Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini ijtimoiy himoya qilishni taʼminlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (103-son)
21.02.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini ijtimoiy himoya qilishni taʼminlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
jabrlanuvchilar, guvohlar va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilariga ijtimoiy himoya qilish choralarini qoʻllash asoslari hamda ijtimoiy himoya qilish choralari;
jabrlanuvchilar, guvohlar va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilariga bir yoʻla beriladigan nafaqaning miqdori, uni tayinlash va toʻlash tartibi.
2. Belgilansinki:
jabrlanuvchilar, guvohlar va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilariga nogironlik pensiyasini yoxud ularning oila aʼzolariga va qaramogʻida boʻlgan shaxslarga boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi yoki nafaqasini tayinlash hamda toʻlash qonunchilikda belgilangan tartibda;
himoya qilinuvchi shaxslarga bir yoʻla beriladigan nafaqani toʻlash bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan;
himoya qilinuvchi shaxslarga jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan yetkazilgan mulkiy zararning oʻrnini qoplash bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Oliy sud, Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligining hisob-kitoblariga koʻra 2025-yildan boshlab har yili jabrlanuvchilar, guvohlar va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilariga bir yoʻla beriladigan nafaqani toʻlash bilan bogʻliq xarajatlarni Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutsin hamda 2025-yil uchun tegishli mablagʻlarning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligiga oʻtkazib berilishini taʼminlasin.
4. Ushbu qaror 2025-yil 1-apreldan eʼtiboran kuchga kiradi.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 21-fevral,
103-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-fevraldagi 103-son qaroriga ILOVA
Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini ijtimoiy himoya qilishni taʼminlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessi boshqa ishtirokchilarining ijtimoiy himoyasini taʼminlashga qaratilgan bir yoʻla beriladigan nafaqani tayinlash va toʻlash tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizom talablari xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida tan jarohati olgan harbiy xizmatchilarga (xodimlarga) yoki halok boʻlgan (vafot etgan) harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) oila aʼzolariga nafaqa toʻlash bilan bogʻliq munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
ijtimoiy himoya qilish choralarini taʼminlovchi organ — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, uning hududiy boʻlinmalari;
himoya qilinuvchi shaxs — oʻziga nisbatan belgilangan tartibda himoyani amalga oshirish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining “Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 4-moddasida nazarda tutilgan shaxslar;
himoya qilishni taʼminlash toʻgʻrisida qaror qabul qiluvchi organ — jinoyat ishini yuritayotgan, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirayotgan, surishtiruv, dastlabki tergov organlari va sud.
3. Quyidagilar ijtimoiy himoya qilish choralarini qoʻllashga asos hisoblanadi:
himoya qilinuvchi shaxsning jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan halok boʻlganligi (vafot etganligi);
himoya qilinuvchi shaxs jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan unga nogironlikni keltirib chiqaruvchi tan jarohati yetkazilganligi yoki uning sogʻligʻiga boshqacha ziyon yetkazilganligi;
himoya qilinuvchi shaxs jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan unga nogironlikni keltirib chiqarmaydigan tan jarohati yetkazilganligi yoki uning sogʻligʻiga boshqacha ziyon yetkazilganligi;
himoya qilinuvchi shaxsga jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan mulkiy zarar yetkazilganligi.
2-bob. Ijtimoiy himoya qilish choralari
4. Himoya qilinuvchi shaxs jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan halok boʻlgan (vafot etgan) taqdirda, halok boʻlgan (vafot etgan) shaxsning oila aʼzolariga himoya qilishni taʼminlash toʻgʻrisida qaror qabul qiluvchi organning qaroriga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan bir yoʻla beriladigan nafaqa toʻlanadi.
Bunda halok boʻlgan (vafot etgan) shaxsning oila aʼzolari tarkibiga marhumning otasi (onasi), fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida nikohi qayd etilgan eri (xotini), bolalari, shu jumladan, vasiylikka (homiylikka) olingan bolalari, oʻz oilasiga ega boʻlmagan aka-ukalari, opa-singillari kiritiladi.
5. Himoya qilinuvchi shaxs jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan unga nogironlikni keltirib chiqaruvchi tan jarohati yetkazilgan yoki uning sogʻligʻiga boshqacha ziyon yetkazilgan taqdirda, himoya qilishni taʼminlash toʻgʻrisida qaror qabul qiluvchi organning qaroriga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan bir yoʻla beriladigan nafaqa toʻlanadi hamda qonunchilikda belgilangan tartibda nogironlik pensiyasi yoki nafaqasi tayinlanadi.
Bunda nogironlikning guruhi, sababi va muddati tegishli tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan aniqlanadi.
