Havo qatnovi toʻgʻrisida
24.06.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Moʻgʻuliston Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Moʻgʻuliston Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
Oʻzbekiston Respublikasi va Moʻgʻuliston 1944-yil 7-dekabrda Chikago shahrida imzolash uchun ochilgan Xalqaro fuqaro aviatsiyasi toʻgʻrisidagi Konvensiyaning ishtirokchilari ekanliklarini inobatga olgan holda,
Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlari hududlari oʻrtasida va ulardan tashqarida havo qatnovlarini tashkil etish maqsadida Bitim tuzish istagida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda Atamalar
1. Mazkur Bitimda foydalanilgan atamalar, matnda boshqa izoh nazarda tutilmagan boʻlsa, quyidagi maʼnolarni anglatadi:
“Konvensiya” — 1944-yil 7-dekabrda Chikago shahrida imzolash uchun ochilgan Xalqaro fuqaro aviatsiyasi toʻgʻrisidagi Konvensiya boʻlib, Konvensiyaning 90-moddasiga binoan qabul qilingan har qanday ilovani, shuningdek, Konvensiyaning 90 va 94-moddalariga binoan Konvensiyaga yoki uning ilovalariga kiritilgan har qanday tuzatishni ushbu ilovalar va tuzatishlar ikkala Ahdlashuvchi Tomonlar uchun kuchga kirgan holatda oʻz ichiga oladi;
“aviatsiya maʼmuriyatlari” — Moʻgʻuliston tomonidan — Yoʻllar va transportni rivojlantirish vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan — Transport vazirligi yoki qayd etilgan boshqaruv organlari tarafidan vakolat berilgan har qanday shaxs yoki tashkilot;
“tayinlangan aviakorxona” — mazkur Bitimning 4-moddasiga muvofiq tayinlangan va vakolatga ega boʻlgan aviakorxona;
“tariflar” — yoʻlovchilar, bagaj va yuk tashish uchun, shuningdek, agentlik xizmatlari va boshqa qoʻshimcha xizmatlar uchun belgilangan narxlar va ushbu narxlarni qoʻllash uchun asos hisoblangan shartlar, pochta tashish uchun belgilangan haq va uning shartlari bundan mustasno;
“hudud”, “havo qatnovi”, “xalqaro havo qatnovi”, “aviakorxona” va “notijorat maqsadlarida qoʻnish” Konvensiyaning 2-moddasi va 96-moddasida koʻrsatilgan taʼrifga mos keladi;
“kelishilgan qatnov” — mazkur Bitim ilovasining tegishli boʻlimida belgilangan yoʻnalish boʻyicha amalga oshiriladigan muntazam havo qatnovi;
havo kemasiga nisbatan “hajm” — mazkur havo kemasining tijoriy yuk olish quvvati, “kelishilgan qatnov”ga nisbatan esa — belgilangan yoʻnalish yoki uning maʼlum bir qismi boʻyicha belgilangan vaqt mobaynida amalga oshiriladigan parvozlar soniga koʻpaytirilgan ushbu qatnovda foydalanilayotgan havo kemasi hajmi.
2. Mazkur Bitim ilovasi uning ajralmas qismi hisoblanadi.
2-modda Huquqlarni berish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon mazkur Bitimning ilovasida belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha qatnovlarni belgilash va amalga oshirish maqsadida boshqa Ahdlashuvchi Tomonga mazkur Bitimda koʻrsatib oʻtilgan huquqlarni beradi (keyingi oʻrinlarda matnda “belgilangan yoʻnalishlar” deb yuritiladi).
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi belgilangan yoʻnalish boʻyicha kelishilgan qatnovni amalga oshirishda quyida keltirilgan huquqlardan foydalanadi:
a) boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududidan qoʻnmasdan uchib oʻtish;
b) boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududida notijorat maqsadlarda mazkur Bitim Ilovasida koʻrsatilgan punktlarda qoʻnish;
v) boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududida mazkur Bitim Ilovasida koʻrsatilgan punktlarda yoʻlovchilar, bagaj, yuk va pochta ortish yoki ularni tushirish maqsadida qoʻnish.
3. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning mazkur Bitim 4-moddasiga muvofiq tayinlangandan boshqa aviakorxonalari mazkur Bitim Ilovasida nazarda tutilgan yoʻnalishlarda va shartlarda parvozlarni amalga oshirishda mazkur moddaning 2-bandi (a) va (b) kichik bandlarida koʻrsatilgan huquqlardan foydalanadi.
4. Ushbu moddaning 2-bandida qayd etilgan shartlar bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga haq evaziga yoki ijara shartlarida boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududi oʻrtasida yoʻlovchilar, yuk va pochtani havo kemasiga olish huquqini bermaydi.
3-modda Havo tashuvlari shartlarini taʼminlash
1. Xalqaro havo tashuvlarini birgalikda amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz davlati hududida kelishilgan qatnovlar boʻyicha havo kemalari parvoz yoʻnalishlari va davlat chegaralaridan uchib oʻtish punktlarini belgilaydi.
2. Bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmuriyati boshqa Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmuriyatiga kelishilgan qatnovlarda havo kemalarining xavfsiz va samarali ishlashini taʼminlash uchun zarur boʻlgan asosiy va zaxira aerodromlar, havo trassalari, aloqa tizimlari va aeronavigatsiya vositalari, havodagi harakatni boshqarish toʻgʻrisidagi va boshqa masalalar boʻyicha maʼlumotlarni taqdim etadi.
4-modda Avikorxonalarni tayinlash va parvozlarni amalga oshirishga ruxsatnoma berish
1. Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha kelishilgan qatnovlarni amalga oshirish maqsadida boshqa Ahdlashuvchi Tomonni yozma ravishda xabardor qilgan holda, aviakorxonalarni tayinlash, shuningdek, muqaddam tayinlangan aviakorxona ruxsatnomasini bekor qilish yoki aviakorxonalarning tayinlanishiga oʻzgartirish kiritish huquqiga ega.
