Aholini tadbirkorlikka jalb qilish va bandligini taʼminlash uchun moliyaviy yordamlar ajratish tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (PQ-64-son)
14.02.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
[Koʻchirma]
Mamlakatimizda ehtiyojmand aholini oʻzini oʻzi daromadli mehnat bilan band qilish, ularning tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, hunarmandchilik va kasanachilik bilan shugʻullanuvchi ishsiz fuqarolarga asbob-uskunalar va xomashyo xaridi uchun davlat tomonidan subsidiya va boshqa moliyaviy yordamlarni ajratish tizimi joriy etilgan boʻlib, ushbu maqsadlarga har yili 140 mingdan ortiq aholiga mablagʻlar ajratilmoqda.
Shu bilan birga aholiga moliyaviy yordamlarni ajratish tizimini soddalashtirish va ulardan samarali foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirish hamda manzilliligini taʼminlash maqsadida:
1. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining (keyingi oʻrinlarda — Ijtimoiy himoya milliy agentligi) aholiga subsidiya, ssuda va grantlarni (keyingi oʻrinlarda — moliyaviy yordamlar) ajratish uchun Davlat budjeti parametrlarida koʻzda tutilgan mablagʻlar hajmini kamaytirmagan holda quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflari maʼqullansin:
aholini tadbirkorlikka jalb qilish, aylanma mablagʻlari bilan taʼminlash hamda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar (keyingi oʻrinlarda — kambagʻal oilalar) aʼzolariga oʻz faoliyatini boshlashi uchun zarur boʻlgan asbob-uskunalarni xarid qilishga ajratiladigan subsidiyalar oʻrniga foizsiz ssuda ajratish tizimini joriy etish;
aholi tomonidan qiziqish bildirilmagan, uzoq davr mobaynida foydalanilmayotgan va samaradorligi past boʻlgan subsidiyalarni bekor qilish hamda bir-birini takrorlovchi subsidiyalarni birlashtirish;
mahallalarning ixtisoslashuvi va drayver yoʻnalishlaridan kelib chiqib, kambagʻal oilalarga tadbirkorlik hamda dehqonchilik bilan shugʻullanishi uchun grant va foizsiz ssudalar ajratish tizimini joriy etish.
2. “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturida belgilangan vazifalar samarali amalga oshirilishini tashkil etish hamda kambagʻal oilalarni doimiy daromad manbai bilan taʼminlash maqsadida Kambagʻallikni qisqartirish davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan quyidagi yangi turdagi moliyaviy yordamlar joriy etilsin:
a) ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtab boʻlgan fuqarolarga ular tomonidan tadbirkorlik, meʼmorchilik, hunarmandchilik kabi yoʻnalishlardagi aniq loyihalar amalga oshirilishi uchun mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 10 baravarigacha miqdordagi subsidiyalar;
b) oʻzini oʻzi band qilmoqchi boʻlgan ishsiz fuqarolarni yoki kambagʻal oilalar aʼzolarini kasanachi sifatida ishga olgan tadbirkorlik subyektlariga ularning aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun har bir jalb qilingan kasanachi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarigacha miqdordagi 3 yilgacha muddatga foizsiz ssudalar.
Bunda tadbirkorlik subyekti kamida 10 nafar kasanachini ishga qabul qilishi hamda ajratiladigan ssudaning jami miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravaridan oshmasligi talab etiladi;
v) kambagʻal oila aʼzolariga oʻz faoliyatini boshlashi uchun zarur boʻlgan asbob-uskunalarni xarid qilishga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha miqdordagi 6 oydan 3 yilgacha muddatga foizsiz ssudalar. Bunda “Kambagʻal oilalar reyestri” axborot moduli orqali “qizil” toifaga kiritilgan kambagʻal oila aʼzolari tomonidan ssudani qaytarishda ssuda olingan davrning 1/3 qismiga teng boʻlgan imtiyozli davr taqdim etiladi.
