19-modda. Ekolog-ekspert
Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga taʼsirni baholash va strategik ekologik baholash toʻgʻrisida (O‘RQ-1036-son) · Sana: 24.02.2025 · Amalda
Oliy maʼlumotga, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida yoki turdosh sohalarda kamida uzluksiz uch yillik ish stajiga ega boʻlgan hamda belgilangan tartibda maxsus vakolatli davlat organi tomonidan attestatsiyadan oʻtkazilgan xodim ekolog-ekspert boʻlishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari ham maxsus vakolatli davlat organi tomonidan kontraktga asosan xalqaro ekolog-ekspertlar sifatida jalb etilishi mumkin, bundan davlat sirlari yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sir bilan bogʻliq hollar mustasno.
Ekolog-ekspert faoliyati qonunchilikka muvofiq tartibga solinadigan davlat fuqarolik xizmatchisidir, bundan xalqaro ekolog-ekspertlar mustasno.
Ekolog-ekspert quyidagi huquqlarga ega:
davlat ekologik ekspertizasini oʻtkazish uchun zarur boʻlgan hujjatlar va materiallarni olish;
davlat ekologik ekspertizasini oʻtkazish uchun taqdim etilgan, qonunchilik talablariga javob bermaydigan atrof-muhitga taʼsirni baholash materiallarini va ekologik normativlar loyihalarini rad etish;
davlat ekologik ekspertizasini oʻtkazish uchun taqdim etilgan materiallarning ishonchliligini joyiga chiqqan holda tekshirish.
Ekolog-ekspert:
davlat ekologik ekspertizasini oʻtkazishda qonunchilik talablariga rioya etishi;
davlat ekologik ekspertizasining oʻz vaqtida, har tomonlama, xolisona va sifatli oʻtkazilishini, shuningdek uning natijalari boʻyicha belgilangan tartibda xulosa berilishini taʼminlashi;
davlat ekologik ekspertizasining muayyan obyektiga nisbatan shaxsiy manfaatdorligi boʻlgan taqdirda oʻzini oʻzi rad etishi;
davlat ekologik ekspertizasi uchun taqdim etilgan materiallarning but saqlanishini, shuningdek davlat sirlarini, harbiy, xizmat va tijorat sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarning oshkor qilinmasligini taʼminlashi shart.
Ekolog-ekspert qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ega boʻlishi va uning zimmasida oʻzga majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
Ekolog-ekspert oʻz majburiyatlarini buyurtmachining (tashabbuskorning) huquqlariga yoki qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlariga moddiy zarar yoki maʼnaviy ziyon yetkazgan tarzda bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun, shuningdek ekologik ekspertiza toʻgʻrisidagi qonunchilikni boshqacha tarzda buzganlik uchun qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladi.