2. Boshqa Ahdlashuvchi Tomon bunday xabarnomani olganidan soʻng, ushbu moddaning 3 va 4-bandlari qoidalariga muvofiq, tayinlangan aviakorxonaga parvozlar uchun darhol tegishli ruxsatnomalarni beradi.
3. Bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmuriyatlari parvozlar uchun ruxsatnoma berishdan oldin boshqa Ahdlashuvchi Tomon tayinlagan aviakorxonadan u xalqaro havo qatnovini amalga oshirish chogʻida Konvensiya qoidalariga muvofiq qoʻllaniladigan qonun va qoidalarda belgilangan shartlarni bajarishga qodirligini isbotlovchi dalillarni talab qilishga haqlidir.
4. Basharti Ahdlashuvchi Tomon aviakorxona uning davlati hududida tashkil etilganligi va asosiy faoliyat joyiga ega ekanligi toʻgʻrisida dalillarga ega boʻlmasa, har bir Ahdlashuvchi Tomon ushbu moddaning 2-bandida koʻrsatilgan parvozlarga ruxsatnoma berishni rad etish yoki mazkur Bitimning 2-moddasida koʻrsatilgan huquqlardan tayinlangan aviakorxona foydalanishi chogʻida zarur boʻladigan shartlar bajarilishini talab qilish huquqiga egadir.
5. Mazkur tarzda tayinlangan va ruxsatnoma olgan aviakorxona tayinlangan aviakorxonalar oʻrtasida kelishilgan parvozlar jadvali Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmuriyatlari tarafidan tasdiqlangan boʻlishi va mazkur Bitimning 10-moddasi qoidalariga muvofiq, oʻrnatilgan tariflar ushbu qatnovga nisbatan joriy etilganligi, shuningdek, kelishilgan qatnovlar ekspluatatsiyasi bilan bogʻliq barcha texnik va tijorat masalalari hal etilgan boʻlishi sharti bilan kelishilgan qatnovlardan foydalanishga kirishishi mumkin.
5-modda Parvozlarni amalga oshirish ruxsatnomasidan foydalanishni bekor qilish yoki toʻxtatib qoʻyish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon parvozlarga ruxsat berishni bekor qilish yoki mazkur Bitimning 2-moddasida koʻrsatilgan, boshqa Ahdlashuvchi Tomon tayinlagan aviakorxonaga berilgan huquqlardan foydalanishni toʻxtatish yoki quyida koʻrsatilgan huquqlardan foydalanishda zarur shartlarning bajaralishini talab qilish huquqiga egadir:
a) mazkur aviakorxona boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida tashkil etilganligi va u yerda asosiy faoliyat olib boradigan joyiga egaligiga ishonch hosil qilmaganda;
b) tayinlangan aviakorxona ushbu huquqlarni berayotgan Ahdlashuvchi Tomon davlatining milliy qonun va qoidalariga rioya qilmagan taqdirda;
v) tayinlangan aviakorxona mazkur Bitimda belgilangan shartlarga rioya qilmagan taqdirda.
2. Basharti mazkur moddaning 1-bandida koʻrsatilgan shartlarni darhol bekor qilish, vaqtincha toʻxtatish yoki bajarish qonun va qoidalarning kelgusida buzilishini oldini olish uchun zarur boʻlmasa, Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmuriyatlari oʻrtasidagi maslahatlashuvlardan soʻnggina mazkur bandda aytib oʻtilgan huquqdan foydalanish mumkin.
6-modda Qonun va qoidalarning qoʻllanilishi
1. Bir Ahdlashuvchi Tomonning xalqaro qatnovlarni amalga oshirayotgan havo kemalari uning hududi orqali uchib oʻtishiga, uning hududida boʻlib turishiga yoki u yerdan uchib ketishiga, ushbu havo kemalari ekspluatatsiyasiga va navigatsiyasiga tegishli boʻlgan qonun va qoidalariga boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonalari rioya qilishlari lozim.
2. Bir Ahdlashuvchi Tomonning oʻz davlati hududiga yoʻlovchilar, ekipaj aʼzolari, yuk va pochtaning kirib kelishini, u yerda boʻlib turishini hamda u yerdan joʻnatilishini tartibga soluvchi qonun va qoidalari, xususan, pasport, bojxona, valyuta va sanitariya qoidalariga oid rasmiyatchiliklar boshqa Ahdlashuvchi Tomondan tayinlangan aviakorxonaga tegishli havo kemalaridagi yoʻlovchilar, ekipaj aʼzolari, bagaj va pochtaga nisbatan ular belgilangan hudud chegarasida boʻlgan chogʻidagina qoʻllaniladi.
7-modda Yigʻimlar
1. Aeroportlar va ularning inshootlaridan, texnik va boshqa vositalardan va xizmatlardan foydalanganlik uchun yigʻimlar va boshqa toʻlovlar, shuningdek, aeronavigatsiya va aloqa vositalaridan hamda xizmatlardan foydalanganlik uchun har qanday toʻlovlar har bir Ahdlashuvchi Tomon belgilagan tariflar va stavkalarga muvofiq undiriladi, bunda ular xuddi shunday xalqaro havo qatnovlar bilan shugʻullanadigan boshqa davlatlarning aviakompaniyalaridan undiriladigan yigʻimlar va toʻlovlar miqdoridan ortiq boʻlmasligi lozim.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon yigʻimlarni undiruvchi tegishli vakolatli organlar va xizmatlardan foydalanuvchi aviakorxonalar oʻrtasida yigʻimlar masalasida maslahatlashuvlar oʻtkazish toʻgʻrisida taklif kiritishi mumkin. Tegishli organlar oʻzgartirishlar kiritguniga qadar, rejalashtirilayotgan oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi xabarnoma ushbu masala boʻyicha oʻz fikrini bildirish imkoniyatiga ega boʻlishi uchun oldindan beriladi.
