Buxoro viloyatida yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, ularning iqtidorini roʻyobga chiqarish va boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (79-son)
11.02.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Buxoro viloyatida yoshlarning ijodiy va intellektual qobiliyatini rivojlantirish, isteʼdodi va madaniy saviyasini har tomonlama yuksaltirish, yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, boʻsh vaqtini mazmunli va samarali tashkil etish, bandligini taʼminlash, ularning tadbirkorlik salohiyatini oshirish va biznes tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Buxoro viloyati hokimligi va Yoshlar ishlari agentligining Buxoro viloyatida yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, ularning madaniy saviyasini yanada yuksaltirish hamda boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish, shuningdek, quyidagi yoʻnalishlarda yoshlar bilan ishlashning “Gʻijduvon tajribasi”ni joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:
yoshlarning kreativ qobiliyati, ijodiy, intellektual va tadbirkorlik salohiyatini roʻyobga chiqarish orqali ularni qoʻllab-quvvatlash;
yoshlar bandligiga koʻmaklashishning zamonaviy usullarini joriy etish, ularga xorijiy til va zamonaviy kasb-hunarlar oʻrgatish, ilm-fan sohasida yosh kadrlarni tayyorlash tizimining uzviyligini taʼminlash;
yoshlarga unumdor yer maydonlarini ajratish, ularni mehnat qurollari, chorva mollari bilan taʼminlash, shuningdek, yetishtirilgan mahsulotlarni autsorsing asosida ijtimoiy obyektlarga yetkazish tizimini joriy etish;
iqtidorli talabalar, yosh olimlar va tadbirkorlarning tashabbus va gʻoyalarini ragʻbatlantirish tizimini yoʻlga qoʻyish;
yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va ular oʻrtasida ommaviy sport musobaqalarini tashkil etish orqali sogʻlom turmush tarzini shakllantirish;
yoshlarni madaniyat, sanʼat va sportga keng jalb etish uchun viloyatning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini yanada rivojlantirish;
yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular oʻrtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish.
2. Quyidagilar:
Buxoro viloyatida yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning iqtidorini roʻyobga chiqarish va boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda — “Yoʻl xaritasi”) 1-ilovaga muvofiq;
Buxoro viloyatida yoshlar uchun moʻljallangan obyektlarni barpo etish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash boʻyicha manzilli roʻyxat 2-ilovaga muvofiq;
Buxoro viloyatida yoshlar bilan ishlashning “Gʻijduvon tajribasi”ni joriy etish, ularga xorijiy til va zamonaviy kasb-hunar oʻrgatish orqali bandligini taʼminlash va ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) 3-ilovaga muvofiq;
Buxoro viloyatida yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish hamda “Gʻijduvon tajribasi”ni joriy etish ishlarini muvofiqlashtirish va nazorat qilish boʻyicha ishchi guruh tarkibi (keyingi oʻrinlarda — Ishchi guruh) 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Quyidagilar Ishchi guruhning asosiy vazifalari etib belgilansin:
“Yoʻl xaritasi” va Dastur ijrosini oʻz vaqtida hamda sifatli tashkil etish, ularni amalga oshirishga koʻmaklashish;
“Yoʻl xaritasi” va Dastur ijrosini taʼminlashda respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari oʻrtasida samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;
“Yoʻl xaritasi” va Dastur ijrosini doimiy monitoring qilib borish, tahlil qilish va muvofiqlashtirish;
“Yoʻl xaritasi” va Dastur ijrosini hamda mavjud muammolarni tegishli vazirliklar, idoralar hamda boshqa tashkilotlarning hududiy boʻlinmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari ishtirokida muhokama qilib borish.
4. Yoshlar ishlari agentligi Buxoro viloyati hokimligi bilan birgalikda:
kibersport turlariga yoshlarni keng jalb qilish va ularning ushbu yoʻnalishdagi yutuqlarini qoʻshimcha ragʻbatlantirish maqsadida Buxoro shahridagi “Yoshlar markazi” binosida davlat-xususiy sheriklik asosida kibersport arenasi, sport (fitnes) klubi faoliyatini va boshqa madaniy, koʻngilochar, sport tadbirlari oʻtkazilishini yoʻlga qoʻyish;
Gʻijduvon va Buxoro tumanlarida “Yoshlar markazi”, Olot tumanida zamonaviy kutubxona tashkil etish choralarini koʻrsin.
5. Buxoro viloyati hokimligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi:
2025/2026 oʻquv yilidan boshlab viloyatdagi 534 ta umumiy oʻrta taʼlim maktablarida bosqichma-bosqich shaxmat xonalarini tashkil etsin;
“Gʻijduvon tajribasi” sifatida Gʻijduvon tumanidagi 67 ta umumiy oʻrta taʼlim maktablarida IT-sohasida taʼlim berishga qaratilgan alohida xonalar tashkil etib, zamonaviy texnologiyalar asosida oʻquv kurslarini yoʻlga qoʻysin.
Bunda shaxmat xonalari va IT-sohasida taʼlim berishga qaratilgan alohida xonalarni taʼmirlash hamda zarur jihozlash bilan taʼminlash ishlari Buxoro viloyati hokimligi tomonidan mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
6. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda:
“Gʻijduvon tajribasi” sifatida Gʻijduvon tumanidagi Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi hududida yoshlar tomonidan yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi va chorvachilik mahsulotlarini yigʻib olib, ularni autsorsing asosida ijtimoiy obyektlarga yetkazib beradigan “Yoshlar tadbirkorlik klaster-kollektori” (keyingi oʻrinlarda — kollektor) faoliyatini yoʻlga qoʻysin.