g) kambagʻal oilalarga dehqonchilik va bogʻdorchilik tashkil qilish uchun dehqon xoʻjaliklariga suv quduqlarini burgʻilash, nasos agregatlarini sotib olish, tomchilatib sugʻorish tizimini oʻrnatish va elektr tarmoqlarini tortish uchun 6 oylik imtiyozli davr bilan bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravarigacha miqdordagi 5 yilgacha muddatga foizsiz ssudalar;
d) mahallalarning ixtisoslashuvi va drayver yoʻnalishlaridan kelib chiqib, oʻz tajribasini 10 tagacha kambagʻal oilalarga oʻrgatgan va ularga doimiy daromad manbaiga ega boʻlishiga koʻmaklashgan tadbirkorlik subyektlariga har bir kambagʻal oila uchun bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravarigacha miqdordagi grantlar.
Bunda tadbirkorlik subyektlariga grantning 40 foizi avans shaklida, qolgan qismi biriktirilgan kambagʻal oilalar daromad manbaiga ega boʻlib, tadbirkor yoki oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtganidan keyin ajratiladi.
j) Kambagʻallikni qisqartirish davlat maqsadli jamgʻarmasining vasiylik kengashi tomonidan belgilangan tartib asosida Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi “Kambagʻallik va mehnat sohasidagi loyihalarni boshqarish markazi” MCHJ tomonidan mevali bogʻ va issiqxonalar barpo qilgan holda, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga muayyan muddatga tekin foydalanishga topshirish.
z) Ijtimoiy reyestrning “davlat taʼminotidagi oila” toifasiga kiritilgan oilaga passiv daromad manbaini taʼminlash maqsadida ushbu oilalarning doimiy yashab kelayotgan xonadoniga quvvati 7 — 10 kVt gacha boʻlgan quyosh panellarini oʻrnatish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravarigacha miqdorida subsidiya ajratiladi. Bunda:
subsidiya jamgʻarma, ochiq tenderda gʻolib boʻlgan taʼminotchi korxona va “davlat taʼminotidagi oila” toifasidagi oilaning muomalaga layoqatli aʼzosi yoki qonuniy vakili bilan tuzilgan shartnoma shartlari bajarilganida ajratiladi;
oilaga mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan yoki kadastr organlari tomonidan hisobga olingan hamda oila aʼzosi soliq organlari axborot tizimiga tegishli turar joy boʻyicha soliq toʻlovchi sifatida kiritilgan xonadonlar uchun subsidiya ajratiladi va quyosh paneli oʻrnatiladi;
oʻrnatilgan quyosh paneli orqali ishlab chiqarilgan elektrni xarid qilganlik uchun toʻlanadigan subsidiya “davlat taʼminotidagi oila” toifasidagi oilaning muomalaga layoqatli aʼzosining bank kartasiga oʻtkazib beriladi.
Bunda tuman (shahar) hokimliklari zaxirasida boʻlgan yer uchastkalarini “Kambagʻallik va mehnat sohasidagi loyihalarni boshqarish markazi” MCHJ tomonidan oʻrnatilgan tartibda sotib olish xarajatlari Kambagʻallikni qisqartirish davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
3. Belgilansinki, 2025-yil 1-apreldan boshlab ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtab boʻlgan fuqarolarning tadbirkorlik, meʼmorchilik, hunarmandchilik kabi yoʻnalishlardagi loyihalari uchun mahalliy budjetdan beriladigan “dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi”ni Kambagʻallikni qisqartirish davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish tartibi joriy etiladi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2025-yil 1-martga qadar Kambagʻallikni qisqartirish davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Ijtimoiy himoya yagona reyestri orqali “dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi” berilishi boʻyicha modulni takomillashtirsin.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari parametrlarida ushbu bandda nazarda tutilgan maqsadlar uchun 2025-yilda koʻzda tutilgan mablagʻlar Kambagʻallikni qisqartirish davlat maqsadli jamgʻarmasiga oʻtkazilishini taʼminlasin.