8-modda Toʻgʻridan-toʻgʻri tranzit
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan biri davlatining hududidan toʻgʻridan toʻgʻri tranzit orqali oʻtadigan hamda aeroportning ushbu maqsad uchun belgilangan hududini tark etmaydigan yoʻlovchilar, bagaj va yukka nisbatan, zoʻravonlik va havo qaroqchiligi, shuningdek, giyohvandlik vositalarini tashib oʻtishning oldini olishga qaratilgan xavfsizlik choralarni istisno qilgan holda, soddalashtirilgan chegara, sanitariya va boshqa nazorat usullari qoʻllaniladi.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon davlati hududi orqali toʻgʻridan-toʻgʻri tranzit olib oʻtiladigan bagaj va yuk bojxona bojlari, soliqlar va yigʻimlardan ozod etiladi.
3. Toʻgʻridan-toʻgʻri tranzit olib oʻtiladigan bagaj va yuklarga tegishli bojxona jarayonlari Ahdlashuvchi Tomonlar davlatining qonunchiligiga asosan amalga oshiriladi.
9-modda Kelishilgan qatnovlardan foydalanishni tartibga soluvchi tamoyillar
1. Har ikkala Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonalariga ularning davlatlari hududi oʻrtasida belgilangan yoʻnalishlarda kelishilgan qatnovlardan foydalanishda adolatli va teng imkoniyatlar taqdim etiladi.
2. Bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi kelishilgan qatnovlardan foydalanishda boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasining xuddi shu yoʻnalishda yoki uning bir qismida aviayoʻnalishdagi tashuvlariga zarar yetkazmaslik maqsadida uning manfaatlarini hisobga olishi lozim.
3. Belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha kelishilgan qatnovlarda xizmat koʻrsatuvchi tayinlangan aviakorxona Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlari hududi oʻrtasida yoʻlovchilar, yuklar va pochta joʻnatmalarini tashish boʻyicha mavjud va kutilayotgan ehtiyojlarni qondirish uchun yetarli boʻlgan sigʻim bilan taʼminlashni oʻzining asosiy vazifasi sifatida belgilashi lozim.
10-modda Tariflar
1. Har qanday kelishilgan qatnovdagi tariflar tashuvlar bozori bilan bogʻliq barcha omillarni hisobga olgan holda belgilanadi.
2. Har ikkala Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonalari oʻrtasida Belgilangan yoʻnalishlarning har biri boʻyicha mazkur moddaning 1-bandida koʻrsatilgan tariflar kelishib olinishi lozim.
3. Shu tarzda kelishib olingan tariflar ular joriy qilinishi moʻljallangan sanadan kamida oʻttiz (30) kun oldin har ikki Ahdlashuvchi Tomon aviatsiya maʼmuriyatlariga tasdiqlash uchun taqdim etilishi lozim. Ushbu muddat yuqorida aytib oʻtilgan maʼmuriyatlar oʻrtasidagi kelishuvga koʻra qisqartirilishi mumkin. Basharti Ahdlashuvchi Tomonlardan hech birining aviatsiya maʼmuriyati tariflar taqdim etilgan sanadan soʻng, 15 (oʻn besh) kun ichida oʻz noroziligini bildirmagan boʻlsa, tariflar tasdiqlangan hisoblanadi.
4. Basharti, mazkur moddaning 2-bandiga muvofiq tarif boʻyicha kelishuvga erishilmasa yoki ushbu moddaning 3-bandiga muvofiq belgilangan davr mobaynida bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmuriyatlari ularga tasdiqlash uchun taqdim etilgan har qanday tarif borasida noroziligi toʻgʻrisida boshqa Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmuriyatlariga xabarnoma yuborsa, Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmuriyatlari oʻzaro kelishuv orqali tarifni belgilashga harakat qilishlari lozim.
5. Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmuriyatlari ushbu moddaning 3-bandiga muvofiq, ularga taqdim etilgan har qanday tarifni tasdiqlash borasida kelishuvga erishmasalar yoki mazkur moddaning 4-bandiga muvofiq tarifni belgilash imkoniyatiga ega boʻlmasalar, ushbu kelishmovchiliklar mazkur Bitimning 21-moddasidagi shartlarga muvofiq hal etiladi.
6. Mazkur moddaning qoidalariga muvofiq belgilangan tarif yangi tariflar belgilangunga qadar, oʻz kuchini saqlab qoladi. Har bir Ahdlashuvchi Tomon aviatsiya maʼmuriyati tarifni tasdiqlamagunga qadar, hech qaysi tarif kuchga kirmaydi.
11-modda Bojxona bojlari, soliqlar va yigʻimlardan ozod qilish
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining tayinlangan aviakorxonasi tarafidan kelishilgan qatnovlarda foydalanilayotgan havo kemalari, shuningdek, ularning tabel mulki, yonilgʻi zahirasi, moylash xom-ashyolari, bunday havo kemalari sahnidagi sahn zaxiralari (oziq-ovqat, ichimlik, tamaki, duty free mahsulotlarini oʻz ichiga olgan holda) boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududiga kirgandan soʻng, ushbu mulk, xom-ashyolar va zaxiralar qaytib olib chiqib ketilgunga qadar, havo kemasi sahnida saqlanishi sharti bilan, bojxona bojlari, soliqlar va yigʻimlardan ozod etiladi.
