Xalqaro avtomobil qatnovi toʻgʻrisida
24.06.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Moʻgʻuliston Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Moʻgʻuliston Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki davlat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga hissa qoʻshish yoʻlida,
bozor iqtisodiyoti doirasida avtomobil transportida hamkorlikni rivojlantirish istagida,
atrof-muhitni va odamlarni muhofaza qilish, energiyadan oqilona foydalanish, yoʻl harakati xavfsizligi va haydovchilarning mehnat sharoitlarini yaxshilash maqsadida,
transport intermodalligini rivojlantirish istagida,
avtomobil transportini rivojlantirishda oʻzaro manfaatdorlikni tan olib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
I QISM — UMUMIY QOIDALAR
1-modda Qoʻllash doirasi
Mazkur Bitim qoidalari Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududida tashkil etilgan tashuvchilar tarafidan amalga oshiriladigan yuk va yoʻlovchilarni Ahdlashuvchi Tomonlarning hududlari oʻrtasida, ularning hududlari orqali tranzit olib oʻtish va uchinchi davlatlarga yoki uchinchi davlatlardan avtomobilda tashishga nisbatan qoʻllaniladi.
2-modda Taʼriflar
Mazkur Bitimda foydalanilgan atamalar quyidagi maʼnolarga ega:
1. “Transport operatori” Oʻzbekiston Respublikasi va Moʻgʻulistonning tegishli milliy qonunchiligiga muvofiq, yoʻlovchilar va (yoki) yuklarni xalqaro yoʻnalishlarda tashish huquqiga ega boʻlgan har qanday jismoniy yoki yuridik shaxsni anglatadi.
2. “Transport vositasi” har qanday Ahdlashuvchi Tomonlardan birining davlatida roʻyxatdan oʻtkazilgan hamda faqat yoʻlovchilar yoki yuklarni tashish uchun foydalaniladigan va jihozlangan avtotransport vositasi yoki avtotransport vositalari birlashmasini anglatadi.
3. “Transport” transport vositasi tirkama yoki yarim tirkama yoʻlning bir qismi davomida poyezd yoki suv transportida tashilayotgan boʻlsa ham, transport vositasining yuk ortilgan holatda yoki yuksiz harakatlanishini anglatadi.
4. “Kabotaj” bir Ahdlashuvchi Tomon davlati transport operatori tarafidan boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududidagi alohida punktlar oʻrtasida amalga oshiriladigan yoʻlovchi yoki yuk tashuvlarini anglatadi.
5. “Ahdlashuvchi Tomon hududi” tegishliligi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi hududi va Moʻgʻuliston hududini anglatadi.
6. “Taʼsis mamlakati” tashuvchi taʼsis etilgan va transport vositasi roʻyxatga olingan Ahdlashuvchi Tomon hududini anglatadi.
7. “Qabul qiluvchi mamlakat” Ahdlashuvchi Tomonning tashuvchi transport vositasi roʻyxatdan oʻtkazilmagan va tashuvchi tashkil etilmagan hududini anglatadi.
8. “Avtobus” Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududida roʻyxatdan oʻtkazilgan, konstruksiyasi va jihozlanishiga koʻra, yoʻlovchilarni tashish uchun moʻljallangan va yaroqli boʻlgan hamda haydovchi oʻrindigʻidan tashqari sakkiztadan ortiq oʻrindiqqa ega boʻlgan transport vositasini anglatadi.
9. “Yoʻlovchilarni muntazam tashishlar” yoʻlovchilarni belgilangan yoʻnalish boʻyicha, oldindan belgilangan va eʼlon qilingan jadval va tariflar asosida tashish xizmatidir. Yoʻlovchilar oldindan belgilangan toʻxtash joylarida olinadi yoki tushiriladi. Moʻgʻuliston davlat chegarasidan yoki Oʻzbekiston Respublikasi davlat chegarasidan tashqarida avtomobil transportida yoʻlovchilar va yuklarni muntazam tashish.
10. “Transfer tashish” oldindan shakllantirilgan yoʻlovchilar guruhlarini yagona joʻnash punktidan yagona yetkazib borish punktiga takrorlanuvchi borish va qaytish reyslarida tashish xizmati. Tashqariga sayohat qilgan yoʻlovchilardan iborat har bir guruh keyingi safarda joʻnab ketish joyiga qaytariladi. Joʻnab ketish punkti va yetkazib borish punkti mos ravishda sayohat boshlanadigan va tugaydigan joyni, har bir holatda, 50 km radius atrofdagi aholi punktlarini anglatadi.
