34-modda. Ekologik maʼruzaning qamrov doirasini belgilash
Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga taʼsirni baholash va strategik ekologik baholash toʻgʻrisida (O‘RQ-1036-son) · Sana: 24.02.2025 · Amalda
Ekologik maʼruzaning qamrov doirasini belgilashda strategik rejalashtirish hujjati loyihasining tavsifi va mazmunidan kelib chiqib, ekologik maʼruzaga kiritiladigan axborotning hajmi, toʻliqliligi va batafsilligi darajasi aniqlanadi.
Ekologik maʼruzaning qamrov doirasi quyidagi maqsadlarda belgilanadi:
strategik rejalashtirish hujjati loyihasiga kiritilishi mumkin boʻlgan, asoslantirilgan va amalda qoʻllaniladigan muqobil yechimlarni belgilash, shu jumladan atrof-muhitga va (yoki) inson sogʻligʻiga taʼsirni kamaytirish;
strategik rejalashtirish hujjati loyihasi, shuningdek unga kiritilishi mumkin boʻlgan oʻzgartirishlar toʻgʻrisida, shuningdek uni amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar haqida jamoatchilikni xabardor qilish;
strategik rejalashtirish hujjati loyihasining muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga hamda qonunchilikka va Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalar boʻyicha majburiyatlariga muvofiq muhofaza etilishi lozim boʻlgan mahalliy, davlat ahamiyatiga hamda xalqaro ahamiyatga ega boʻlgan boshqa hududlarga va obyektlarga jiddiy salbiy taʼsirini aniqlash;
strategik rejalashtirish hujjati loyihasini amalga oshirishda atrof-muhitga transchegaraviy taʼsir ehtimolini aniqlash;
inson sogʻligʻini va qulay atrof-muhitni taʼminlash uchun strategik rejalashtirish hujjati loyihasini amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi maqsadlarni, shu jumladan xalqaro va milliy darajada belgilangan maqsadlarni aniqlash.
