida
27.05.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Rossiya Federatsiyasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda Tomonlar deb ataluvchilar,
Xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalarga tayangan holda,
Yevroosiyo iqtisodiy integratsiyasi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi metrologiya sohasida hamkorlikning muhimligini inobatga olgan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar oʻzaro manfaatli imkoniyatlardan samarali foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida metrologiya sohasidagi hamkorlikni rivojlantiradilar.
2-modda
Bitimni amalga oshirish doirasida Rossiya Tomoni Oʻzbek Tomoniga begʻaraz asosda quyidagilarga koʻmak koʻrsatadi:
Mazkur Bitim imzolangan kundan keyin uch oy ichida Tomonlar tarafidan kelishiladigan va uning ajralmas qismi hisoblanadigan Uskunalar roʻyxatiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining metrologiya laboratoriyalarini Rossiyada ishlab chiqarilgan uskunalar bilan jihozlashga;
Innovatsion metrologiya kompleksini yaratish doirasida uskuna va oʻlchash vositalarini ishga tushirish vaqtida Oʻzbek Tomoni vakillarini oʻqitish va malaka oshirishlarni amalga oshirishga;
Rossiya Tomoni davlat ilmiy metrologik institutlarining kalibrlash va oʻlchash imkoniyatlari toʻgʻrisidagi yozuvlarni Xalqaro oʻlchov va tarozilar byurosi bazasida roʻyxatga olinganligini inobatga olgan holda milliy etalonlarni qoʻshimcha solishtirishlarni amalga oshirish va tashkillashtirishga.
Tomonlar metrologiya sohasida Oʻzbek tomoni vakillarini oʻqitish va malaka oshirishlarni oʻtkazilish muddati va joyini oldindan kelishishadi.
Rossiya Tomoni ushbu Bitimni amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasiga tashrif buyuruvchi delegatsiya tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotni Oʻzbek Tomoniga oldindan yuboradi.
3-modda
Oʻzbek Tomoni ushbu Bitimni samarali bajarilishini taʼminlash maqsadida quyidagilarni amalga oshiradi:
Rossiya Tomonining vakolatli organ vakillari tomonidan oʻrganishlarni amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasida joylashgan kerak boʻlgan infratuzilmani, bino, inshoot, avtomobil yoʻllari, kommunikatsiyalar va boshqalar bilan birga, tayyorlik holatida boʻlishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan obyektlar (bino, inshoot, kommunikatsiyalar va boshqalar) toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni va kirishga ruxsatnomalarni oʻz vaqtida Rossiya Tomoniga taqdim etilishini taʼminlaydi;
Bitim doirasida Oʻzbek Tomonidan oʻqitish va malaka oshirishlarga yoʻllangan vakillar roʻyxatini Rossiya Tomoniga taqdim etadi;
Bitim doirasida Oʻzbekiston Respublikasi hududida tashkillashtiriladigan oʻquv dasturlari oʻtkazilishini taʼminlaydi;
Rossiya Tomoni davlat ilmiy metrologik institutlari bilan hamkorlikdagi milliy etalonlarni qoʻshimcha solishtirish ishlarini oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlaydi.
Bitim doirasida Tomonlarning hududida joylashgan obyektlarga tashrif buyurish masalalari Tomonlarning davlatlari qonunchiligi bilan belgilangan tartibda oldindan kelishiladi.
4-modda
Quyidagilar Tomonlarning Bitimni amalga oshirishga masʼul vakolatli organlari hisoblanadilar:
Rossiya Tomonidan — Texnik jihatdan tartibga solish va metrologiya Federal agentligi;
Oʻzbek Tomonidan — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi.
5-modda
Ushbu Bitimga Tomonlarning oʻzaro roziligi bilan, uning ajralmas qismi hisoblanadigan va alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan qoʻshimcha va oʻzgarishlar kiritilishi mumkin.
6-modda
Ushbu Bitim doirasida maʼlumot qabul qilgan Tomon, maʼlumotni taqdim etgan boshqa Tomonning yozma ruxsatisiz olingan maʼlumotni uchinchi tomonga eʼlon qilmaydi va taqdim etmaydi.
7-modda
Tomonlardan biri tarafidan ushbu Bitim boʻyicha uz majburiyatlarini bajarishiga toʻsqinlik qiladigan xolatlar va (yoki) ushbu Bitim qoidalarini qoʻllashda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, Tomonlarning vakolatli organlari yuzaga kelgan vaziyatlarni yoki kelishmovchiliklarni bartaraf etish va ushbu Bitimning bajarilishini taʼminlash maqsadida oʻzaro maqbul qarorlar qabul qilish uchun maslaxatlashuvlar oʻtkazadilar.
Tomonlarning vakolatli organlari oʻrtasidagi maslaxatlashuvlar orqali hal etilmaydigan ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish va (yoki) qoʻllash boʻyicha Tomonlar oʻrtasidagi kelishmovchiliklar tegishli bayonnomalar orqali rasmiylashtiriladigan Tomonlar oʻrtasidagi muzokaralar orqali hal qilinadi.
8-modda
Bitim diplomatik kanallar orqali Tomonlar tarafidan uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan ichki tartib-qoidalar bajarilganligi toʻgʻrisida oxiri yozma xabarnoma olingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Bitim nomaʼlum muddatga tuziladi va Tomonlardan biri diplomatik kanallar orqali ushbu Bitimni bekor qilish istagi toʻgʻrisida boshqa Tomonning tegishli yozma xabarnomasini olgan kundan boshlab (60) kun oʻtgandan soʻng bekor qilinadi.
Bitimning bekor qilinishi Tomonlar boshqacha kelishmagan boʻlsa, ushbu Bitim boʻyicha amalga oshiriladigan mavjud dasturlar, rejalar, tadbirlar va kelishuvlarning bajarilishiga taʼsir qilmaydi.
Toshkent shahrida 2024-yil 27-mayda, ikki nusxada, har biri oʻzbek va rus tillarida rasmiylashtirildi, bunda ikkala matn bir xil kuchga ega.
(imzolar)