Transfer xizmati yoʻlovchilarni yetkazib borish punktida va, zarur hollarda, yoʻl davomida turar joyga joylashtirishni oʻz ichiga olishi mumkin.
Birinchi va oxirgi safarlardan qaytib kelish borish-qaytishlar seriyasi davomida yuksiz amalga oshiriladi.
11. “Yoʻlovchilarni nomuntazam tashishlar” “yoʻlovchilarni muntazam tashishlar” atamasiga kirmaydigan yoʻlovchilarni avtobuslarda tashishning boshqa barcha turlarini anglatadi.
12. “Nazorat hujjati” mazkur Bitimning 13-moddasida koʻrsatilgan Qoʻshma qoʻmita tomonidan kelishilgan namunaga muvofiq avtobuslar uchun yoʻlovchi yukxatini anglatadi.
13. “Vakolat ruxsatnomasi” Bir Ahdlashuvchi Tomon vakolatli organlari tarafidan boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida roʻyxatdan oʻtgan transport vositasiga vakolat/ruxsatnoma bergan Ahdlashuvchi Tomon hududiga yoki hududi orqali sayohat qilish huquqini/imkoniyatini beradigan hujjatni anglatadi.
14. “Tranzit”
(14.1). Boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududi boʻylab yoʻlovchilarni avtobusda chiqarmasdan va undan tushirmasdan tashishni;
(14.2). Boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududi boʻylab yuklarni avtomobilda ortmasdan va undan tushirmasdan tashishni anglatadi.
15. “Xavfli yuklar” oʻziga xos tarkibi va xususiyatlariga koʻra, tashish, yuklash, tushirish va saqlash vaqtida texnika vositalari, jihozlar, binolar va inshootlarning shikastlanishiga, shuningdek, odamlarning, hayvonlarning oʻlimiga, jarohatlanishiga yoki kasallanishiga, va atrof-muhitga zarar yetkazishga olib kelishi mumkin boʻlgan yuklarni anglatadi.
16. “Maxsus ruxsatnoma” bir Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli organlari tarafidan beriladigan, boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida roʻyxatdan oʻtgan transport vositasiga ushbu vakolat/ruxsatnoma bergan Ahdlashuvchi Tomon hududiga yoki uning hududi orqali xavfli yoki ogʻir yuklar bilan sayohat qilish huquqini (imkoniyatini) beradigan bir martalik ruxsatnoma hujjatini anglatadi.
II qism — YOʻLOVCHILARNI TASHISH
3-modda Muntazam tashuvlar
1. Ahdlashuvchi Tomonlarning hududlari oʻrtasida yoki ular orqali tranzitda amalga oshiriladigan muntazam yoʻlovchi tashuv xizmatlari Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organi tarafidan beriladigan ruxsatnomalar tizimi bilan bogʻliqdir.
2. Ruxsatnoma olish uchun talabnoma transport operatorining taʼsis etilgan davlatdagi vakolatli organiga taqdim etilishi lozim. Vakolatli organ talabnomani maʼqullagan taqdirda, u ushbu ruxsatnoma toʻgʻrisida boshqa Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli organiga maʼlum qiladi.
Mazkur Bitimning 13-moddasiga muvofiq tashkil etilgan Qoʻshma qoʻmita ruxsatnoma olishga talabnoma shakli va zarur boʻlgan tasdiqlovchi hujjatlar yuzasidan qaror qabul qiladi.
3. Ruxsatnomalar Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari tarafidan oʻzaro kelishuv asosida beriladi.
Ruxsatnoma berish yoki berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror, alohida maxsus holatlar yuzaga kelmasa, uch oy ichida qabul qilinadi.
Ruxsatnomalar tugal ravishda besh yil davomida amal qiladi. Ularda transport vositalari javob berishi lozim boʻlgan ekspluatatsiya qilish shartlari, jumladan, ekologik standartlar va xavfsizlik standartlari belgilanadi.
4. Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari oldindan ruxsatnomalar bilan almashadilar va tashishni amalga oshiradilar. Ruxsatnomalar quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi:
a) transport operatorining nomi;
b) tashuv yoʻnalishi;
c) qatnov jadvali;
d) yoʻlovchi transporti tarifi;
e) tashuvchi tarafidan yoʻlovchilarni transport vositasiga chiqarish va tushirish joylari;
f) tashish davri va muntazamligi.
5. Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari bir-birlaridan ruxsatnomalar berish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha maʼlumotlarni soʻrashlari mumkin.
6. Ish shartlarini oʻzgartirish va xizmatni bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror ushbu moddaning 2 va 3-bandlarida belgilangan tartibda qabul qilinadi.
Basharti xizmatga talab boʻlmasa, transport operatori ruxsat bergan vakolatli organlarni va mijozlarni uch oy oldin ogohlantirgan holda xizmatni bekor qilishi mumkin.
4-modda Yoʻlovchilarni nomuntazam yoki transfer tashuvlar
1. Ahdlashuvchi Tomonlarning hududlari oʻrtasida va ular orqali yoʻlovchilarni nomuntazam tranzit olib oʻtish yoki transfer tashuvlar Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari tarafidan beriladigan ruxsatnomalar tizimi bilan bogʻliqdir.
Ushbu moddada nazarda tutilgan tashuvni amalga oshiruvchi transport vositalari rioya qilishi lozim boʻlgan texnik, ekologik standartlar va xavfsizlik standartlari Mazkur Bitimning 13-moddasiga muvofiq tashkil etilgan Qoʻshma qoʻmita bilan kelishiladi.
2. Quyida sanab oʻtilgan xizmatlar, mazkur moddaning 1-bandiga istisno tariqasida, qabul qiluvchi davlat hududida ruxsat berish tizimidan ozod qilinadi:
a) ayni yoʻlovchilar guruhini butun yoʻl davomida tashish va ularni joʻnab ketish punktiga olib borish uchun ayni transport vositasidan foydalangan holda taqdim etiladigan yopiq eshiklar xizmatlari;
b) borishda yuk ortilgan va qaytishda yuk ortilmagan tashuv amalga oshiriladigan xizmatlar;
s) yoʻlovchilar muqaddam Ahdlashuvchi Tomon hududiga bitta tashuvchi orqali olib kelinib va u yerdan transport vositasiga qayta chiqarilib, taʼsis etilgan mamlakat hududiga olib ketish sharti bilan borishda yuksiz va qaytishda yuk bilan amalga oshiriladigan xizmatlar.
d) buzilgan avtobusni boshqa avtobus bilan almashtirish holati bilan bogʻliq xizmatlar.
3. Nomuntazam tashuvlarning boshqa toifalari uchun Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlaridan ruxsatnomalar talab qilinadi.
Mazkur Bitimning 13-moddasiga muvofiq tashkil etilgan Qoʻshma qoʻmita bir martalik xizmatlarning boshqa toifalarini ruxsatnomalardan ozod qilishi mumkin.
4. Ruxsatnoma olish uchun talabnoma qabul qiluvchi davlatning vakolatli organiga taqdim etilishi lozim.
Mazkur Bitimning 13-moddasiga muvofiq tashkil etilgan Qoʻshma qoʻmita ruxsatnoma olish toʻgʻrisidagi talabnomaning shakli va tasdiqlovchi zarur hujjatlar yuzasidan qaror qabul qiladi.
5. Ruxsatnoma talablaridan ozod qilingan va avtobuslardan foydalangan holda amalga oshiriladigan bir martalik tashuvlar nazorat hujjati bilan rasmiylashtirilgan boʻlishi lozim. Nazorat hujjatidan foydalanish shartlari va mazmuni mazkur Bitimning 13-moddasida koʻrsatilgan Qoʻshma qoʻmita tarafidan belgilanadi.
III QISM — YUKLARNI TASHISH
5-modda Ruxsatnoma tizimi
1. Yuklarni Ahdlashuvchi Tomonlarning hududlari oʻrtasida tashish yoki ular orqali tranzit olib oʻtish, shuningdek, uchinchi davlatlarga yoki ular orqali tashish, mazkur Bitimning 7-moddasida koʻrsatilgan tashish bundan mustasno Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari tarafidan berilgan ruxsatnomalar mavjud boʻlgan taqdirda, yuk avtomobillari yoki ulardan iborat tarkib yordamida amalga oshiriladi.
