Inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori xavf soluvchi omillar reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (66-son)
06.02.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan toʻrtinchi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 30-avgustdagi PF-132-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan toʻrtinchi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 30-avgustdagi PF-132-son Farmoniga muvofiq:
Inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori xavf soluvchi omillar reyestrini (keyingi oʻrinlarda — Reyestr) joriy qilish, uning lozim darajada (dolzarb) va barcha uchun ochiq holatda yuritilishini taʼminlash;
nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini toʻxtatib turishga faqatgina Reyestrga kiritilgan omillar asosida yoʻl qoʻyilishi (sud tartibida va qonunda belgilanadigan asoslar boʻyicha toʻxtatib turish holatlari bundan mustasno) belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori xavf soluvchi omillar reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Reyestrni shakllantirish va yuritish tartibi hamda uning maqsadi;
Reyestrning namunaviy shakli hamda unda eʼlon qilib boriladigan maʼlumotlarning turlari;
Reyestrdagi inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori xavf soluvchi omillar roʻyxatini yangilab borishga doir talablar;
inson hayoti va sogʻligʻiga xavf soluvchi omillarning xavflilik darajasini hisoblash hamda ularni baholashga oid uslubiyot;
nazorat qiluvchi organlarning Reyestr talablariga rioya etilishini nazorat qilishiga oid qoidalar;
nazorat qiluvchi organlar tomonidan Reyestrga inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori xavf soluvchi omillarni kiritish hamda undan chiqarish boʻyicha takliflarni taqdim etish va koʻrib chiqish tartibi.
3. Mazkur qarorga 2-ilovada nazarda tutilgan nazorat qiluvchi organlar ikki oy muddatda tegishliligi boʻyicha Reyestrga kiritiladigan tadbirkorlik subyektlari faoliyatidagi inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori xavf soluvchi omillarni oʻz ichiga olgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun kiritsin.
Bunda Reyestrga kiritiladigan tadbirkorlik subyektlari faoliyatidagi inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori xavf soluvchi omillarni oʻz ichiga olgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilgunga qadar tadbirkorlik subyektlari faoliyatini faqatgina nazorat qiluvchi organlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim etilgan va Vazirlikning rasmiy veb-saytida eʼlon qilingan inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori xavf soluvchi omillar asosida toʻxtatib turishga yoʻl qoʻyiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi taqdim etilgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatidagi inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori xavf soluvchi omillarni oʻz ichiga olgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda har tomonlama yordam koʻrsatsin hamda oʻn besh kun muddatda ularning huquqiy ekspertiza va davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori xavf soluvchi omillarni Reyestrga kiritish hamda (yoki) undan chiqarish Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan respublika darajasidagi nazorat qiluvchi organlarning idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish orqali amalga oshiriladi;
nazorat qiluvchi organlar doimiy ravishda tadbirkorlik subyektlari faoliyatidagi inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori xavf soluvchi omillarni Reyestrga kiritish yoki oʻz ahamiyatini (dolzarbligini) yoʻqotgan omillarni Reyestrdan chiqarish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga takliflar taqdim etib boradi, bunda maʼlumotlarning asoslanganligi, ishonchliligi uchun maʼlumotni kiritayotgan idoralarning birinchi rahbarlariga shaxsiy masʼuliyat yuklanadi;
inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori xavf soluvchi omillarni oʻz ichiga olgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil va Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining xulosalari majburiy tartibda olinadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Reyestr lozim darajada (dolzarb) va barcha uchun ochiq holatda yuritilishini taʼminlaydi;
Reyestrni ishlab chiqish va ishga tushirish, unga texnik xizmat koʻrsatish va uni qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, uning funksional imkoniyatlarini yanada takomillashtirish bilan bogʻliq xarajatlar budjetdan tashqari Adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil va Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda:
bir oy muddatda Reyestr “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida yuritilishi boʻyicha texnik imkoniyatlarning joriy etilishini;
zaruratga koʻra Reyestrning Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi va boshqa axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri A.D. Tashkulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 6-fevral,
66-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-fevraldagi 66-son qaroriga 1-ILOVA
Inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori xavf soluvchi omillar reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori xavf soluvchi omillar reyestrini shakllantirish va yuritish tartibini belgilaydi.
2. Inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori xavf soluvchi omillar reyestri Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida barcha uchun ochiq holda ushbu Nizomga 1-ilovada nazarda tutilgan shaklda yuritiladi.
3. Inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori xavf soluvchi omillar reyestriga inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori xavf soluvchi omillarni kiritish hamda undan chiqarish idoraviy normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish vakolatiga ega nazorat qiluvchi organlarning (keyingi oʻrinlarda — nazorat qiluvchi organlar) buyrugʻiga (qaroriga) asosan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilning (keyingi oʻrinlarda — Vakil) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining (keyingi oʻrinlarda — Palata) xulosalari olinmagan inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori xavf soluvchi omillarni oʻz ichiga olgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar Adliya vazirligi tomonidan koʻrib chiqilmaydi.
5. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
Inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori xavf soluvchi omillar reyestri (keyingi oʻrinlarda — Reyestr) — tadbirkorlik subyektlari faoliyatini nazorat qiluvchi organlar tomonidan toʻxtatib turish uchun asos boʻladigan omillar roʻyxati;
inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori xavf soluvchi omillar — ushbu Nizomga 2-ilovadagi Xavfni baholash va darajasini hisoblash uslubiyotiga muvofiq yuqori xavf darajasiga ega deb topilgan tadbirkorlik subyektlarining faoliyati (harakatlari yoki harakatsizligi) oqibatida insonlarning hayoti va sogʻligʻiga bevosita xavf tugʻdiruvchi omillar;
nazorat qiluvchi organlar — tadbirkorlik subyektlari faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilishga qonunchilik hujjatlari bilan vakolat berilgan vazirlik, idora, ularning tizimidagi boʻlinmalar va boshqa tashkilotlar.
6. Reyestrni yuritishning asosiy maqsadlari:
nazorat qiluvchi organlar faoliyatida qonuniylik va oshkoralikni taʼminlash;
tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;
tadbirkorlik subyektlari faoliyatini noqonuniy toʻxtatish holatlarining oldini olish;
davlat tomonidan nazorat qilish tizimining hisobdorligi va shaffofligini taʼminlash hisoblanadi.
7. Nazorat qiluvchi organlarning Reyestrni shakllantirish va yuritish sohasiga oid faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Vakil bilan birgalikda uslubiy taʼminlanadi hamda muvofiqlashtiriladi.
2-bob. Reyestrni shakllantirish va yuritish
8. Reyestrni shakllantirish va yuritish nazorat qiluvchi organlar tomonidan inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori xavf soluvchi omillar roʻyxatini tuzish va tasdiqlash, ularni qayta koʻrib chiqish va yangilab borish, shuningdek, inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori xavf soluvchi takrorlanadigan va dolzarbligini yoʻqotgan omillarni bekor qilish hamda eʼlon qilib borish jarayonlarini oʻz ichiga oladi.
9. Reyestr Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ushbu Nizom talablariga muvofiq shakllantiriladi va yuritiladi.
10. Reyestr quyidagi maʼlumotlardan tashkil topadi:
inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori xavf soluvchi nazorat sohasi;
inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori xavf soluvchi omillar;
inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori xavf soluvchi omillarni Reyestrga kiritish asoslari;
inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori xavf soluvchi omillar boʻyicha masʼul nazorat qiluvchi organlar nomlari.
11. Zaruratga koʻra nazorat qiluvchi organlar tomonidan oʻz faoliyat sohasidagi mavjud inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori xavf soluvchi omillarni Reyestrga kiritish yoki Reyestrdan chiqarish boʻyicha idoraviy normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi.
12. Idoraviy normativ-huquqiy hujjat loyihasi yuzasidan Vakil va Palataning xulosalari olinadi.
Bunda idoraviy normativ-huquqiy hujjat loyihasi yuzasidan Vakil hamda Palata tomonidan xulosalar ushbu Nizomga 2-ilovadagi Xavfni baholash va darajasini hisoblash uslubiyotiga muvofiq oʻtkazilgan baholash natijalari asosida besh ish kuni ichida beriladi.
13. Nazorat qiluvchi organlarning inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori xavf soluvchi omillarni Reyestrga kiritish yoki Reyestrdan chiqarish boʻyicha idoraviy normativ-huquqiy hujjat loyihasi Vakil hamda Palata bilan kelishilganidan soʻng belgilangan tartibda qabul qilinadi hamda huquqiy ekspertiza va davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi taqdim etilgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatidagi inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori xavf soluvchi omillarni oʻz ichiga olgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni oʻn besh kun muddatda huquqiy ekspertiza va davlat roʻyxatidan oʻtkazadi.
14. Idoraviy normativ-huquqiy hujjatga inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori xavf soluvchi omillarning mazmuni, ularni Reyestrga kiritish va (yoki) Reyestrdan chiqarish zarurati, asosliligi va dolzarbliligini tavsiflovchi maʼlumotlar ilova qilinishi lozim.
Taqdim etilgan maʼlumotlarning toʻliqligi va haqqoniyligi uchun idoraviy normativ-huquqiy hujjatni taqdim etgan nazorat qiluvchi organlar javobgar hisoblanadi.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
15. Nazorat qiluvchi organlar tomonidan Reyestrga kiritilmagan inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori xavf soluvchi omillarga koʻra tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini toʻxtatib turish taqiqlanadi, sud tartibida va qonunda belgilanadigan asoslar boʻyicha toʻxtatib turish holatlari bundan mustasno.
16. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori xavf soluvchi omillar reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori xavf soluvchi omillar
REYESTRI
Inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori xavf soluvchi omillar reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Xavfni baholash va darajasini hisoblash
USLUBIYOTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Uslubiyot tadbirkorlik subyektlarining faoliyati (harakatlari yoki harakatsizligi) oqibatida inson hayoti va sogʻligʻiga bevosita xavf soluvchi omillarning darajasini aniqlash va baholash tartibini belgilaydi.
2. Mazkur uslubiyotda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
nazorat qilish darajasi — xavfning qay darajada boshqarilishi, kamaytirilishi mumkinligi yoki xavfning oldi olinishiga qaratilgan choralar koʻrilganligi darajasi;
oqibatning darajasini baholash — oʻrganilayotgan omil natijasida inson sogʻligʻi va hayotida vujudga keladigan ehtimoliy oqibatlarning darajasini baholash tartibi;
taʼsir koʻlami — xavf taʼsiri natijasida jabrlanishi mumkin boʻlgan shaxslar soni;
oʻrganilayotgan omil — nazorat qiluvchi organ tomonidan Inson hayoti va sogʻligʻiga yuqori xavf soluvchi omillar reyestriga kiritish maqsadida taklif qilingan hamda xavf darajasi baholanayotgan omil;
xavfni baholash — tadbirkorlik subyektlarining faoliyati (harakatlari yoki harakatsizligi) oqibatida insonlar hayoti va sogʻligʻiga taʼsir etuvchi xavfli hodisaning sodir boʻlish ehtimolining va oqibatlarining jiddiyligini aniqlash jarayoni;
ehtimollikni baholash — oʻrganilayotgan omil natijasida xavf tugʻdiruvchi hodisaning sodir boʻlish ehtimolini baholash tartibi.
3. Inson hayoti va sogʻligʻiga xavf soluvchi omillar qatʼiy ketma-ketlikda quyidagi bosqichlarda baholanadi:
birinchi bosqich — inson hayoti va sogʻligʻiga xavf soluvchi omillarni aniqlash;
ikkinchi bosqich — inson hayoti va sogʻligʻiga xavf soluvchi omillarning xavf darajasini tahlil qilish;
uchinchi bosqich — xavf darajasini baholash.
2-bob. Inson hayoti va sogʻligʻiga bevosita xavf soluvchi omillarni aniqlash va baholash tartibi
1-§. Inson hayoti va sogʻligʻiga bevosita xavf soluvchi omillarni aniqlash
3. Nazorat qiluvchi organlar tomonidan inson hayoti va sogʻligʻi uchun xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan ehtimoliy omillar aniqlanadi.
Bunda aniqlangan har bir omil toʻliq tavsiflanishi, uning xavf darajasini baholash imkonini beruvchi barcha zarur maʼlumotlar hamda statistika axboroti koʻrsatilishi lozim.
2-§. Inson hayoti va sogʻligʻiga bevosita xavf soluvchi omillarning xavf darajasini tahlil qilish
4. Omillarning xavf darajasi quyidagi qadamlarda tahlil qilinadi:
1) birinchi qadam — oʻrganilayotgan omilning yuzaga kelish ehtimolligi baholanadi.
Oʻrganilayotgan omilning sodir boʻlish ehtimoli quyidagi 1-jadvalda belgilangan mos mezonga tushirish orqali baholanadi.
2) ikkinchi qadam — oʻrganilayotgan omil oqibatining darajasi baholanadi.
Oʻrganilayotgan omilning oqibati darajasi quyidagi 2-jadvalda belgilangan mos mezonga tushirish orqali baholanadi.
3) uchinchi qadam — oʻrganilayotgan omilning taʼsir koʻlami baholanadi.
Oʻrganilayotgan omilning taʼsir koʻlami quyidagi 3-jadvalda belgilangan mos mezonga tushirish orqali baholanadi.
4) toʻrtinchi qadam — oʻrganilayotgan omil natijasida vujudga kelishi mumkin boʻlgan xavfni nazorat qilish darajasi baholanadi.
Oʻrganilayotgan omilni nazorat qilish darajasi quyidagi 4-jadvalda belgilangan mos mezonga tushirish orqali baholanadi.
3-§. Xavf darajasini baholash
5. Oʻrganilayotgan omilning xavf darajasini oʻlchash uchun ushbu Uslubiyotning 4-bandida belgilangan tartibda toʻplangan ballar quyidagi formula yordamida hisoblanadi:
Bunda:
A — ehtimollik, B — oqibatning darajasi;
M — taʼsir koʻlami, C — xavfni nazorat qilish darajasi;
X — omilning xavf darajasi.
6. Omilning inson hayoti va sogʻligʻi uchun xavf darajasi formula asosida hisoblab chiqarilgan ballning 5-jadvaldagi mos koʻrsatkichi asosida aniqlanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-fevraldagi 66-son qaroriga 2-ILOVA
Nazorat qiluvchi organlarning
ROʻYXATI