Bunda kollektor orqali yoshlar uchun zarur mahsulotlarni yetkazish, ularni urugʻ-koʻchat hamda asbob-uskunalar bilan taʼminlash, shuningdek, yoshlar tomonidan yetishtirilgan mahsulotlarni sotib olish hamda autsorsing asosida ijtimoiy obyektlarga yetkazish choralarini koʻrsin;
2026-yil yakuniga qadar ushbu tajribani respublikadagi innovatsion hududga aylantirilayotgan 28 ta tuman va shaharlarda joriy qilish uchun mazkur hududlardagi Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari yoki boshqa obyektlardan belgilangan tartibda joy ajratish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
7. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Buxoro viloyati hokimligi bilan birgalikda yoshlarni professional kibersportga yoʻnaltirish maqsadida:
2025-yil 1-aprelga qadar tajriba-sinov tariqasida yuridik shaxs sifatida faoliyat yuritadigan kibersport klublariga Gʻijduvon tumanidagi kasbiy taʼlim tashkilotlari xonalarining bir yilgacha muddatga tekin foydalanish huquqi asosida ajratilishini taʼminlasin hamda ushbu xonalardan maqsadli foydalanish shartlarini ishlab chiqsin;
2025-2026-yillar davomida kibersport klublari oʻrtasida tegishli musobaqalar tashkil etsin;
amalga oshirilgan ishlar natijalariga koʻra mazkur tajribani viloyatning boshqa hududlarida ham joriy etish toʻgʻrisida 2025-yil 1-iyunga qadar Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Buxoro viloyati hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi 2025-yilda mahallalar yoshlari, umumtaʼlim va kasbiy taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari hamda oliy taʼlim tashkilotlari talabalari oʻrtasida oʻtkaziladigan “Zakovat” intellektual oʻyinining respublika bosqichini Romitan tumanida oʻtkazish choralarini koʻrsin.
9. Buxoro viloyati hokimligi uch oy muddatda:
a) Raqamli texnologiyalar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda viloyatning barcha mahallalarida yoshlarni zamonaviy kasblar va axborot texnologiyalariga sayyor oʻqitish boʻyicha, shuningdek, yoshlarning kompyuter savodxonligini oshirish, Internet jahon axborot tarmogʻidan toʻgʻri foydalanish madaniyatini rivojlantirish maqsadida kompyuter texnologiyalari, loyiha va dasturlash boʻyicha koʻchma toʻgaraklar faoliyatini yoʻlga qoʻysin.
Bunda bir oy muddatda koʻchma toʻgaraklar tashkil etiladigan mahallalar roʻyxatini shakllantirsin hamda mazkur roʻyxat boʻyicha koʻchma toʻgaraklarning grafigini tasdiqlasin;
b) Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda Gʻijduvon tumani “Pozagari” mahallasidagi Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasini uning yer maydoni tuman markazidan uzoqdaligini inobatga olgan holda tugatish hamda “Sharq” mahallasi hududida yangi Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasini tashkil etishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi:
ushbu qarorga 2-ilovada koʻrsatilgan obyektlarni yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari boʻyicha loyiha-smeta hujjatlari belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
bajariladigan loyihaviy va qurilish-montaj ishlari sifati, shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi ustidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini oʻrnatsin.
11. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda ushbu qarorning mazmun-mohiyati, amaliy ahamiyati va ijrosini maqolalar, brifinglar, tematik telekoʻrsatuvlar orqali ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va rasmiy veb-saytlarda keng yoritish tavsiya etilsin.
12. Ushbu qarorda belgilangan vazifalarni samarali tashkil etish maqsadida “Yoʻl xaritasi” va Dastur ijrosi yuzasidan:
a) Ishchi guruh har chorakda Vazirlar Mahkamasiga batafsil axborot kiritib borsin;
b) quyidagilarga:
xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga har oyda tegishlicha Buxoro viloyatining tuman (shahar) sektor rahbarlarining hisobotlarini;
xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashiga har chorak yakunida Buxoro viloyati hokimining hisobotlarini eshitib borish tavsiya etilsin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Z. Saʼdullayev hamda Buxoro viloyati hokimi B.K. Zaripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 11-fevral,
79-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 11-fevraldagi 79-son qaroriga 1-ILOVA
Buxoro viloyatida yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning iqtidorini roʻyobga chiqarish va boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 11-fevraldagi 79-son qaroriga 2-ILOVA
Buxoro viloyatida yoshlar uchun moʻljallangan obyektlarni barpo etish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash boʻyicha
MANZILLI ROʻYXAT
Izoh. Yakuniy xarajatlar koʻrsatkichlari (qurilish, kapital taʼmirlash, rekonstruksiya qilish, jihozlash) batafsil loyiha-smeta hujjatlari natijalari, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib berish boʻyicha qonunchilikda belgilangan tartibda xarid jarayonlari asosida aniqlanadi.
Jondor tumanidagi “Yoshlar markazi” binosi va infratuzilma obyektlari davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida barpo etilib, mazkur manzilli roʻyxatda faqat mahalliy budjetdan yoʻnaltiriladigan mablagʻlar nazarda tutilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 11-fevraldagi 79-son qaroriga 3-ILOVA
Buxoro viloyatida yoshlar bilan ishlashning “Gʻijduvon tajribasi”ni joriy etish, ularga xorijiy til va zamonaviy kasb-hunar oʻrgatish orqali ularning bandligini taʼminlash va boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar
DASTURI
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 11-fevraldagi 79-son qaroriga 4-ILOVA
Buxoro viloyatida yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish hamda “Gʻijduvon tajribasi”ni joriy etish ishlarini muvofiqlashtirish va nazorat qilish boʻyicha ishchi guruh
TARKIBI
Izoh. Ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