2. Har bir yuk tashuvi uchun bir marotabalik qaytib kelish reysini amalga oshirish huquqini beruvchi ruxsatnoma beriladi. Avtotransport vositasi tirkama yoki yarim tirkama bilan jihozlangan boʻlsa, ruxsatnoma faqat yuk avtomobiliga yoxud tirkama yoki yarim tirkamani shatakka oluvchi transport vositasiga beriladi.
3. Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari har yili 1-bandda koʻrsatilgan pullik va (yoki) bepul ruxsatnomalarning kelishilgan sonini oʻzaro almashadilar. Ruxsatnomalar vakolatli organ tarafidan muhrlanadi va ushbu ruxsatnomani bergan masʼul shaxs tomonidan imzolanadi. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining iltimosiga koʻra, qoʻshimcha ruxsatnomalar berilishi mumkin.
4. 1-bandda koʻrsatilgan ruxsatnomalar keyingi kalendar yilining 31-yanvariga qadar amal qiladi. Ruxsatnoma tirkama va (yoki) yarim tirkama roʻyxatdan oʻtkazilgan mamlakatdan qatʼi nazar, yuk transport vositasi yoki uning kombinatsiyasi uchun amal qiladi.
5. Mazkur Bitimning 13-moddasiga muvofiq tashkil etilgan Qoʻshma qoʻmita ruxsatnomalar kvotasini, toifasini va ulardan foydalanishni tartibga soluvchi boshqa shartlarni belgilaydi.
6. Mazkur Bitimda nazarda tutilgan yuk tashuvlarini amalga oshiruvchi tashuvchi Ahdlashuvchi Tomonlar vakolatli organlarining talabiga binoan, yuk tashishni tasdiqlovchi hujjatni, yaʼni yukxatini taqdim etadi. Yukxati Yuklarni xalqaro yoʻllarda tashish shartnomasi toʻgʻrisidagi Konvensiyada (Jeneva, 1956-yil 19-may) va Yuklarni xalqaro yoʻllarda tashish shartnomasi toʻgʻrisidagi Konvensiyaning elektron yukxatiga oid Qoʻshimcha Protokolida (Jeneva, 2008-yil 20-fevral) belgilangan shaklda boʻlishi lozim.
6-modda Ruxsatnoma talablaridan ozod qilingan tashuv
1. Mazkur Bitimning 6-moddasida koʻrsatilgan ruxsatnomalar quyidagilar uchun talab qilinmaydi:
a) umumiy ruxsat etilgan yuklangan ogʻirligi tirkamalar bilan birga 6 tonnadan oshmagan yoki ruxsat etilgan foydali yuki, shu jumladan, tirkamalar birga 3,5 tonnadan oshmagan transport vositalaridagi tashuvlar;
b) havo qatnovi yoʻnalishi oʻzgargan hollarda aeroportlarga yoki aeroportlardan amalga oshiriladigan tashuvlar;
c) shikastlangan yoki buzilgan transport vositalarini tashish va transport vositalarini tezkor taʼmirlash vositalarini tashish;
d) boshqa davlatda buzilgan transport vositasi oʻrniga yuborilgan yuk tashish transport vositasining yuksiz reyslari, shuningdek, taʼmirlangan transport vositasining qaytishi;
e) favqulodda vaziyatlarda, xususan, tabiiy ofatlarni bartaraf etishda va gumanitar yordam koʻrsatish uchun zarur boʻlgan tibbiy buyumlar va jihozlarni tashish;
f) yarmarkalar va koʻrgazmalar uchun yoki notijorat maqsadlarda asarlar va sanʼat buyumlarini tashish;
g) musiqiy, kino, sport yoki sirk tomoshalari va yarmarkalariga olib borish va qaytib kelishda notijorat maqsadlarda, shuningdek, radioeshittirishlar yoxud kino yoki televideniye uchun moʻljallangan teatr rekvizitlari, aksessuarlar va hayvonlarni tashish;
h) korxonalar tomonidan maishiy buyumlarni tashish, ushbu maqsadda ishtirok etgan maxsus xodimlar va foydalanilgan uskunalarni tashish;
i) dafn marosimi tashuvi;
j) pochta tashuvlari.
2. Mazkur Bitimning 13-moddasiga muvofiq tashkil etilgan Qoʻshma qoʻmita ruxsatnoma talablaridan ozod qilingan transport toifalari roʻyxatiga qoʻshimchalar kiritishi yoki undan bandlarni chiqarib tashlashi mumkin.