6. Himoya qilinuvchi shaxs jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan unga nogironlikni keltirib chiqarmaydigan tan jarohati yetkazilgan yoki uning sogʻligʻiga boshqacha ziyon yetkazilgan taqdirda, himoya qilishni taʼminlash toʻgʻrisida qaror qabul qiluvchi organning qaroriga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan bir yoʻla beriladigan nafaqa toʻlanadi.
7. Himoya qilinuvchi shaxsga jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan mulkiy zarar yetkazilgan taqdirda, himoya qilishni taʼminlash toʻgʻrisida qaror qabul qiluvchi organning qaroriga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi, keyinchalik ushbu mablagʻlar himoya qilinuvchi shaxsga mulkiy zarar yetkazilishida aybdor boʻlgan shaxsdan undiriladi.
8. Bir yoʻla beriladigan nafaqa himoya qilinuvchi shaxsning oʻziga yoki himoya qilinuvchi shaxs jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan halok boʻlgan (vafot etgan) taqdirda, ushbu Nizomning 4-bandi ikkinchi xatboshisida belgilangan shaxslarga ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha toʻlanadi.
3-bob. Bir yoʻla beriladigan nafaqani tayinlash va toʻlash tartibi
9. Himoya qilinuvchi shaxs ushbu Nizomning 3-bandidagi asoslardan biri yoki bir nechtasi yuzaga kelgan taqdirda, himoya qilishni taʼminlash toʻgʻrisida qaror qabul qiluvchi organga ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakldagi yozma ariza bilan murojaat qilishga haqli.
Bunda himoya qilinuvchi shaxs jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan halok boʻlgan (vafot etgan) taqdirda, ariza ushbu Nizomning 4-bandi ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan himoya qilinuvchi shaxsning oila aʼzolari tomonidan beriladi. Agar himoya qilinuvchi shaxsning oila aʼzolari voyaga yetmagan, muomala layoqati cheklangan deb topilgan, shuningdek, sogʻligʻining holati, yoshi va boshqa sabablarga koʻra oʻz huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini shaxsan himoya qilish imkoniyatiga ega boʻlmagan shaxslar boʻlsa, ariza ushbu shaxslarning qonuniy vakili tomonidan beriladi.
Ommaviy axborot vositalari, tashkilotlar va mansabdor shaxslarning himoya qilishni taʼminlash toʻgʻrisida qaror qabul qiluvchi organga bergan xabarlari ham himoya qilinuvchi shaxsga nisbatan ijtimoiy himoya qilish choralarini qoʻllash uchun asos boʻlishi mumkin.
10. Himoya qilishni taʼminlash toʻgʻrisida qaror qabul qiluvchi organ ijtimoiy himoya qilish choralarini qoʻllash haqidagi arizani (xabarni) olganidan soʻng, uch sutka ichida:
ushbu Nizomning 3-bandida koʻrsatilgan asoslar himoya qilinuvchi shaxsning jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan vujudga kelganligini aniqlashi;
ijtimoiy himoya qilish choralarini qoʻllash haqida yoki ularni qoʻllashni rad etish toʻgʻrisida qaror (ajrim) qabul qilishi shart.
11. Ijtimoiy himoya chorasini qoʻllash toʻgʻrisida qaror (ajrim) chiqarishda himoya qilinuvchi shaxs, shuningdek, uning oila aʼzolari ushbu Nizomga muvofiq bir yoʻla beriladigan turli nafaqalarni olish huquqiga ega boʻlsa, ularga ushbu nafaqalardan faqat oʻzlari tanlagan bittasi beriladi.
12. Ijtimoiy himoya qilish choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi qarorda (ajrimda) bir yoʻla beriladigan nafaqa toʻlashning asoslari, nafaqani qabul qiluvchining shaxsini tasdiqlovchi maʼlumotlar koʻrsatiladi.
13. Ijtimoiy himoya qilish choralarini qoʻllashni rad etish toʻgʻrisidagi qaror (ajrim) asoslantirilgan boʻlishi lozim.
14. Ijtimoiy himoya qilish choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror (ajrim) ijtimoiy himoya qilish choralarini taʼminlovchi organga ijro etish uchun, shuningdek, oʻziga nisbatan ushbu qaror (ajrim) chiqarilgan shaxsga bir sutka ichida pochta orqali yuboriladi.
Ijtimoiy himoya choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror (ajrim) qabul qilinganidan soʻng bir sutka ichida ijtimoiy himoya qilish choralarini taʼminlovchi organ nafaqani qabul qiluvchining shaxsiga oid maʼlumotlarni (familiyasi, ismi, otasining ismi, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, tugʻilgan kuni va telefon raqami) hamda unga tayinlangan nafaqa turi va toʻliq miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni hamda qarorning (ajrimning) elektron nusxasini “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali yuboradi.
