16-modda. Davlat ekologik ekspertizasini oʻtkazish chogʻida qoʻyiladigan talablar
Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga taʼsirni baholash va strategik ekologik baholash toʻgʻrisida (O‘RQ-1036-son) · Sana: 24.02.2025 · Amalda
Davlat ekologik ekspertizasini oʻtkazishda quyidagilar amalga oshiriladi:
taqdim etilgan materiallarning atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonunchilik talablariga muvofiqligini tekshirish;
moʻljallanilayotgan va (yoki) rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xoʻjalik faoliyatining hamda boshqa faoliyatning ekologik va ijtimoiy oqibatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning ishonchliligi va toʻliqligini tahlil qilish;
biologik, kimyoviy moddalar va texnologiyalarning atrof tabiiy muhitga taʼsirini baholashning asosliligini tekshirish;
moʻljallanilayotgan va (yoki) rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xoʻjalik faoliyatini hamda boshqa faoliyatni amalga oshirish oqibatlari bilan bogʻliq ekologik xavflilik darajasini baholashning toʻgʻriligini tekshirish;
ekologik xavfsizlik talablarini taʼminlashga doir chora-tadbirlarning yetarliligini va asosliligini aniqlash;
ekologik normativlar loyihalarining asosliligini tekshirish.