4. Quyidagilar:
Kambagʻallikni qisqartirish davlat maqsadli jamgʻarmasi va Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasidan ajratiladigan subsidiyalar roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;
Aholi tomonidan foydalanilmayotgan, samaradorligi past va bir-birini takrorlashi hisobiga maqbullashtiriladigan subsidiyalar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki, moliyaviy yordamlar:
ularni ajratish toʻgʻrisidagi arizalarning qayd etilishi ketma-ketligi asosida koʻrib chiqiladi va “mahalla yettiligi”ning xulosalariga muvofiq taqdim etiladi;
I va II guruh nogironligi boʻlgan, shu jumladan, nogironlik nafaqasini olayotgan shaxslar uchun ishsiz deb eʼtirof etish talab qilinmagan holda ajratiladi.
5. Kambagʻallikni qisqartirish davlat maqsadli jamgʻarmasining vasiylik kengashiga iqtisodiy rivojlanish koʻrsatkichlari past boʻlgan hududlar uchun mazkur jamgʻarma mablagʻlari hisobidan beriladigan ssuda va subsidiya miqdorlarini 30 foizgacha oshirish huquqi berilsin.
6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi boʻlgan fuqarolar moliyaviy yordamlarni olgandan soʻng bir oy muddatda soliq idoralaridan tadbirkorlik subyekti yoki oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtishi zarur;
tadbirkorlik subyektlariga ssudalar ularning soliqlar va yigʻimlardan qarzdorligi mavjud boʻlmagan taqdirda ajratiladi.
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda Kambagʻallikni qisqartirish davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyaviy yordamlarni ajratish tartibini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Bunda 2026-yil 1-yanvardan boshlab aholiga naqd pul shaklida beriladigan moliyaviy yordamlar bosqichma-bosqich ijtimoiy karta orqali ajratilishi inobatga olinsin.
7. Belgilansinki:
a) Kambagʻallikni qisqartirish davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti tarkibiga kiradi va ularning hisobi belgilangan tartibda Davlat budjetining gʻazna ijrosi orqali yuritiladi hamda ular quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:
Davlat budjetidan har yili ajratiladigan transfertlar;
ijtimoiy soliq tushumlarining bir qismi;
negizida tashkil etilayotgan jamgʻarmalarning qoldiq mablagʻlari va boshqa aktivlar;
oldin ajratilgan foizsiz ssudalarning qaytariladigan qismi;
vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarni tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan foiz shaklida olinadigan daromadlar;
xalqaro moliya institutlari grantlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar va jamgʻarmalar, jismoniy va yuridik shaxslar hamda boshqa donorlarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar;
b) tugatilayotgan jamgʻarmalarning vazifalarini amalga oshirish doirasida qabul qilingan, biroq mazkur qaror eʼlon qilingan sanada ijrosi amalga oshirilmagan buyruqlar bekor qilinadi va arizalar koʻrmasdan qoldiriladi.
Bunda arizalar belgilangan tartibda Kambagʻallikni qisqartirish davlat maqsadli jamgʻarmasiga takroran berilishi lozim;
v) moliyaviy yordamlarni ajratish uchun beriladigan arizalarning identifikatori boʻlib jismoniy shaxslar uchun ularning shaxsiy identifikatsiya raqamlari hamda yuridik shaxslar uchun soliq toʻlovchilarning identifikatsiya raqamlari hisoblanadi.
Bunda jismoniy shaxslarning arizalari elektron raqamli imzo yoki “One ID” hamda yuridik shaxslarning murojaatlari elektron raqamli imzo yoki “token” orqali tasdiqlanadi;
g) aholi va tadbirkorlik subyektlari tomonidan moliyaviy yordamlarni ajratish toʻgʻrisidagi arizalar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki tuman (shahar) davlat xizmatlari markazi orqali elektron shaklda taqdim etiladi.
d) Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamgʻarmasi hisobidan subsidiya sifatida tarqatish maqsadida 2024-yil yakuniga qadar xarid qilingan va qoldiqda mavjud boʻlgan asbob-uskuna va jihozlar Kambagʻallikni qisqartirish davlat maqsadli jamgʻarmasining vasiylik kengashi tomonidan belgilangan aholi toifalariga subsidiya shaklida tarqatib yuborilishiga ruxsat beriladi.
