19-modda. Kalendar badal
Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari toʻgʻrisida (O‘RQ-1031-son) · Sana: 18.02.2025 · Amalda
Kalendar badal deganda bank tomonidan Jamgʻarmaga har chorakda toʻlanadigan pul mablagʻlari tushuniladi.
Kalendar badal hisobot choragidan keyingi oyning 15 sanasidan kechiktirmay toʻlanishi kerak.
Kalendar badal summasini hisob-kitob qilish Kengash tomonidan belgilangan kalendar badal stavkasini bankning depozit bazasi summasiga koʻpaytirish orqali amalga oshiriladi.
Kalendar badal stavkasi chorak uchun 0,5 foizdan oshishi mumkin emas. Kalendar badalning stavkasi har yil 30-oktabrdan kechiktirmasdan belgilanadi.
Bankning depozit bazasini aniqlash tartibi Kengash tomonidan belgilanadi.
Agar Kengash kalendar badal stavkasini banklarning tavakkalchiliklari darajasidan kelib chiqib tasdiqlagan boʻlsa, banklarning tavakkalchiliklari darajasini baholash Kengash tomonidan tasdiqlangan uslubiyat asosida yoki Markaziy bank tomonidan taqdim etilgan tavakkalchiliklar tasnifi asosida amalga oshiriladi. Mazkur qismda nazarda tutilgan banklarning tavakkalchiliklari darajasi bahosi oshkor etilmaydi, bundan tavakkalchiliklar darajasi guruhlari toʻgʻrisidagi axborot mustasno. Agentlik bankning tavakkalchiliklari darajasi bahosi haqida mazkur bankka hamda Markaziy bankka xabar beradi.
Kalendar badalning tasdiqlangan stavkasi toʻgʻrisidagi axborot Agentlik tomonidan banklarga va Markaziy bankka stavka tasdiqlangan kundan eʼtiboran besh ish kuni ichida taqdim etiladi. Kengash tomonidan kalendar badal stavkasi ushbu moddaning toʻrtinchi qismida belgilangan muddatda tasdiqlanmagan taqdirda, keyingi moliyaviy yil uchun amalda boʻlgan kalendar badal stavkasi qoʻllaniladi.
Markaziy bank tomonidan omonatlarga pul mablagʻlari jalb qilinishining toʻxtatib turilishi yoki bank faoliyatiga doir tegishli litsenziyaning (litsenziyalarning) chaqirib olinishi bankni tegishli chorak uchun kalendar badalni toʻlashdan ozod etmaydi.
Bank faoliyatiga doir tegishli litsenziya (litsenziyalar) chaqirib olingan taqdirda joriy chorak uchun kalendar badal mazkur chorak boshidan bank faoliyatiga doir tegishli litsenziya (litsenziyalar) chaqirib olingan sanaga qadar oʻtgan kunlar soniga mutanosib ravishda hisoblanadi.
Kalendar badal belgilangan muddatlarda toʻlanmagan yoki toʻliq toʻlanmagan taqdirda, Markaziy bank tomonidan qonunchilikka muvofiq qoʻllanilishi mumkin boʻlgan boshqa choralar va sanksiyalardan qatʼi nazar, toʻlanmagan summaga har bir muddati oʻtgan kun uchun Markaziy bank asosiy stavkasining ikki baravari miqdorida penya hisoblanadi.