Ijtimoiy himoya qilish choralarini taʼminlovchi organ tomonidan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga maʼlumotlar kelib tushgan kundan uch sutka ichida ushbu tizim orqali nafaqani qabul qiluvchi shaxsning mobil telefon raqamiga bir yoʻla beriladigan nafaqa ajratilganligi toʻgʻrisida xabar yuboriladi.
15. Himoya qilinuvchi shaxsga tayinlangan bir yoʻla beriladigan nafaqani berish boʻyicha elektron toʻlov qaydnomalari tizimda avtomatik ravishda shakllantiriladi va AT “Xalq banki” tuman (shahar) boʻlimiga (filialiga) keyingi oyning 4-sanasiga qadar yuboriladi.
16. Ijtimoiy himoya qilish choralarini taʼminlovchi organ nafaqa uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratilgan tegishli mablagʻlarni AT “Xalq banki” tuman (shahar) boʻlimiga (filialiga) keyingi oyning 5-sanasiga qadar oʻtkazib boradi.
17. AT “Xalq banki” tuman (shahar) boʻlimi (filiali) toʻlov oyining:
4-sanasidan 27-sanasiga qadar bir yoʻla beriladigan nafaqa oluvchilarga nafaqa pulini toʻlaydi;
30-sanasiga qadar nafaqa toʻlanganligi toʻgʻrisida ijtimoiy himoya qilish choralarini taʼminlovchi organga maʼlumot taqdim etadi;
30-sanasiga qadar toʻlanmagan mablagʻlarni tegishliligiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga qaytaradi hamda elektron maʼlumot taqdim etadi.
18. Nafaqa toʻlovi boʻyicha AT “Xalq banki” tuman (shahar) boʻlimlari (filiallari) koʻrsatadigan xizmatlari uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ijtimoiy himoya qilish choralarini taʼminlovchi organ bilan AT “Xalq banki” oʻrtasida tuziladigan shartnoma asosida haq toʻlanadi.
4-bob. Bir yoʻla beriladigan nafaqaning miqdori
19. Himoya qilinuvchi shaxs jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan halok boʻlgan (vafot etgan) taqdirda, halok boʻlgan (vafot etgan) shaxsning oila aʼzolariga bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida har biriga teng ulushda bir yoʻla beriladigan nafaqa toʻlanadi.
Bunda bir yoʻla beriladigan nafaqa miqdori halok boʻlgan (vafot etgan) shaxsning ushbu Nizomning 4-bandi ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan oila aʼzolari oʻrtasida teng taqsimlanadi.
20. Himoya qilinuvchi shaxs jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan unga nogironlikni keltirib chiqaruvchi tan jarohati yoki uning sogʻligʻiga boshqacha ziyon yetkazilgan taqdirda, nogironlik guruhiga koʻra quyidagicha bir yoʻla beriladigan nafaqa toʻlanadi:
I guruh — bazaviy hisoblash miqdorining 80 baravari miqdorida;
II guruh — bazaviy hisoblash miqdorining 70 baravari miqdorida;
III guruh — bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida.
21. Himoya qilinuvchi shaxsga jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan nogironlikni keltirib chiqarmaydigan tan jarohati yoki uning sogʻligʻiga boshqacha ziyon yetkazilgan taqdirda, sud-tibbiy ekspertizasining xulosasi asosida aniqlangan tan jarohatining ogʻirligiga hamda uning sogʻligʻiga boshqacha ziyon yetkazilganligiga qarab quyidagicha bir yoʻla beriladigan nafaqa toʻlanadi:
ogʻir daraja — bazaviy hisoblash miqdorining 35 baravari miqdorida;
oʻrta daraja — bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida;
sogʻliqning qisqa muddatga yomonlashuviga olib kelgan yengil daraja — bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari miqdorida.
22. Ijtimoiy himoya choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror (ajrim) ijtimoiy himoya qilish choralarini taʼminlovchi organ tomonidan uni olgan kunidan boshlab oʻn sutka ichida ijro etilishi lozim.
23. Himoya qilinuvchi shaxs jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan unga nogironlikni keltirib chiqaruvchi yoki oʻlimga sabab boʻlgan tan jarohati yoki uning sogʻligʻiga boshqacha ziyon yetkazilgan taqdirda, ushbu Nizomning 19 — 21-bandlarida koʻrsatilgan bir yoʻla beriladigan nafaqani olish huquqi nogironlik yoki oʻlim faktini yoxud sogʻliqqa yetkazilgan ziyonni belgilash paytidan boshlab vujudga keladi.