8. Kambagʻallikni qisqartirish davlat maqsadli jamgʻarmasi Ijro etuvchi direksiyasi:
uch oy muddatda “Onlayn mahalla” elektron platformasida aholi va tadbirkorlik subyektlariga qulaylik yaratish, ajratilayotgan moliyaviy yordamlardan samarali va maqsadli foydalanilishini hamda ssudalar oʻz vaqtida qaytarilishini nazorat qilishni taʼminlash mexanizmlarini joriy qilsin;
aholi va tadbirkorlik subyektlariga berilgan moliyaviy yordamlardan maqsadli foydalanilishini hamda ularning natijadorligini Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining tuman (shahar) boʻlimlari va hokim yordamchilarining koʻmagida monitoring qilib borsin.
9. 2025-yil 20-martga qadar Iqtisodiyot va moliya vazirligining mavjud shtat birliklari doirasida uning markaziy apparati tuzilmasida 10 ta shtat birligidan iborat Subsidiya, ssuda va grantlarning samaradorligini baholash va muvofiqlashtirish boshqarmasi tashkil etilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B.E. Zaxidov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 14-fevral,
PQ-64-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PQ-64-son qaroriga 1-ILOVA
Kambagʻallikni qisqartirish davlat maqsadli jamgʻarmasi hamda Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasidan ajratiladigan subsidiyalar
ROʻYXATI
T/rSubsidiyalarning maqsadiYordam turiMiqdoriI. Kambagʻallikni qisqartirish davlat maqsadli jamgʻarmasidan ajratiladigan subsidiyalar1.Qishloq xoʻjaligi kooperativlari ustav fondiga ulush kiritish uchun SubsidiyaBazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarigacha 2.Aholiga — yengil konstruksiyali issiqxonalar oʻrnatish uchunSubsidiyaBazaviy hisoblash miqdorining 30 baravarigacha 3.Sugʻorish vositalarini xarid qilish uchunSubsidiyaBazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarigacha 4.Urugʻliklar va koʻchatlar sotib olish uchunSubsidiyaBazaviy hisoblash miqdorining 3 baravarigacha 5.Tadbirkorlik subyektlariga — har bir kasanachining dastlabki uch oy davomidagi kasanachilik faoliyati uchun bir oylik oʻrtacha daromadi miqdorida toʻlov toʻlash uchunSubsidiyaBir oylik oʻrtacha daromadi miqdorida6.“Usta-shogird” anʼanalari asosida yoshlarga hunar oʻrgatayotgan hunarmandlarga — shogirdlar tayyorlash, zarur xomashyo sotib olish va shogirdlarni ish haqi bilan taʼminlash xarajatlarini qoplash uchunSubsidiyaBazaviy hisoblash miqdorining 2 baravaridan 5 baravarigacha 7.Ustalarga — oʻzlarining internet saytlarini yaratish, mahsulotlarini jahon elektron savdo maydonchalariga chiqarish va reklama qilish xarajatlarini qoplash uchunSubsidiyaBazaviy hisoblash miqdorining 25 baravaridan 30 baravarigacha8.Ishsizlarga — olingan bino va inshootning ijara toʻlovini toʻlash uchunSubsidiyaBazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarigacha II. Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasidan ajratiladigan subsidiyalar9.Aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalaridan boʻlgan shaxslarni ish oʻrinlarining belgilangan eng kam sonidan ortiq miqdorda ishga qabul qilish uchunSubsidiyaHar bir xodim uchun 12 oy davomida har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida10.Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarni ishga qabul qilish uchunSubsidiyaHar bir shaxs uchun uch oydan ortiq muddatda mehnat faoliyatini davom ettirgandan soʻng bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari miqdorida bir martalik11.Ish oʻrinlari va sharoitlarini nogironligi boʻlgan shaxslarga moslashtirish uchunSubsidiyaHar bir moslashtirilgan ish joyi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravarigacha 12.Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari yoʻllanmasi boʻyicha ishga qabul qilingan xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga sarflanadigan xarajatlarni qoplash uchunSubsidiyaHar bir xodim uchun 6 oy davomida har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravari miqdorida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PQ-64-son qaroriga 2-ILOVA