2. Shuningdek, quyidagilar bojxona bojlari, soliqlar va yigʻimlardan ozod etiladi:
a) bir Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida belgilangan miqdor doirasida olingan va boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi belgilagan yoʻnalish boʻyicha kelishilgan qatnovlarda foydalaniladigan havo kemasining sahnida foydalanish uchun moʻljallangan sahn zaxiralari;
b) bir Ahdlashuvchi Tomon davlati hududiga boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi belgilagan yoʻnalishlar boʻyicha kelishilgan qatnovlarda foydalaniladigan havo kemasiga texnik xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlash uchun olib kirilgan ehtiyot qismlar, shu jumladan, dvigatellar va uskunalar;
v) belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha kelishilgan qatnovlarda faoliyat yurituvchi har ikkala Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonalari havo kemalarida ishlatish uchun moʻljallangan yonilgʻi va moylash ashyolari;
g) tayinlangan aviakorxona tarafidan foydalaniladigan hujjatlar, shu jumladan, aviachiptalar, aviatsiya yukxati, shuningdek, bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi tarafidan oʻzining ekspluatatsiyaviy ehtiyojlari uchun boshqa Ahdlashuvchi Tomonning davlati hududiga yetkazilgan yoki yetkaziladigan reklama mahsulotlari.
Koʻrsatilgan xizmatlar, saqlash va bojxona tartibotlari uchun yigʻimlar Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining qonunchiligiga asosan undiriladi.
3. Mazkur moddaning 2-bandida koʻrsatilgan materiallar, zaxiralar va ehtiyot qismlar hamda hujjatlar bojxona organlarining talablariga koʻra, nazorat ostiga olinishi mumkin.
4. Bir Ahdlashuvchi Tomon tayinlagan aviakorxona tarafidan kelishilgan qatnovlarda foydalaniladigan havo kemasi sahnida mavjud sahn uskunalari komplekti, shuningdek, materiallar, zaxiralar va ehtiyot qismlar faqatgina boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati bojxona organlari roziligiga koʻra, uning hududida tushirilishi mumkin. Bunday hollarda, ular hududiga tushirilgan oʻsha Ahdlashuvchi Tomonning bojxona qoidalariga asosan qayta olib chiqib ketilgunga yoki boshqa maqsadda foydalanilgunga qadar, bojxona organlari nazoratiga olinishi mumkin.
5. Mazkur moddada nazarda tutilgan bojxona toʻlovlaridan ozod qilish, bir Ahdlashuvchi Tomon tayinlagan aviakorxona boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududida ushbu moddaning 1 va 2-bandlarida koʻrsatilgan materiallarni tashish toʻgʻrisida boshqa aviakorxona(lar) bilan kelishuvga erishgan hollarda, ushbu aviakorxona(lar) boshqa Ahdlashuvchi Tomon tarafidan shu kabi yigʻimlardan ozod qilingan boʻlishi sharti bilan qoʻllaniladi.
12-modda Daromadlarni oʻtkazish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon tayinlangan aviakorxonasiga uning davlati hududida kelishilgan qatnovlardan foydalanish orqali olingan daromadlarning xarajatlardan ortiq boʻlgan qiymatini oʻtkazish huquqini beradi.
2. Oʻtkazma amalga oshirilayotgan Ahdlashuvchi Tomon davlatining qonunchiligiga muvofiq, bunday oʻtkazma erkin almashtiriladigan valyutada amalga oshiriladi.
3. Mazkur moddaning qoidalari Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlari oʻrtasidagi alohida kelishuv predmeti hisoblangan daromadlarni soliqqa tortish masalalariga hech qanday tarzda daxl qilmaydi.
13-modda Aviakorxona vakolatxonalari va tashuvlarni sotish
1. Kelishilgan qatnovlardan foydalanishni taʼminlash uchun bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududida zarur boʻlgan maʼmuriy, tijorat va texnik xodimlardan iborat tarkibdagi oʻz vakolatxonalarini ochish huquqi beriladi.
2. Bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududidagi ofislarida sotiladigan tashish hujjatlari boʻyicha tashuvlarni sotish huquqi, shuningdek, boshqa Ahdlashuvchi Tomonning qonunlari va qoidalariga muvofiq, savdo agentlarni tayinlash huquqi beriladi.
14-modda Havo kemalari va ekipajni ijaraga olish
1. Ahdlashuvchi Tomonlarning tayinlangan aviakorxonalari boshqa mamlakatlardan ijaraga olingan havo kemalari va (yoki) ekipajlar bilan kelishilgan qatnovlarda parvozlarni amalga oshirishlari mumkin.
2. Ijaraga olingan kemalar va (yoki) ekipajlar ishtirokida parvozlarni amalga oshirishda oldindan boshqa Ahdlashuvchi Tomon aviatsiya maʼmuriyatlarining roziligini olish va mazkur Bitim qoidalariga rioya qilish lozim.
15-modda Sertifikat va litsenziyalarni tan olish
1. Bir Ahdlashuvchi Tomon tarafidan berilgan yoki yaroqli deb tan olingan va amal qilish muddati tugamagan uchishga yaroqlilik sertifikatlari, ekspluatant sertifikatlari va litsenziyalari, basharti bunday sertifikat va litsenziyalar berilgan yoki yaroqli deb tan olingan talablar Xalqaro fuqaro aviatsiyasi toʻgʻrisidagi Konvensiyada belgilangan minimal standartlarga mos keladigan yoki undan yuqori boʻlsa, kelishilgan qatnovlarda foydalanish uchun boshqa Ahdlashuvchi Tomon tarafidan ham yaroqli deb tan olinadi.
2. Biroq, har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon yoki boshqa davlat tarafidan oʻz fuqarolariga berilgan yoki yaroqli deb tan olingan uchishga yaroqlilik, ekspluatant sertifikatlari va litsenziyalarini oʻz davlati hududi boʻylab yoki uning ustida parvoz qilish uchun yaroqli deb tan olishni rad etish huquqiga ega.
