27-modda. Ekologik normativlar loyihalarini ishlab chiqish bosqichlari
Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga taʼsirni baholash va strategik ekologik baholash toʻgʻrisida (O‘RQ-1036-son) · Sana: 24.02.2025 · Amalda
Ekologik normativlar loyihalari quyidagi ikki bosqichda ishlab chiqiladi:
atrof-muhitni ifloslantiruvchi manbalarni inventarizatsiyadan oʻtkazish;
atrof-muhitni ifloslantiruvchi manbalarni inventarizatsiyadan oʻtkazish natijalariga koʻra ekologik normativlarni belgilash.
Ekologik normativlar loyihalarini ishlab chiqishda fan va texnikaning atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi ilgʻor yutuqlari inobatga olinadi, chiqindilarni joylashtirishni, ifloslantiruvchi moddalarning chiqarilishini, oqizilishini kamaytirish boʻyicha zamonaviy texnologiyalarni joriy etish nazarda tutiladi.
Atrof-muhitni ifloslantiruvchi manbalar inventarizatsiyasi quyidagi maqsadlarda oʻtkaziladi:
ifloslantiruvchi moddalarni atrof-muhitga chiqarish, oqizish manbalarining, chiqindilarni joylashtirishning dastlabki maʼlumotlarini, koʻrsatkichlarini ekologik normativlarni ishlab chiqish uchun aniqlash;
davlat ekologik ekspertizasi obyektida qoʻllaniladigan ishlab chiqarish texnologik jarayonlarining, foydalaniladigan xomashyo va materiallarning ekologik tavsiflarini baholash;
ekologik xavfsizlik talablarini taʼminlashga qaratilgan tadbirlarni ishlab chiqish.
Atrof-muhitni ifloslantiruvchi manbalar inventarizatsiyasi bevosita buyurtmachi (tashabbuskor) tomonidan yoki atrof-muhitga taʼsirni baholash materiallarini va ekologik normativlar loyihalarini ishlab chiquvchi tashkilotlar jalb etilgan holda, davlat ekologik ekspertizasi obyektining xoʻjalik faoliyatini va boshqa faoliyatni amalga oshirishi davrida besh yilda bir marta oʻtkaziladi.
