6-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining ekologik ekspertiza, atrof-muhitga taʼsirni baholash va strategik ekologik baholash sohasidagi vakolatlari
Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga taʼsirni baholash va strategik ekologik baholash toʻgʻrisida (O‘RQ-1036-son) · Sana: 24.02.2025 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi ekologik ekspertiza, atrof-muhitga taʼsirni baholash va strategik ekologik baholash sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi).
Maxsus vakolatli davlat organi:
davlat ekologik ekspertizasini tashkil etadi va oʻtkazadi;
ekologik ekspertiza, atrof-muhitga taʼsirni baholash va strategik ekologik baholash sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
ekologik ekspertizaning yagona tizimini tashkil qiluvchi ixtisoslashtirilgan ekspert boʻlinmalari faoliyatini tashkil etadi;
ekologik ekspertiza, atrof-muhitga taʼsirni baholash va strategik ekologik baholash boʻyicha normativ-texnik va yoʻriqnoma-uslubiy hujjatlarni ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi;
davlat ekologik ekspertizasi boʻyicha ekspertlar kengashi tarkibini hamda uning nizomini tasdiqlaydi;
davlat ekologik ekspertizasining xulosasida koʻrsatilgan talablarning bajarilishi monitoringini olib boradi;
ekologik ekspertizaning ijobiy xulosasiga ega boʻlmagan obyektlarga nisbatan moliyalashtirish, kreditlash operatsiyalarini va boshqa moliyaviy operatsiyalarni toʻxtatib turish (tugatish) toʻgʻrisidagi taqdimnomalarni banklarga va boshqa kredit tashkilotlariga yuboradi;
ekologik ekspertiza xulosalarining bajarilishi ustidan ekologik nazoratni amalga oshiradi;
boshqa davlatlarning tabiatni muhofaza qilish tashkilotlari hamda xalqaro tashkilotlar bilan ekologik ekspertiza, atrof-muhitga taʼsirni baholash va strategik ekologik baholash sohasidagi hamkorlikni amalga oshiradi.
Maxsus vakolatli davlat organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