16-modda Aviatsiya xavfsizligi
1. Ahdlashuvchi Tomonlar xalqaro huquqdan kelib chiqadigan oʻz huquqlari va majburiyatlariga muvofiq, fuqaro aviatsiyasi xavfsizligini noqonuniy aralashuv xatti-harakatlaridan himoya qilishga doir bir-birlariga nisbatan olgan majburiyatlari mazkur Bitimning ajralmas qismi ekanligini tasdiqlaydilar. Chunonchi, xalqaro huquqqa muvofiq, oʻz huquq va erkinliklarini umumiy qoʻllash bilan cheklanmagan holda, Ahdlashuvchi Tomonlar 1963-yil 14-sentabrda Tokioda imzolangan Havo kemasining bortida sodir etiladigan jinoyatlar va ayrim boshqa aktlar toʻgʻrisidagi Konvensiya, 1970-yil 16-dekabrda Gaagada imzolangan Havo kemalarini noqonuniy olib qochish bilan kurashish toʻgʻrisidagi Konvensiya, 1971-yil 23-sentabrda Monrealda imzolangan Fuqaro aviatsiyasi xavfsizligiga tahdid soluvchi gʻayriqonuniy aktlarga qarshi kurash toʻgʻrisidagi Konvensiya hamda har ikkala Ahdlashuvchi Tomon davlati ishtirokchi boʻlgan fuqaro aviatsiyasi xavfsizligini tartibga soluvchi boshqa koʻp tomonlama bitimlar qoidalariga asosan ish olib boradilar.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar havo kemasini noqonuniy egallab olishning hamda havo kemasiga, undagi yoʻlovchilar va ekipaj aʼzolariga, aeroportlar va qatnovni taʼminlash vositalariga, shuningdek, fuqaro aviatsiyasi xavfsizligiga har qanday boshqa tahdidni oldini olishda bir-birlariga barcha zaruriy yordamni koʻrsatadilar.
3. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro munosabatlarida Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti tomonidan belgilangan va Konvensiyaning 17-Ilovasida tavsiflangan aviatsiya xavfsizligi qoidalariga muvofiq ish koʻradilar. Ular asosiy faoliyat joyi yoki doimiy turgan joyi ularning davlati hududida joylashgan havo kemalari ekspluatantlaridan aviatsiya xavfsizligi boʻyicha bunday talablar va qoidalarga muvofiq ish koʻrishini talab qiladilar.
Har bir Ahdlashuvchi Tomon soʻrovga binoan oʻz milliy qonunchiligi, qoidalari va amaliyoti bilan 17-Ilovadagi “Aviatsiya xavfsizligi”da bayon etilgan Aviatsiya xavfsizligi standartlari oʻrtasidagi tafovutlar toʻgʻrisida boshqa Ahdlashuvchi Tomonni xabardor qiladi. Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri istalgan vaqtda bunday tafovutlar boʻyicha boshqa Tomondan maslahat soʻrashi mumkin, bu esa Ahdlashuvchi Tomonlar kelishilgan muddatlarda amalga oshirilishi lozim.
4. Har bir Ahdlashuvchi Tomon ushbu moddaning 3-bandida qayd etilgan, boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududiga kirish, undan chiqish va unda boʻlib turishda belgilanadigan aviatsiya xavfsizligi qoidalariga amal qilish havo kemasi ekspluatantlaridan talab etilishi mumkinligiga kelishib oldilar. Har bir Ahdlashuvchi Tomon havo kemalarini himoya qilish uchun va yoʻlovchilar, ekipaj aʼzolari, qoʻl yuki, bagaj, yuk va sahn zaxiralarini parvozga xizmat koʻrsatish vaqtiga qadar va xizmat koʻrsatish vaqtida tekshirish uchun oʻz davlatining hududi doirasida lozim boʻlgan chora-tadbirlarning samarali qoʻllanilishini taʼminlaydi. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning aniq tahdidga nisbatan asoslantirilgan maxsus xavfsizlik choralarini qoʻllashga doir har qanday iltimosini ham xayrixohlik bilan koʻrib chiqadi.
5. Fuqaro havo kemasini noqonuniy egallab olish yoki ushbu havo kemasi, undagi yoʻlovchilar va ekipaj aʼzolariga aeroportlar va aeronavigatsiya vositalari xavfsizligiga qarshi qaratilgan boshqa noqonuniy xatti-harakatlar bilan bogʻliq hodisa yuza berganda Ahdlashuvchi Tomonlar bunday hodisa yoki uni sodir etishga boʻlgan tahdidni tezkor va muvaffaqiyatli bartaraf etish maqsadida bir-birlariga aloqani yengillashtirish va boshqa lozim choralarni koʻrish orqali koʻmaklashadilar.
6. Har bir Ahdlashuvchi Tomon bir-birlarining suverenitetini toʻliq tan olib hamda oʻzaro hurmat qilgan holda, oʻz hududiga kelish sharti sifatida qoʻshimcha xavfsizlik choralarini koʻrishi yoki ularni qoʻllashni taklif qilishi, shuningdek, xavfsizlikka muayyan qandaydir bir tahdidning oldini olish uchun favqulodda choralar koʻrishi mumkin va bu toʻgʻrisida boshqa Ahdlashuvchi Tomonni darhol xabardor qilishi lozim. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning oqilona qoʻshimcha xavfsizlik choralarini koʻrish haqidagi har qanday talabini koʻrib chiqishi lozim va bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon tarafidan allaqachon koʻrilgan xavfsizlik choralarini hisobga olishi lozim. Shunga qaramay, har bir Ahdlashuvchi Tomon ushbu moddada bayon etilgan hech bir qoida boshqa Ahdlashuvchi Tomonning oʻz xavfsizligiga tahdid deb hisoblashi mumkin boʻlgan har qanday reys yoki reyslarni qabul qilishni rad etish imkoniyatini cheklamasligini tan oladi. Har bir Ahdlashuvchi Tomon aviatsiya xavfsizligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlash boʻyicha har qanday choralar toʻgʻrisida boshqa Ahdlashuvchi Tomonni oldindan xabardor qilishi lozim.
7. Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining suverenitetini toʻliq tan olib va oʻzaro hurmat qilgan holda, bir Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli aviatsiya organlari boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududidagi aeroportlarga uning hududiga kiradigan yoki undan uchib ketadigan havo kemalari operatorlari, aeroport operatorlari va boshqa tomonlar tarafidan koʻrilgan yoki qoʻllanilishi rejalashtirilayotgan xavfsizlik choralari bilan tanishish maqsadida bu toʻgʻrisida xabar berilganidan soʻng, 30 kun ichida (yoki Ahdlashuvchi Tomonlarning kelishuvi boʻyicha qisqaroq muddatlarda) tashrif buyuradilar. Yuqorida koʻrsatilgan tanishuv tashriflarini oʻtkazish boʻyicha maʼmuriy tadbirlar Ahdlashuvchi Tomonlar tarafidan kelishilgan boʻlishi va bunday tanishuvni Tomonlar oʻzaro kelishgan muddatlarda amalga oshirilishi lozim.
8. Fuqarolik havo kemasini noqonuniy egallab olish yoki bunday havo kemalari, ularning yoʻlovchilari va ekipajlari, aeroport obyektlari yoki ayeronavigatsiya xizmatlari xavfsizligiga qarshi boshqa noqonuniy harakatlar bilan bogʻliq hodisa yoki hodisa xavfi yuzaga kelgan taqdirda, Ahdlashuvchi Tomonlar bir-birlariga zaruriy maʼlumot almashinuvini tashkil etishda va bunday hodisa yoki uning xavfini tez va xavfsiz bartaraf etishga qaratilgan boshqa choralarni koʻrishda koʻmaklashadilar.
9. Basharti Ahdlashuvchi Tomonlardan biri boshqa Ahdlashuvchi Tomon ushbu moddaning qoidalarini bajarmayotganligiga asosli ravishda shubha qilsa, u zudlik bilan maslahatlashuvlar oʻtkazishni talab qilishi mumkin. Maslahatlashuvlar ularni oʻtkazish haqidagi soʻrov olingan kundan boshlab, 15 kun ichida boshlanishi lozim. Qoniqarli kelishuvga erishish imkoniyati boʻlmagan taqdirda yoki bunday soʻrov yuborilganidan soʻng 15 kun ichida maslahatlashuvlar oʻtkazish talabiga rozilik olinmaganligi boshqa Ahdlashuvchi Tomonning bir yoki bir nechta havo kemasi ekspluatantlari uchun ekspluatatsiya qilish uchun ruxsatni toʻxtatib turish, bekor qilish, cheklash yoki unga qoʻshimcha shartlar qoʻyish uchun asos boʻladi. Basharti favqulodda vaziyat talab qilsa yoki ushbu moddaning qoidalariga rioya qilmaslikning oldini olish uchun, boshqa Ahdlashuvchi Tomonni ushbu moddaning qoidalarini buzayotgan deb hisoblagan Ahdlashuvchi Tomon istalgan vaqtda vaqtinchalik choralar koʻrishi mumkin.
17-modda Parvozlar xavfsizligi
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon istalgan vaqtda aeronavigatsiya vositalari, ekipaj aʼzolari, havo kemasi va havo kemasidan foydalanishga taalluqli sohalarda boshqa Ahdlashuvchi Tomon bajaradigan parvozlar xavfsizligi boʻyicha standartlarga tegishli boʻlgan masalalar yuzasidan maslahatlashuvlar oʻtkazishni talab qilishi mumkin. Bunday maslahatlashuvlar murojaat etilgan kundan eʼtiboran, 30 (oʻttiz) kun davomida oʻtkaziladi.
2. Basharti bunday maslahatlashuvlar oʻtkazilganidan soʻng, bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonni mazkur moddaning 1-bandida koʻrsatilgan Konvensiyaga muvofiq belgilangan standartlarga parvozlar xavfsizligi meʼyorlariga samarali rioya qilmayapti va boshqarmayapti deb topgan taqdirda, boshqa Ahdlashuvchi Tomon bunday kamchiliklar IKAO standartlarini bajarish uchun lozim boʻlgan xulosalar va choralar toʻgʻrisida xabardor qilishi lozim. Bundan soʻng, boshqa Ahdlashuvchi Tomon kelishilgan vaqt davomida tegishli chora-tadbirlarni koʻradi.
3. Konvensiyaning 16-moddasiga muvofiq, bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi tarafidan yoki uning nomidan boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlat hududidan yoki uning davlat hududiga parvozni amalga oshirayotgan har qanday havo kemasi boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida boʻlib turgan vaqtda uning vakolatli vakillari tekshiruvidan oʻtkazilishi mumkinligiga, parvozni sababsiz kechikishga yoʻl qoʻymaslik sharti bilan, kelishib oldilar. Konvensiyaning 33-moddasida koʻrsatilgan majburiyatlarga qaramay, ushbu koʻrikning maqsadi havo kemasining tegishli hujjatlari va ekipaj aʼzolari guvohnomalarining haqiqiyligi, shuningdek, havo kemasining moslamalari va holati oʻsha paytda amaldagi Konvensiya standartlariga muvofiq holatda boʻlishini tekshirishdir.