IV QISM — UMUMIY QOIDALAR
7-modda Soliqlar va bojlar
1. Bir Ahdlashuvchi Tomon hududida roʻyxatdan oʻtgan va boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida vaqtincha boʻlib turgan transport vositalari yoki ularning tarkibi orqali tashiladigan tovarlar uchun bojlar va soliqlar boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida amal qiladigan qonun hujjatlariga muvofiq undiriladi.
2. Bir Ahdlashuvchi Tomon hududida roʻyxatdan oʻtkazilgan va boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududiga vaqtinchalik olib kirilgan avtobuslar va yuk avtomobillari yoki ularning tarkiblari, shuningdek, ishlab chiqaruvchi oʻrnatgan statsionar sisternalardagi yonilgʻi boshqa Ahdlashuvchi Tomon qonun hujjatlariga muvofiq har qanday bojlar, soliqlar yoki yigʻimlardan ozod qilinadi.
3. Buzilgan yoxud yoʻl-transport hodisalari natijasida yaroqsiz holga kelgan avtobuslar va (yoki) yuk avtomobillari yoki ularning sostavlarini taʼmirlash uchun boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududiga vaqtincha olib kirilgan ehtiyot qismlari ushbu Ahdlashuvchi Tomon qonun hujjatlariga muvofiq undiriladigan bojxona boji, yigʻimlar, soliq toʻlovlaridan ozod qilinadi. Almashtirilgan qismlar bojxona organlari xodimlarining nazorati ostida qaytariladi yoki yoʻq qilinadi.
4. Avtobuslar va (yoki) yuk avtomobillari yoki ularning tarkiblari operatorlari Ahdlashuvchi Tomonlarning qonun hujjatlariga muvofiq yoʻl infratuzilmasidan (yoʻllarning alohida uchastkalari, koʻpriklar, tunnellar va boshqa yoʻl inshootlaridan) foydalanganlik uchun yoʻl soliqlarini toʻlaydilar.
8-modda Ogʻirlik va oʻlchamlar
1. Avtotransport vositalarining ruxsat etilgan tugal ogʻirligi, ularning oʻqiga tushadigan yuklanish va gabaritlari roʻyxatdan oʻtkazish hujjatlarida koʻrsatilganligidan ham, qabul qiluvchi mamlakatda amalda boʻlgan ruxsat etilgan tugal chegaralardan ham oshmasligi lozim.
2. Qabul qiluvchi mamlakatda ogʻirligi va oʻlchamlari ruxsat etilgan tugal chegaralardan oshib ketgan transport vositalaridan foydalanishga faqatgina oldindan olingan maxsus ruxsatnoma mavjud boʻlgandagina ruxsat etiladi.
9-modda Xavfli va tez buziladigan yuklarni tashish
1. Xavfli va tez buziladigan yuklarni Ahdlashuvchi Tomonlarning hududlari oʻrtasida, ular orqali tranzit olib oʻtish, shuningdek, uchinchi davlatlarga yoki ular orqali tashish Ahdlashuvchi Tomonlarning tegishli qonun hujjatlari qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar mazkur Bitim doirasida xavfsizlik va ifloslanish standartlariga javob beradigan transport vositalaridan foydalanishni qoʻllab-quvvatlaydilar.
10-modda Yoʻlovchilar va yuklarni tashish xizmatlari uchun umumiy qoidalar
1. Yoʻlovchilar va yuklarni tashish uchun ruxsatnomalar shaxsiydir va boshqa tashuvchilarga yoki uchinchi shaxslarga oʻtkazilmaydi.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari ruxsatnomalar almashinuvi tartibini kelishib oladilar.
3. Tashuvchilarga boshqa Ahdlashuvchi Tomonning davlati hududida ikki manzil oʻrtasida yoʻlovchilar va yuklarni tashish taʼqiqlanadi.
11-modda Nazorat
1. Ruxsatnomalar, vakolatlar, nazorat hujjatlari va mazkur Bitim boʻyicha boshqa hujjatlar, shuningdek, tovar-transport yukxati, yoʻlovchi yukxati, sugʻurta guvohnomalari, oʻquv sertifikatlari va xalqaro shartnomalar va (yoki) Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining qonun hujjatlariga muvofiq talab qilinadigan boshqa barcha hujjatlar transport vositalarida saqlanishi va vakolatli mansabdor shaxslarning talabiga binoan taqdim etilishi lozim.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar chegara va bojxona nazorati, shuningdek, veterinariya, fitosanitariya, epidemiologiya, ekologiya va tabiatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etish ustidan nazoratda oʻzlarining milliy qonunchiligi hamda oʻzlari ishtirok etadigan xalqaro shartnomalar qoidalarini qoʻllaydilar.
