2003/2004 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga qabul toʻgʻrisida (269-son)
14.06.2003
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Kadrlar tayyorlash milliy dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, oliy taʼlim muassasalariga iqtidorli va qobiliyatli yoshlarni tanlab olish, respublikamiz iqtisodiyoti va ijtimoiy sohalari uchun zamonaviy talablarga javob beradigan yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni tashkil etish hamda umumiy oʻrta taʼlim va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tizimini oliy maʼlumotli pedagog kadrlar bilan taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2003/2004 oʻquv yilida:
bakalavrlar tayyorlash boʻyicha umumiy qabul soni 51100, shu jumladan 19900 davlat grantlari va 31200 toʻlov-kontrakt asosida belgilanib, ular oliy taʼlim muassasalari va taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha 1-ilovaga muvofiq taqsimlansin;
magistrlar tayyorlash boʻyicha umumiy qabul soni 5400, shu jumladan 1400 davlat grantlari va 4000 toʻlov-kontrakt asosida belgilanib, ular oliy taʼlim muassasalari va mutaxassisliklar boʻyicha 2-ilovaga muvofiq taqsimlansin.
2. 2003/2004 oʻquv yilida oliy taʼlim muassasalari huzuridagi maxsus sirtqi boʻlimlarga oʻrta maxsus maʼlumotga va tegishli taʼlim turi boʻyicha kamida uch yil amaliy ish stajiga ega boʻlgan pedagog kadrlardan, shuningdek bolalar sporti murabbiylaridan bakalavrlar tayyorlash uchun umumiy qabul soni 5000, shu jumladan 1200 davlat grantlari va 3800 toʻlov-kontrakt asosida belgilanib, ular oliy taʼlim muassasalari va taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha 3-ilovaga muvofiq taqsimlansin.
3. Qishloq xoʻjaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar talablaridan kelib chiqqan holda hamda Orolboʻyi mintaqasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining Qoraqalpoq davlat universitetining agrar fakulteti negizida Toshkent davlat agrar universitetining Nukus filialini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bir oy muddatda tegishli bino va inshootlarni, asosiy fondlarni va moliyaviy mablagʻlarni belgilangan tartibda Qoraqalpoq davlat universitetining agrar fakulteti balansidan Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi tasarrufidagi Toshkent davlat agrar universitetining Nukus filiali balansiga oʻtkazsin, shuningdek oʻtkaziladigan talabalar kontingentini, professor-oʻqituvchilar, maʼmuriy-boshqaruv va xoʻjalik xodimlari tarkibini aniqlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi:
ikki hafta muddatda Toshkent davlat agrar universitetining Nukus filiali toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin hamda Toshkent davlat agrar universiteti nizomiga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin;
Davlat test markazi bilan birgalikda 2003/2004 oʻquv yilida Toshkent davlat agrar universitetining Nukus filialiga qabul boʻyicha test sinovlarini yuqori saviyada oʻtkazish yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
6. Oliy taʼlim muassasalariga ega boʻlgan vazirliklar va idoralar Davlat test markazi bilan birgalikda bir hafta muddatda oʻzlariga qarashli taʼlim muassasalarida davlat grantlari va toʻlov-kontrakt asosida bakalavriat va magistraturaga qabul boʻyicha oʻrinlar kvotasini taʼlim shakllari va tillari boʻyicha taqsimlash toʻgʻrisidagi takliflarini Davlat komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritsinlar.
7. Davlat komissiyasiga Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda oliy taʼlim muassasalari bakalavriati va magistraturasiga qabul qilish test sinovlari natijalaridan kelib chiqqan holda mazkur qarorda belgilangan umumiy qabul kvotalari doirasida qabul koʻrsatkichlariga zarur oʻzgartirishlar kiritishga ruxsat berilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2003/2004 oʻquv yilida davlat grantlari asosida bakalavriat va magistraturaga hamda maxsus sirtqi boʻlimlarga belgilangan qabul kvotalarini hisobga olgan holda budjetdan zarur mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining budjet parametrlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.
9. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi oliy oʻquv yurtlari tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida” 1995-yil 3-iyundagi 211-son qarori 1-bandining Toshkent davlat agrar universitetining Nukus filialini Qoraqalpoq davlat universitetining agrar fakultetiga aylantirish toʻgʻrisidagi qismi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari H.S.Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 14-iyun,
269-son
Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 14-iyundagi 269-son qaroriga 1-ILOVA
2003/2004 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarida bakalavrlar tayyorlash boʻyicha qabul kvotalari
* Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Umid” jamgʻarmasi granti hisobiga (umumiy qabul miqdorida hisobga olinmagan)
Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 14-iyundagi 269-son qaroriga 2-ILOVA
2003/2004 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarida magistrlar tayyorlash boʻyicha qabul kvotalari
Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 14-iyundagi 269-son qaroriga 3-ILOVA
2003/2004 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarining maxsus sirtqi boʻlimlarida bakalavrlar tayyorlash boʻyicha qabul kvotalari
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 30-oktabrdagi 475-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