4. Basharti aviakorxona parvozlari xavfsizligini taʼminlash uchun kechiktirib boʻlmaydigan choralar koʻrilishi lozim boʻlsa, har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon aviakorxonasi yoki aviakorxonalariga berilgan parvozlarni amalga oshirish ruxsatnomasini vaqtincha toʻxtatishi yoki oʻzgartirishi mumkin.
5. Bir Ahdlashuvchi Tomonning 4-bandga muvofiq koʻradigan har qanday chora-tadbirlari, ular asos yoʻq qilingan vaqtdan eʼtiboran toʻxtatiladi.
6. Mazkur moddaning 2-bandiga rioya qilgan holda, basharti bir Ahdlashuvchi Tomon kelishilgan vaqtdan soʻng, IKAO standartlariga rioya qilmaslikda davom etayotganligi aniqlansa, IKAO Bosh kotibi xabardor qilinadi. Bosh kotib muammoning keyingi har qanday qoniqarli yechimi haqida ham xabardor qilinishi lozim.
18-modda Kod-shering bitimi toʻgʻrisida
1. Mazkur Bitimning ilovasida koʻrsatilgan kelishilgan qatnovlarda xizmatlarni amalga oshirish yoki taqdim etish hollarida, har bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga quyidagi “block space” va “code sharing” bitimlari kabi qoʻshma marketing kelishuvlarini tuzishga ruxsat beriladi:
a) bir Ahdlashuvchi Tomon tayinlagan aviakorxona yoki aviakorxonalar;
b) boshqa Ahdlashuvchi Tomon tayinlagan aviakorxona yoki aviakorxonalar;
v) uchinchi mamlakat yoki mamlakatlar tayinlagan aviakorxona yoki aviakorxonalar;
2. Yuqoridagi qayd etilgan tartib faqat quyidagi hollarda qoʻllaniladi.
a) bunday kelishuvlarda ishtirok etadigan barcha aviakorxonalar tegishli yoʻnalishlarda yoki ularning bir qismida parvozlarni amalga oshirish uchun tayinlangan boʻlsa;
b) aviakorxona sotilgan chiptalarga nisbatan xaridorga savdo shoxobchasida aslida qaysi aviakorxona har bir sektorga xizmat koʻrsatishini va qanday aviakorxona yoki xaridor qaysi aviakorxona bilan shartnomaviy munosabatlarga kirishishini tushuntirishi lozim.
3. Basharti tayinlangan aviakorxona yoʻnalish kodidan birgalikda foydalanish bitimi boʻyicha xizmatlarni taqdim etsa, amalga oshirilgan sotuvlar hajmi Ahdlashuvchi Tomon aviakorxonasining sotuvlaridan chegirib qolinadi. Boshqa Ahdlashuvchi Tomonning aviakorxonasi reysining sotuvlarini amalga oshiradigan tayinlangan aviakorxonaning sotuvlar hajmi Ahdlashuvchi Tomonga qatnov sotgan aviakorxonaning sotuvlar hajmidan chegirib tashlanmaydi.
19-modda Intermodal transport xizmatlari
Har bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi yoʻlovchilar va yuklarni havo transportida tashish vaqtida Ahdlashuvchi Tomonlar yoki uchinchi mamlakatlar hududidagi istalgan joyga yoki har qanday joyga har qanday yer usti transportidan foydalanish huquqiga ega. Tayinlangan aviakorxona oʻz xohishiga koʻra, yer usti transportidagi tashuvni mustaqil ravishda amalga oshirishi yoki uni shartnomalar, shu jumladan, kodlarni almashish orqali boshqa yer usti transporti tashuvchilari bilan tegishli Ahdlashuvchi Tomon hududida amaldagi qonunlar va qoidalarga muvofiq taʼminlashi mumkin. Intermodal transport xizmatlari yoʻlovchilar va yuk joʻnatuvchilar bunday tashuvlar toʻgʻrisida xabardor boʻlishlari sharti bilan boshidan oxirigacha oʻtuvchi xizmatlar sifatida va aralash tashishda havo va yer usti transporti uchun yagona narxda taklif qilinishi mumkin.
20-modda Axborot va statistika
Har bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmuriyatlari boshqa Ahdlashuvchi Tomonning iltimosiga binoan, davriy va boshqa statistika maʼlumotlarni taqdim etishi mumkin. Statistika maʼlumotlari tayinlangan aviakorxona tarafidan kelishilgan qatnovlar boʻyicha joʻnatish va yetkazish punktlaridan tashiladigan tijorat yuklari hajmini aniqlash uchun zarur maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi lozim.
21-modda Maslahatlashuvlar
Mazkur Bitim amalga oshirilishiga doir barcha masalalar boʻyicha yaqin hamkorlik olib borish uchun Ahdlashuvchi Tomonlar aviatsiya maʼmuriyatlari oʻrtasida maslahatlashuvlar olib borilishi mumkin. Har ikki Ahdlashuvchi Tomon aviatsiya maʼmuriyati boshqa muddat haqida kelishuvga erishmagan boʻlsa, bunday maslahatlashuvlar soʻrov olingan sanadan boshlab, 60 (oltmish) kun ichida boshlanishi lozim.
22-modda Nizolarni hal qilish
1. Mazkur Bitimni talqin qilish yoki qoʻllash boʻyicha har qanday nizolarni Ahdlashuvchi Tomonlar, avvalo, muzokaralar yoʻli bilan hal qilishga harakat qiladilar.