12-modda Tashuvchilarning majburiyatlari va qoidabuzilishlar
1. Ahdlashuvchi Tomon davlatining transport operatorlari va ularning transport vositalari ekipajlari boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida boʻlib turganda ushbu davlatning amaldagi milliy qonunchiligiga rioya qilishi lozim.
2. Ahdlashuvchi Tomon davlatining transport operatori tarafidan ushbu Bitim qoidalari buzilgan taqdirda, hududida qoidabuzarlik sodir boʻlgan Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli organi oʻz mamlakatining sud jarayoniga zarar yetkazmasdan, boshqa Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli organini xabardor qilgan holda oʻz davlati milliy qonunchiligida nazarda tutilgan choralarni koʻradi. Oʻta ogʻir holatlarda, qabul qiluvchi davlatning vakolatli organi taʼsis etuvchi davlat vakolatli organining qaroriga qadar oʻz mamlakati hududiga kirishni vaqtinchalik taqiqlashi mumkin. Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari qabul qilingan qarorlar toʻgʻrisida bir-birlarini xabardor qiladilar.
13-modda Qoʻshma qoʻmita
1. Mazkur Bitim qoidalari lozim darajada bajarilishini taʼminlash va uni qoʻllashda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan, Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari bevosita aloqalari orqali hal etilmaydigan nizolarni darhol hal qilish maqsadida Qoʻshma qoʻmita tuziladi.
2. Bir Ahdlashuvchi Tomonning soʻroviga binoan, Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari vakillaridan iborat tarkibda Qoʻshma qoʻmita tuziladi.
3. Ahdlashuvchi Tomonlar Qoʻshma qoʻmita qarorlarini bajarish majburiyatini oladilar.
4. Qoʻshma qoʻmita mazkur Bitimning moddalarini toʻldirish va oʻzgartirish boʻyicha tavsiyalar qabul qilishi mumkin.
14-modda Vakolatli organlar
Quyidagilar mazkur Bitimni amalga oshirish boʻyicha vakolatli organlar hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan: Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi.
Moʻgʻuliston Hukumati nomidan: Moʻgʻuliston yoʻllarni rivojlantirish va transport vazirligi.
Ahdlashuvchi Tomonlar vakolatli organlarining rasmiy nomlari va vazifalari oʻzgargan taqdirda, Ahdlashuvchi Tomonlar bu haqda diplomatik kanallar orqali darhol xabardor qiladilar.
15-modda Qoʻshimchalar va oʻzgartishlar
1. Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish yoki qoʻllashdan kelib chiqadigan har qanday nizolar Ahdlashuvchi Tomonlar tarafidan maslahatlashuvlar va muzokaralar yoʻli bilan hal qilinadi.
2. Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzaro roziligi bilan mazkur Bitimga qoʻshimchalar va oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin. Bunday qoʻshimchalar va oʻzgartirishlar mazkur Bitimning ajralmas qismi hisoblanuvchi alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi va uning 16-moddasida belgilangan qoidalarga muvofiq kuchga kiradi.
V QISM — Yakuniy qoidalar
16-modda Bitimning kuchga kirishi va amal qilish muddati
1. Mazkur Bitim Ahdlashuvchi Tomonlar uchun majburiy boʻlgan xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlarga daxl qilmaydi.
2. Mazkur Bitim Ahdlashuvchi Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan tegishli ichki protseduralari bajarilganligi toʻgʻrisida bir-birlarini xabardor qilgan soʻnggi xabarnoma olgan sanadan soʻng 30 (oʻttizinchi) kundan boshlab kuchga kiradi.
3. Mazkur Bitim nomuayyan muddatga tuziladi va Ahdlashuvchi Tomonlardan biri boshqa Ahdlashuvchi Tomonning ushbu Bitimni tugatish niyati toʻgʻrisidagi yozma xabarnomasini olgan sanadan boshlab olti oy oʻtgunga qadar amal qiladi.
Toshkent shahrida, 2024-yil 24-iyunda, ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, moʻgʻul va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir.
Talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, Tomonlar ingliz tilidagi matnga murojaat qiladilar.
(imzolar)