Aholi tomonidan foydalanilmayotgan, samaradorligi past va bir-birini takrorlashi hisobiga maqbullashtiriladigan subsidiyalar
ROʻYXATI
T/rMaqbullashtirilgan moliyaviy yordamlarJamoat ishlari jamgʻarmasidan ajratilgan subsidiyalar1.Jamoat ishlariga jalb etilgan ishsizlar va band boʻlmagan shaxslarning mehnatiga haq toʻlash uchun subsidiya2.Jamoat ishlarida ijara asosida berish yoʻli bilan foydalanish uchun moʻljallangan asosiy vositalar, mini-uskunalar va inventarlarni xarid qilish uchun subsidiya3.Jamoat ishlarini bajarish uchun xavfsizlik texnikasi vositalari va maxsus kiyim xarid qilish uchun subsidiya4.Mahallani obodonlashtirish ishlari uchun mahalladagi boshqaruv-servis kompaniyalariga subsidiyaHunarmandchilik va kasanachilikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan ajratilgan subsidiyalar5.Kasanachilik bilan shugʻullanayotgan ishsiz va ish qidirayotgan, shuningdek, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” yoki Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan fuqarolarga asbob-uskunalar va xomashyo xarid qilish uchun subsidiya6.Kasanachilik yoki hunarmandchilik asosida uy sharoitida ishlayotgan nogironligi boʻlgan shaxslarning ish joyini moslashtirish uchun amalga oshirilgan xarajatlarini qoplash uchun subsidiya7.Kasanachilarni kasb-hunarga oʻqitishga sarflanadigan xarajatlarni uch oygacha boʻlgan muddatda qoplash uchun subsidiya8.Davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlarida kasanachilik yoʻnalishida oʻquv kurslarini tamomlagan har bir bitiruvchiga kasbga oʻqitish uchun sarflangan xarajatlarning 70 foizini qoplash uchun subsidiya9.Davlat buyurtmasi asosida davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlarida kasbga oʻqitilgan kasanachilarning malaka imtihonlarini tashkil etish xarajatlarini qoplash uchun subsidiya10.“Usta-shogird” anʼanalari asosida hunar oʻrgangan shogirdlarga mustaqil faoliyat boshlashi uchun zarur asbob-uskuna va jihozlarni sotib olish uchun subsidiya11.Hunarmandlarning “Hunarmand” uyushmasiga aʼzolik badali xarajatlari uchun subsidiyaAholini tadbirkorlikka jalb qilish jamgʻarmasidan ajratilgan subsidiyalar12.Qoʻlda gilam va ipak mato toʻqish dastgohini (kamida 3 ta) xarid qilish uchun subsidiya13.Yaylov xoʻjaligini rivojlantirish uyushmasi aʼzolariga uskunalar xarid qilish uchun subsidiya14.Baliq yetishtirish boʻyicha oʻquv kurslarida oʻqish xarajatlarini qoplash uchun subsidiya15.“Usta-shogird” anʼanalari asosida hunar oʻrganmoqchi boʻlgan yoshlarga yoki hunar oʻrgatayotgan ustalarga shogirdlar tayyorlash va shogirdlarni ish haqi bilan taʼminlash uchun subsidiyaBandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasidan ajratilgan subsidiyalar16.Mahalliy mehnat organlarida roʻyxatdan oʻtgan, tadbirkorlik qilishni xohlovchi ishsiz shaxslarga — tadbirkorlikka oʻqitish va kredit olishda sugʻurta polisi toʻlovi xarajatlarini qoplash uchun subsidiya17.Oʻrmon fondi yerlarini ijaraga olgan ijarachilar mahalliy mehnat organlarida roʻyxatdan oʻtgan ishsiz shaxslarni ishga qabul qilgan taqdirda, ularga ish haqi toʻlash xarajatlarini qoplash uchun subsidiya18.Xotin-qizlarni zamonaviy kasb-hunarga, oilaviy psixologiyaga oʻqitish xarajatlarini qoplash uchun subsidiya19.Ijtimoiy himoya yagona reyestrida turgan yoki himoya orderi olgan ishsiz xotin-qizlarga psixologik yordam koʻrsatish xarajatlarini qoplash uchun subsidiya20.Tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtish va mikrofirmalarni roʻyxatdan oʻtkazish toʻlovlari uchun subsidiya21.Mehnat migratsiyasidan qaytgan shaxslarni ishga qabul qilganlik uchun subsidiya22.Umumiy qurilish ishlarini bajarish faoliyati bilan shugʻullanayotgan hamda kamida uch nafar xodimni yollagan yakka tartibdagi tadbirkorga mehnat qurollari va asbob-uskunalarni sotib olish uchun subsidiya23.Yengil konstruksiyali issiqxonalar oʻrnatish uchun subsidiyaSugʻorish vositalarini xarid qilish uchun subsidiyaUrugʻliklar va koʻchatlar sotib olish uchun subsidiya24.Qishloq xoʻjaligi kooperativlari ustav fondiga ulush kiritish uchun subsidiya25.Tadbirkorlik faoliyatini boshlayotgan ishsiz fuqarolarga tadbirkorlik subyekti sifatida davlat roʻyxatidan oʻtgandan soʻng dastlabki uch oy mobaynida olingan bino va inshootning ijara toʻlovi uchun subsidiya26.“Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi qoʻlda gilam va ipak mato toʻqish bilan shugʻullanuvchilarga 3 tadan kam boʻlmagan ish oʻrni yaratish sharti bilan gilam va ipak mato toʻqish dastgohini xarid qilishga sarflanadigan xarajatlarni qoplash uchun subsidiya27.Yaylov xoʻjaligini rivojlantirish uyushmasi aʼzolariga kamida bitta ish oʻrni yaratish sharti bilan qoʻl mehnati uchun uskunalar xarid qilish xarajatlarini qoplash uchun subsidiya 28.Tadbirkorlik va oʻzini oʻzi band qilish faoliyatini boshlamoqchi boʻlgan ishsiz, shu jumladan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga faoliyatini boshlash uchun kerak boʻlgan asbob-uskuna, mehnat qurollarini xarid qilish uchun subsidiya29.“Usta-shogird” anʼanalari asosida yoshlarga hunar oʻrgatayotgan kulollarga shogirdlar tayyorlashi, zarur xomashyo sotib olishi va shogirdlarni ish haqi bilan taʼminlashi uchun subsidiya
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PQ-64-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-sentabrdagi “Aholining kam taʼminlangan qatlamlarini qoʻllab-quvvatlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3268-son qarorining 4 — 7-bandlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-apreldagi “Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3680-son qarorining 15-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-martdagi “2019-yilda aholi bandligini taʼminlash va yangi ish oʻrinlarini tashkil etish boʻyicha davlat buyurtmasi toʻgʻrisida”gi PQ-4227-son qarorining 3-bandida:
“a” kichik bandda:
uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
toʻrtinchi xatboshi uchinchi xatboshi deb hisoblansin;
“b” kichik bandning toʻrtinchi xatboshisi chiqarib tashlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-maydagi “Tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash va aholi bandligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4716-son qaroriga ilovaning 1-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 26-iyundagi “Respublikada qoʻlda toʻqilgan gilamchilik sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4759-son qarorida:
4-bandning uchinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
6-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 15-sentabrdagi “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4829-son qarorining 17-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-oktabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida oʻrmon xoʻjaligi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PQ-4850-son qarorining 2-bandi “b” kichik bandida:
ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar tegishincha ikkinchi va uchinchi xatboshilar deb hisoblansin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-apreldagi “Kasanachilikni rivojlantirish asosida aholi bandligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-214-son qarorining 4 va 9-bandlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-avgustdagi “Norasmiy bandlik ulushini qisqartirish hamda mehnat resurslari balansini zamonaviy yondashuvlar asosida shakllantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-366-son qarori 2-bandining oltinchi xatboshisi chiqarib tashlansin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-dekabrdagi “Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-401-son qarorining 5 va 6-bandlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