2. Basharti Ahdlashuvchi Tomonlar muzokaralar bilan kelishuvga erisha olmasalar, ular bu nizoni koʻrib chiqish uchun maʼlum bir shaxs yoki tashkilotga berishlari mumkin; agarda ular bu yoʻl bilan ham kelishuvga erishmasalar, ushbu nizoni hal qilish uchun har bir Ahdlashuvchi Tomonning istagi asosida har bir Ahdlashuvchi Tomondan tayinlangan bittadan hakam va ana shu ikki hakam tayinlagan yana bir hakamdan iborat, jami uchta hakamdan tashkil topgan Arbitraj sudiga beriladi. Uchinchi hakam uchinchi davlatning fuqarosi boʻlishi va Arbitraj sudining raisi sifatida harakat qiladi. Har bir Ahdlashuvchi Tomon hakamni diplomatik kanallar boʻyicha Arbitraj masalani hal qilishi haqidagi arizani olgandan soʻng, 60 (oltmish) kundan kechiktirmasdan hakamni tayinlaydi, uchinchi hakam esa keyingi 60 (oltmish) kun ichida tayinlanadi. Basharti Ahdlashuvchi Tomonlardan biri hakamni koʻrsatilgan muddat ichida tayinlay olmasa yoki uchinchi hakam nomzodi koʻrsatilgan muddat ichida tasdiqlanmasa, Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti Kengashi Prezidenti Ahdlashuvchi Tomonlardan birining talabiga koʻra, vaziyat taqozosi bilan hakamni yoki hakamlarni tayinlashi mumkin.
3. Arbitraj sudi xarajatlari har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻrtasida teng taqsimlanadi.
4. Basharti Ahdlashuvchi Tomonlardan biri Arbitraj sudi qarorini bajarmasa, boshqa Ahdlashuvchi Tomon uning tayinlangan aviakorxonasi yoki aviakorxonalariga mazkur Bitimga koʻra berilgan huquqlar yoki imtiyozlarni cheklashi, toʻxtatib qoʻyishi yoki bekor qilishi mumkin.
23-modda Oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Basharti Ahdlashuvchi Tomonlardan biri mazkur Bitimning shartlarini oʻzgartirishni taklif etsa, u boshqa Ahdlashuvchi Tomon bilan maslahatlashuvlar oʻtkazishni soʻrashi mumkin;
Ahdlashuvchi Tomonlar aviatsiya maʼmuriyatlari oʻrtasidagi bunday maslahatlashuvlar muzokaralar yoki yozishmalar orqali amalga oshirilishi mumkin va ushbu maslahatlashuvlar ularni oʻtkazish uchun soʻrov olingan kundan boshlab, 60 (oltmish) kun ichida boshlanishi lozim, Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu muddatni oʻzgartirish haqida kelishuvga erisha olmagan hollar bundan mustasno. Shu tarzda kelishilgan mazkur Bitimga kiritilgan har qanday oʻzgartirishlar diplomatik kanallar orqali notalar almashinuvi yoʻli bilan tasdiqlangandan soʻng, kuchga kiradi.
2. Mazkur Bitim ilovasiga oʻzgartirishlar Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmuriyatlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri kelishuv asosida kiritilishi mumkin.
24-modda Bitimni roʻyxatdan oʻtkazish
Mazkur Bitim va unga kiritiladigan barcha oʻzgarishlar Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotida roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim.
25-modda Bitim amal qilishini tugatish
Har bir Ahdlashuvchi Tomon istalgan vaqtda boshqa Ahdlashuvchi Tomonni mazkur Bitimning amal qilish muddatini tugatish istagida ekanligi toʻgʻrisida xabardor qilishi mumkin. Bunday xabarnoma bir vaqtning oʻzida Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotiga xam yuborilishi lozim. Mazkur Bitim, uning amal qilish muddatini tugatish toʻgʻrisidagi xabarnoma Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzaro roziligiga binoan amalga qilish muddati tugagunga qadar qaytarib olinmasa, boshqa Ahdlashuvchi Tomonning xabarnomasi olingan kundan eʼtiboran, oʻn ikki (12) oy oʻtgandan soʻng, tugatiladi.
Basharti boshqa Ahdlashuvchi Tomon bunday xabarnomani olganini tasdiqlamasa, ushbu xabarnoma Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti tarafidan olingan sanadan eʼtiboran, oʻn toʻrt (14) kun oʻtgach qabul qilingan deb hisoblanadi.
26-modda Bitimning kuchga kirishi
Mazkur Bitim Ahdlashuvchi Tomonlar mazkur Bitim kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralari bajarilganligi toʻgʻrisida bir-birlarini oxirgi yozma ravishda diplomatik kanallar orqali xabardor qilgan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Toshkent shahrida, 2024-yil 24-iyunda, ikki nusxada, har biri oʻzbek, moʻgʻul va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish maqsadida rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Moʻgʻuliston Hukumati oʻrtasida havo qatnovi toʻgʻrisidagi Bitimga ILOVA
Yoʻnalishlar jadvali
1. Oʻzbekiston Respublikasining tayinlangan aviakorxonalari tarafidan amalga oshiriladigan qatnovlar:
2. Moʻgʻulistonning tayinlangan aviakorxonalari tarafidan amalga oshiriladigan qatnovlar:
Izoh:
1. Bir Ahdlashuvchi Tomon tarafidan tayinlangan aviakorxonaning boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududidagi manzillar va uchinchi mamlakatlardagi manzillar oʻrtasida yoʻlovchilar, bagaj, yuk va pochta tashish huquqi Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmuriyatlari oʻrtasidagi maxsus kelishuv predmeti hisoblanadi.
2. Kelishilgan qatnovlarga doir tashish hajmlari Ahdlashuvchi Tomonlarning tayinlangan aviakorxonalari tarafidan kelishilishi lozim.
3. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonalari parvozlarni kelishilgan qatnovlar boʻyicha amalga oshirish chogʻida, ushbu Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlari hududidagi joʻnab ketish manzillari va belgilangan manzillar istisno qilgan holda, har qanday manzil yoki barcha manzillarda toʻxtamasdan oʻtishi mumkin.