24. Himoya qilinuvchi shaxsga bir yil ichida tan jarohati yoki sogʻligʻiga boshqacha ziyon yetkazilishi oqibatida uning nogironligi yoki oʻlimi fakti belgilangandan soʻng, ijtimoiy himoya qilish choralarini taʼminlovchi organ quyidagilarni toʻlaydi:
himoya qilinuvchi shaxsga — nogironlik guruhiga mos ravishda, ushbu Nizomning 20-bandida koʻrsatilgan bir yoʻla beriladigan nafaqa miqdori va unga ushbu Nizomning 21-bandi asosida avval toʻlangan bir yoʻla beriladigan nafaqa miqdori oʻrtasidagi farq;
himoya qilinuvchi shaxsning oila aʼzolariga — ushbu Nizomning 19-bandida koʻrsatilgan bir yoʻla beriladigan nafaqa miqdori bilan himoya qilinuvchi shaxsga ushbu Nizomning 20 yoki 21-bandlariga muvofiq avval toʻlangan bir yoʻla beriladigan nafaqa miqdori oʻrtasidagi farq.
Ushbu bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda tutilgan summani olish uchun tegishincha himoya qilinuvchi shaxs yoki uning oila aʼzolaridan biri ushbu Nizomning 9-bandiga muvofiq ariza bilan murojaat qiladi.
25. Ushbu Nizomning 24-bandi ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda tutilgan tegishli farqni toʻlash himoya qilinuvchi shaxsning (uning oila aʼzolaridan birining) arizasiga koʻra “Raqamli hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali olingan quyidagi maʼlumotlar asosida oʻn sutka ichida ijtimoiy himoya qilish choralarini taʼminlovchi organ rahbarining qarori bilan amalga oshiriladi:
nogironlikni tasdiqlovchi maʼlumotnoma;
himoya qilinuvchi shaxsning vafoti toʻgʻrisidagi guvohnoma maʼlumotlari;
halok boʻlgan (vafot etgan) himoya qilinuvchi shaxsning oila aʼzolarining shaxsini tasdiqlovchi hujjat maʼlumotlari.
Bunda himoya qilishni taʼminlash toʻgʻrisida qaror qabul qiluvchi organ tomonidan tegishli summadagi nafaqa qayta tayinlanganligi toʻgʻrisida alohida qaror qabul qilinib, ushbu Nizomning 14 — 18-bandlarida belgilangan tartibda nafaqa toʻlovi amalga oshiriladi.
26. Bir yoʻla beriladigan nafaqaning miqdori oʻlim kunidagi, tan jarohati yetkazilgan (mayib boʻlish) yoki uning sogʻligʻiga boshqacha ziyon yetkazilgan hollarda esa mazkur ziyon yetkazilgan kunda belgilangan bazaviy hisoblash miqdoridan kelib chiqqan holda, ushbu faktni tasdiqlovchi hujjatlar asosida belgilanadi.
27. Bir yoʻla beriladigan nafaqani toʻlash ijtimoiy himoya qilish choralarini taʼminlovchi organ tomonidan himoya qilinuvchi shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning maxfiyligiga rioya qilingan holda amalga oshiriladi.
28. Bir yoʻla berilgan nafaqa haqidagi maʼlumot himoya qilishni taʼminlash toʻgʻrisida qaror qabul qiluvchi organning soʻrovi boʻyicha taqdim etiladi.
29. Bir yoʻla beriladigan nafaqani toʻlash masalalari boʻyicha himoya qilishni taʼminlash toʻgʻrisida qaror qabul qiluvchi organ va ijtimoiy himoya qilish choralarini taʼminlovchi organning harakatlari (harakatsizligi) ustidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
30. Bir yoʻla beriladigan nafaqa Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 369-moddasi birinchi qismi 7-bandiga muvofiq soliqqa tortilmaydi va undan ushlab qolishlar amalga oshirilmaydi.
31. Bir yoʻla beriladigan nafaqani asossiz va noqonuniy toʻlash holatlari aniqlangan taqdirda, ariza beruvchiga toʻlangan nafaqa miqdori sud tartibida undiriladi.
32. Bir yoʻla beriladigan nafaqani toʻlash va yetkazib berish xarajatlarini moliyalashtirish (tashkilotlarning bank xizmatlari uchun xarajatlari bundan mustasno) Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
30. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini ijtimoiy himoya qilishni taʼminlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Himoya qilinuvchi shaxsga (himoya qilinuvchi shaxs jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan halok boʻlgan (vafot etgan) taqdirda, uning oila aʼzolariga) bir yoʻla beriladigan nafaqa tayinlash va toʻlash
SXEMASI
Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini ijtimoiy himoya qilishni taʼminlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
